"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

MILLIY NOMLARIMIZ YURTIMIZ KO‘RKIGA AYLANADI!

Mulohaza 

Til ajdodlardan qolgan buyuk meros, millat shaʼni va iftixoridir. Tilda xalqning o‘zligi, o‘tmishi, buguni, anʼana va urf-odatlari, madaniyati, sanʼati o‘z aksini topadi. Shu sababli tilni eʼzozlash, uni asrash va himoya qilish masalasi har doim millat oydinlari eʼtiborida bo‘lib kelgan.

Yurtimizda o‘zbek tilining qo‘llanish doirasini yanada kengaytirish, sofligini saqlab qolish borasida ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda. Shunga qaramay, sohada kechiktirmay bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar mavjud. Shulardan biri tadbirkorlik faoliyati obyektlari, korxona, firma, isteʼmol tovarlariga berilgan nomlarning o‘zbek adabiy tili meʼyorlariga qanchalik mosligi masalasidir. Bugungi fan-texnika taraqqiyoti asrida, yurtimizdagi keng ko‘lamli islohotlar davrida tilimizda yangi-yangi nomlar hosil qilinmoqda, nomlar tanlashda ko‘plab xorij so‘zlari o‘zlashtirilmoqda. Shuni unutmaslik kerakki, ular o‘zbek adabiy tili meʼyorlariga muvofiq bo‘lishi, milliy-madaniy qadriyatlarimizga mos kelishi, muhimi, tilimiz taraqqiyotiga xizmat qilishi lozim.

Bizningcha, bu muammolarning yechimi yurtimizda firma, kompaniya, ishlab chiqarish, savdo-sotiq, maishiy xizmat obyektlari, mahsulotlarga berilgan nomlarni tartibga solish, nom yaratishda o‘zbilarmonlikka barham berish, davlat tiliga hurmat bilan qarash, uning imkoniyatlariga to‘g‘ri baho berishga xizmat qiladi.

Bugun dunyo bozorida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” tamg‘asi ostidagi mahsulotlarimiz o‘z o‘rnini, munosib xaridorini topmoqda. Aytish mumkinki, har bir millat dunyo ostonasiga dastlab o‘z ona tili orqali qadam qo‘yadi, har qanday ishlab chiqarish mahsuloti esa muvaffaqiyatli tanlangan nomi orqali mashhurlik pillapoyasiga chiqadi.

Afsuski, tadbirkorlik faoliyati obyektlari, korxona, muassasa, firma, isteʼmol tovarlariga xorij tillarida nom qo‘yish urfga aylanib bormoqda. Ayniqsa, keyingi uch-to‘rt yil ichida nom yaratishda ruscha va inglizcha so‘zlarga murojaat qilishga ruju qo‘yilmoqda.

Har qanday holatda ham nom, albatta, davlat tilida yaratilishi lozim. Nomning boshqa tillarda berilishi, bir tomondan, til sofligiga putur yetkazsa, boshqa tomondan, milliy tilga bepisandlik kayfiyatini hosil qiladi. Shuningdek, korxona, muassasa, firma, savdo obyektlari yoki mahsulotga tushunarsiz xorijiy nomlar qo‘yilishi isteʼmolchi bilan kommunikativ aloqa o‘rnatilishiga to‘sqinlik qiladi. Eng achinarlisi, shahrimiz ko‘rkiga ko‘rk bo‘lib turgan inshootlar nomlari, aholi har kuni isteʼmol qiladigan mahsulot, uning yorliqlari, ko‘cha yozuvlari va peshlavhalarda tilimiz aks etmas ekan, unga nopisand munosabat davom etaveradi.

Keyingi yillarda iqtisodiyot tarmoqlarining jadal rivojlanib borayotgani, zamonaviy savdo majmualari, korxonalar, ko‘plab maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari qurilayotgani, xususiy firmalar taʼsis etilayotgani, turli milliy mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilayotganini hisobga olsak, ularga bir-birini takrorlamaydigan yangi nomlar yaratish oson ish emas, albatta. Mana shunday zamonaviy inshootlar, savdo majmualari, firma, korxonalarga ona tilimiz meʼyorlariga mos nom berishga yurtdoshlarimiz o‘zini masʼul deb bilishi shart. Bu o‘z ishlab chiqarishi, savdo do‘konlari, tibbiy xizmat muassasalari, xususiy o‘quv markazlari va boshqa tadbirkorlik faoliyati turlarini yo‘lga qo‘yayotgan millatdoshlarimiz uchun hayotiy zarurat bo‘lish bilan birga, ijtimoiy burch ham hisoblanadi.

Nom yaratish o‘ziga xos jarayon bo‘lib, muayyan talab, qoida hamda lingvistik mezonlarga bo‘ysunadi. Har bir tilda yangi nom, avvalo, shu tilning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda maxsus til vositalari yordamida hosil qilinadi. Shuning uchun ham uzoqni ko‘zlagan holda omma eʼtiborini jalb qiluvchi nomlar tanlash lozim. Taʼkidlash joizki, qaysi mamlakatga bormang, o‘sha yerning milliy tilida yozilgan so‘zlarni ko‘rsangiz yoki restoran nomlariga ko‘zingiz tushsa, birinchi navbatda, shu yurtda tilga eʼtiborni ko‘rasiz, qaysi davlatda yurganingizni his qilib turasiz.

 Tillarning yo‘qolib ketish, yirik tillarning kichik tillar leksik tarkibini “zabt etish” xavfi mavjud bugungi globalashuv zamonida chet so‘zlar tilimizga kun sayin shitob bilan “o‘zlashtirilishi” va o‘ngu so‘limizga qaramay ularni qo‘llash tilimizda mavjud so‘zlarning unutilishiga olib kelayotgani, lug‘aviy tarkibdan ularni surib chiqarishga o‘zimiz sababchi bo‘lib qolayotganimiz juda achinarli. Til boyligini, yashab qolish imkoniyatlarini saqlash shartlaridan eng asosiylaridan biri tildagi so‘zlarga ikkinchi hayot baxsh etishdir. Bu esa tilda mavjud so‘zlarni nom (neym) sifatida faol qo‘llashdir. Maʼlumotlarga ko‘ra ingliz tilidagi qariyb 95 foiz so‘z nom sifatida qo‘llanadi. Biz nom tanlashda ruju qo‘yadigan va jarangdor deb hisoblaydigan ayrim xorijiy so‘zlar maʼnosiga diqqatimizni qaratadigan bo‘lsak, ularning naqadar jo‘n va sodda ekanini ko‘rish mumkin. Dalil sifatida avtomobil brendlari nomlari va ularning maʼnolarini keltiramiz:

Daewoo – bepoyon koinot, Nexia – yorqin, Damas – jilovlovchi, Tico – kichik, Cielo – osmon, Espero – umid, Matiz – alvon rang, Lacetti - yoshlikka xos, Captiva – mahliyo, Epica – epik, Tacuma – Braziliyadagi xurmo daraxti, Spark – uchqun, Malibu – Kaliforniya shtatidagi shahar, Cobalt – kimyoviy element nomi, u esa, o‘z navbatida, nemischa Kobold ismidan olingan. Gentra – xushmuomalalik, nafis, Orlando – Florida shtatidagi yirik shahar, Tahoe – Amerikadagi chuchuk suvli ko‘l, Traverse – o‘nqir-cho‘nqir joydan o‘tish, Impala –kiyiksimon jonivor, Equinox – tengkunlik, Trail Blazer – kashshof, Tracker – izquvar.

Prezidentimiz o‘z nutqlaridan birida bunday muammolarga eʼtibor qaratar ekan, quyidagilarni alohida taʼkidladi: “Jamiyatimizda til bilan bog‘liq eng ko‘p muhokama qilinayotgan, haqli eʼtirozlarga sabab bo‘layotgan mavzu – bu joy nomlarini belgilash masalasi, desak xato bo‘lmaydi. Afsuski, jamoat joylarida, ko‘chalarda, binolar peshtoqida toponimik belgilar, turli lavha va reklamalar ko‘pincha xorijiy tillarda, maʼnaviyatimizga yot mazmun va shakllarda aks ettirilmoqda. Bu davlat tili talablariga, milliy madaniyat va qadriyatlarimizga bepisandlikdan, umumiy savodxonlik darajasi esa tushib ketayotganidan dalolat beradi. Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi Atamalar komissiyasi bilan birgalikda ushbu masalalarni keng jamoatchilik ishtirokida jiddiy o‘rganib chiqishi va tartibga solishi zarur. Chunki ijtimoiy obyektlarga nom berish – bu shunchaki shaxsiy yoki xususiy ish emas. Bu barchamizning vatanparvarlik va maʼnaviy saviyamizni yaqqol ko‘rsatadigan o‘ziga xos mezondir. Buni hech kim hech qachon unutmasligi kerak. Biz xalqimizning taqdiri, ertangi kuni haqida o‘ylar ekanmiz, eng avvalo, millatimizning asl fazilatlarini, go‘zal urf-odatlarimiz, betakror sanʼatimiz va adabiyotimizni, ona tilimizni ko‘z qorachig‘iday saqlashimiz zarur”.

Bu muammolarning amaliy yechimlarini izlash maqsadida hozirgi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan “Xizmat ko‘rsatish obyektlari milliy nomlari interaktiv elektron platformasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha ustida ish olib borilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-martdagi “Savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlariga nom berishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tili asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi va uning hududiy bo‘linmalarida “Nomlash xizmati” tashkil qilindi. Murojaat qilgan tadbirkorlarga ushbu xizmat orqali firma, korxona, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlariga hamda mahsulotlariga davlat tilida nom yaratib berilmoqda.

Davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiq keladigan, milliy qadriyatlarga mos hamda obyektlarga qo‘yish tavsiya etiladigan nomlar zaxirasini shakllantirish, uni doimiy yangilab borish maqsadida 80000 dan ortiq nom zaxirasi yaratildi. Markazning 13 ta filialida ham o‘zi joylashgan hududning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda nomlar zaxirasi yaratilmoqda.

Markazda loyihada ko‘zda tutilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida tadbirkorlik subyektlari, tilshunoslik va marketologiya sohalari, iqtisodiyot tarmoqlari uchun “Xizmat ko‘rsatish obyektlari milliy nomlari interaktiv elektron platformasi” (qisqartirilgan nomi – “Milliy nomlar interaktiv elektron platformasi”) axborot tizimi ishlab chiqildi.

Platforma nom yaratish uchun murojaat qilgan tadbirkorlarga qisqa muddatda tilimiz qonuniyatlariga mos, brend mazmunini o‘zida aks ettiradigan, jarangdor nom yaratib beradi. Eng muhimi, platforma ish tizimida nom uchun murojaat jarayonida ortiqcha tashvishlar, vaqt sarflash kabi muammolardan xoli bo‘lish, shuningdek, nomlar uchun maxsus individuallashtiruvchi va noyobligini belgilovchi QR kod, berilgan nomga sertifikat hamda ekspertiza joriy qilingan.

Biroq shu o‘rinda taassuf bilan qayd etamizki, elektron platformani tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimiga integratsiya qilish borasida bir qator muammolar mavjud. Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimiga murojaat onlayn ravishda qabul qilinadi, bunda murojaatchi o‘zi hamda faoliyat turi haqidagi maʼlumotlarni qisqa muddatlarda kiritadi, nomni mavjud zaxiradan yoki o‘z variantini taklif qilish orqali tizimdan ro‘yxatdan o‘tadi. “Milliy nomlar interaktiv elektron platformasi” mana shu ro‘yxatdan o‘tish tizimiga birlashsa, bevosita uning tarkibida bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tayotgan barcha nomlarni sertifikatlash, ekspertizadan o‘tkazishga, shu orqali milliy nomlarimizning yurtimiz ko‘rkiga aylanishiga erishgan bo‘lardik.

Tovar belgilarini, xizmat ko‘rsatish belgilarini va tovar kelib chiqqan joy nomlarini, shuningdek, firma nomlarini huquqiy jihatdan muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlar “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi, “Firma nomlari to‘g‘risida”gi qonunlar bilan tartibga solinadi. Ularda tadbirkorlik faoliyati subyekti firma nomiga bo‘lgan huquqqa egaligi, bu nomni uning o‘zi mustaqil ravishda xohlagan tilda belgilashi va o‘z taʼsis hujjatlarida ko‘rsatishi belgilangan. Ushbu qonunlarga nomlash jarayonida davlat tili qoidalariga amal qilinishi haqida maxsus band kiritilishi masalasi ham ko‘rib chiqilishi mazkur muammolar masalasiga bir qadar yechim bo‘lishi shubhasiz.

Xullas, qaysi davlatga tashrif buyurmang, uning xalqi o‘zligini, birinchi navbatda, tili orqali namoyish qilishga intiladi. Demakki, O‘zbekistonga tashrif buyurgan har bir inson uni his qilishni nafaqat issiq quyoshi, shirin-totli mevalari, milliy taomlari va kiyimlari, shu bilan birga, ko‘chalardagi peshtoqlarda ilingan o‘zbekona nomlar, mahsulotlarimizdagi jarangdor milliy so‘zlarimiz, ularning reklamalaridagi o‘zbekona lutf orqali his qiladi. Yurtimizni tark etar ekan, u o‘zi bilan “Rayhon”, “Chilla”, “Jiz-biz”, “Ko‘kcha”, “Chig‘atoy” kabi bir qancha so‘zlarni ham olib ketadi. Shuning uchun restoran bo‘ladimi, kichik choyxona bo‘ladimi yoki biror mahsulotmi, hammasi o‘z davlat tilida nomlangan bo‘lsa, tashrif buyuruvchida o‘sha davlatga nisbatan hurmat paydo bo‘ladi. O‘zimizning qadim va ulug‘vor ona tilimizda minglab chiroyli so‘z bo‘la turib, ko‘r-ko‘rona xalqimiz uchun umuman yot bo‘lgan nomlarni muomalaga olib kirishni esa hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.

 

Inomjon AZIMOV,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili

va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tili asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori

Muyassar SAPARNIYAZOVA,

 universitet dotsenti

 

08.11.2022 964