"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Maʼrifat ayyomi: til – millat ko‘rki!

21-oktyabr endilikda mamlakatimizda ona tilimizning bayrami sifatida keng nishonlanadi. O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonuni joriy yilning 10-aprel kuni qabul qilindi.

Tasodifmi yo boshqami, bilmadimu, ushbu qonun imzolangan kun millatimiz, maʼnaviyatimiz, adabiyotimiz, ona tilimiz jonkuyari Abdulla Qodiriy tavallud topgan sanaga to‘g‘ri kelganida ham qandaydir maʼno borday. Zero, sevimli yozuvchimizning ona tilimizga hurmati, munosabati, bor jozibasi bilan ko‘rsata olish isteʼdodi uning asarlarida yaqqol ufurib turibdi.

Hozirgidek o‘ta murakkab va sinovli kunlarda “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunning imzolanishi har qanday sharoitda ham til, maʼnaviyat masalalari davlatimizning doimiy eʼtibor markazida ekanini yana bir bor isbotlamoqda.

O‘tgan yili 21-oktyabr kuni Prezidentimizning o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga o‘ttiz yil to‘lishi munosabati bilan tantanali yig‘ilishdagi nutqidan zalda hayajonlanmagan kishi qolmagandi.

Oradan salkam olti oy o‘tdi. Nimalar o‘zgardi? Ha, o‘zbek tilshunosligi bo‘yicha tadqiqotlar faol olib borilmoqda. Tashkilotlardan kelayotgan aksariyat xatlar endilikda davlat tilida bitilmoqda. Olimlar, yozuvchi va shoirlarning samarali ijod qilishi, sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Bu boradagi ezgu ishlar ko‘lami tobora kengaydi.

Oddiy odamlar ongida tilga munosabat qay yo‘sinda o‘zgardi? Tilimizdagi yarim chala ruscha-o‘zbekcha so‘zlashuvlardan xoli bo‘la olmaganimiz kamlik qilganidek, “okey”, “trendlashish”, “lichkalashish” ... yana “allanimalashish” kabi g‘alati, g‘aliz iboralarning paydo bo‘layotgani ham rost-ku. O‘zimiz shunday deb tursak, biz – qorako‘zlar shunday munosabatda bo‘lsak, yana kimdan nima kutish mumkin?!

Ko‘pincha institutni emas, universitet taʼlimini olgan, endilikda naqd doktorlikka “daʼvogarlar” yozuvlarining ilk qoralamasiga ko‘zim tushib qoladi. Ajabo, kibri bilimidan ustunlar oliy taʼlim dargohidan emas, oddiygina umumtaʼlim maktabi partasidan kelib qoldimi, umrida hech kitob varaqlaganmi?.. Axir maktabda ham muallimlar savodga o‘rgatadi-ku?!

Ko‘cha-ko‘ylardagi, do‘kon, savdo rastalari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, bekatlar, reklamalardagi “bitiklar” muhokama uchun mangu mavzuga aylangan. Go‘yo qaysidir qitmir odamlarni atay savodsiz bo‘lishini astoydil istab, chala-chulpa, xatolarga g‘ij-g‘ij to‘la yozuvlarni jo‘rttaga yozganu, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgandek... Faraz qiling, millatdoshlarimiz ona tili bo‘yicha ko‘chirmakashligu muttahamlikdan, o‘zgani ham, o‘zni ham aldashdan xoli bo‘lgan diktantni yoppasiga, birvarakayiga yozsak, natijasi qanday bo‘larkin?..

Mamlakat rahbarining badiiy kitob o‘qishga, maʼrifatga, teran bilimga, o‘qib-izlanishga muttasil chorlovida ham hikmat ko‘p aslida. “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi esa har birimizning ona tiliga bo‘lgan munosabatimiz haqida jiddiyroq o‘ylab ko‘rish, unga tashqaridan nazar tashlash, tahlil etish imkonini bergani bilan ham qadrlidir.

Nazokat Usmonova

12.04.2020 601