"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Tilaklar ham til tufayli

Qonun so‘zi qudratli so‘z. U barchani sergaklantiradi, itoat ettiradi, kishi e’tiborini tortuvchi kuch bor unda. Ayni paytda unga so‘zsiz bo‘ysunish, uni hurmat qilish talabi ham bor. Har bir davlatning taraqqiyotini ta’minlaydigan tarixiy hujjatlari – qonun, qaror, farmon va farmoyishlari bo‘ladi. Qaror, farmonlar tez-tez almashinib tursa ham davomiyligi, "umri uzunligi" bilan xarakterlanadigani bu Qonundir. 

Shunday ekan, muayyan soha yoxud jabhaga oid qonunlar o‘sha tizimning rivojini ta’minlasa, shunday hujjatlar borki, ular butun bir xalqning ruhiyatini, millatning qiyofasini o‘zida mujassam etadi. 

Shubhasizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan «O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni imzolangani va shunga ko‘ra, 21-oktabr O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilangani tarixiy hodisa sifatida baholanishi o‘rinlidir. Ushbu qonunning yana bir ahamiyatli, ramziy jihati shundaki, Qonun aynan Abdulla Qodiriy tavallud topgan kunda imzolanishidir. Bu davlatimiz rahbarining millat tiliga e’tibori va ehtiromining yuksak nishonasidir. Buning isbotiga o'tgan yili ham guvoh bo'lgandik. Kamina ham ana shu tadbirda ishtirok etgandi. O‘tgan yili 21-oktabr kuni Respublikamiz poytaxtidagi “Toshkent siti” - Ishbilarmonlar markazidagi muhtasham “Kongress holl” anjumanlar saroyi bunyod etilgandan keyin birinchi bor o‘tkazilgan tantanali tadbir aynan O‘zbekiston Respublikasining "Davlat tili haqida"gi qonuni qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan bog‘langani bejiz emas edi. O‘shanda Prezidentimiz "21-oktyabrni "O‘zbek tili bayrami kuni" deb e’lon qilaman", – deganlarida hamma to‘lqinlanib xursandchiligidan o‘rinlaridan qalqib turib, yuz-u ko‘zlaridan nur balqib turganlari hamon yodimda.

Davlat rahbarining ushbu tashabbusi davlat tiliga nopisand bilan qarab kelgan qatlamga qarshi qaqshatqich zarba ham edi. O‘zingiz o‘ylang, O‘zbekiston aholisining taxminan 2 foizini rus millati va 8 foizini rusiyzabonlarga mansub aholi tashkil etsa-yu, ona tilimizga boshqa til maqomini berish adolatdan emas edi. 

 Ushbu qonun qaysidir ma’noda, OAV orqali chiqishlardagi e’tirof va e’tirozlarga o‘ziga xos mukammal javob ham bo‘ldi. Millatning ruhidan, ya’ni ona tilidan bebahra qoldirish uni gumroh qilishdir. Ijtimoiy-ma’naviy zaruriyat va ehtiyoj sifatida qaralmagan va qo‘yilmagan narsa-hodisa bari o‘tkinchidir. Aks holda, gap gapligicha qolaveradi. Bu esa ijroni paysalga solish, loqaydlik va beparvolikdan boshqa narsa emas edi.

 Atoqli adib Daniel Defo ehtiyoj kishini buyuk kashfiyotchiga aylantiradi degan mazmundagi fikrni keltiradi. Tasavvur qiling. Robinzon Kruzo bir o‘zi (Jumaboyni istisno qilganda) 28 yildan ziyod muddat mobaynida kimsasiz orolda yashadi. U o‘sha orolning qiroli ham, qaroli ham, suvchisi ham, ovchisi ham, bog‘boni, dehqoni, chorvadori ham bo‘ldi. Chunki, uni bu ko‘yga solgan narsa yashash uchun kurash ehtiyoji, tirik qolish, jonini saqlash zaruriyati ekanligi ayon. Istifoda etilmagan narsa asta-asta unutiladi. To‘la iste’molda bo‘lmagan til o‘limga mahkum. Shuning uchun ham til masalasida ehtiyoj va zaruriyat muhimdir.

 Shu o‘rinda buyuk mutasavvuf Jaloliddin Rumiyning quyidagi bitiklarini keltirish o‘rinlidir. “Erda bir hayvoncha(qurt) mavjuddir. U er ostida zulmatda yashaydi. Ko‘z va quloqsiz. Aslida, uning ko‘z va quloqqa ehtiyoji yo‘q. Modomiki, muhtojligi yo‘q ekan, unga nechun ko‘z va quloq bersinlar? Tangri oz bo‘lgani uchun yoki xasisligi sababli uni ko‘z va quloqsiz qoldirdimi? Yo‘q! U bularni ehtiyojiga qarab berdi. Ehtiyoji bo‘lmagan kishiga berilgan har qanday narsa ortiqcha yukdir. Biroq tangrining lutf-karami va hikmati yuk bo‘ladi emas, balki kishi zimmasidan yukni tushiradi. Masalan, duradgorning tesha, arra, bolg‘a kabi ish asboblarini tikuvchiga bersangiz, bular uning uchun faqat keraksiz toshga aylanadi. Shuning uchun ham narsani ehtiyojga ko'ra beradi...". 

 Davlat tili masalasi millatning qiyofati, ruhi, jon-taniga daxldor ekanini unutmaslikka chaqiradi Rumiy. Davlat tilini ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy sohalarda, boshqacha aytganda, xalq xo‘jaligining barcha jabhalarida to‘la qo‘llamaslik uning rolini susaytiradi, qiymatini tobora yo‘qota boradi. Agar biz o‘zbek tilida og‘zaki va yozma tarzda to‘la ma’noda savodxon bo‘lganimizda edi, bunday muammo kelib chiqmagan bo‘lardi. Hammasi "Davlat tili haqida"gi qonunning eskirgani, undagi aniqlik va mukammallik darajasi etishmasligi hamda qonun ijrosiga panja orasidan qaralayotgani bilan bog‘liq.

 Bugungi kunda ong-u tafakkuri o‘zgargan xalqimizning o‘zligini belgilaydigan ona tiliga munosabati butunlay o‘zgacha. Prezidentimiz tomonidan imzolangan ushbu Qonun ham endilikda Ona tilimizni yanada rivojlantirishga, uning ajib va noyob ohanglarini boyitishga, bu til zamirida qanchadan-qancha boyliklar yotganligini ochib berishga har birimiz hissa qo‘shishimiz zarurligiga chaqiruvchi hujjat hamdir. Zero, istiqbolda farzandlarimiz, do‘stlarimiz, millatdoshlarimiz ham bir-birlari bilan o‘zbek tilida gaplashishlari bu chinakam baxt-ku! 

Darhaqiqat, tilda so‘zlash va tilda fikrlash degan tushunchalarni to‘g‘ri idrok etish kerak. Rus tilining mashhur izohli lug‘atini yaratgan iste’dodli leksikograf Vladimir Dalning ushbu fikriga bee’tibor bo‘lmaylik. "Na mayl-istak, na diniy ishonch, na ajdodlar qoni insonning u yoki bu xalqqa mansubligini tayin etadi. Kim qaysi tilda o‘ylasa, u o‘sha xalqqa mansubdir. Men rus tilida o‘ylayman." Vaholanki, Dalning otasi daniyalik, onasi esa olmon bo‘lgan. Demak, taxayyul, tasavvur va tafakkur tarzi ona tilida bo‘lmasa, davlat tiliga munosabat, murojaat ko‘ngildagidek bo‘lmaydi.

 Buning uchun ta’lim muassasalarida til qoidalarini chuqurlashtirishdan ko‘ra, o‘quvchilarda fikrni ravon ifoda etish ko‘nikmasi va malakasini hosil qilish yo‘llari haqida bosh qotirish o‘rinlidir. Demak, nazariy filologiyadan ko‘ra (shu o‘rinda chuqurlashtirilgan grammatikani nazarda tutayapmiz), amaliy filologiyaga o‘tish va uni hayot tarziga aylantirish, o‘quv va ish jarayonlarida to‘la qo‘llashni joriy etish shart. Uning tartibi va tarkibini zudlik bilan ishlab chiqish zarur. 

 Qush ham qo‘sh qanoti bilan parvoz qilganidek, savodxonlikning ham ikki qanoti bor. Biri og‘zaki nutq bo‘lsa, ikkinchisi yozma nutq madaniyatidir. Har ikkalasini amaliy tarzda xalq xo‘jaligining barcha jabhalarida, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jarayonda, hatto, xalqaro maydonda, boshqaruv tizimi va rahbarlik faoliyatida to‘la qo‘llanilishiga erishmas ekanmiz, barisi behuda bo‘lib, gap gapligicha qolaverardi.

 Til va nutq imkoniyatlaridan to‘la foydalanishni bilmaganimiz bois muloqot va muomala, so‘zlashuv jarayonlarida nutqiy nuqsonlarimiz yetarli va aytarlidir. 

Ushbu qonun endilikda, bizning oldimizda bir qator vazifalarni qo‘yishi tayin. Bular internetda o‘zbekcha kontentni keskin ko‘paytirish (Vikipediya, Google), o‘zbek tilidagi veb-saytlar, e-kutubxonalar sonini ko‘paytirish, sifatini oshirish, Milliy kino va teatr, madaniy sohada keskin o‘zgarishlar yasash, ko‘cha-ko‘ylardagi, peshtaxtalardagi yozuvlarni tanqidiy ko‘rib chiqish, fikrni emin-erkin va ravon ifoda etish qobiliyatini o‘stirishga daxldor bo‘lgan notiqlik san’ati va nutq madaniyatini rivojlantirish, imloviy savodxonligimizni oshirish kabilardir. 

 O‘z tilimizni barcha jarayonlarda faol qo‘llanilishiga erishmagunimizcha hech qanday sifat va samara bo‘lmasligi aniq. Demak, til taktikasi taraqqiyot strategiyasining ta’sirchan va innovatsion mexanizmidir. Omma tushunadigan xalqchil tilda gapirib ularni istiqbolli maqsad va rejalarimizga ishontira olsakgina dadil qadamlar bilan oldinga intilamiz. Buning uchun o‘zlikka ega bo‘lishga xalaqit beruvchi omillarga loqayd bo‘lmasligimiz kerak. Insonning o‘zligi uchun ko‘zgu uning so‘zligidir. Kimning kimligini bildiruvi oynayi jahoni ham uning tili. Insonning ikki og‘iz so‘zidanoq, uning ongi, saviyasi, bilimi, qiziqish olami, tabiati va tiynatini anglab olish qiyin emas. Xalqimizning "O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar" degan maqoli zamirida ham ana shu haqiqat yashirin.

 Xulosa o‘rnida aytish joizki, butun dunyo aholisiga tashvish keltirib, xavf solayotgan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash va chora-tadbirlar ketayotgan ayni damda, ularni hal etish barobarida diqqat-e’tiborini davlat tili masalasiga qaratganlari ham Yurtboshimizning elparvarlik va tilparvarligi nishonasidir. 

Bundan keyin 21-oktabr shunchaki, bayram sifatida nishonlanibgina qolmay, balki, har yili tilimizning jahon miqyosidagi rutbasi borasida qanday ishlarni amalga oshirilishida hisobot ham bo‘lishiga ishonchimiz komil. Chunki, til masalasi mavsumiy mavzu emas, xalqning tarixi, taqdiri va taraqqiyoti masalasidir. Xuddi shu masalalarning amaldagi ifodasini ta’minlashni nazarda tutgan holda, Prezidentimiz tashabbusi bilan Respublika Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasining tashkil etilishi davlat tili borasidagi muammolarga yechim topish, amaliy harakat, natija va samaralarga garov bo‘lishiga zamin hozirlash demakdir.

Rahimboy Jumaniyozov,

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash

muhandislari instituti Matbuot xizmati rahbari,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent

13.04.2020 130