"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Maqolalar
  • O‘zbekistonda birinchi “Imlo” darsligini yaratgan ziyoli haqida bilasizmi?

O‘zbekistonda birinchi “Imlo” darsligini yaratgan ziyoli haqida bilasizmi?

1885-yili Qo‘qon shahri yaqinidagi qishloqda tug‘ilgan Ashurali Zohiriy Qo‘qondagi Muhammad Alixon madrasasida arab, fors tillarini, islom huquqi, tarix, adabiyotni chuqur o‘rgangan. Bir paytda rus-tuzem maktabida o‘zbek tili va adabiyotidan dars bergan. Bu vaqtda u turk, ozarbayjon, tatar va rus tillarini o‘rganadi. Jadid muallimlari bilan hamkorlikda yangi usuldagi maktablar ochib faoliyat yuritgan.

Zohiriy o‘zbek tilida birinchi bo‘lib boshlang‘ich sinflar uchun “Imlo” darsligini yaratib, 1916-yilda Qozon shahrida nashr etgan maʼrifatparvar, ilmli, o‘sha davrning ziyolilaridan biri bo‘lgan. Yetuk adabiyotshunos sifatida Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” va “Vaqfiya” asarlari ustida matnshunoslik tadqiqotlarini ham olib borgan va bu asarlarni husnixatda ko‘chirgan.

Ashurali Zohiriy jurnalist sifatida ham vaqtli matbuotda maʼrifatparvarlikni targ‘ib etuvchi maqolalari, targ‘ibot ishlari bilan faol qatnashib kelgan. Noshir va muharrir sifatida “Yurt” nomli jurnal nashr etadi. O‘sha davr ziyolilari qatori Ashurali Zohiriy ham ijtimoiy, iqtisodiy, maishiy muammolarni qalamga olgan va fuqarolarga yordam berishga uringan. O‘qimishli sifatida bolalarning bilim olishi va savodli bo‘lishi yo‘lida harakat qilgan. “El bayrog‘i” gazetasida muharrirlik qilish barobarida muammoli vaziyatlarni hal etish uchun maqolalar chop etib borgan.

Ashurali Zohiriy faqat ilm-maʼrifat bilan mashg‘ul bo‘lib, Qo‘qonda “Dorulmuallimin” maktabini tashkil etadi, o‘z navbatida Farg‘ona, Qo‘qon pedagogika, neftchilik bilim yurtlarida, savodsizlikni tugatish kurslari va maktablarda muallimlik qilgan.

O‘sha paytda ziyoli fuqarolarning kelgusi avlodni ilmli, ziyoli qilishga urinishi baʼzilarga yoqmagani maʼlum. Qatʼiy choralar ko‘rilib, ular xiyonatkor sifatida ushlangan. 1930-yil go‘yoki “Milliy ittihod” aksilinqilobiy tashkilotining Farg‘ona bo‘limi “Botir gapchilar” tashkiloti fosh etiladi. A.Zohiriy ham “Botir gapchilar” tashkilotining aʼzosi degan bahona bilan qamoqqa olinadi. U OGPU (Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi) tomonidan 1931-yil 10 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm qilinadi. U 1936-yil jazoni muddatidan oldin o‘tab qaytadi. Biroq... Biroq endi ziyolilar o‘sha davr uchun go‘yo keraksizdek edi. Shu bois 1937-yil O‘zSSR IIXK (Ichki ishlar xalq komissarligi) Zagvozdin qarori bilan Qo‘qon shahar maorif boshqarmasi o‘qituvchisi bo‘lgan Zohiriy panturkist, aksilinqilobiy “Milliy ittihod”, “Botir gapchilar” tashkilotlari aʼzosi sifatida qamoqdan qaytgach, Abdulhamid Cho‘lpon, G‘ozi Yunus kabi ziyolilar bilan aksilinqilobiy tashkilot tuzgan deb yana qayta qamoqqa olinadi. Tarixdan maʼlumki, o‘sha vaqtda juda ko‘p o‘zbek ziyolilari qamoqqa olingan va o‘limga hukm etilgan.

IIXK (Ichki ishlar xalq komissarligi) qoshidagi “Uchlik” sudi Ashurali Zohiriyni otuvga hukm qiladi va 24 kun qamoqda o‘tirgan yana bir o‘zbek ziyolisi uchun hukm ado etiladi.

Farzandi Nadjib Zahirov 1958-yilda KGB rahbariyati nomiga xat yozib otasining taqdiri bilan qiziqqach, o‘sha yilda O‘zSSR Oliy sudi tomonidan otasining oqlangani haqida xabar berilgan. Ammo hukm allaqachon bajarilgan. Bir o‘zbek ziyolisining taqdiri xato hukm ortidan hal etilgan edi.

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

12.04.2020 1343