"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Til va g‘urur

 “O‘z tilini unutgan xalqning 

Bog‘larida o‘sgan gullarin

Chirmab uxlar zaharli ilon”. 

Xurshid Davron

Til-inson qiyofasi va ichki go‘zalliklarini namoyon etadigan eng nurli tuyg‘u. O‘z tilini unutgan xalq, o‘zligini unutadi. O‘z tiliga mehr-muhabbatli, sadoqatli bo‘lgan inson xalqini, vatanini, qadriyatlarini doimo e’zozda tutadi, avaylab-ardoqlaydi.

Tilni millat ko‘zgusi deydilar. Chunki xalqning tarixi, madaniyati, urf-odatlari shu xalqning tili va adabiyoti orqali namoyon bo‘ladi. Shu sabab, qaysiki xalq o‘z tilini unutsa, o‘zligini yo‘qotsa, bunday xalq ham o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketadi. Agar tarixga nazar tashlasak, birgina qadimiy Turon sarhadlarida massaget, sak, xorazmiy, sug‘d kabi qabila va xalqlar yashaganligini ko‘rishimiz mumkin. Ular qirg‘inbarot urushlar tufayli emas, balki aynan tilini yo‘qotgani bois tarix sahnasidan tushib ketganlar. 

Tilini yo‘qotgan, o‘zligini unutgan xalq go‘yoki bir noiloj-nochor manqurtga aylanadi. Rus bosqini davrida general Skobelov aytgan ekan: “Biror millatni yo‘qotish uchun uni qirg‘in qilish shart emas. Uning tilini, madaniyatini yo‘qotsang, bu xalq o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadi”. O‘ylab qarasak, rostdan ham shu generalning gapi ro‘yobga chiqishiga bir bahya qolgan ekan. Biroq fidoyi va vatanparvar ziyolilarimiz, keng jamoatchilikning qat’iy shijoati, o‘sha vaqtda respublikamiz rahbari bo‘lgan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning katta jasorati natijasida tilimiz jarlik yoqasidan qaytdi.  1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi esa shunchaki bir oddiy hodisa emas, balki o‘zbek xalqiga bo‘lgan yuksak e’tibor, o‘zbek xalqining dunyoda abadiy ekanligining yorqin ifodasi bo‘ldi. 

Har bir inson tilimizga bo‘lgan hurmatni, eng avvalo, o‘zining go‘zal insoniy fazilatlari bilan ifoda etadi. Tilimizga bo‘lgan eng birinchi hurmat esa shu tilda chiroyli gapirish va to‘g‘ri yozishdan boshlanadi. Biroq ko‘chalardagi tashqi yozuvlar, reklama va e’lonlardagi xato yozilgan so‘zlar kishining ta’bini xira qiladi. Idora va tashkilotlardagi hujjatlarning davlat tiliga zid, xatolar bilan yozilishi, hatto ba’zi idora va tashkilotlarda hujjatlarning rus tilida yuritilishini ko‘rib kishining ko‘ngli og‘riydi. Axir bu tilimizga nisbatan nafaqat hurmatsizlik, balki xiyonat emasmi?!

Xo‘sh, biz qachon bunday ahvolga tushib qoldik? Agar tariximizga nazar tashlasak, bu hol bir necha bor takrorlanganining guvohi bo‘lamiz. Jumladan, Buyuk turk xoqonligi yemirilgandan keyin turk(o‘zbek) xalqi Xitoyga qaram bo‘lib qoladi. Bu haqda qadimiy “Kultegin” bitiktoshida shunday yozilgan: “Xoqonlik qilib turgan xoqonini yo‘qotib yubordi. Tabg‘ach xalqiga bek bo'ladigan o‘g‘il bolasi bilan qul bo‘ldi, suluv qiz bolasi bilan cho‘ri bo‘ldi. Turk beklari turkcha otini tashlab, tabg‘achcha otni qabul qilib, Tabg‘ach xoqoniga qaram bo‘ldi”. Keyinchalik o‘rta asrlarga kelib turk(o‘zbek) tili arab va fors tillarining soyasida qolib ketdi. Bu davrda tilimizning nufuzini oshirish, uning boshqa tillar orasida o`z o`rniga ega ekanligini isbotlash vazifasi Alisher Navoiy zimmasiga tushdi. U zot o‘zining “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida turkiy (o‘zbek) tilning boshqa tillardan, jumladan, fors tilidan kam emasligini, balki ba’zi jihatlari bilan ulardan ustun ekanligini isbotlab berdi. XIX asrning oxirlaridan boshlab esa tilimiz rus tili iskanjasiga tushdi. Bu davrda ham tilimiz sha’ni uchun kurashuvchilar topildi. 1918-yil Turkiston Muxtoriyatida davlat tili o‘zbek tili deb e’lon qilindi. Abdurauf Fitrat va boshqa ziyolilar esa Buxoro Xalq Jumhuriyatida davlat tili o‘zbek tili ekanligi haqida qonun chiqartirishga muvaffaq bo‘ldilar. Hatto bu qonunga o‘zbek tilida gapirmagan kishini jarimaga tortish haqidagi band ham kiritilgan edi. 

Tariximiz sahifalarini varaqlar ekanman, ma’naviyatimizda bir kemtiklik borligini sezgandek bo‘ldim,  bu – g‘urur tuyg‘usining yo‘qligi. To‘g‘ri, bu tuyg‘u hech kimda yo‘q demoqchi emasmiz, lekin, ming afsuslar bo‘lsinkim, bu tuyg‘u ko‘pchilikda yo‘qligi rost. Yo‘qsa,  boshimiz necha bor devorga urilsa ham sira ko‘zimiz ochilmaydimi? Nega birdam, yakdil bo‘lib, tilimiz sha’ni uchun oyoqqa qalqmaymiz, nega birgalikda kurashmaymiz? Chunki bizda g‘urur yo‘q.

Ushbu saytda 27-mart sanasida “Til nomusi”maqolasi berilgan. Bu maqolada muallifining yozganlarini o‘qir ekanman, Toshkentda tojik yigitlari bilan ijarada turganim esimga tushdi. Bir tojik yigiti tushida o‘zbekcha alahsiraganida ikkinchisi o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolgan. “Bu tushida o‘zbekcha alahsirayaptimi, demak u o‘zbekcha fikrlay boshlagan. O‘zbekcha fikrladimi, demak, u o‘z tilini unutadi”, deb rosa kuyungan. Mashhur avar shoiri Rasul Hamzatov esa bir asarida shunday voqeani hikoya qiladi: Bir avar yigiti Angliyaga ketib, o‘sha yoqda qolib ketadi. Do‘sti uning oldidan qaytib kelganida ona undan o‘g‘li haqida so‘raydi. Uning sog‘-salomat ekanligini bilgach, oxirida shunday savol beradi; “O‘g‘lim qaysi tilda gaplashar ekan?”  O‘g‘lining ingliz tilida gaplashishini eshitgan ona “Bu mening o‘g‘lim emas”, degan ekan.

Biz-chi, biz bunday holatda qanday ish tutamiz? Bizda ko`pincha bu holatning aksini ko`rishimiz mumkin. Masalan, chekka qishloqlik yigit Toshkentda o‘qib, uyiga qaytib borgach, adabiy tilda gapira boshlasa, tilini unutibdi, o‘z shevasida gapirsa bo‘lmasmikin, deymiz, lekin Rossiyadan kelgan o‘zbek yigiti ruscha gapirsa, zo‘r yigit ekan, darrov rus tilini ham o‘rganibdi, deymiz. Nega? Biror rusiyzabon kishini ko‘rib qolsak, unga albatta rus tilida murojaat qilamiz. Nega? Javob tayyor, biz mehmondo‘st xalqmiz, uning tilida gapirmasak, mehmon xafa bo‘ladi, deymiz. Agar mehmonlarga o‘z tilida gapirmasak turistlar oqimi kamayib ketadi, deb o‘zimizni oqlaymiz. Unda nega Fransiyaga boradigan turistlar soni kamayayotgani yo‘q? Axir yuqoridagi maqolada yozilishicha, fransuzlar ingliz tilini bilishsa ham, “… inglizcha gapirsang, fransuzcha javob qaytarib” turaverishar ekan-ku? Biz esa mehmon xafa bo`lmasin deb, andisha qilamiz. Balki bunga bizning shunday o‘ta serandisha ekanligimiz sababmikin? Bilmadim… 

Ko‘pchilik odamlar rus yoki ingliz tilida gapirgan odamni madaniyatli deb hisoblashadi. Bir kuni bir yoshgina juvon farzandini aravachaga solib, sayr qilib yurgan ekan. Shu payt bir kuchuk chopib o‘tib qoldi. Bola quvonib “Kuchuk,kuchuk”, degan edi, onasi “Kuchuk dema, shenok degin” deb tushuntirdi bolasiga. Men “Nega unaqa deyapsiz, bolangiz o‘zbekcha gapirsa yaxshi emasmi?” desam, onaning javobi shunday bo‘ldi: “Men bolamni madaniyatli qilib tarbiyalamoqchiman, shuning uchun yoshligidan unga rus tilini o‘rgatmoqchiman”. Qarangki, rus tilida gapirgan kishi madaniyatli-yu, o‘zbek tilida gapirgan odam madaniyatsiz bo‘lsa… Yana bu gapni o‘zi o‘zbek bo‘lgan ayol gapirib tursa. Bu gapni eshitib, dod deb yuborgim keldi. 

Bir kuni telegram kanallaridan bir videotasvir kelib qoldi. Unda DAN xodimi bilan rusiyzabon yigitning tortishuvi aks ettirilgan edi. DAN xodimi o‘zbekcha gapirsa, rusiyzabon yigit unga ruscha gapirib, uni masxara qilardi. Qarang-a, o‘zbek O‘zbekistonda o‘zbekcha gapirib, masxara qilinsa.  Endi buni qanday tushunish kerak, bilmadim. Eng achinarli tomoni shundaki, bloger ham rusiyzabon yigit tarafini olgan (bu videoga qo‘yilgan matndan ma’lum bo‘lib turibdi). 

To‘g‘risini aytganda, biz o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi haqida qonun qabul qilindi deb qarsakbozlik qilib yuraveribmiz-u, ammo qonunning amal qilishi masalasi bilan qiziqib ko‘rmabmiz. Amalda qonunning ishlamayotganligi, faqat qog‘ozda  qolib ketayotganligini e’tibordan chetda qoldiribmiz. Mayli, odamlarning nutqida chet so‘zlarni ishlatishi-yu reklama-e’lonlarning rus tilida berilishini bir chetga qo‘yib turaylik, lekin davlat idoralarida ko‘pgina hujjatlarning hali ham rus tilida yuritilishiga nima deysiz? Nega endi o‘z tilimiz bo‘la turib hujjatlarimizni o‘zga tilda yuritamiz? 

Shu sabab ham hurmatli prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash maqsadida 2019-yil 21-oktabr kuni “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-son farmonni imzoladi. Bu farmon o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi obro‘yini oshirishdagi yangi bir bosqichni, yangi bir davrni boshlab beradi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Lekin meni bir narsa taajjublantiradi. Nega endi o‘z tilimizda gapirishimiz, o‘z tilimizda yozishimiz uchun qonun zarur bo‘ldi? Nima, o‘z tilimizda gapirishga, yozishga o‘zimizning aqlimiz yetmaydimi? Albatta, yetadi. Lekin, menimcha, buning bitta sababi bor, bu ham bo‘lsa bizda g‘urur tuyg‘usining yo‘qolib borayotganligi. Biz o‘z tilimiz, madaniyatimiz, tariximiz, urf-odatlarimiz bilan faxrlanishni, g‘ururlanishni bilmaymiz. Biz o‘z tilimizni xor qilib, chet tillarda gapirishdan or qilmaymiz. Biz hech qayerda topilmaydigan, o‘ziga xos, yuksak saviyadagi madaniyatimiz turib, boshqalarning tarixiy ildizlari yo‘q bo‘lgan, kimlardir tomonidan o‘ylab topilgan “madaniyat”ini o‘zimizga ep ko‘rishdan uyalmaymiz. Chunki bizda g‘urur yo‘q. Tashqi yozuvlar-u reklama va e’lonlarni o‘zgartirish, hujjatlarning sof o‘zbek tilida yuritilishini ta’minlash bilan o‘zbek tilining qadrini yetarlicha oshirib bo‘lmaydi. Bu faqatgina tilimiz takomili borasidagi ishlarning bir qismi, xolos. Bizningcha, eng asosiysi, odamlarda g‘urur tuyg‘usini shakllantirish lozim. Buning uchun esa farzandlarimizni bog‘cha va maktabdanoq g‘ururli, o‘z tilini sevadigan, tili, tarixi, madaniyati bilan faxrlanadigan avlod sifatida tarbiyalashimiz lozim. Shuning uchun ham farmonda “unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash” kerakligi alohida ta’kidlab o‘tilgan. Buning uchun esa har birimiz mas’ulmiz. Bu faqat o‘qituvchi yoki bog‘cha tarbiyachisining ishi emas. Bu ishda butun xalq, butun millat yakdil bo‘lib, qo‘lni qo‘lga berib, o‘z tili, madaniyati, urf-odatlari, qo‘yingki, millat sha’ni uchun birgalikda harakat qilishi kerak. Shundagina biz kelgusi avlodlarimiz qalbida o‘z tili, tarixi, madaniyati, urf-odatlariga nisbatan mehr tuyg‘usini uyg‘otishimiz, ularni g‘ururli, o‘z tili, madaniyati, urf-odatlari uchun kurasha oladigan, o‘z millati sha’nini har narsadan ustun qo‘yadigan avlod qilib voyaga yetkazishimiz mumkin.  

Sh.Xaytimmetov,

Xorazm viloyati Gurlan tumani hokimining 

ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, 

davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash 

masalalari bo‘yicha maslahatchisi

15.04.2020 1376