"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

AVVALO ONA TILI...

                                Mulohaza


 Tilshunos olimlar inson hayoti uchun suv va havo qanchalik zarur bo‘lsa, so‘z ham shunday ulug‘ maqomga egaligini doimo e’tirof etishadi. So‘z tirik jon yanglig‘ ilohiy ne’mat, unga yolg‘on, soxtalik aralashsa, ta’sir kuchi va jozibasini yo‘qotadi. Ravon nutq — hech narsaga qiyoslab bo‘lmaydigan ma’naviy boylik. O‘z ona tilida, shu bilan birga, boshqa tillarda ham fikrini tiniq ifoda etishga qodir kishilar fazilat, aql-idrok bobida komillikka yaqin turadilar. Ulug‘ ajdodlarimiz bir emas, bir necha tilni  o‘rganib, shu tillarda ham barakali ijod qilishgan. Ma’mun akademiyasida, olis Andalusiyada jam bo‘lgan olimlar erishgan yutuqlar jahon ilm-fanini yangi bosqichga ko‘targan. Andalusiya musulmonlarining ilmiy tafakkuri shu darajaga yetganki, ularga “Yevropa muallimlari” maqomi berilgan.

Ismoilbek Gaspirinskiyning “Dorur-rohat musulmonlari” asarida quyidagi  ma’lumotlar keltiriladi: “Abu Ja’far Yunon hukmdori bilan inoq bo‘lib, Afinadan beadoq kitoblar oldiradi. Ma’mun davrida Yahyo ibn Xolid Barmakiy Ptolomeyning “Majistiy” asarini tarjima qiladi. Sanad bin Ali va Xolid bin Abdumalik Marvarudiy astronomiya bo‘yicha yangi ma’lumotlarni qo‘lga kiritadilar. Yer sharining uzunlik va kenglik darajalari o‘lchab chiqiladi. Abbos bin Sayyid Jo‘shariy kabi mashhur olimlar yunonlarning astronomiyaga oid asarlaridagi ko‘plab xatoliklarni aniqlaydilar, quyosh dog‘lari, oy-kun tutilishi, dumli yulduzlar borasida bir qancha kashfiyotlar qiladilar. Yevropa handasa (geometriya) ilmini xurosonlik Abulvafoning hijriy beshinchi asr boshida tuzgan “Az-ziji Shomil” va “Majistiy”sidan o‘rgandi...”.

Afsuski, XI asrdan boshlab zamon notinchliklari kuchayib bordi. Bir tomondan, g‘aznaviy va saljuqiylarning mulk dag‘dag‘asi, ikkinchi tomondan, Chingiz istilosi, uchinchi tomondan, Quddusi sharif uchun boshlanib ketgan salb yurishlari islom olamini larzaga soldi va ilmu hunar yo‘llarini buzib yubordi. Lekin ilm-maorif nuri so‘nmadi, aksincha, dushmanlarga ham ziyo berib, munavvar qildi. Mo‘g‘ullarning katta qismi islom madaniyatini qabul etdilar, ovrupoliklar esa yuz yillik salb yurishlari davomida qanchadan-qancha san’at va hunarlarni o‘rganib qaytdilar. Islom madaniyati o‘choqlari Bag‘dod, Sheroz, Nishopur, Samarqanddan tashqari, Afrika va Ispaniyada, ya’ni islom olamining deyarli barcha nuqtalarida mavjud bo‘lib, bu yerlarda ilm-fan benihoya rivoj topdi.

Bunday ulug‘ yutuqlarga erishgan ajdodlarimiz, birinchi navbatda, o‘z ona tillarini, mamlakat tarixi, urf-odat va bobolardan qolgan meros an’analarni mukammal darajada bilishgan, ravon nutq, voizlik mahorati, ishontirish san’ati, namunali xulq-odob, kamtar-kamsuqumlik bilan ko‘plarni ilm olamiga da’vat qilishgan. Ayni shu fazilatlari bois to hanuz buyuk donishmand maqomida turadilar, ilmiy, ma’naviy meroslaridan dunyo tafakkur olami bahramand bo‘ladi.

Ne baxtki, bunday insonlar o‘tmishdagina emas, bugun ham bor, garchi ular o‘zlarini donishmand hisoblamasalar-da, ilmiy va ma’naviy olamlari, zukko tarbiyachi maqomiga ko‘tarilganlari, har qanday holatda ham yoqimli talaffuz, vazmin mulohaza, aql-zakovat bilan ish tutib, suhbatdoshlarini e’tibor bilan tinglay olishlari shunday deyishga va bugungi avlod vakillariga bunday tabarruk vatandoshlar bilan haqli ravishda faxrlanishga izn beradi.

Inson bu yorug‘ olamda umrguzaronlik qilar ekan, hayoti davomida  kutilmagan holatlarga duch kelishi, muammolar girdobiga tushishi, to‘g‘ri yo‘ldan, xolislikdan chalg‘ishi mumkin. Bunday paytda o‘z tili, o‘zligi, to‘g‘riso‘z va haqgo‘yligi najotkor kuchga aylanadi.

“O‘ynab so‘zlasang ham o‘ylab so‘zla”, degan naql bor. O‘ylamay aytilgan birgina so‘z, behayo bir ibora oilani barbod qilishi, ota-bola, aka-uka, opa-singil, qarindosh-urug‘ni bir-biriga teskari qilishi mumkin. Bunga misollar ko‘p. Millat sha’niga botadigan, g‘ururiga tegadigan asossiz ayblov yoki tahqir bois xalqlar, mamlakatlar o‘rtasiga rahna solingani, janggu jadallarga sababchi bo‘lgani ham sir emas. Hayotda goho bir-birini mutlaqo tanimagan, o‘zaro muloqotda bo‘lmagan ikki kishi go‘zal bir lutf, samimiy tabassum, shirin muomala bois qadrdon bo‘lib ketishadi. So‘zning qudrati, tilning jozibasi bois shunday bo‘ladi. Xalq ertaklarida tasvirlangan ochko‘z devlarning “Assalomu alaykum, devbuva” qabilidagi yoqimli lutf, yaxshi muomala bois yomon niyatidan qaytishi (“Saloming bo‘lmaganida yetti yamlab bir yutardim” deyishi) ham so‘zning qudratini ko‘rsatadi. Sotsiolog olimlar milliy-ma’naviy ildizlar zaiflashgan, ma’naviy qadriyatlarga rioya qilish sustlashgan, ona tilining qo‘llanilishi kamaygan hududlarda jinoiy xatti-harakatlar nisbatan ko‘proq sodir bo‘lishini allaqachon isbotlab berishgan.

So‘zlash odobi, nutq ravonligi oiladan, maktabdan, mahalladan boshlanadi. Inson nechog‘li uzoq umr ko‘rmasin, bu odobga o‘rganishning  adog‘iga yeta olmaydi. Kichiklik chog‘idan to‘g‘ri talaffuzga, so‘z va iboralarni, ismlar, joylar, turfa xil nomlarni to‘g‘ri ifoda qilishga o‘rgatilgan, kitob bilan do‘st tutingan, xalq ertaklarini ko‘p va xo‘b o‘qigan, sarguzasht dostonlarni miriqib tinglagan bolalarning nutqi boshqa tengdoshlariga nisbatan  shirali bo‘ladi. Bu farqni nainki nutqda, bolaning shakllanayotgan nozik xarakterida, tengdoshlari bilan muomalasida, atrofida kechayotgan voqea-hodisalarga munosabatida va hatto orzu-xayollarida ham ko‘rish mumkin.

Yoshligida ko‘p ertak tinglagan, kattalar ovoz chiqarib kitob o‘qiganida diqqat bilan eshitgan bolalar voyaga yetgach, faqat o‘zlarining emas, boshqalarning ham fikrini e’tiborga oladigan, hech bo‘lmasa, eshitadigan, aql-idrok bilan ish tutadigan, ota-onasidan, katta yoshlilardan maslahat so‘raydigan bo‘ladi. 

Bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi murabbiylarning kuzatuvicha, bola nutqi va yozuvi qanday bo‘lishi ko‘p jihatdan oila a’zolariga, xususan, ota-onaga, bog‘cha va maktab muallimlariga bog‘liq. Yana bir holat — biz ko‘pincha farzandlarimiz ancha ulg‘ayib, yaxshi-yomon, rost-yolg‘onning farqiga borib qolganini sezmay qolamiz yoki sezsak-da, e’tibor bermaymiz. Bola bo‘lgandan keyin kattalarning oldida jim turishi,  nima deyilsa, xo‘b deyishi, betgachoparlik qilmasligi lozim, deymiz.  Ulug‘ ajdodlarimiz ham “Aqlli, fahm-farosatli kishilar, ayniqsa, yoshlar bilimdonliklarini huda-behudaga pesh qilmaydilar, boshqalarni ko‘proq eshitadilar, birov bir nimani so‘ramaguncha odob bilan sukut saqlaydilar”, deb ta’lim berishgan.  “Sukut  kalomdan ulug‘”, degan hikmat ham bor. Bir qarashda, bu nasihatlar sharqona odobga juda mos, e’tiroz bildirish qiyin. Ammo hamma narsada bo‘lganidek, sukutda ham me’yor bo‘lishi zarur. Ortiqchasi ortiqcha. Chunonchi, bolaga ham gapirish, suhbatga qo‘shilish, fikrini bildirish, nimanidir isbotlash imkonini berish kerak.

Bola noto‘g‘ri tarbiya ta’sirida og‘zini ochmay, faqat boshqalarni tinglab, kim nima desa xo‘b deyishdan boshqaga o‘tmay ulg‘aysa, keyinchalik hayotda o‘zini shaxs sifatida namoyon etolmaydi, fikrini aniq ifodalashga qiynaladi, bu ham mayli — befarq va  labbaychi bo‘lib qoladi. Bolani  fikrlashga, mustaqil mulohaza yuritishga, ikki yoki uch tushunchani o‘zaro qiyoslashga o‘rgatish uni tinglashdan, gap-so‘zlariga, xatti-harakatlariga e’tibor berishdan boshlanadi. Shunday qilinsa, farzand bunday munosabatni mukofotday qabul qiladi, kattalar ta’biri bilan aytganda, ko‘nglida o‘ziga nisbatan dastlabki ishonch kurtaklari paydo bo‘ladi. Har bir rag‘bat, har bir e’tibor bu ishonchni mustahkamlaydi. Aksincha, bolani bo‘lar-bo‘lmasga jerkiyverish, “gapga aralashma”, “og‘zingni yum”, “nari tur”, “qachon odam bo‘lasan o‘zi”, “he falonchi”, deya tengdoshlari oldida izza qilish murg‘ak qalbini tuzalmas darajada jarohatlaydi.

Nutq o‘z-o‘zidan ravon, ohangdor bo‘lib qolmaydi. Cholg‘uchi biror kuyni o‘rganmoqchi bo‘lsa, uni yuz bor, ming bor ijro qilibgina muddaosiga erishadi.  Musavvir bir asar yaratguncha qancha zahmat chekadi. Hech kim birdaniga Suqrot yoki Alibek Rustamov, Azizxon Qayumov, Suyima G‘anieva, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov darajasiga ko‘tarilmaydi. Nutq mahoratini egallash uchun yillar davomida tinimsiz mashq qilish kerak. Qadimgi yunon notig‘i Demosfen o‘zining past, hazin ovozini yaxshilashga jazm qilib, yerto‘laga tushar ekan-da, shiftga o‘tkir tig‘li xanjarni osib qo‘yib (boshini dimog‘dorona baland ko‘tarmaslik uchun) uzluksiz mashq qilar ekan.

Nutq mahorati to‘g‘risida bunday mulohaza yuritayotganimizning boisi bor, albatta. Bugun  hayotimizni teleko‘rsatuvlar, radioeshittirishlar, turli yig‘inlar, o‘rinli-o‘rinsiz bahs-munozaralarsiz tasavvur qilish qiyin. Har kuni turfa darajadagi notiqlar suhbatlarini tinglashga to‘g‘ri keladi. Taassufki, ularning hammasida ham nutq mahorati, talaffuz qoidalariga  rioya qilinmaydi.

Ona tilimizga xos nozik, betakror iboralar, xalq donishmandligi ifodasi bo‘lmish maqol va matallar, ta’sirchan tashbehlar o‘rinsiz yoki mutlaqo xato ishlatilganida asabingiz buziladi. Bunga qo‘shimcha, ayrim notiqlar ma’ruzalariga o‘ziga xos “alohidalik” baxsh etish uchun bir necha tillarni bir-biriga qorishtirib gapirishni, o‘zidan boshqa kishi tushunmaydigan xorijiy iboralardan keragidan ortiq foydalanishni odat tusiga aylantirmoqdalar. Bunday chuchmallikka teleekranda, turli yig‘inlar minbarlari, davra suhbatlarida, hatto madaniyat va ma’rifat mavzusidagi ma’ruzalarda ham ko‘rish mumkin.

Devorlari nam tortib, nuray boshlagan uyni  poydevori mustahkam bo‘lsa, tuzatsa bo‘ladi. Ammo buzilgan, qorishiq ahvolga kelgan tilni o‘nglashning iloji yo‘q. Abu Nasr Forobiy fikricha, yuksak axloqli kishining nutqi ravon, talaffuzi sodda va tushunarli bo‘lishi, aytmoqchi bo‘lgan fikrini tushunish boshqalar uchun qiyin bo‘lmasligi kerak.

Xon Feruz maqom kuylarini buzib ijro etgan mashshoqlarni jazolagan. Pyotr I zamonida nutqi noraso kishilarga o‘qituvchilik qilishga ruxsat berilmagan. Chunki o‘qituvchi nutqidagi nuqson u tarbiyalayotgan bolalarga ham o‘tadi. Demak, nutqimizdagi norasolik ertaga farzandlarimizga ko‘chishini bilib turib, bu muammoga befarq bo‘lsak, o‘nglab bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz.

Abu Homid G‘azzoliyning “Til ofatlari” kitobida bunday jumla bor:  “Insonga eng itoatsiz a’zo – til. Chunki bu suyaksiz a’zoning osongina harakatga kelishi va hech bir mashaqqatsiz yugurikligi kutilmagan  oqibatlarga sabab bo‘ladi”.

“Qobusnoma”ning yettinchi bobida o‘qiymiz: “Ey farzand, toki qila olsang (ya’ni qo‘lingdan kelsa), so‘z eshitmakdin qochmag‘ilkim, kishi so‘z eshitmak bila suxango‘ylik hosil qilur... Yolg‘on va behuda so‘z aytmak devonalikning bir qismidur. Har kishiga so‘z aytar bo‘lsang, qarag‘il, u sening so‘zingga xaridormu yoki xaridor emasmu? Agarda uni so‘zingga xaridor topsang, unga so‘zingni sotg‘il. Yo‘q ersa, ul so‘zni qo‘yib, shundoq so‘z degilkim, unga xush kelsin va sening so‘zingga xaridor bo‘lsin”.

Kaykovus odamlarni to‘rt toifaga bo‘ladi: “Biri ulkim, bilur va bilg‘onin ham bilur. Ul olimdur, unga tobe bo‘lmoq kerakdur. Biri uldurkim, bilmas va bilmag‘onin bilur, ul qobildur, unga o‘rgatmak kerak. Biri uldurkim, bilur va bilg‘onin bilmas, ul uyqudadur, uni bedor qilmoq kerakdur. Biri uldurkim, bilmas va bilmag‘onin ham bilmas, u johildur, undan qochmoq kerakdur”.

Yusuf Xos Hojib deydiki, “Til va aql bilimning tarjimonidir. Bilki, kishini nuroniy qiluvchi vosita uning ochiq va mazmundor tilidir... Til kishini izzatli qiladi, kishi tili bilan baxtli bo‘ladi. Til arslondir, qara, u seni eshikda poylab yotibdi. Ey mag‘rur uy xo‘jasi, hushyor bo‘lki, agar tilingga ortiqcha erkinlik bersang, o‘ylamasdan so‘zlasang, u bir kunmas bir kun  boshingni yeydi....”.

Hassos shoira Tursunoy Sodiqovaning har so‘zidan olov, ohangidan muhabbat chaqnardi. Ijodiy uchrashuvlarda so‘zning o‘zini ham so‘zlata olardi, bulbulday sayratardi. Notiqlik mahorati, ishontirish san’ati, ta’sir etish, rom qilish salohiyati  baland edi. Ovozida boshqa notiqlarda kam uchraydigan  noyob sehr bor  edi. Shoira, o‘zi yozganiday, “So‘z izlash, so‘z o‘ylash, so‘zga rang-tus berish, uni chiroyli ijroda taqdim etishga urinish, ko‘zlarni, quloqlarni o‘ziga maftun qilish uchun turli auditoriyalar, davralarda jon teriga tushib jang qilar, bahslashar, “so‘zda o‘lib, so‘zda tirilar edi”.

Shoira o‘ziga yarashiqli, bo‘y-bastiga, hayo-latofatiga mos turmush tarzini tanlab, “anjancha” yashab o‘tdi, so‘z qurolini zanglatmadi, beadoq savollarga javob qaytarishdan, umidsizlik jariga qulaganlarga, zulmat qo‘yniga g‘arq bo‘layotganlarga samimiy qo‘l cho‘zishdan, najot yo‘llarini ko‘rsatishdan charchamadi. Qanchadan-qancha hayotiy muammolarni notiqlik mahorati, so‘z sehri, ko‘ngil malhami bilan tekislab tashladi. Alloh bergan voizlik in’omini isrof qilmadi.

O‘rni kelganda yana bir muammoga to‘xtalib o‘tmoq lozim. Bugun juda ko‘p yoshlar dunyoning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqdalar. Ilm izlab jahonga chiqayotgan yangi avlod vakillari safi yildan yilga kengayib, erishayotgan yutuqlari salmog‘i oshib borayotir. Ular bir emas, bir necha xorijiy tilni bilishlari, erkin fikrlay olishlari bilan tengdoshlaridan ajralib turadi. Ammo...  ingliz, fransuz yoki koreys tilini puxta o‘rgangan yangi avlod vakili o‘z ona tilida so‘zlamasa, o‘zbekcha she’r yodlamagan bo‘lsa, qo‘shiq kuylashni bilmasa, raqs tusha olmasa, millat tarixiga qiziqmagan bo‘lsa, buni qanday baholash mumkin? Xorijliklar sizning  ona tilingizdagi  nutqingiz, yoqimli xirgoyingiz, millat madaniyati va tarixi, urf-odatlaridan nechog‘li xabardorligingizga ko‘proq qiziqishadi va buni alohida qadrlashadi.

Bu qusurni tez anglab yetmaslik vaqti kelib “o‘z yerin qo‘yub hind sori yuzlangan” Mirzo Boburning armonini eslatishi mumkin.

                                                                                 Ahmadjon MELIBOYEV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

 

14.10.2022 645