"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Toponimik joy nomlari-xalq xohish-irodasi va qadriyati ifodasidir

Har bir aholi yashash hududining tabiiy geografiyasi, bu yerda yashovchi aholining til xususiyatlari, kundalik mashg‘uloti bilan uyg‘un holda paydo bo‘ladigan joy nomi tarixdan shakllangan. Toponimlar ijtimoiy jarayon sifatida tarixiy taraqqiyotning muhim bir bosqichi sifatida avloddan avlodga o‘tgan. Shu bois yurtimiz o‘tmishida biror joyga nom berish hech qachon oliy hukmdorning farmon yoki qarori bilan emas, balki xalq xohish-irodasi, azaliy qadriyati tufayli amalga oshirilgan. 

Chunonchi, O‘zbekiston tarixida turli millat va elatlar yashab o‘tgani bois toponimlarida turkiy, forsiy, so‘g‘diy, arabiy tillar fonetikasi aks etgan. Aksar aholisi turkiy tilli bo‘lgan hududlarda ham forsiy komponentli joy nomlari uchrashi aholining boshqa tillar va uning vakillariga hurmat bilan qaraganidan, uni eʼtirof etib, bag‘rikenglik bilan qaraganidan dalolatdir. 

Jahon tajribasidan ko‘rsak, Rossiya Federatsiyasining Osiyo qismidagi ko‘plab joy nomlari turk-mo‘g‘ul tillari fonetikasini ifodalaydi. Tyumen shahri nomi mo‘g‘ulcha “tuman”, “o‘n ming” so‘zlaridan olingan. Mo‘g‘ullar bu atamani 10 ming lashkar taqdim eta oladigan hududga nisbatan qo‘llashgan. Astraxan, Ural, Barnaul, Kurgan, Altay, Tura, Bikin, Xanka va yana boshqa toponimlar garchi ruscha bo‘lmasa ham, rossiyaliklar ulardan voz kechgani yoki o‘zgartirgani yo‘q va bu toponimlar asrlar osha o‘z tarixiy ahamiyatini saqlab kelmoqda. 

Mamlakatimizda esa ming afsuski, tarixan toponimik joy nomlari mustabid tuzum davrida bir necha marotaba o‘zgartirilgan. Sobiq kommunistik tuzum mafkurasidan kelib chiqqan holda xalqning tarixini, madaniyatini, maʼnaviyatini, tarixiy xotirasini o‘chirib tashlashga harakat qilingani toponimik joy nomlarida ham o‘z aksini topgan.Xalqning o‘zligiga mutlaqo yot bo‘lgan joy nomlari, jumladan, “sovetskaya”, “komsomolskaya”, “krasnoarmeyskaya”, “fizkulturnaya”, “kommunarnaya”, “oxotnichya” terminlari kirib kelgan va ancha muddat “yashagan”. 

Joy nomi – u yaxshimi, yomonmi, tarix, til va qadriyat, yozma yoki og‘zaki nutq va madaniy merosdir. Shu boisdan mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillaridan joylarda ish boshlagan toponimik obyektlarga nom berish komissiyalari shaharlar, mahalla va ko‘chalar, qishloqlar tarixiy nomlarini qayta tiklash bo‘yicha qator ishlarni amalga oshirishga kirishdi. Bu borada muayyan yutuqlarga erishildi ham. Jumladan, Buxoro viloyatining tarixiy joy nomlari, toponimlari, ayni kundagi barcha joy nomlari O‘zbekiston Milliy arxivi fondida saqlanayotgan Buxoro amirligi devonxonasi tarixiy hujjatlarida uchraydi. Bu fond Buxoro qushbegisi devonxonasi hujjatlaridan iborat bo‘lib, ularning xronologik chegarasi XVI — XX asrlar boshlarigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. 

Bu borada bir nechta tarixiy manba-adabiyotlar mavjud bo‘lib, joy nomlari 1926-yilda eski o‘zbek yozuvida chop etilgan va 2017-yilda A.Axmedov tomonidan kirill alifbosiga tabdil qilingan “Xalq turadigan joylarning ro‘yxati” kitobida batafsil bayon etilgan. Ana shu tarixiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda “Raboti Qalmoq”, “Pat-put”, “Tutun-Burun”, “Yapaloq”, “Yakka Aʼlam”, “Chalma gadoy” nomlarini o‘zgartirish maqsadga muvofiq ham emas.

Shu o‘rinda birgina “Raboti qalmoq” atamasi kelib chiqishiga to‘xtalib o‘tsak, “rabot” so‘zi mamlakatimizning barcha hududlarida uchraydi va “qo‘rg‘on”, “karvonsaroy”, “mehmonxona” “qishloq” degan maʼnolarni bildiradi. “Qalmoq” esa elat, qavm nomi. Yaʼni qalmoqlarning bir qismi mo‘g‘ullar istilosi davrida Markaziy Osiyoga kelib, mahalliy aholi tarkibiga singib ketgan. “Raboti qalmoq” atamasini joy va qabila nomini o‘zida mujassam etgan va ikki komponentdan iborat topoetnonim deb hisoblash mumkin.    

Respublikamizda 2011-yil “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinguniga qadar bu sohadagi munosabatlar 1996-yilda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida maʼmuriy-hududiy tuzilish, toponimik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish masalalarini hal etish tartibi to‘g‘risida”gi Qonun asosida tartibga solingan. Bunda maʼmuriy-hududiy bo‘linish, aholi punktlarining nomlari borasida bo‘layotgan o‘zgarishlar umumdavlat darajasida hisobga olinmagan. Respublikadagi barcha aholi punktlari nomlarining rasmiy ro‘yxati mavjud bo‘lmaganligi sababli, ularni qayta nomlash va hisobga olish yo‘lga qo‘yilmagan edi.

“Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi geografik obyektlar nomlarini qo‘llashning asosiy prinsiplarini yuridik jihatdan mustahkamladi, geografik obyektlarning nomlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni takomillashtirishga qaratilgan yagona davlat siyosati, geografik obyektlarning nomlarini belgilash va normallashtirishga yagona ilmiy-uslubiy yondashuv, geografik obyektlarning nomlarini O‘zbekiston Respublikasi xalqlari tarixiy va madaniy merosining tarkibiy qismi sifatida to‘g‘ri qo‘llash hamda saqlash imkonini berdi.

Sohada olib borilayotgan faoliyatni tubdan takomillashtirish maqsadida jumladan, Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-sonli Farmoni, Vazirlar Mahkamasining shu yil 20 yanvardagi “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Mazkur huquqiy-meʼyoriy hujjatlar talabidan kelib chiqib, Buxoro viloyati hokimining 75-f-sonli farmoyishi hamda joriy yil 25-martida “Geografik obyektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi viloyat komissiyasining yangilangan tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga so‘zsiz rioya etilishini taʼminlash bo‘yicha jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish, davlat tili sofligini saqlash va uni boyitish, aholining nutq madaniyatini oshirish barobarida jumladan, Buxoro viloyati hokimligi huzurida Geografik obyektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi viloyat komissiyasi faoliyatiga ko‘maklashuvchi “Tarixchi olimlar ekspert guruhi” tarkibi tasdiqlandi. 

“Tilshunos olimlar guruhi” va “Tarixchi olimlar ekspert guruhi” o‘z faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun Buxoro shahar, Bahouddin Naqshband ko‘chasi, 7-uyda joylashgan “Baxt uyi” binosida yetarli shart-sharoit yaratiladigan bo‘ldi. Olim-tadqiqotchilardan iborat ekspertlar guruhi viloyat hokimligi bilan bevosita hamkorlikda shahar va tumanlarda toponimik obyektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtirish bilan birgalikda davlat organlari va xo‘jalik birlashmalari muassisligida taʼsis etilgan ommaviy axborot vositalari, ularning Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini muntazam kuzatib borish, davlat tili qoidalarining buzilishi holatlari aniqlanganda, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish vakolatiga ham egadir. 

Feruza Ibragimova, 

Buxoro viloyati hokimining 

maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, 

davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga

rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

16.04.2020 2947