"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Millat hamiyatining muntazam himoyati


Mamlakatimizda benihoya ko‘lamli islohotlarning naqd natijalari bois “Yangi O‘zbekiston” degan mag‘zi to‘q istiloh istifodasi urfga kirdi. “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori yurtimizda mutlaqo tabiiy ravishda bosh g‘oya maqomiga ko‘tarildi. Davlatimiz rahbarining izchil va chinakam xalqchil siyosati tufayli inson qadri eng oliy qadriyatlardan biri sifatida eʼzozu eʼtibor, hifzu himoyat bag‘ridan muqim va mustahkam joy oldi.

Shubhasizki, bu xalqimizning nelarni ko‘rmagan boshini ko‘kka yetkazdi. Zotan, o‘zbekning o‘lmas hikmat yombilari orasida “Qornimga emas, qadrimga yig‘layman” tarzidagi teran va dildagi adoqsiz og‘riq bilan aytilgan haqiqat ham bor. Inson bolasi, xususan, bizning ajdodlarimiz azaldan qorin qayg‘usi bilan emas, balki, avvalo, qadr qayg‘usi bilan umrguzaronlik qilgan. Shuning uchun ham ular hech kimdagidan kam bo‘lmagan qadr tuyg‘usi bilan ilm-fan, maʼrifat, madaniyat va maʼnaviyat bobida tengsiz durdonalarni yaratgan, o‘z nomlarini tarix sahifalariga muhrlagan.

O‘zbek tilidagi qadr so‘zining asosiy maʼnosi lug‘atda shunday izohlangan: “jamiyatda, kishilar o‘rtasida tutgan o‘rin, o‘zga(lar) tomonidan bo‘lgan hurmat, eʼtibor”. Albatta, buni salomat saqlash hamiyat so‘zi bilan ifodalanadi. Bu so‘zning asosiy maʼnosi izohli lug‘atda “or-nomusini, qadr-qimmatini pok saqlash tuyg‘usi” tarzida tavsiflangan. Aytish mumkinki, qadr tuyg‘usi va hamiyat tirikligi bir-biri bilan tamoman uyqash, birisiz ikkinchisining mavjudligi nomumkin bo‘lgan tushunchalar o‘laroq insonning oliy va ardoqli sezgilari sirasiga kiradi. Albatta, til, xususan, ona tili ayni shu qadrning ham, hamiyatning ham hamisha zimnu zaminida yotadigan tushunchalardandir.

Til saltanatining benazir sultoni ulug‘ bobomiz Alisher Navoiyning “Insonni so‘z ayladi judo hayvondin”, “Tilga eʼtiborsiz — elga ixtiyorsiz” kabi hikmatlarida odam bolasi uchun tilga ehtiromli munosabatning azaliy va abadiy ehtiyoji, insonlikning bosh belgisi til ekanligi, til va el hurmati tanosibining tarangligi go‘zal shamoyillarda ifoda topgan. Umuman, har qanday tilga, xususan, ona tiliga, biron-bir darajada bo‘lsin, nopisandlik yoki kamsitish bilan qarash inson va el qadriga hurmatsizlik, inson va xalq hamiyatiga daxl qilish tarzida anglanishi, kishilar ko‘nglini, yumshoqroq taʼbir bilan aytganda, og‘ritishi, tabiiyki, yaqin o‘tmishimizda biz buning guvohi bo‘lganmiz.

Bugun yurtimizda xalq hamiyatining muntazam va iddaosiz himoyasi muddaosi bilan o‘zbek tilini davlat tili deb eʼlon qilgan qonunning imzolanganiga 33 yil bo‘ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida alohida taʼkidlaganidek, “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir”. Shuni mamnuniyat bilan taʼkidlamoq joizki, davlatimiz rahbarining doimiy eʼtibori bilan, ayniqsa, so‘nggi besh-olti yil ichida mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish borasida yangi bosqich boshlandi. 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiya va maxsus dastur qabul qilingan, kelgusidagi ishlar aniq-tiniq ko‘rsatib berilgan, shu asosda til ilmi tadqiqi, taʼlimi va targ‘ibiga daxldor tizimli hamda keng qamrovli ishlar jadal surʼatlarda amalga oshirildi va oshirilmoqda.

Prezidentimizning o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish borasidagi ko‘rsatmalari asosida izchil harakat olib borilmoqda. Mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlar tillarining rivojlanishi uchun keng imkoniyat hamda sharoitlarning yaratilgani ham bor haqiqatdir. Yurtimizda qaror topgan benihoya oqil va odil til siyosati tufayli ko‘p millatli xalqimizning birligi, hamjihatligi yanada mustahkamlanmoqda. O‘zbek tili bayrog‘imiz, gerbimiz, madhiyamiz qatorida davlatimizning muqaddas hamda muhtasham ramzlaridan biri sifatida takomil va rivoj o‘zanidan bormoqda. Har yili 21-oktabr “O‘zbek tili bayrami kuni” sifatida butun xalqimiz tomonidan cheksiz mamnuniyat bilan keng nishonlanmoqda, bu kun amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, yangidan-yangi rejalarning tarhi chizilmoqda.

Tilning ijtimoiy hodisa ekanligi haqida ko‘p gapirilgan. Shubhasizki, tilning paydo bo‘lishi, o‘zlashtirilishi va taraqqiyotiday murakkab jarayonlarni jamiyatdan ayro holda aslo tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu murakkab jarayonda ijtimoiy muhitning, kishilik jamoasining, uy-xonadon degan birlikning hal qiluvchi omil ekanligidan iborat haqiqatni inson aqli hazm qilib ulgurguncha, ne-ne nasllar yugurik asrlar to‘zoni ichra abadga qo‘nim topgan.

Eramizdan oldin ham, bizning eramizda ham dunyoning turli burchaklarida ana shu haqiqatni izlab, turli-tuman tajribalar o‘tkazilgan. Jumladan, “Mo‘g‘ullar imperiyasining umumiy tarixi” (Parij, 1705) nomli kitobda XVI asrda Akbarshoh tomonidan o‘tkazilgan bir g‘aroyib tajriba haqida batafsil yozilgan. Ulug‘ shoh “Biron-bir tilga o‘rgatilmagan odamning tabiiy tili yahudiy tili bo‘ladi”, degan g‘ayriilmiy gapni eshitib qoladi. Shunda Akbarshoh bolaga hech qanday til ataylab o‘rgatilmasa, u, chindan ham, qaysi tilda gapiradigan bo‘lishini bilishni istaydi. Ana shu maqsadda shoh o‘n ikkita emizikli bolani ajratib olib, Agradan olti mil uzoqlikdagi qalʼaga joylashtiradi, ularni tarbiyalashni o‘n ikki soqov enagaga topshiradi. Tilsiz qorovulga qalʼa darvozasini ochish qatʼiyan taqiqlanadi. Bolalar o‘n ikki yoshga yetganda, shoh ularni huzuriga keltirishni buyuradi va saroyga barcha tillarni biladigan donishmandlarni ham taklif etadi. Agrada yashaydigan bir yahudiy bolalar, chindan ham, yahudiycha gapirish yoki gapirmasliklariga hakamlik qilishi kerak edi. Agrada arablar va xaldey (somiylardan bo‘lgan qadimiy xalq)lar bisyor edi. Hind faylasuflari bu bolalarning tili sanskrit (qadimgi hind tili)cha bo‘lib chiqadi deb hisoblardi. Ammo bolalar shoh huzuriga keltirilganda, barcha hayratdan tosh qotib qoladi, chunki ular hech bir tilda gapirmas edi. Bechoralar o‘z enagalaridan fikrlarini faqat turli imo-ishoralar bilan ifodalab, hech qanday tilsiz muomala qilishni o‘rgangandi. Ular bu notanish, begona jamoadan qo‘rqib-hurkib turardi, ochilmay tugilgan bu tillarning tugunini yechmoq tamoman mushkul, ularga nutq tovushlarini ayttirmoq zamoni o‘tib bo‘lgan edi.

Qilni qirq yorgan aksariyat dunyo tilshunoslarining taʼkidlashlaricha, nafaqat tilni o‘zlashtirish, balki tilning ibtidodan paydo bo‘lishi ham muayyan jamoada birovning boshqasiga nimanidir aytish, nimagadir undash, o‘zining muayyan hissiy holatini bildirish kabi ehtiyoji mahsulidir. Qisqacha aytganda, jamoa-jamiyat bilan bog‘liqdir. Aytish joizki, tilning takomilu taraqqiyotini ham, uning shaxs maʼnaviy-madaniy tashakkuli va ajdodu avlodning zamonlar osha vorisiyligidagi qiyossiz o‘rnini ham jamiyatsiz anglash mutlaqo mumkin emas. Shuning uchun ham jamiyat hamda xalq taraqqiyoti, tinchligi va farovonligini, ularning milliy manfaatlarini taʼminlashday oliy maqsadni birlamchi burchi deb bilgan davlat o‘z hududida milliy tilni davlat tili maqomiga ko‘tarishi, uning tirikligi muhofazasi hamda har taraflama kamoloti uchun qayg‘urishi qonuniy va haqqoniy zaruriyatdir. Prezidentimizning 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tarixiy Farmonida behad o‘rinli taʼkidlanganidek, “Bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat o‘z milliy manfaatlarini taʼminlash, bu borada avvalo o‘z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir”.

Tilsiz milliy ruh degan bemisl teran va ulug‘vor tushunchaning mohiyati tamoman muallaqlashadi. O‘zbek pedagogikasining atoqli namoyandalaridan biri Abdulla Avloniy 1917- yilda ikkinchi marta nashr qilingan “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida bu haqiqatni mana bunday ifodalagan: “Har bir millatning dunyoda borlig‘in ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”. Demakki, milliy ruh, milliy ong, milliy maʼnaviyat, milliy madaniyat kabi tushunchalarning tayanch ustuni, tirik tirgagi ona tilidir. Zabardast o‘zbek tilshunosi, akademik Alibek Rustamov bu holatni go‘zal va ohorli qiyos vositasida mana bunday tavsiflagan: “Tirik jonning hayoti uchun havo qanchalik zarur bo‘lsa, insonning inson sifatidagi turmushi va uning insonligini belgilovchi maʼnaviy tirikligi uchun so‘z (yaʼni til) shunchalik zarurdir”.

Til nafaqat maʼnaviyat va madaniyatning, balki tafakkurning ham asosiy tayanchi, shuning uchun ham milliy tafakkur tushunchasi mavjud. Tabiiyki, insonning dunyoni bilishiday adoqsiz tadrijiy jarayonning qudratli harakatlantiruvchi kuchlarining boshida tafakkur turadi. Bu kuch taʼrifini ulug‘ mutafakkir bobomiz Alisher Navoiydan o‘tkazib hech kim aytolgan emas: “Har ishki qilmish odamizod, Tafakkur birla bilmish odamizod”. Shuni ham yodda tutish joizki, tafakkurni voqelantiradigan, unga faqat shamoyilgina emas, balki aniq o‘zan baxsh etadigan qudrat esa tildir. Til milliy tafakkur tarzini tayin etadi va mutlaqo tanosibiy bir intizomda tafakkur takomili tilning tadrijiy taraqqiyotini taʼminlaydi. Insoniyat kamolotida, uning tafakkuri, tasavvuri va taxayyuli parvozida tilning beqiyos omil ekanligi bugun eʼtirof etilgan haqiqatlardandir.

Mashhur olmon allomasi V. Gumboldt va uning davomchilarining eʼtiroflaricha, til kishilar o‘rtasidagi shunchaki aloqa vositasigina emas, u millatning dunyoni ko‘rar ko‘zi, eshitar qulog‘i, anglar aqlidir. Har bir xalqning boshqalardan farqli milliy nigohi bor. Har bir til vakili muayyan tovushni boshqasidan farqli eshitadi, masalan, o‘zbek itning tovushini “vov-vov” deb, rus “gaf-gaf” deb va hokazo tarzda ifodalaydi. Idrok intizomidagi farqlarni ham sezmaslik mumkin emas, masalan, ruschadagi “ne dayot govorit” birikmasini o‘zbekchaga “gapirishga bermayapti” tarzida o‘girish ana shu ruschadagi idrok intizomini o‘zbekchaga noo‘rin ko‘chirish natijasidir, o‘zbekcha idrok intizomiga muvofiq “gapirishga qo‘ymayapti” tarzida bo‘lishi zarur. Til bu sinoatli olamni muntazam inkishof qilishning birlamchi qudratli qurolidir.

Dunyo adabiyotining nomdor namoyandasi Chingiz Aytmatov “Avezov haqida so‘z” nomli maqolasida “Til xalqning avtoportretidir”, degan behad teran obrazli taʼrifni aytgan. “Avtoportret” so‘zining maʼnosi, maʼlumki, “rassom yoki haykaltaroshning o‘z qo‘li bilan ishlagan o‘z tasviri, portreti”dir. Chindan ham, masalan, o‘zbek tili o‘zbek xalqining siyratu suratini, tafakkur va taxayyul olamini, o‘tmishu bugunini boricha aks ettiradigan, muhimi, shu tilning o‘zi vositasida hamda “o‘z qo‘li” bilan “chizilgan” ham ichki, ham tashqi xolis qiyofasidir. Bu qiyofa xalqimizning ming yillik lisoniy-tarixiy taraqqiyoti jarayonlarida, betakror madaniy va aqliy, adabiy-badiiy durdonalarida bo‘y ko‘rsatib turibdi. Bu qiyofa parvarishu muhofazaga, eʼzozu ehtiyotga, ko‘z qorachig‘idek asramoqqa, yanada kamolot sari eltmoqqa shoyon muhtasham boylikdir.

Dunyo til ilmida til va tafakkur munosabati borasida turli fikrlar bildirilgan, ulardan biriga ko‘ra, til tafakkurning shakllanishi jarayonlarida bevosita ishtirok etadi. Bunday fikrni ilgari surganlardan biri amerikalik taniqli olim Benjamin Li Uorfdir. Uning nazariy qarashlarini tahlil qilgan Maks Blek “Til mustaqil mazmunning tashqi ifodasidir, til va mazmun o‘rtasidagi munosabat kiyimning o‘zi yopib turgan tanaga munosabatiga o‘xshaydi”, qabilidagi hukm aytilsa, bunga Uorfning mutlaqo qo‘shilmagan bo‘lishini taʼkidlaydi. Buning maʼnosi shuki, tilni Uorf hech qachon ikkilamchi, yaʼni tafakkur shakllanishidagi yordamchi vosita deb hisoblamagan. Ana shu jihatdan qaraganda, mutafakkirning quyidagi ikki mulohaza-hukmi ham alohida eʼtiborga molik: “Taʼkidlamoq kerakki, “hind-evropa tillarida gapiradigan barcha zamonaviy olimlar” va “barcha olimlar” tushunchalari bir-biri bilan teng emas. Zamonaviy xitoy yoki turk olimlarining dunyoni Yevropa olimlari kabi tavsiflashi faqat shuni ko‘rsatadiki, ular o‘z tafakkur tizimlarini mustaqil holatda ishga solmaganlar, balki butun g‘arbcha tafakkur tizimini yaxlitligicha o‘zlashtirganlar”. “Aytish mumkinki, insoniyatni kelajakda bir tilda, xoh ingliz, xoh nemis yoki xoh rus tilida, gaplashishini tasavvur qiladiganlar insoniy tafakkur taraqqiyotiga ulkan zarar keltirishi aniq bo‘lgan holatni ideal sifatida qabul qilganlari uchun qattiq adashadi”. Olimning bu gaplaridagi ayovsiz haqiqatni unutmaslik lozim. Til tafakkurning shunchaki libosi, tashqi tomoni emas, balki tafakkurning tashakkulida bevosita ishtirok etadigan, uning o‘zanini tayin etadigan benazir unsurdir. Ana shuning uchun ham unutmaslik zarurki, ona tili darsliklarini faqat xorijiy til darsliklari qolipida yaratish, ona tilini o‘qitish jarayonlarini tamoman chet tili taʼlimi andozalariga solish maqsadga muvofiq emas. Ona tili taʼlimida raso milliy tafakkur va rost milliy maʼnaviyatning muntazam tarbiyasi ustuvor yo‘nalish bo‘lmog‘i kerak.

“Davlat tili haqida”gi Qonunimizda bu tilni rivojlantirish va uning sofligini saqlash masalalariga daxldor qoidalar belgilangan. Bugungi kunda o‘zbek tili rivojlangan tillardan biri sifatida hayotimizning barcha sohasida emin-erkin qo‘llanmoqda. O‘zbek tilining sofligini saqlashday ezgu maqsad bilan baʼzan u yoki bu o‘zlashgan (arab, fors, rus, yevropa tillaridan) so‘zni tildan chiqarish, uning o‘rniga boshqa so‘zni kiritish borasidagi yetarlicha o‘ylanmagan yoki ilmiy-mantiqiy asosi anchayin bo‘sh taklif-mulohazalar bildiriladi, o‘zbek tilidagi har qanday o‘zlashmaga g‘ashlik bilan qaraladi, har qanday o‘zlashmani eski turkiy tilga oid so‘z bilan almashtirish tavsiya qilinadi. Holbuki, Yer yuzidagi 6909 ta tildan (YuNESKOning 2012-yildagi maʼlumoti) lug‘at boyligida o‘zlashmalar tamoman yo‘q bo‘lgan birorta til mavjud emas. Hatto eng yirik va rivojlangan deb hisoblangan tillarda o‘zlashmalar anchayin katta miqdorni tashkil etadi. Turkiston jadidlarining tan olingan rahnamosi Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan 1915-yilda aytilgan quyidagi fikrlarning nechog‘li asosli ekanligiga diqqat qiling: “...Ming yil avvalgi tilg‘a qaytmoq qonuni tabiatg‘a muxolifdur. Chunki moziyg‘a rujuʼ mumkin yo‘q. Begona tildan so‘z olmoqdan qutulgan til yo‘qdur. Anglischani arabchadan so‘ngra eng boy til derlar. Ma fihi (shunga qaramasdan), o‘n minglar ila begona lug‘atlarni majburan olganligini yozarlar. Xulosa fikrimiz shuki, yalg‘uz turkcha so‘ylamak va yozmoq abadan mumkin yo‘q. Baqadri imkon arabiy va forsiyni oz yozayluq. Barcha ilmu fan istiloh lug‘atlarig‘a turkchadan muqobil oxtarib vaqtni zoye etmayluk”. Bugungi globallashgan XXI asrda esa bir-biri bilan muloqotda bo‘lmagan til yoki xalqning o‘zi yo‘q, tillararo so‘z olish-berish ancha faollashgan va bu odatiy hol tusini olib bo‘lgan. Tilimizga kirib, o‘zlashgan, lug‘atimiz tarkibidan joy olib ulgurgan har qanday chet so‘zga muqobil izlayverish, o‘rinli-o‘rinsiz uni almashtirish payidan bo‘laverish foydali yumush emas.

Ko‘hna va donishmand Sharq odamlarida, xususan, bizning alloma bobolarimizda ko‘p tilni bilish benihoya mo‘ʼtabar fazilat hisoblangan va ana shu fazilat sohiblari bo‘lganliklari bois ham ular jahon ilm-fani hamda adabiyotida muhtasham va muhtaram o‘rinlarni egallagan. Hatto XIII asrda yashagan tarixchi Ibn Xallikonning ko‘rsatishicha, buyuk olim Abu Nasr Forobiy o‘z ona tili — turkiy tildan tashqari yetmishdan ortiq tillarni bilgan. Bu haqdagi rivoyatlardan birida aytilishicha, bir kuni Damashq hokimi huzuridagi olimlar yig‘iniga Forobiy ham kelib qoladi. O‘z taxtida o‘tirgan hokim Sayfutdavla Forobiyni o‘tirishga taklif etadi. Forobiy: “O‘zimning martabamga qarab o‘tiraymi yoki sizning martabangizga qarab o‘tiraymi?” deb so‘raydi. Hokim: “O‘zingning martabangga qarab o‘tir”, deb javob beradi. Olim to‘ppa-to‘g‘ri hokimning taxti yoniga borib o‘tiradi. Bundan g‘azablangan hokim ko‘pchilikka nomaʼlum bo‘lgan bir tilda soqchisiga: “Bu odobsizlik qildi, axloqsizligi uchun uni ketayotganida jazolanglar!”  deydi. Shunda Forobiy: “Men hech qanday gunoh qilganim yo‘q-ku, nima uchun meni jazolaysiz?” deb so‘raydi. Hayratga tushgan hokimning “Bu tilni xalq orasida hech kim bilmas edi, sen qayerdan o‘rgangansan?” degan savoliga Forobiy: “Men ko‘p tillarni o‘rganganman”, deb javob beradi. “Ikkinchi muallim”ni tanib qolgan hokim olimdan uzr so‘raydi.

Yurtimizda ko‘p tilni bilish, ko‘p tilni o‘rganishga harakat qilish azaldan anʼana tusini olgan. Bu anʼananing mamlakatimizda bardavom bo‘lishini taʼminlash borasida davlatimiz rahbari doimiy ravishda g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelmoqda. Prezidentimiz o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Biz yoshlarimizning jahon tillarini egallashga bo‘lgan ulkan qiziqish va intilishlarini har doim qo‘llab-quvvatlaymiz”, deb taʼkidlar ekan, XX asr boshida olti tilli — o‘zbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida lug‘at tuzgan maʼrifatparvar Ishoqxon Ibratning quyidagi so‘zlarini eslatadi: “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat — bu vataniy ishdir”. Shubhasizki, odam har qancha ko‘p tilni bilmasin, uning tamomila va tom maʼnoda o‘ziniki bo‘lgan tili faqat bitta bo‘ladi, albatta, bu uning o‘z ona tilidir. Shuning uchun ham boshqa tillarni o‘rganishda ona tili orqali u tillar olamiga kirish aql va mantiqning yo‘rig‘idir. Ona tilidagi sobitlik — milliy tafakkur o‘zanini salomat saqlaydi.

Yana shuni ham taʼkidlamoq joizki, xalqimizda “O‘z qadrini bilmagan o‘zganing qadrini bilmas” tarzidagi bikir bir hikmat bor, shu hikmat taʼbiri doirasida atoqli o‘zbek shoiri Erkin Vohidov o‘zining “So‘z latofati” nomli latif kitobida quyidagi haqqoniy gaplarni aytgan: “Biz o‘z ona tilimiz qadriga yetsak, arab tilining boyligi va mukammal qurilishini qadrlaymiz, fors tilining nafosati va go‘zalligidan bahra olamiz, ingliz, rus tillarining qudratini his qilamiz. Ularni chuqur o‘rgansak, raqobat to‘la bu olamda bamaylixotir qadam tashlaymiz”.

Intihosiz iftixor bilan aytish joizki, o‘zbek tili bu kurrai zamindagi eng qadimiy va boy tillardan biridir. Bu tilda bugun ellik millionga yaqin kishilar so‘zlashmoqda, bu tilning chin muhiblari soni ortib bormoqda. Ko‘plab turli xorijiy mamlakatlarda o‘zbek tilini katta ishtiyoq bilan o‘rganishmoqda. Mamlakatimizda millat va xalq hamiyatining muntazam himoyatini yelkalagan “Davlat tili haqida”gi Qonunimizga muvofiq tarzda shakllangan xolis til siyosati bois o‘zbek tili hamda boshqa tillar erkin rivoj va takomil yo‘lidan bormoqda.

O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida o‘zining ozod va obod so‘zi bilan, bu so‘zga monand ko‘lamli faoliyati bilan o‘zligini dunyoga namoyish etayotir.

Nizomiddin MAHMUDOV,

O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori

instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor.

06.10.2022 800