"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Maqolalar
  • Yangami, opa? – “egachi” so‘zining lug‘at va shevalardagi bugungi ma’nosi

Yangami, opa? – “egachi” so‘zining lug‘at va shevalardagi bugungi ma’nosi

“O‘zbek xalq shevalari lug‘ati”da yozilishicha, ba’zi shevalarda “egachi” (“әkәji”, “egәch’”) deb akaning xotini, ya’ni yangaga nisbatan aytiladi. Ammo adabiy tilda, shuningdek, ba’zi shevalarda “egachi” deganda “opa” tushuniladi, “egachi-singil” – “opa-singil” demak.

Bu so‘z “ega” so‘zidan yasalmagan, “Devonu lug‘otit-turk”da “ekā” so‘zi bor va shunday izohlangan: “ekā – opa. O‘g‘uzlar ezā deydilar”. Ba’zi o‘zbek shevalarida bu so‘z “acha”, “eja”, qirg‘izlar ham “opa”ni “eja” deydilar. “Boburnoma”da Bobur bu so‘zni “aka” shaklida qo‘llaydi, ammo “Mo‘g‘ullarning sirli tarixi” asarida “ākā” so‘zi “ona” ma’nosida qo‘llangan.

“O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da Sh.Rahmatullayev “egachi” so‘zini: “akaning xotini, yoshi katta xotinga ayol kishining murojaat so‘zi. Bu so‘z qadimgi turkiy tildagi “opa” ma’nosidagi “ekā” so‘zidan e’zozlash ma’nosini ifodalovchi “-chi” qo‘shimcha bilan hosil qilingan”, deb izohlaydi. Ammo “Devonu lug‘otit-turk”da “ekāch” shakli ham bor va shunday izohlangan: “ekāch – o‘zining ortiq ziyrakligi bilan odamlarga xuddi o‘z singlisidek tuyuluvchi yosh qiz; bu so‘z yosh qizlarni sevish, erkalash uchun qo‘llanadi” (DLT. I t. 1960.86-b.). Bu izohdan “-ch” qo‘shimchasining kichraytirish, erkalash ma’nosi ham borligi anglashiladi.

“Mo‘g‘ullarning sirli tarixi” obidasida turkiy so‘zlarning ko‘pligi haqida avvalgi maqolalarda ham aytgan edik, asarda “opa” ma’nosida bir necha o‘rinda aynan “egachi” (āgāči) so‘zi ishlatilganini ko‘rish mumkin. Xususan, Chingizxon tatarlar ustidan g‘alaba qozonib, tatar Yeke-Cheren (Yākā Čārān)ning qizi Yesugan xatun (Yāsügān qatun)ga uylanmoqchi bo‘ladi. Shunda Yesugan Chingizxonga: “mening Yesuy ismli opam bor (āgāči Yāsui), xon mendan oldin opamga uylansa...”, deb opasini ham xonga taklif etadi. Asarning hozirgi mo‘g‘ul tiliga qilingan tabdilida asliyatdagi: “mening egachim Yesuy” – “miniy egch Yesuy”, deb o‘girilgan, ya’ni hozirgi mo‘g‘ul tilida ham turkiy “egachi” – “opa” ma’nosida “egch” shaklida qo‘llanadi.

Alqissa, “egachi” – “opa”ning sinonimi, “-chi” qo‘shimchasi e’zozlash, erkalash ma’nosida, ba’zi shevalarda akaning xotiniga nisbatan ham “egachi” deb aytilishini esa hurmat yuzasidan deb tushunish mumkin.

 

Abduvohid HAYIT



11.08.2022 485