"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Bu kutilgan onlar edi

Esimda, 1989-yil 21-oktyabr.

“O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kun!

Bu yillar davomida kutilgan onlar edi!

O‘sha kuni biz uchun katta bayram bo‘lgan bo‘ldi. Bir-birlarimizni ko‘zda yosh bilan tabriklagandik...

Tasavvur qilyapsizmi, sobiq sovet ittifoqi tasarrufida turib bunday jurʼat, albatta hammani quvontirgan. Oradan yillar o‘tdi...

30 yil!

Shu davr ichida, o‘zbek tili rovojlanish o‘rniga biroz orqaga ketganday bo‘ldi.

Endi biz chet tillarni o‘rganishga ro‘ju qo‘ya boshladik. Bolalarimizni rus maktablarga berdik. Natijada ular ruscha fikrlab, miyasida o‘zbekchaga tarjima qilib gapiradigan, g‘uldiraydigan bo‘ldilar. Shunday qilib, farzandlarimizni qiynadik: o‘zbekcha gapiray desa, tili rus, butunlay u tomonga o‘tib olay desa, qoni o‘zbek, ruhi o‘zbek!..

Ayrim qatlamlarda hamon chet tillariga mahliyolik yetakchilik qilmoqda. Go‘yo chet tilni bilsa, yaxshiroq yashaydigandek. To‘g‘ri,”Nechta tilni bilsang, shuncha odamsan, degan gaplar ham bor . Ammo, ona tilimiz bir daraxt bo‘lsa, boshqa tillar ularning shox va barglari emasmi?!

Shu fursatda bir dugonamning afsus- nadomati esimga tushdi: “Otasidan keyin yolg‘iz qizimni maqtalgan rus maktablaridan birida o‘qitdim, keyin til bilsin, deb, Gyote nomidagi nemis tili maktabiga berdim. Aʼlo baholar bilan tugatdi. Keyin Germaniyada o‘qishni davom ettirdi...

Yolg‘iz qolsam ham, moddiy tomondan qiynalsam ham yordam qildim, sabr qildim. Keyin... U bu yerga qaytib kelmadi. Bir keldi ham, ko‘z yoshlarimga chidolmay. Ammo turolmadi, chunki u nemis bo‘lib bo‘lgan edi. Dunyoqarashi, feʼli, tutumlari...

Mana, yoshi qirqdan oshdi, yaxshi olima, yaxshi xodim, biroq, oilasi yo‘q. “Nima keragi bor?” deydi, u hayron bo‘lib. Men ham bu yoqda hayratdaman. Bolamda ayb yo‘q, bu mening xotolarim!”...

Xullas, shuncha yillar davomida xatolar va muammolarga botib ketdik. Tilimizning bor tarovatini, sehru jozibasini ko‘rsata olmadik. Eng yomoni, tilshunos, adabiyotshunoslar jim turib berdilar. Natijada, ko‘cha-ko‘ylarimizdagi deyarli barcha ishxonalarning peshtoqi chet elcha nomlar bilan bezandi... Ish yuritish qog‘ozlari hamon rus tilida...

So‘z mulkining sultoni Hazrat Navoiy davrida 120 000 dan ortiq turkiy so‘z bo‘lgan ekan. Hozirchi, 5 tomlik “O‘zbek tilining izohli lo‘g‘ati”da jaʼmi bo‘lib 90 000 ta so‘z bor. Ularning ham 30 000 tasi rus va chet tillari orqali kirib qolgan so‘zlar. Sal kam 600-yil ichida boyligimiz bo‘lmish tilimizdagi so‘zlarning teng yarimini yo‘qotgan bo‘lsak, 30 yil ichida 90 000 so‘zimizning yarimini ham isteʼmol qilmay qo‘ydik yaʼni ishlatmaymiz.

Hayriyatki, O‘zbekiston yangilandi, g‘oyalar va maqsadlar yangilandi. Oxirgi uch yil ichida milliylikka qarashlar o‘zgardi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo bo‘lishimiz, va Prezidentimizning u sammitlarda so‘zlagan nutqlari olamshumul muddao bo‘ldi. Kirill yozuvidan lotin yozuviga o‘tishdan maqsad ham barcha turkiy xalqlar bir-birini tarjimonsiz yozadigan, o‘qiydigan va tushunadigan bo‘lish edi.

Kechagina Muhtaram Prezidentimiz 21 oktiyabrni “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risidagi” qonunga imzo chekdilar.Bu chekilgan imzo yozuvchimiz Fitratning iborasi bilan aytganda: “Laylat ul-qadrimiz” bo‘ldi! Bu qonunning takomillashuvi hamda amalga oshishini taʼminlaydigan qudratli rasmiy asosdir.

Endi biz uni na faqat bayram qilishimiz, balki, millatning qiyofasi bo‘lmish tilimizning nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari ko‘rishimiz, uning sofligi va umrboqiyligiga jiddiy qayg‘urishimiz kerak. Bu esa har bir o‘zbekning, o‘zbekistonlikning ilmiy, madaniy, maʼnaviy saviyasi va insoniy or-nomusiga havola!

Farida Bo‘tayeva,

Oliy majlis Qonunchilik Palatasi deputati,

Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi aʼzosi.

16.04.2020 649