"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ona tilimizning abadiyati nima bilan kafolatlanadi?

Bizda ota bilan o‘g‘il, ona bilan qiz, do‘st bilan do‘st, oila, boringki qarindosh-urug‘lar muhim gaplarini o‘zaro gaplashib olishga o‘rgangan. O‘zaro! Bu juda yaxshi odat. Endi zamon shuni taqozo qilayaptiki, butun millat ham xuddi shunday zarur gaplar haqida gaplashib olishga o‘rganishi kerak ekan. Biz millat bo‘lib, bir bo‘lib gaplasha olayapmizmi? Hamma gap shunda. Ko‘p yillardirki, biz bunday mehr-oqibat maylislaridan yiroqlashib ketdik. Buning o‘ziga xos bir qancha sabablari borki, ularga to‘xtalib o‘tirmoqchi emasman. Chunki, gurungimizning yo‘rig‘i bo‘lak. O‘tgan o‘tdi, bo‘ladiganini gaplashaylik. Muhimi, mamlakatimizda shiddat bilan yangi davr boshlandi. Endi har birimiz nigohlarimizni biroz yangilab olishimizga to‘g‘ri kelayapti.

2019-yilning 21-oktabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni e’lon qilindi. Bu tarixiy hodisa bo‘ldi. Chunki, bir necha yuz yilliklarga nazar solsangiz, o‘zbek tilining tarixida bunday muhim hujjat e’lon qilinmagan. Bu mubolag‘a emas. Farmonda ona tilimizning rivoji, himoyasi, taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan aniq chora-tadbirlar belgilab berilgan. O‘sha kunlar o‘zbek ziyolilari Til bayramini qutlug‘ sana sifatida kutib olgan bo‘lsa, bu Farmonni ham bir bayram sifatida kutib oldi.

Darhaqiqat, millatni millat sifatida tutib turadigan ustunlar bor. Bular milliy tafakkur, milliy ma’naviyat, milliy did, milliy madaniyat kabi tarixiy aqlimiz va salohiyatimizning majmualaridir. Lekin bularning barchasining zaminida bitta ganjina yotadiki, usiz hech bir ustun o‘zini tik tutib turolmaydi. Bu milliy tildir.

Farmon e’lon qilingan kunlari ko‘nglimdan bir o‘y o‘tdi: Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir, Oybek, Mirtemirlar ona tilimiz haqidagi shunday hujjatni ko‘rganlarida qatag‘on xandaqlaridan buyuk tog‘larday o‘sib chiqmasmidilar? Yana bir o‘y o‘tdiki, uzog‘i bilan bir-ikki oyning ichida har bir odamdan tortib, mamlakatimizning hamma jabhalarida tilga munosabat keskin o‘zgaradi. Bu borada ijobiy ma’nodagi inqilob sodir bo‘ladi. Afsuski, bunday bo‘lmadi. Shunday muhim Farmonga biz munosib javob bera olmayapmiz. Harakatlarimiz ancha sust kechayapti. Lanjlik qilayapmiz. Keling, bu borada qilinayotgan va qilingan ishlardan emas, tezda qilishimiz kerak bo‘lgan ishlardan gaplashaylik. Amalga oshirilgan amallar o‘zimizniki. Bunday vaziyatda beixtiyor Qonun, ijro va ommaviy saviya haqida o‘ylab qolar ekansan. Chunki ommaviy saviyaning darajasi Qonunnning mohiyatini ochadi va ijrosini ta’minlaydi.

Biz nega shundaymiz? Imkoniyat berilmasa, iloji yo‘q, ta’qiqlar bor, tilimizni tiyib o‘tiraylik, deymiz. Imkoniyat berilsa, rivoyatda aytilganiday, oyog‘idagi zanjir yechilsa-da, joyidan qimirlashni istamagan fil kabi qimirlamaymiz. Holbuki, Shayx Sa’diy “Qimirlagan qudratlidir” deganlar.

Ko‘p uzoqqa bormaylik-da, har kuni, har soatda ko‘zimiz tushadigan narsalarga e’tibor qilaylik. Farmondan so‘ng mamlakatimizning yuragi sanalgan Toshkent shahri ko‘chalaridagi peshlavhalarda, yozuvlaru reklamalarda ajnabiy so‘zlar bosimi necha foyizga o‘zgardi? Uch oyda uch foyizgayam o‘zgarmagan. Hamon shaharning muhtasham ko‘chalaridagi har 20ta do‘konning uchdan ikki qismi ajnabiy nomda. Hamon o‘zbek tilidagi yozuvlardan ko‘ra boshqa tildagi yozuvlarning salmog‘i ancha baland. Xususan yoshlarimiz har kuni tomosha qiladigan, ko‘rsatuvlarining 80 foyizi ajnabiy so‘zlar bilan nomlangan xususiy telekanallarning nechta ko‘rsatuvi nomini o‘zgartirdi? Bittasi ham o‘zgartirmagan. Dunyoda befarqlikdan yomon narsa yo‘q. Ya’ni, na uyoqlik, na buyoqlik! “Nima bo‘lsa bo‘lar, menga nima?” degan aqida bilan yashash… Befarqlik hamma illatlarning inkubatoridir.

Buning ustiga til qoidalari har qadamda buzilyapti. Ommaviy axborot vositalarini olasizmi, idoralararo hujjatlar aylanishini kuzatasizmi, kino yo seriallarni ko‘rasizmi, hatto kitoblarni olasizmi va hakazo va hakazolarda tilga e’tiborsizlikka duch kelaverasiz. Biz o‘tgan yili ashaddiy qoidabuzarlar va tartibbuzarlarni ham bor-yo‘g‘i 3-4 oy ichida qat’iy tartibga olish mumkinligini amalda ko‘rdik, bunga o‘zimiz guvoh bo‘ldik. Yo‘l harakati qoidalariga amal qilish bo‘yicha keskin choralar ko‘rilishi qisqa muddatda o‘z natijasini berdi. Til qoidalari masalasida ham xuddi shunday qat’iy va keskin choralar zarur, nazarimda. Davlat tili to‘g‘risidagi Qonunga bepisandlik bilan qaraganlarga, uni buzganlarga yaxshigina jarima solish, kerak bo‘lsa lavozimi bilan bog‘liq aniq choralar ko‘rish kerak bo‘layapti, xuddi yo‘l qoidalarida qilinganidek.

Yoshlar tili tashvishlanarli holda. To‘g‘ri, bilimdon zukko yoshlarimiz bor, ular tilga e’tibor qiladilar. Umidimiz ham shulardan. Lekin yoshlarning ommaviy holida til masalasida jiddiy muammolar bor. Ularning ko‘pchiligining tili go‘yo o‘zbek tili emas, allaqanday jargon tiliga o‘xshab qolayapti. Ba’zi bolalarimiz gapirayotganda eshitib turib, men o‘z ona tilimni tanimay qolayapman. O‘zbek tilini haqorat qiladigan darajadagi estrada qo‘shiqlari paydo bo‘layapti. Ularda til xo‘rlanadi. Biz bunga indamaygina yo‘l berayapmiz, hatto targ‘ib ham qilayapmiz, qarsaklar chalayapmiz. Ko‘pchilik yoshlar ona tilidan ko‘ra o‘sha qo‘shiqlardagi jargonni o‘ziga tezroq singdirayapti. Xohlaymizmi, xohlamaymizmi, yoshlarda til qanday bo‘lsa, fikrlash darajasi ham shunday bo‘ladi. Undan ortiqcha bo‘lishi mumkin emas. Bu matematikadagi formuladay gap. Qo‘shiluvchilarning o‘rni almashgan bilan yig‘indi o‘zgarmaydi. Yoshlar tilidagi ma’naviy no‘noqlik esa bevosita ta’lim tizimidagi tilga munosabatga borib taqaladi. O‘qituvchi qanday fandan dars bermasin, undan o‘quvchilar til madaniyatini ham o‘rganishlari kerak. Dars o‘z oti bilan dars. Hatto aniq fandan dars berilayotgan bo‘lsa-da, unda bilim til vositasida singdiriladi. Demak, o‘qituvchining til madaniyati fanni qanday tushuntira olishini ham belgilab beradi. Jonkuyar, fidoyi, zahmatkash, zakiy o‘qituvchilarimiz qatorida, taasufki, bitta ma’lumotnoma yozishga qo‘li qaltirab qoladigan chalamullalar ham uchrab turadi. Kelajak esa, o‘quvchidan ham avval, ota-onadan ham avvalroq yaxshi o‘qituvchilar bilan bog‘liq. Yaxshi o‘qituvchi tilni ham, elni ham yaxshilaydi. Shunday o‘qituvchilarimiz ko‘paysin.

Tilimizning taqdiri yoshlarning zimmasida. Axir Ona tilimiz ertaga shu yoshlar tilida va dilida yashaydi-ku. Yoshlarimiz ko‘p vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda jamiyatga foydasi tegayotgan fikrli bloggerlar bor. Lekin yana shunday bloggerlar toifasi paydo bo‘layaptiki, ularning ba’zilariga inshomi, diktantmi yozdirib ko‘rsangiz, har sahifada 20ta xato qilishi tayin. Oqibatda ular buzuq tili bilan elning dilini buzayapti. Savod degani shunday narsaki, u bittagina jumlada o‘zini namoyon etadi. Savodsiz odamning ommaga maqola e’lon qilishi jarrohlikdan bexabar aravakashning bir kasalni operatsiya qilishi bilan barobardir.

Milliy ma’naviyatning asosi milliy til dedik. Shu masalada yana bir gap. Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda “ma’naviyat shaxsiy masala, unga davlat ham, boshqalar ham aralashmasligi kerak” degan ma’nodagi chaqiriqlar paydo bo‘lyapti. Xalqimizda el tushunchasi juda aziz tushuncha. El xudbinlikni, individulizmni, yakka shumshuklikni yomon ko‘radi. Ma’naviyat shaxsiy masala emas. U osmondan tushganday yo yerdan chiqqanday bir odamning ichida to‘satdan paydo bo‘lib qolmaydi. Odam do‘konda sotiladigan ajdodsiz qo‘g‘irchoq emas-ku. Ota-ona, bobo-momo degan gaplar bor. Men o‘z ichimdagi ma’naviyatning 55 foizini ota-onam, bobom va momomdan olganman desam, to‘g‘ri bo‘ladi. Qolgan 45 foyizi ko‘rib-kechirganlarim va o‘qiganlarimning tuhfasi. Mening ma’naviyatim mening ma’nomdir. Bu ma’noni faqat o‘zim tiklaganman desam, yolg‘onchilik va xudbinlik bo‘ladi. Aytganimday, bobom, momom, otam, onam, qadrdon maktabim, universitetim, elim, ona yerim… Ma’naviyat elga taalluqli. Ma’naviyatli odamlarning birlashuvidan el paydo bo‘ladi. Yanayam aniqrog‘i, odamlar ma’naviyatni emas, ma’naviyat odamlarni birlashtiradi, xuddi Ona Til kabi. Ma’naviyatsiz odamlar birlashsa, poda paydo bo‘ladi. Milliy til mahv etilgan joyda ma’naviyatsizlik zaharli qo‘ziqorinlarday potirlab gullaydi. Chunki, unda el yo‘qoladi. Bunday falokatdan har bir xalqni Xudoning o‘zi asrasin!

Keyingi paytlarda o‘zbek tili fani bo‘yicha davlat attestatsiyasini joriy etish masalasida gaplar bo‘layapti. Bu juda yaxshi. Ushbu davlat attestatsiyasi maktablar, oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari o‘rtasida ham, shuningdek, korxona va tashkilotlar rahbarlari miqyosida ham o‘tkazilishi kerak. Shunda har qanday korxona yo tashkilot rahbari o‘zi rahbarlik qilayotgan joyda davlat tiliga munosabat qandayligini yaxshiroq his etadi. Qolaversa, bu ish davlat tilining nufuzini oshirishda amaliy chora bo‘ladi, mas’uliyatni kuchaytiradi.

O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish borasida oldimizda ulkan va sharafli ishlar turibdi. Olimlarimiz, adib va shoirlarimiz amalga oshiradigan qator vazifalar borki, buning o‘zi alohida katta mavzu. Yozsak bir kitob bo‘ladi. Muhimi, insoniyat boshidan kechirayotgan xatarli kechmishlar oldida befarq bo‘lmaylik. Ona Til, Ona Yer, Ona Vatan taqdiriga o‘z taqdirimiz deb qaraylik. Ana shunda bir-birimizga qarab “Biz nega shundaymiz?” degan afsusli savolni bermaymiz.

Globallashuv sabab dunyoda o‘nlab tillar tanazzulga uchrayapti. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, XXI asrda 600ta til yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Bu dunyo miqyosidagi katta xatar. Tillar yo‘qolishi milllatlar, vatanlar yo‘qolishi, tarixlar yo‘qolishi deganidir. Bunday vaziyatda har bir xalq o‘z taraddudini o‘zi ko‘rishi kerak. Ona tilimizning abadiyati bizning muhabbatimiz va sadoqatimiz bilan kafolatlanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezident tomonidan e’lon qilingan Davlat tili to‘g‘risidagi bu Farmon ijrosiga har birimiz va hammamiz mas’ulmiz. Shu bilan millatmiz, shu bilan xalqmiz. 

Eshqobil Shukur

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi №1(1) 25-yanvar, 2020-yil

20.03.2020 787