"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

MALAYZIYA – MEZBON VA MING TURFA MEHMON


     Yaxshi yangilik!

Xabaringiz bo‘lsa kerak, joriy yil boshida O‘zbekiston xalqaro Bolalar va o‘smirlar adabiyoti kengashi - IBBYga aʼzo bo‘lgan edi. Shu munosabat bilan yurtimizda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Milliy hamda respublika bolalar kutubxonalari, O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assotsiatsiyasi ishtirokida Milliy sho‘ʼba tashkil qilindi. Endilikda o‘zbek yozuvchilari va ijodkorlari ham ushbu kengash tomonidan taʼsis etilgan tanlovlarda qatnashish va xalqaro miqyosda kitobxonlar eʼtirofiga sazovor bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lganligi mutloq quvonarli holdir.

                                Xalqaro Kengash xususida

Maʼlumki, Bolalar va o‘smirlar adabiyoti xalqaro kengashi (International Board on Books for Young People — IBBY) 1953-yilda Syurixda (Shveysariya) YUNESKOning Bolalar va o‘smirlar adabiyoti bo‘yicha xalqaro kengashi tomonidan tashkil etilgan. Kengashning asosiy maqsadi dunyoviy bolalar va yoshlar adabiyotini rivojlantirish barobarida mamlakatlar milliy adabiyotini xalqaro miqyosga ko‘tarish va ommalashtirishga ko‘maklashishdan iboratdir. IBBY aynan shunday maqsadga ko‘ra ijodiy va ijtimoiy kuchlarni birlashtirishadi.

Kengashning uch asosiy maqsadi quyidagilardan iborat:

1) Bolalar adabiyoti yordamida xalqaro aloqalarning rivojlanishiga hissa qo‘shish;

2) Yuqori adabiy-badiiy talablarga javob beradigan bolalar adabiyotini keng targ‘ib qilish;

3) Bolalar adabiyoti va kitobxonlik sohasidagi ilmiy-pedagogik ishlarni rag‘batlantirish.

Bu kabi ezgu maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan Kengashga O‘zbekistonning aʼzo bo‘lib kirganligi barchamiz uchun ajoyib yangilik, aslida. Natijada o‘zbek bolalar shoir-yozuvchilari, rassomlar va noshirlik sohasida mehnat qiluvchi boshqa vakillar xalqaro kongress tadbirlarida bevosita ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritishdi.

Shuningdek, o‘zbek tilidagi bolalar adabiyotini ham jahon miqyosida taqdim etish, ijodkorlarimizni turli xil sovrinlarga, xususan, Hans Kristian Andersen nomidagi sovrin uchun nomzodini ilgari surish imkoniyati paydo bo‘ldi.

IBBY, shuningdek, har ikki yilda bir marotaba milliy sho‘ʼbalarning har biridan ko‘zga ko‘ringan yozuvchilar, illyustrator-rassomlar va tarjimonlarni eʼtirof qilish maqsadida ularning eng yaxshi ishlarini IBBY Honour List ro‘yxatiga kiritadi. Bundan tashqari, har ikki yilda bir marta IBBY imkoniyati cheklangan bolalar va o‘smirlar uchun eng yaxshi kitoblarni tanlaydi (IBBY Collection of Books for Young People with Disabilities). IBBYning boshqa  yirik  loyihalari  qatoriga  bolalar  adabiyotiga bag‘ishlangan “Bookbird” jurnali va Bratislavadagi rasmlar  biyennalesini (BIB – Biennial of Illustrations in Bratislava) qo‘shish mumkin.

IBBYning barcha aʼzolari uchun alohida ahamiyatga ega voqea bu har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining Butunjahon kongressidir. Milliy sho‘ʼbaga ega har bir davlat Xalqaro kongress mezboni bo‘lish imkoniga ega va mamlakat mezbonlikka ariza bergach, kengash ijroiya qo‘mitasi aʼzolari tomonidan ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi. Demak, bunday imkoniyat O‘zbekiston Respublikasi Milliy sho‘ʼbasida ham mavjud ekanligi ko‘nglimizni ravshan qiladi.

Ushbu xalqaro tashkilotga aʼzolik O‘zbekistonda bolalar adabiyotining rivojlanishi uchun katta manfaat keltirishi tabiiy. Bu yurtimizda kitobxonlikni rivojlantirish, rag‘batlantirish va targ‘ib qilish borasidagi katta va muhim qadamdir. Endilikda IBBY orqali adabiyot borasida ham o‘zaro hamkorliklar olib borilishi, jumladan o‘zbek bolalar adabiyotining xorijiy tillarga va xorijiy tillardagi eng mashhur bolalar kitoblarining o‘zbek tiliga tarjima qilinishi ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan qo‘yilgan ushbu qadam mamlakatda kitobxonlikni rivojlantirish borasidagi kelgusi muhim vazifalarga yo‘l ochadi. Chunki bu kabi xalqaro tashkilotlar turli soha egalari, hozirgi vaziyatda yozuvchilar va rassomlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar uchun ko‘prik vazifasini o‘taydi. Bu orqali O‘zbekistonning adabiyot sohasidagi boshqa tashkilotlarga ham aʼzo bo‘lish imkoniyati oshib boradi.

YUNESKO tomonidan har yili turli xil mamlakatlarda kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida olib borilgan ishlar va ularning samarasiga qarab turli shaharlarga “Kitoblar poytaxti” maqomi berib boriladi. Aynan mana shunday maqomni 2020-yilda Kuala-Lumpur, 2021-yilda esa Tbilisi shahri qo‘lga kiritgan edi. Joriy yilda bu maqom Guadalaxara (Meksika) shahriga nasib etdi. Quvonarli tomoni shundaki, agar bizda ham kitobxonlikni targ‘ib qilish va rag‘batlantirish borasida ishlar jadal surʼatda davom ettiriladigan bo‘lsa, O‘zbekistonning maʼlum va mashhur shaharlari ham bunday maqomga ega bo‘lish imkoniyatiga ega.

            Shunday qilib, joriy yil 5-8-sentabr kunlari Malayziyaning Putrajaya shahrida IBBY Bosh Assambleyasining 38-Xalqaro adabiy haftaligi va Xalqaro bolalar adabiyoti tanlovlari bo‘yicha taqdirlash marosimlari bo‘lib o‘tdi va unda O‘zbekiston vakillari ham munosib ishtirok etishdi.

                                             “Selamat datang”

Bizni mana shunday so‘zlar bilan qarshilagan malayziyalik mezbonlarimiz safarimiz yakuniy pallalariga qadar qo‘llarini ko‘ksidan tushirishmadi. Bu so‘z malay tilida “xush kelibsiz” degan maʼnoda qo‘llanilar ekan.

Putrajaya shahrining qoq markazida joylashgan “Perbadanan Putrajaya” deb nomlanuvchi yuksak anjumanlar majmuasi yer yuzining turli nuqtalaridan kelgan mehmonlar uchun ajratib berildi. Tadbirlarimiz bo‘lib o‘tadigan manzilga yondosh qad ko‘targan shinam “Dorsett” mehmonxonasining yuqori qavatlaridan biriga joylashdik. Xonamiz derazalaridan Putrajaya shahridagi mashhur ko‘l butun bo‘y-basti bilan namoyon edi.

Safarimiz mobaynida bizni hayratlantirgan jihatlar anchagina bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Shaharning toza va ozodaligiga biz singari havas qilganlar ko‘pchilikni tashkil etardi. Ko‘chalarda turnaqator tirbandlikka duch kelmaysiz, huda-behudaga mashinalarning signal ovozlari chalinmaydi. Aholining ko‘p qismi mitti mototsikllarda harakatlanarkan. Xullas, belgilangan meʼyorlarga qatʼiy amal qilingan holda birov birovning ishiga aslo xalal bermaydi...

To‘rt kun mobaynida davom etgan xalqaro kongress tadbirlari ham bir-biridan farqli o‘laroq madaniy-badiiy bezaklar - malayziyaliklarning milliy raqslari, quy-qo‘shiqlari bilan uyg‘un tarzda tashkil qilindi.

Tadbirlar asosan ingliz tilida olib borildi. So‘zga chiqqan mehmonlar ham imkon darajasida ingliz tilida maʼruzalar o‘qishdi.

Til ellarni birlashtiradi

“Til bilgan el biladi” deganlaricha bor ekan. Rosti, men va men kabi boshqa yurtlardan kelgan mehmonlarning aksariyati bu borada biroz qiynalishgani bor gap. Xayriyatki, safimizda dunyoviy tilga aylanib ulgurgan ingliz tilini keragicha o‘zlashtirib olganlar bor edi. O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi, AOKA hamda Xalq taʼlimi vazirligidan biriktirilgan vakillar va ularning ko‘magida kongress tafsilotlari, shuningdek, voqealar rivojini kuzatib borishga to‘g‘ri keldi.

Bugun biz Vatanimizni barcha soha va yo‘nalishlarda ilg‘or bo‘lishini yurak-yurakdan istayapmiz, biror bir yosh avlod dunyoviy arenalarda turib, bayrog‘imizni hilpiratsa beixtiyor to‘lqinlanib, tasannolar aytayapmiz. Biroq qo‘lga kiritilajak bu kabi katta eʼtiroflar yo‘lidagi zahmatlar safida jahoniy tillarni mukammal o‘rganish va kerak bo‘lsa u orqali istalgan raqib bilan bemalol bahs boylay olish majburiyati turganligini his qilmog‘imiz lozim.

Kongress mobaynida bir narsaga amin bo‘ldim-ki, har bir xalq vakili minbarga ko‘tarilganda dastlab o‘z ona tilida salomlashib, unga o‘zining munosib ehtiromini iftixor ila bayon qilar va aynan mana shu jihat ishtirokchilar tomonidan juda yuksak baholanar edi. Demak, biz bugungi yosh avlod yuragida avvalo yuksak vatanparvarlik tuyg‘usini bunyod qilishimiz, ularni el va til jonkuyari etib kamol toptirishimiz va shuning barobarida dunyoviy tillarni ham mukammal egallashlari yo‘lida barcha sharoitlarni yaratib bermog‘imiz lozim. Zero bugungi kun – til bilganniki!  

                        “Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay”

Bu purmaʼno so‘zlar buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy bitiklarida namoyon. Darhaqiqat, ajdodlarimiz qadim-qadimdan ilm-maʼrifat va farzand taʼlim-tarbiyasiga ustuvor ahamiyat qaratib kelishgan. Va qolaversa, biz hozir taʼrif-tasnifini keltirib turgan xalqaro tadbir ham mohiyatan shu fikrlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Zero bolalar adabiyoti dunyoga kelgan har bir go‘dakning kelajakdagi taqdirini belgilab beruvchi vosita, aslida. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur xalqaro tadbirlar zamirida ham endigina dunyoni taniy boshlagan bolajonlar orasida bir-birovga yaxshilik qilish kabi ezgu fazilatlarni ulug‘lash, jaholat va ilmsizlik g‘oyalariga berilishning oldini olish hamda ularni ilm-fan va kasb-hunarga qiziqtirish kabi xayrli maqsadlar yotibdi. Kongress ishtirokchilarining qo‘llaridagi ko‘rkam kitobchalar ham fikrimizni dalillaydi, albatta.

Buyuk yozuvchi Lev Tolstoy bitiklarida mana shunday so‘zlar uchraydi: “Besh yashar boladan menga qadar oraliq bir qadamni tashkil etsa, yangi tug‘ilgan chaqaloqdan esa mengacha dahshatli tarzda masofa mavjud”. Yaʼnikim, maktabgacha bo‘lgan davr inson rivojlanishida o‘ta muhim va keskin palla hisoblanib,  ayni shu davr kelajakni hal qiluvchi kuch sifatida namoyon bo‘ladi. Demak, kitobxon jamiyat tuzmoq rejasida ekanmiz, farzandlarimizning maktab yoshigacha bo‘lgan davriga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim ekan. Bu kabi fikrlar xalqaro kongress zallarida ham baralla yangrab turgani bejiz emas.

Darvoqe, safarimiz mobaynidagi o‘zaro tanishuvlar jarayonida  yurtimiz nomidan ko‘ra Imom Buxoriy nomi mashhurroq ekanligiga shohid bo‘ldik. Aholisining ko‘pchilik qismini musulmonlar tashkil etuvchi Malayziyada, buni qarangki, Imom Buxoriy nomidagi masjid barpo etilgan ekan. Taʼbir joiz bo‘lsa, muhaddis ajdodimiz Islom olamidagi ushbu maqomini ham albatta ilm orqali qo‘lga kiritgan, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

                        Ikki qator so‘z va ikki sahifa surat

Rostdan ham, tadbir mobaynidagi kitoblar ko‘rgazmasini kuzatib, hayratlanasiz: mitti bolajonlar uchun kitoblar shunchaki chop qilinmagan, ularning aksariyatini chin maʼnodagi yaratiq deyish to‘g‘riroq bo‘ladi. Bu yo‘lda esa bolajon kayfiyatdagi shoir-yozuvchi, mohir rassom va albatta noshir hamkorligi kerak bo‘ladi. Bo‘lib o‘tgan haftalik doirasida ham ushbu fikrlar bot-bot eʼtirof qilindi va shu yo‘ldagi eng munosib asarlar mualliflari mukofotlandi. Shunday qilib, Xans Kristian Andersen nomidagi xalqaro mukofotga joriy yilda fransiyalik bolalar adibasi Mariya Mureyl va Janubiy Koreyalik rassom Syuzi Li munosib deb topildi.

                                    Hech kimdan kam emasmiz!

Rosti, bu so‘zlarni komil ishonch bilan aytib turibman! Chunki, juda yuksak salohiyat bilan bitilgan bolalar adabiyoti namunalarimiz serob. Ustoz ijodkorlarimizning bir o‘qishdayoq yod bo‘lib qoluvchi quvnoq sheʼrlari va sarguzashtlarga boy nasriy asarlarini hech ikkilanmay dunyoga taqdim qila olamiz! Qolaversa, hozirda ijodning ushbu yo‘nalishida mohirona qalam tebratib kelayotgan shoir va yozuvchilarimiz ham yetarli. Shukurki, ko‘zimizni quvontiradigan dadil qadamli yoshlar karvoni ham yetishib kelmoqda!

                                                                       Xulosa

            Xullas, IBBY Bosh Assambleyasining yangi aʼzosi bo‘lgan mamlakatimiz nomidan xalqaro tadbirlarda munosib ishtirok etgan holda safardoshlar bilan yana yurt sari oshiqdik. Bunga sabab - bir safardoshim aytganidek, ovqatlari ko‘p achchiq ekan. Issiq haroratli havosida namlik yuqori, tezda toliqib qoladi odam. Ammo Malayziya o‘zining husnu tarovati bilan barchamizni hayratlarga solgani chin! Maʼlum va mashhur egizak binolari, bir-biriga o‘xshamas arxitektura namunalari, odamlarining eʼzoz va takallufi, yashillikka burkangan bog‘-rog‘lari, okeanarium manzillarida biz bilan suratga tushishni “xush ko‘rgan” akula-yu delfinlari, soya-salqin sayrgohlarga yarashib turgan kitob tokchalari atrofidagi kitobxon yoshlar... barcha-barchasi bizda ulkan taassurotlar qoldirgani rost. Shu zumda ko‘nglimdan bir orzusifat kechinma o‘tdi, uni aytmasam bo‘lmas: Endi biz nafaqat malayziyaliklarni, balki butun bashar ahlini o‘z adabiyotimiz bilan hayratga solaylik, ilohim!

 

                                                                                                Orif TO‘XTASH,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Bolalar va o‘smirlar adabiyoti Kengashi raisi.

 

 

 

 

 

 

19.09.2022 426