"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

So‘zlar har doim ham “eski” bo‘lmaydi

“Ma’rifat” gazetasining 2022-yil

27-iyul sonida e’lon qilingan

 

Ilm-fan, texnika rivojlanib borgan sari tilda ham yangi tushunchalar paydo bo‘ladi. Shu paytgacha iste’molda bo‘lgan ayrim so‘zlar eskiradi. Yoki aksincha eskirgan deya qaralgan so‘zlar qayta “tirilish”i ham mumkin. Til shuning uchun ham ijtimoiy hodisa sanaladi. Jamiyatda bo‘layotgan har qanday o‘zgarishlar tilda ham o‘z aksini topa boradi.  Ayniqsa, uning lug‘at tarkibida tez aks etadi. Bu esa o‘z navbatida, tilga oid izohli lug‘atning ham yangilanib borishini taqozo qiladi.

Shu paytgacha “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” uch marta (1981, 2006, 2020) nashr etilgan. So‘nggi nashr bilan bilan dastlabki nashr orasida qariyb qirq yillik tafovut bor. Shu bois ayrim so‘zlarning eskirgan, tarixiy deb berilishida o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy, albatta. Vaholanki, lug‘atning oxirgi nashrida tarixiy so‘z sifatida qayd etilgan qatag‘on, daha, vaqf kabi so‘zlar bugungi adabiy tilimizda faol qo‘llanadi. Bu so‘zlar tarixiylik bo‘yog‘ini yo‘qotib “qayta tirilgan” so‘zlardir. Shuningdek, izohli lug‘atda eskirgan deya berilgan adad, billur, vulqon, majmua, nimchorak, penya, petitsiya, saylanma, sektor, hibs kabi so‘zlar ham borki, ularning izohlaridan kelib chiqqan holda hozirgi adabiy til uchun eskirgan deya olmaymiz.

Misol uchun sektor so‘zining izohida shunday keltirilgan: yaxlit bir hududning ma’lum radius va chegaralar bilan cheklangan qismi, alohida ajratilgan hudud”. Ma’lumki, hozirda hududlarni to‘rt sektorga ajratib boshqarish amaliyoti joriy etilgan bo‘lib, bu ayni yuqoridagi izohga mos keladi. Bundan tashqari eskirgan ellikboshi so‘zi bugungi tilimizda yangi ma’noda, ya’ni haj ziyoratiga boruvchi guruhlarga boshchilik qiluvchilarga nisbatan qo‘llanmoqda. Demak, lug‘atda ellikboshi so‘zining shu izohi ham berilishi lozim. Lug‘atda eskirgan so‘z sifatida misvok so‘zi keltirilganki, bugun barchamiz ruschasini qo‘llaydiganimiz “zubachistka” so‘zi o‘rnida misvok so‘zini ommalashtirishimiz zarurdir, balki. Aslida lug‘atchilik eng mashaqqatli ish sanaladi, shu soha olimlaridan katta mehnat talab qiladi. Shuning uchun izohli lug‘atning yangi nashrida yuqoridagi kabi holatlar ham lug‘atshunoslarimiz nazaridan chetda qolmaydi, degan umiddamiz.

Zohid Shakarov,

Davlat test markazi direktorining

ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish,

davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini

ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

29.07.2022 487