"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Bir sandiq Soʻz


I

Oʻz sepimga hayajonda koʻz soldim:

Birdan qamashib ketdi koʻz oldim.

Eng sara, eng goʻzal, eng dilbar –

Onam sepimga bir sandiq Soʻz soldi.

 

Bu soʻzlarni soʻzlaganda el dadil!

Bu soʻzlarni soʻzlaganda er dadil!

Bu soʻzlarni soʻzlaganda men – dadil!

Ular meni baxt tomonga eltadi,

Bir sandiq Soʻz bir umrga yetadi!

 

“Alla, bolam, alla” desam bolamga.

“Assalomu alaykum” deb olamga.

“Xush keldingiz, xush koʻrdik” deb bot-bot

Bir sandiq sepimga koʻngan Odamga!

 

Atlas soʻzlar, adras soʻzlar, boʻz soʻzlar,

Shoyi-ipak soʻzlar, banoras soʻzlar,

Baxmal soʻzlar, movut soʻzlar, xos soʻzlar,

Xoksor soʻzlar, balandparvoz soʻzlar!

Oʻnta tilni biladigan tilmoch ham

Oʻz tilida gapirganda rost soʻzlar!

 

Onam yana solibdi bir nayqamish.

Momolarning oʻgitini payqamish:

Uyda ona tili jaranglab tursa,

Yov bostirib kirgani ham hayiqa(r)mish!

 

Yana takror sandiqchaga koʻz soldim.

Oʻz qizimga qoldirgani qarz oldim.

Eng shirin, eng achchiq va mukammal –

Onam sepimga bir sandiq Soʻz soldi!

 

II

 

Alla qudrati

 

Yo bismillo,

Ollo taolo!

Ona tilim –

keskir qilich.

Alpomishga

Alpinbiydan

qolgan oʻn toʻrt

botmon birich!

Keskir qilich,

sen avval kes

borligingni

bildirgani.

Ey parli yoy,

alplar emas,

Barchinoylar

kerak endi

seni joydan

jildirgani.

Yo bismillo,

Ollo taolo!

 

III

 

Chaqiriq

 

Oʻz tilingda qasr qur,

Yo boʻlmasa oʻtov tik!

Oʻzing mudom qoʻriqla,

Ogoh boʻlgin, mudom hurk!

 

“Devoni lugʻotit turk”!

 

Jar sol ona tilingda.

Xabar ber xaloyiqqa.

Ona tilingda yigʻla,

Xush keladi Xoliqqa!

 

“Hibat-ul haqoyiq”qa!

 

Qarab turma parishon,

Turma befarq va ojiz.

Yurtni qoʻriqlaganday

Tilni asrashing joiz.

 

“Majolis un-nafois”!

 

Aytib turadi, yozdim

Men yurakning kotibi!

Dunyoni kezib kelgan

Bu soʻzlar Bobur kibi.

 

“Voqeyoti Boburiy”!

 

Mening topganlarim shu –

Oʻtgan-ketgan kunlardan.

Otabek Margʻilondan

Toshkan yetgan kunlardan...

 

Yaqin “Oʻtkan kunlar”dan.

 

Asrlar osha tingla

Bobolarning dardini.

Sen yuksaltir, sen koʻtar

Ona tilning qadrini!

 

Ona tilim qadrini!

 

Kumush Abdusalomova

 

 

 

 

15.09.2022 420