"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

MASLAHATCHINING BIR KUNI...


O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Markaziy apparati, tizim tashkilotlari, hududiy filiallarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Muntazam ravishda lotin alifbosiga asoslangan davlat tilida ish yuritilishini taʼminlanishi yuzasidan tizim tashkilotlari va hududiy filiallarda Bosh direktor maslahatchisi tomonidan monitoringlar olib boriladi. Monitoring jarayonida ishlarning samaradorligi baholanadi, aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf etiladi, yo‘nalish bo‘yicha ishlarning yana-da takomillashtirish va jadallashtirish bo‘yicha tavsiyalar beriladi, hamkorlikda turli mavzularda tadbirlar o‘tkaziladi.

Bugun Bosh direktor maslahatchisining huddi shu maqsadda Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi hududiy filiallari faoliyatini o‘rganish uchun qilgan xizmat safari tafsilotlari haqida maʼlumot bermoqchimiz va bu bilan maslahatchining bir kunidagi faoliyatini batafsil yoritishga harakat qilamiz.

Maʼlumot o‘rnida aytib o‘tish joiz, Agentlikning beshta tizim tashkiloti bo‘lib, O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti, O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi, Davlat nazorati Departamentining barcha viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasida hududiy filiallari faoliyat yuritadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qaroriga asosan «O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi»ning asosiy vazifalari «Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida», «Standartlashtirish to‘g‘risida», «Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida», «Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida», «Metrologiya to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi, o‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishini taʼminlashga doir normativ hujjatlar hamda normativ-huquqiy hujjatlarning amaliy jihatdan amalga oshirilishini taʼminlashdan iboratdir. Sohaga oid atamalar asosan o‘zlashgan so‘zlardan iborat bo‘lgani uchun bu boradagi ishlarni tashkil qilish qanchalar murakkab bo‘lmasin, o‘ziga xosligi, davlat tiliga soha bo‘yicha yangidan yangi atamalarni kiritish bo‘yicha qilinadigan ishlarning ko‘pchiligi soha oldiga yana-da katta vazifalarni qo‘yadi.

Agentlikning maʼnaviy-maʼrifiy sohani rivojlantirish va davlat tili bo‘yicha siyosatga kamarbasta bo‘lishda 2022-yildagi yangi yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirish, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda ularni barkamol, jismonan va ruhan sog‘lom shaxs sifatida Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, bolalarda mehnatsevarlik, vatanparvarlik, fidoyilik, keng dunyoqarashga ega komil inson bo‘lishga intilish tuyg‘usini shakllantirish maqsadida respublikamiz viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahrida tashkil etilgan ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar bilan hamkorlik o‘rnatish bo‘ldi. Balki o‘quvchida Agentlikning faoliyati uchun buning qanday aloqasi va ahamiyati bor degan savol tug‘ilishi mumkin. Bu tabiiy. Farzandi eng zamonaviy taʼlim maskanida, xalqaro talab asosida o‘qishini, malakali xorijiy pedagogdan taʼlim olishini istamagan ota-ona bo‘lmasa kerak. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Prezident maktablari xalqimizning ana shunday orzu istaklarini ro‘yobga chiqardi. Ko‘p asrlik tanaffusdan keyin allomalar yetishgan qadimiy o‘lkamizdan yana Samarqandiylar, Xorazmiylar, Buxoriylar, Termiziylar, Nasafiylar, jahon eʼtirof etgan olimlar va ixtirochilar, yetti iqlimni qalami bilan olgan maʼnaviyat arboblari, diniy ulamolar yetishib chiqishiga ijodiy zamin va muhit yaratilgani millatdoshlarimizga ishonch va umid tug‘dirdi. Va, aynan shunday his-tuyg‘u va havas bilan Agentlik xodimlari ijod maktablariga tashrif buyuradilar. Ijod maktabi nomi bilan atalgan adib va shoirlarning hayoti, faoliyati, ijodi bilan yaqindan tanishadilar, ularning nafaqat o‘zbek adabiyoti, balki o‘zbek adabiy tilining rivojiga qo‘shgan hissalari haqida qiziqarli maʼlumotlarga ega bo‘ladilar va, hattoki, bugungi kunda davlat tilining rivoji va yana-da mustahkamlanishi yo‘lida olib borilayotgan ishlarning ko‘lamini kengaytirish zarurligi haqida xulosaga keladilar, takliflar ishlab chiqadilar. Agentlik xodimlari ijod va Prezident maktablari bilan hamkorlik o‘rnatish, birgalikda turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar o‘tkazadilar, taniqli davlat va jamoat arboblari, sohaning ijodkor va ilg‘or yoshlari bilan uchrashuvlar tashkil qiladilar. Hatto shunday holatlar bo‘lgan, bu maktablardagi tadbirlardan keyin Agentlik xodimlari o‘z farzandlari, nabiralari ham shunday maktablarda o‘qitish orzu-havasi paydo bo‘ladi, ilm-fanga bo‘lgan qiziqishlari yana-da kuchayadi, “men ham farzandim, nabiramni shu maktabda o‘qitaman” degan yaxshi niyat bilan ketishadi.

Shu munosabat bilan safarning ilk tadbiri ham Nukus shahridagi Ibroyim Yusupov nomli ijod maktabi bilan hamkorlik o‘rnatish va qo‘shma tadbirlar o‘tkazish bo‘ldi. Shuni qayd etishimiz kerakki, hududiy filiallar o‘z faoliyatlari mazmunidan kelib chiqib, o‘zlari joylashgan hududdagi barcha korxona va tashkilotlarga, tadbirkorlik subyektlariga xizmat ko‘rsatadilar. O‘z o‘rnida, uchrashuvda mazkur ijod maktabi bilan ham ushbu yo‘nalishda hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Mehmonlarni ijod maktabining iqtidorli o‘quvchilari Ibroyim Yusupovning ijod namunalaridan sheʼr va qo‘shiqlar ijro etish bilan qarshi oldilar. Ijod maktabi direktori maktabning tashkil etilishi, undagi o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar, o‘quvchilarning iqtidori va bilimini qo‘llab quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berdi, Ibroyim Yusupov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan moʻjazgina muzey bilan tanishtirdi. Iqtidorli yoshlarning o‘zbek, qoraqalpoq va xorijiy tillarda o‘qigan sheʼrlari va aytgan qo‘shiqlari barchada katta taassurot qoldirdi. Hatto, Bosh direktor maslahatchisi filolog olima va tilshunos mutaxassis sifatida Ibroyim Yusupov ijodining o‘rganilishi, o‘zbek adabiyoti va adabiy tilida alohida o‘ringa ega ekanligini yorqin misollar bilan ochib berib, o‘quvchilik yillarida faqat “aʼlo” baholarga o‘qiganligini esladi. So‘zining oxirida o‘quvchilarga ularni Prezident kutayotganligini alohida taʼkidlab,  “Sizlarni ko‘rib, men ham ijod maktablarida o‘qigim keldi, agar yosh bo‘lganimda men ham ijod va Prezident maktablarida o‘qirdim” deya so‘zlarini yakunladi.

Ijod maktabiga Agentlik xodimlari bilan birga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Diniy ishlar qo‘mitasi vakilligi masʼuli ham so‘zga chiqib, islom manbalarida ilm olish, vatanparvarlik va halollik xususida keltirilgan oyat va hadislardan namunalar keltirib, qiziqarli suhbat tashkil qildi. O‘quvchilar diniy ishlar qo‘mitasi vakilligi masʼuliga o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qilib, tegishli javoblarni oldilar.

Keyingi tadbir hududiy filiallar binosida o‘tkazildi. Unda hududiy filiallarda tashkil etilgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va davlat tilida ish yuritilishini taʼminlanishi o‘rganildi. O‘rganish natijalari har uchala tizim tashkilotining hududiy filialida alohida maʼnaviyat xonasi va idoraviy kutubxona tashkil etilgan bo‘lib, ish yuritish to‘liq lotin alifbosiga asoslangan davlat tilida amalga oshirilayotganini ko‘rsatdi. Xalqaro andozalarga mos ravishda jihozlangan zamonaviy sinov aboratoriyalarida joylashtirilgan barcha turdagi peshlavhalar hamda axborot burchaklaridagi maʼlumotlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida rasmiylashtirilgan. Bundan tashqari, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, ijodiy kechalar, tarixiy obidalarga ekskursiyalar tashkil etilish muntazam yo‘lga qo‘yilgan. Oliy taʼlim muassasasalari bilan olib borilayotgan hamkorlikdagi faoliyat esa xodimlar malakasini oshirish, sohaga yosh va izlanuvchan kadrlarni jalb etish imkoniyatini yaratadi. Qolaversa, filial miqyosida xotin-qizlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasidagi ijobiy ishlarni ham taʼkidlash lozim.

Shuningdek, hududiy filiallarga tashrif buyurgan Agentlikning yaqin hamkori Nukus davlat universiteti olimlari bilan sohaning ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar xususida suhbatlashildi, talabalarning filiallar laboratoriyalarida amaliyot o‘tashlarida aniq bir loyiha bilan tashkil etilishi, bitiruv malakiy ishi va magistrlik dissertatsiyalarining mavzularini berishda, ularning bajarilishida soha atamalari tadqiqiga ham eʼtibor qaratilishi alohida taʼkidlandi. Chunki filiallar laboratoriyalarini o‘rganish jarayonida talabalar amaliyot o‘tishayotgani guvohi bo‘lindi va soha atamalari haqida berilgan savolga  qoniqarli javoblar olinmadi va ularning soha atamalarini egallashlarida muammolar mavjudligi ayon bo‘ldi. Shu nuqtai nazardan ushbu yo‘nalishda m qilinishi kerak bo‘lgan ishlar belgilab olindi.

Maʼlumki, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy ko‘maklashish, ularning daromadli mehnat bilan bandligini taʼminlash ishlarini yana-da takomillashtirish, mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish orqali kambag‘allikni qisqartirish, “mahallabay” ishlash tizimini yana-da rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan respublikamizning har bir mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokimining yordamchisi lavozimi taʼsis etilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi PrezidentiningMahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan respublika vakili - hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida vazirlik, idoralar, tijorat banklarining masʼul xodimlarini har bir tuman va shaharga biriktirilib, ularning ish joyi, oylik ish haqi va boshqa ijtimoiy to‘lovlarini saqlab qolgan holda, biriktirilgan hududga bir yillik xizmat safariga yuborilishi yo‘lga qo‘yildi. Aynan ushbu Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligidan ham 8 nafar malakali xodimi viloyatlardagi tumanlarga hokim yordamchilari – respublika vakillari sifatida biriktirilib, o‘z faoliyatlarini boshladilar.

Safar davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga qilgan xizmat safarida Qonliko‘l tumaniga respublika vakili sifatida yuborilgan Timur Yusupov bilan uchrashib, yashash sharoiti bilan yaqindan tanishildi va amalga oshirayotgan ishlari haqida suhbatlashildi. Hududiy filialda o‘tkazilgan suhbat davomida Bosh direktor maslahatchisi hokim yordamchilari – respublika vakillari lavozimining joriy etilishi nafaqat aholi bilan yaqindan ishlash tizimi ularga ancha tajriba va ko‘nikma berganligini, balki muammoli oilalarga yaqinda yordam berish, ishsizlarni ish bilan taʼminlash, kasbga yo‘naltirish, xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va amaliy yordam berish orqali katta maʼnaviy-maʼrifiy faoliyat yuritishayotgani haqida to‘xtaldi. Sir emas, oilaviy ajrimlar bugungi kunda dolzarb muammoga aylanib ulgurdi va u ayrim hollarda moddiy masalaga borib taqalyapti. Jamiyatimizning asosi bo‘lmish oila institutini yana-da mustahkamlash va rivojlantirish, oilalarni, ayniqsa yosh oilalarni huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish hamda qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish borasida olib borilayotgan barcha ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, jismonan sog‘lom, maʼnaviy yetuk va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni tarbiyalashda oilaning rolini oshirish, mustahkam, sog‘lom oilani shakllantirishda mahallaning mavqeini mustahkamlash va rolini kuchaytirish yo‘lida Davlatimiz rahbari tomonidan aniq maqsadga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Hokim yordamchilarining amalga oshirayotgan ishlari orqali qanchadan qancha yoshlar ish bilan taʼminlanmoqda, xotin-qizlarning orzulari ushalmoqda, aholi bandligi taʼminlanmoqda, oilalarga xursandchilik ulashilmoqda. Bu, esa, o‘z o‘rnida oilaga xotirjamlik, totuvlik va baraka olib kiradi. Tinch va xotirjam to‘liq oilada farzandlar tarbiyasi, ularning dunyoqarashi, maʼnaviyati, bilimi ham yuqori bo‘ladi.  Shu o‘rinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning quyidagi purhikmat so‘z­lariga eʼtibor qiling: “Eng katta baxt, men buni ming marta qaytarishdan charchamayman, oilamiz tinch bo‘lsin! Oila kichik vatan, oila tinch bo‘lsa, baxtli bo‘lsa, vatan tinch bo‘ladi. O‘sha baxtli kunlarni, vatanimizning, yoshlarimizning kamolini hozir niyat qilayotganimiz kabi ko‘rish hammamizga nasib etsin!”. Hokim yordamchilari ham o‘z o‘rnida ajralish yoqasiga kelib qolgan oilalar ishli, maʼlum mablag‘ga egaligi, ko‘nikmalari paydo bo‘lganligi va oilaga daromad olib kelishi bilan yana birga bo‘lib ketishgani va bu haqida ularning o‘zlari kelib minnatdorchilik bildirishganini aytishdi.

Undan tashqari, xonadonlarga kirib o‘tkaziladigan suhbatlar jarayonida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida tushunchalar berish orqali chekka chekka qishloqlarda yashovchi aholining bugungi kunda barcha jabhalarda Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumotga ega bo‘ladilar, hayotga, yashashga, taʼlim olishga qiziqishlari, ertangi kunlariga ishonchlari ortadi. Chunki aksariyat muammolar bekorchilikdan, yomon hayollarga berilib, turli noto‘g‘ri qadamlarni qo‘yishdan boshlanadi. Shu nuqtai nazardan yoshlarni kitobxonlik madaniyatini oshirish, hududlarda joylashgan mahallalar, taʼlim maskanlari, korxonalar bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan turli maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar ham samarali natijalari berishi alohida taʼkidlandi. Zero, Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, agar jamiyat hayotining tayanchi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir.

Xizmat safari davomidagi keyingi tadbir Beruniy tumani hokimiyatida tadbirkorlar uchun tashkil etilgan seminar treningda ishtirok etildi.  Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab yirik va startegik investitsiya loyihalari bo‘yicha ishga tushirilgan, mahalliylashtirish dasturi asosida faoliyat yuritayotgan va past quvvatda ishlayotgan korxonalar vakillari ishtirokida xalqaro standartlarni joriy etish, savdodagi texnik to‘siqlar va mahsulotlarni jahon andozalari asosida muvofiqligini baholashning ahamiyati, tizim tashkilotlari tomonidan davlat tilida yaratilgan e-metrologiya, e-akkreditatsiya va e-standart axborot tizimlarining mazmuni va undan foydalanish qoidalari, davlat tilida yaratilayotgan milliy standartlar va davlat tiliga tarjima qilinayotgan xalqaro standartlar haqida maʼlumotlar berildi. Shuningdek, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga kiritilgan to‘ldirish, yaʼni  ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqidagi, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi maʼlumot isteʼmolchiga davlat tilida taqdim etilishi, “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun mazmuni mohiyati haqida tushunchalar berildi. Seminar davomida tadbirkorlar tomonidan berilgan savollarga mutasaddilar kerakli javoblarni berdilar, Agentlik va tizim tashkilotlari rasmiy saytlari bilan yaqindan tanishtirdilar.

Shundan so‘ng Agentlik va hududiy filiallar masʼullari Beruniy tumanida joylashgan «Beruniy Bugdoy Kluster» masʼuliyati cheklangan jamiyatga tashrif buyurib, filiallar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va kelgusidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Mazkur korxona un mahsulotlarini ishlab chiqaradi va hozirgi paytda Afg‘onistonga eksport kilishni boshlagan. Korxona tomonidan eksport geografiyasin kengaytirish rejalashtirilgan. Tashrif davomida O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi Korakalpogiston filiali korxona tomonidan ishlab chikargan un mahsulotiga muvofiklik sertifikatini rasmiylashtirdi va O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti Qoraqalpog‘iston filiali tomonidan o‘lchov vositalari davlat qiyoslovidan o‘tkazilganligi haqida ham muvofiqlik sertifikati topshirildi. Taʼkidlash lozim, tizim tashkilotlarining davlat tilida yaratilgan axborot dasturlari orqali beriladigan muvofiqlik sertifikatlari ham davlat tilida rasmiylashtiriladi. Shuningdek, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning davlat tilida tamg‘alanishiga ham eʼtibor qaratilib, mavjud kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi va tadbirkorlarga “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqidagi, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi maʼlumot isteʼmolchiga davlat tilida taqdim etiladi” deb belgilangan tegishli moddalari mazmun-mohiyati yuzasidan ham tushuntirish ishlari olib borildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun mazmun mohiyati haqida ham tushunchalar berildi.

Safar davomida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” loyihasi doirasida hududiy filiallar xodimlari bilan birgalikda Ellikqalʼa tumanida joylashgan “Sulton Uvays” ziyoratgohiga tashrif buyurib, marhumlar hurmatiga Qurʼon tilovat qilindi va tarixiy qadamjoylardan biri hisoblangan “Chilpiq” qo‘rg‘oniga borildi. Xodimlar boy taassurotlar bilan qaytdilar.

Shunday qilib, maslahatchining bir kuni o‘z nihoyasiga yetdi. Safardan tegishli xulosalar chiqarildi, kelgusida qilinadigan ishlar, eʼtibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar belgilab olindi. Bosh direktor maslahatchisi har bir viloyatga xizmat safari davomida huddi shunday mazmunli, amaliy ishlar, natija va taassurotlarga boy loyihalar tashkil qilinadi.

 

Naibaxon Mamadaliyeva

Bosh direktor maslahatchisi, fil.fd., prof.

 

23.09.2022 565