- Bosh sahifa
- Maqolalar
- “O‘Z TILIGA SADOQAT, BU VATANIY ISHDIR”
“O‘Z TILIGA SADOQAT, BU VATANIY ISHDIR”
Til — millat ko‘zgusi
Qadimiy til sifatida eʼtirof etilayotgan o‘zbek tili
xalqimiz uchun milliy qadriyat, o‘zlikni anglash, mustaqil davlatchilik
timsoli, maʼnaviy boylik, xalqimiz hayotidagi siyosiy-ijtimoiy,
maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.
1989-90-yillarda tilimizga sof o‘zbek tilidagi ayrim
so‘zlarni kiritishga olimlarimiz ko‘p harakat qildi. Masalan, “uchoq”,
“tayyora”, “tikuchoq” singari so‘zlarning asl maʼnosi berilsada, tushunsak ham
qabul qilmadik. Bu haligacha davom etmoqda. O‘sha vaqtlarda qandaydir ko‘zga
ko‘rinmas to‘siq bordek tuyulardi. Ammo, bugun-chi, nima uchun talaffuzi o‘z
tilimizda aytiladigan, tushuniladigan so‘zlarni inkor qilyapmiz.
Davr muammosini ko‘tarmoqchi emasmiz. Fikrimizcha,
bugun ham milliy til va uning ravnaqi uchun g‘amxo‘rlik qilish bir guruh
mutaxassislargagina kerakday, ilmiy-amaliy soha uchun ishlatilayotganday.
Shu o‘rinda Ishoqxon to‘ra Ibratning “Bizning yoshlar,
albatta, boshqa tillarni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z
ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga
sadoqat – bu vataniy ishdir”, deb bir asr narida aytgan so‘zlarini keltirishni
joiz deb bildik. Albatta, mamlakatimiz ko‘pmillatli, har bir millat o‘z ona
tiliga ehtirom ko‘rsatishi kerak, shu o‘rinda o‘zbek millati ham.
So‘nggi yillarda o‘zbek tili va adabiyotini
rivojlantirishga, tilimizning davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga
qaratilgan bir qancha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Til siyosatini
takomillashtirishga huquqiy asoslarning mustahkamlanishi davlat tili nufuzini
yanada oshirdi.
O‘rnimizni bilaylik
Bugun milliy yetakchimiz boshchiligida tilimizni asrab-avaylash
maqsadida qonun, bir nechta farmonlar qabul qilindi. Qonun bilan “O‘zbek tili
bayrami kuni” belgilandi. Tilga bo‘lgan eʼtibor amaliyotga ko‘chirilib,
mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyat ekanligi
namoyon etilmoqda.
Yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va
qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosiga vorislik
ruhida tarbiyalashda O‘zbek degan nom va til ajdodlarimiz istagan holga
keltirilmoqda.
Tarix bor haqiqat. Tilning o‘rnini bilishimiz, biz
qaysi avlod vakillari ekanligimizni yana bir bor yoshlarga uqtirishimiz uchun
arxiv hujjatlarini ko‘tarishning o‘zi kifoya. Minglab ajdodlarimiz o‘z tili
himoyasi uchun qatag‘on qilingan. “Ayblov hujjatlari gapirganda” tilimizning,
o‘zimizning o‘rnimiz qayerdaligini tushunib yetamiz.
O‘zbekistonda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni
taʼminlash bilan ish bitadi deyish oson. Bunga faqat xohish va iroda kerak.
Xohish bo‘lish uchun esa, kuchli targ‘ibot va til mafkurasi bo‘lishi lozim.
O‘zlikni anglash
Til siyosatini mafkura qilib yuritar ekanmiz, o‘z ona
tilimizni qanchalik hurmat qilishimiz, birinchi navbatda oilaga ham bog‘liq.
Har bir oilada, muloqot tili birinchi o‘rinda o‘zlikni anglashga yetaklaydi.
Oilada milliy tilimizga bo‘lgan eʼtibor kuchli bo‘larkan, bola avvalo eʼtibor
va eʼzozlangan ona tilda fikrlaydi.
Oilada o‘z ona tilida muloqot qilib, maktabda boshqa
tilda suhbatlashadigan bola asta-sekin “maktab tili”ga o‘tib olishini
ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak. Bu esa, farzandlarimizni mentalitetimizga mos
qilib voyaga yetkazishda ancha mushkulot tug‘diradi. O‘zlikni anglashda tilni
birinchi o‘ringa qo‘ysak inson maʼnaviyatini shakllantirishdagi o‘rni kelib
chiqadi.
O‘zlikni anglashda til siyosatini yuritish va tarix
zarvaraqlarida aks etgan noyob asarlarni xalqimizga yetkazib borish muhim
omillardan biridir. qo‘lyozmalar, jadid namoyondalarining hayoti va ijodini
o‘rganishni tobora kuchaytirish muhim omil sifatida ko‘rinib qolmoqda.
Til siyosati qanday bo‘lishi kerak?
2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til
siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida tilimizni rivojlantirishning muhim
belgilari belgilangan. Jumladan, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining
barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga
erishishning birdan bir yo‘lini tanlab oldik, yaʼni davlat tilida ish yuritish.
Bunga nafaqat ish yuritish, balki ish yuritish orqali odamlar ongida o‘zbek
tili imkoniyatlarini to‘liq singdirish – yozma nutq, og‘zaki nutq va tashqi
ko‘rgazma til siyosatining asosiy texnologiyalaridandir.
Davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish
va aholining nutq madaniyatini oshirish bugungi kundagi eng muhim
yo‘nalishlardan biri. Lekin, aksariyat hollarda tilning sofligini saqlash,
ilmiy muassasalar va tilshunoslarning ishi deya, kalavaning uchini o‘zimizdan
qochiramiz.
Globallashuv jarayonida tilimizning rivojlanishi ham
tezlashib, o‘zga tillardan kirib kelayotgan so‘z va iboralar ham rivojlanishga
“o‘zlashtirma” so‘zlar sifatida hissa qo‘shmoqda. Ularning tilimizdagi muqobili
yoki o‘zbekcha talqini borligini “izlamay” muloqot jarayoniga kiritib
yuboramiz. Bu asosan yozma muloqotda ko‘proq sezilib, ommaviy tus olmoqda.
Har bir soha til siyosatiga bo‘lgan eʼtiborni o‘zi
ko‘rsatib beradi. Masalan, “plagiat”, “antiplagiat”, “skrinshot”, “stendap”,
“prezentatsiya” va hokozalar. Eng achinarlisi uni tushunib, tushunmay
hayotimizda ishlatayotganligimiz – biron bir oshxonaga ovqatlanishga kirsangiz,
“soboyga nima bor”, “soboy qiling”, “soboyga olib ketasizmi?”, “Fleshmob
qiling” kabi juda ko‘p so‘zlarni uchratamiz. Davlat tilining sofligini
saqlashda ko‘proq dasturiy taʼminotni sof o‘zbek tilida yaratilishi esa
yuqoridagi ko‘rinishlarning oldini oladi.
Ayniqsa, meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, darslik va
ommaviy o‘qiladigan nashrlar loyihalarini tayyorlashda davlat tilini qo‘llashda
izlanishlarimizni kuchaytirishimiz lozim. Shuningdek, amaliyotda tilning
sofligini saqlashaa taʼlim muassasalarining o‘rni va ahamiyati beqiyos.
Davlat tilini
boyitib borishda Konsepsiya asosida faoliyatni yo‘lga qo‘ysakkina, yaʼni o‘zbek
tilini boyitib boramiz. Buning uchun har bir soha vakillari faoliyatidagi so‘z
va atamalarni muqobilini yaratib, lug‘aviy izohini tilshunos-mutaxassislar
bilan kelishib, uni amaliyotga kiritishi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Arxiv sohasida ishlatilayotgan 100 ga yaqin so‘zlarning bugungi kunda muqobili
tayyorlanib, ularning izohi bilan berilgan lug‘ati ishlab chiqildi.
Arxiv sohasida davlat tilida ish yuritish bo‘yicha
qo‘llanma ishlab chiqilib, arxivlarga yetkazildi. Mehnat qonunchiligida
ishlatiladigan yangi so‘z va atamalarning izohli lug‘ati Bandlik va mehnat
vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, bugungi kunda amaliyotga keng tatbiq
etilayotganligini ham aytib o‘tish joiz. O‘zbek tilini rivojlantirishda aynan
izohli lug‘atlar aholining nutq madaniyatini oshirishga katta hissa qo‘shadi.
Bugungi kunda tayyorlanayotgan har bir soha bo‘yicha
izohli lug‘atlarimiz esa, davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va
kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini tezlashtirib, o‘zbek tilining
davlat tili sifatidagi nufuzini yanada oshiradi.
Til siyosati haqida ilgari “ehtiyot bo‘ling”, “til
siyosati nozik”, “biz ko‘pmillatli xalqmiz” deguvchilar topilardi. Qatʼiy
talablarni qo‘yish siyosatning boshqa tillarga nisbatan putur yetkazishiga olib
kelmaydi. Davlat tilini rivojlantirishga doir yagona davlat siyosatini
yuritishda rahbarlarining maslahatchilariga katta masʼuliyat yuklatilgan.
Aynan maslahatchilar tomonidan davlat tilida sohaviy
ish yuritish hujjatlarining yagona elektron namunalarini ishlab chiqish va ulardan
foydalanish uchun onlayn dasturlar yaratishga eʼtibor kuchaytirilmoqda.
Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini, imlo
qoidalarini yanada takomillashtirish va yangi yozuvga to‘liq o‘tishni
taʼminlashda til bo‘yicha maslahatchilarning o‘rni beqiyosdir.
Davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni
aniqlash va bartaraf etish yuzasidan, shuningdek, uni rivojlantirish sohasida
farmon, qarorlarning belgilanganligi, hukumatda maxsus tuzilma tashkil
qilinganligi va bu o‘zbek tilining nufuzini davlat siyosati darajasida olib
borilishini taʼminlaydigan yangi omildir.
2021-yil 1-apreldan boshlab esa o‘zbek tili va
adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar
kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanishi yo‘lga
qo‘yilganligi esa til siyosatini yuritishning funksional yo‘nalishlaridan biri
hisoblanadi. Demak til siyosati endi asta mafkuraga aylanib, ongimizga singib
boraveradi.
O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va
obro‘yini yuksaltirishning yagona yo‘li – taʼlim. Biz maktabgacha taʼlimdan
boshlab og‘zaki va yozma nutqni rivojlantirmas ekanmiz, o‘zbek tilining
nufuzini boy beramiz. Joriy yilda yana bir katta muvaffaqiyatga erishildi.
Tashqi reklama yozuvlari avval davlat tilida aks ettirilishi qonun bilan
belgilandi va bugungi kunda uning ijrosiga kirishildi.
Demak, o‘zbek tilini mamlakatimiz ijtimoiy hayotida
to‘laqonli ifodalanishini taʼminlasak va takomillashtirib borsak, yoshlarni
milliy hamda umuminsoniy qadriyatlardan g‘ururlanish ruhida tarbiyalasak, ona
tiliga bo‘lgan hurmati, mehr-muhabbati yanada ortib boraveradi.
Ana shundagina biz yurtimizdagi har bir fuqaroning
davlat tilini bilishiga va buni burch va majburiyat sifatida his etishiga
erishamiz.
Mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarida
davlat tilining to‘liq joriy etilishini taʼminlash, til to‘g‘risidagi qonun
hujjatlarini takomillashtirish va uning taʼsir kuchi barchaga taalluqli
bo‘lishini taʼminlash bizning asosiy vazifamizdir.
Shuhrat MIR
RAYIM
“O‘zarxiv” agentligi direktori maslahatchisi