"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TILINI ARDOQLAGAN MILLAT – MANGULIKKA DAXLDOR


Xalqimizning ko‘p asrlik madaniy, ilmiy-maʼrifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin hamda bebaho mahsuli bo‘lgan o‘zbek tili jahondagi boy va qadimiy tillardan biridir.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora ortib borayotir. Bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat o‘z milliy manfaatlarini taʼminlash, bu borada, avvalo, o‘z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir. Mutaxassislarning fikricha, dunyo xalqlari bugungi kunda 7000 dan ziyod tilda gaplashsa, ularning faqatgina 200 ga yaqinida davlat tili yoki rasmiy til maqomi mavjud ekan. O‘tmishda 9000 dan ortiq til mutlaq yo‘qolib ketgan. Istiqlol yillarida o‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘si oshdi. “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi. Olimlar va mutaxassislar tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya hamda lug‘atlar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari chop etildi. Mumtoz adabiyotimiz namunalari, sakson mingdan ziyod so‘z va so‘z birikmasini, fan, texnika, sanoat, madaniyat va boshqa sohalarga oid atamalarni, shevalarda qo‘llanadigan so‘zlarni o‘z ichiga olgan besh jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” bu borada amalga oshirilgan ishlarning eng muhimlaridandir.

Masalan, bizning zavodimizda ham Prezidentimizning 2019-yil             21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida bir qator ibratli ishlar amalga oshirilyapti. Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malakasini oshirish markazining Qarshi filialida 42 nafar ishchi-xizmatchi o‘qitilib, sertifikatlar  berildi. Jamoa aʼzolari o‘rtasida milliy qadriyatlarimizni, urf-odat va anʼanalarimizni asrab-avaylash borasida keng ko‘lamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tashkil etilmoqda.

Ona tilimizga bo‘lgan eʼtiborni kuchaytirish maqsadida turli adabiy uchrashuvlar, sheʼrxonlik kechalari, ko‘rik-tanlovlar tashkil etilayotir. Zavod hududidagi sex va bo‘limlarning kirish qismidagi barcha peshlavhalar lotin alifbosiga o‘girilmoqda. Mehnat xavfsizligi yo‘nalishi bo‘yicha 161 mln so‘m evaziga 186 dona banner tayyorlanmoqda. Ishchi-xizmatchilar o‘rtasida “Lotin alifbosida tez va xatosiz yozaman” shiori ostida tanlov tashkil etilyapti. Millatimizning madaniy o‘zagi va asosiy muloqot manbayi ona tilimizdir. Biz uni qanchalik saqlasak, go‘zal iboralari-yu tashbehlari ila kelajak avlodlarga yetkazib bersak, xalqimizning buyuk millat sifatida kelajak sari dadil odimlashiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Shuni unutmaslik kerakki, til xalqning jipsligi va kelajagini belgilaydi. Faqat tilgina xalqlarni ezgulik sari o‘zaro birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, anʼana va madaniyatini saqlab, avloddan avlodga o‘tishini taʼminlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, tilini asragan millat bu dunyoda mangulikka daxldordir.

 

Zebiniso Salimova “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ

 Boshqaruv raisining maslahatchisi

05.08.2022 529