"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Maqolalar
  • Millatning eng qadrli boyligi, maʼnaviy qiyofasini aks ettiruvchi muhim vosita, bu – til...

Millatning eng qadrli boyligi, maʼnaviy qiyofasini aks ettiruvchi muhim vosita, bu – til...


Ona tili ong-u shuurimiz, qalbimizga onalarimiz, buvilarimiz aytgan allalar, aytimlar orqali singadi. Ularning duolari bilan endigina tili chiqayotgan go‘dak ona tilini o‘rganadi. Inson uchun eng sevimli so‘z, shubhasiz, bu uning ismi. Qizlarimiz aytadigan xalq qo‘shiqlaridan biriga eʼtibor beraylik:

Mudom tusharsiz yodima, 

Ko‘p xat yozing o‘z otima, 

Quloq soling faryodima, 

Sevar yorga mendan salom. 

Qo‘shiqdagi lirik qahramon xat aynan uning nomiga yozilishini, uning nomi tilga olinishini istaydi. Mana shu so‘zlargina uning dilidagi dardlariga davo bo‘la oladi. Ona tilimiz ota-bobolarimiz, ajdodlarimiz asrlar davomida asrab-avaylab, sayqallab kelgan muqaddas tushuncha. 

Misol uchun, Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘otit turk” asarida turkiy xalqlar haqida shunday deyiladi: “Ularning o‘qlaridan saqlanmoq uchun ularning xatti-harakatlarini mahkam tutmoq har bir aqlli kishiga loyiq va munosibdir. Bularga yaqin bo‘lish uchun eng asosiy yo‘l ularning tilida so‘zlashishdir, chunki ular bu tilda so‘zlashuvchilarga yaxshi quloq soladilar, o‘zlarini yaqin tutadilar, ularga zarar bermaydilar. Hatto ular o‘z panohida turgan boshqalarning gunohini ham kechib yuboradilar”. 

Demak, qadimdan ota-bobolarimiz o‘z tillarini o‘ta yuksak qadrlagan, hattoki bu tilda so‘zlasha oladiganlarning gunohidan ham kechib yuborgan ekan. Ona tili ular uchun muqaddas hisoblanib, hech qanday boylik yoki manfaat undan ustun bo‘lolmagan. 

Bugungi globallashuv jarayonida, turli tillar qorishib ketayotgan bir vaziyatda Koshg‘ariyning yuqoridagi fikrlari barchamizni ogohlikka chaqiradi. Ajdodlarimizdan meros bo‘lgan bu qadriyatni boy berib qo‘ymaslik uchun barcha imkoniyatdan samarali foydalanishga undaydi. 

Davlatimiz rahbari o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunga bag‘ishlangan tantanali marosimda “Dunyo hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashni maqsad qilib qo‘ygan har qaysi davlat, avvalo, o‘z xalqining milliy tili va madaniyatini asrab-avaylashga, rivojlantirishga intiladi”, deya   taʼkidlagan edi. 

Prezidentimizning 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga binoan ona tilimizning istiqboldagi taraqqiyotiga oid ko‘plab masalalar o‘z yechimini topmoqda. 

Shu ezgu g‘oyaga muvofiq amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora oshib borayotganiga barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz. Zero, til har bir millatning eng qadrli boyligi, uning maʼnaviy qiyofasi, madaniyati, ichki dunyosini aks ettiruvchi muhim vositadir. 

O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov “So‘z latofati” asarida: “Ona tili umummillat mulkidir, demak, til oldidagi masʼuliyat ham umummilliy. Men o‘zbekman, degan har bir inson o‘zbek tili uchun qayg‘urmog‘i kerak. Unutilgan so‘zlarni tiklash, borini boyitib borish, xorijiy atamalarga munosib istilohlar topish yolg‘iz tilshunoslarning emas, millatning ishidir”. 

Ushbu fikrlar har birimizni ona tilini sevishga, uning rivojlanishi uchun o‘z sohamiz bo‘yicha oz bo‘lsa-da, hissa qo‘shishga undaydi. Yaqinda bir onaxon o‘zi guvoh bo‘lgan voqeani aytib berdi. O‘g‘li chet davlatlardan birida ham o‘qib, ham ishlar ekan. “Menga kelin topsangiz, chet tillarini biladiganidan toping”, debdi. U esa “Menga desa, o‘nta tilda gapirmaydimi? O‘zbek tilini bilmasa, kelin qilmayman. Nabiralarimga ona tilini kim o‘rgatadi, axir? O‘zga yurtlarda begonalashib ketadi-ku!”, deya o‘z gapini aytgan onaxon. 

O‘zbek tilining qadri, nufuzi yuksalishi uchun mana shu onaxon kabi har birimiz masʼulmiz. Zero, ona tilimiz biz uchun muqaddas va hech qanday boylik yoki manfaat undan ustun bo‘lolmaydi. 

 

Kumush ABDUSALOMOVA, 

“O‘zkimyosanoat” AJ davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassisi

 

09.11.2022 1002