"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Imlo va talaffuz — savodxonlikning ikki qanoti

Har bir fuqaro davlat tilida to‘g‘ri so‘zlab, to‘g‘ri yoza olsagina fuqarolik burchini his etgan, yurt qismatiga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashayotgan bo‘ladi. Qolaversa, bu millatparvarlik, maʼrifatparvarlik, yuksak maʼnaviyatimizning muhim belgisi — savodxonlik darajamizga bog‘liq. Savodxonlik esa ikki asosga tayanadi. Bu og‘zaki va yozma nutq madaniyatiga to‘la va to‘g‘ri amal qilishdir. 

Xo‘sh, biz har ikkalasi yuzasidan savodxonmiz deya o‘z-o‘zimizga savol bersak, ijobiy javob berish mushkulligini ham bilamiz. Gap muammolarni eʼtirof etishda emas, balki natija uchun kurashishda. Qanday qilsak, tom maʼnoda savodxonlik darajamiz oshadi va maʼnaviyatimiz yuksaladi? Qanday qilsak, kundalik muloqotlarimizdagi, internet orqali yozishmalarimizdagi qusurlardan, ko‘cha-ko‘ydagi bitik va peshlavhalardagi, oddiy diktant yozishdagi imloviy nuqsonlardan qutulamiz? Bu fikr har ikkala imloda — lotin va kirill alifbosidagi yozishmalarimizga ham bab-baravar taalluqli. Buni kitob va gazeta mutolaasiga eʼtibor chorak asr mobaynida bir muncha susayib kelgani bilan izohlaymiz ham. Sinchiklab o‘qish, matn mazmunini uqish, so‘z va iboralarning to‘g‘ri yozilishiga eʼtiborimiz pasayib ketganini bilamiz-u, unga chora izlashda esa o‘zimizni chekkaga olamiz. Tokaygacha eshitmaganday, ko‘rmaganday tutamiz o‘zimizni?

Insof yuzasidan aytish kerakki, bu borada dadil va qutlug‘ qadamlar tashlandi. Avvalambor, Prezidentimizning davlat tilini rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlari, qabul qilgan qaror va imzolagan farmonlari bo‘lsa, ikkinchi ijobiy harakat O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining tashabbusi bilan “TEZYOZ” saytini ishga tushirilishi bo‘ldi.

Tasavvur qiling. Mamlakatimiz aholisini deylik, oltmish foizini yoshlar tashkil etar ekan, lotin yoxud kirill alifbosi asosidagi yozuvda qanday yozishadi degan savolni ko‘ndalang turadi. Baʼzi idoralararo yozishmalarda ham lotin yozuvida xat jo‘natilsa, kirill alifbosida javob qaytarilayotgani ham sir emas. Demak, lotin yozuvi rasmiy alifbo sifatida qabul qilingan ekan, buning targ‘iboti va ommaviylashuviga jiddiy qarash kerak. Toki, kirill ham lotin yozuvida imlo qoidalarining qo‘pol buzilish holatlarining oldi olinsin. 

Bu borada “TEZYOZ” platformasi ijodiy va ijroviy guruhining xizmatlari katta bo‘lishi, shubhasiz. Yuqorida qayd qilingan muammolarning yechimi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yoshlarga oid 5 tashabbusi doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan yangi “TEZYOZ” loyihasi ishga tushirilishi ayni muddao bo‘ldi. Ushbu platformaning ommaviylashuvi savodxonlik darajamizning yuksalishida qo‘l kelishi aniq. 

Sinov orqali bilim va xotira, tafakkur va sinchkovlik sinaladi. To‘g‘ri va tez yozish imkoniyatlariga ega qilish va shu asosda savodxonlikka erishish asosiy maqsadlardandir. Buning eng muhim jihati geymifikatsiya, yaʼni o‘yin asosiga qurilganidir. Chunki bu barchaning qiziqishini uyg‘otadi va undan barcha foydalanishi asosida o‘zining bilimi va savodini sinovdan o‘tkazishi mumkin. Muayyan matnni taqdim qilinishida nafaqat to‘g‘ri yozish, balki matn mazmunini bilish va uqishga intilish ham bor. Bu esa psixolingvistik metod sifatida qimmatlidir. Bu o‘zaro musobaqaga kirishish borasida ham ijodiy muloqotga chorlaydi. Xuddi onlayn tarzidagi shaxmat-shashka musobaqalari kabi kishini qiziqtirish orqali zavqlantiradi. Davlat tilining nufuzi va ijtimoiy mavqeini oshirish, sofligini saqlash, boyligi va nafosatini namoyish etishni maqsad qilgan ushbu platforma, albatta, keng ravishdagi tanlovlarga ham yo‘l ochadi.

“TEZYOZ” saytining bosh sahifasida sayt imkoniyatlari va uni istifoda etish shartlari keltirilgan bo‘lib unga asosan, foydalanuvchilar “Sinov rejimi”ni tanlab, maʼlum vaqt chegarasi davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri badiiy yoxud ilmiy-publitsistik matnni tez surʼatda yozib borishi talab etiladi. Vaqt sarfi esa matndagi so‘zlar to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri yozilayotganini ko‘rsatib boradi. Belgilangan muddat nihoyasiga yetgach, foydalanuvchining nechta so‘zni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri yozgani aniq bo‘ladi.

Yuqori o‘rindagi ishtirokchilarning ro‘yxati natijalarga qarab, yangilanib turishi va barcha uchun ochiq bo‘lishi uning davomli tarzda qiziquvchilarning sonini ortib borishiga imkon tug‘diradi. Tanlov muddati yakunida ro‘yxat peshqadamining eʼlon qilinishi va rag‘batlantirilishi yana-da ahamiyatli va istiqbolli g‘oya ekanini asoslaydi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi jamoasi “TEZYOZ” patformasining aynan fevral oyida adabiy merosimizning yirik darg‘alari, ikki buyuk daho Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlari arafasida tashkil etilgani ham ahamiyatlidir. Eski o‘zbek adabiy tili va yozuvining tolmas, jonkuyar targ‘ibotchilari bo‘lgan hazrat Navoiy va Bobur mirzoning izdoshlari safimizda deyishga asos bor. 

Kezi kelganda, shuni aytish kerakki, bir paytlari internet orqali boshlaganimiz “Sirli sandiq“ sovrinli intellektual o‘yin ham ana shu maqsadga xizmat qilayotgani, u tafakkur, bilim va sinov zamiriga qurilgani bilan qimmatli ekanini ham taʼkidlash kaminaga faxr bag‘ishlaydi.

“TEZYOZ” platformasining ushbu xayrli va maʼrifiy harakati masalaning bir tomoni. Yaʼni, orfografik asosga, imloviy jihatdan to‘g‘ri va bexato yozishga qaratilgan. Har qanday tanganing ikkinchi tomoni ham bo‘lganidek, ona tilimizning orfoepik, yaʼni talaffuz tomoni ham muhim. Biz davlat tilida to‘g‘ri yozishimiz qay darajada ahamiyatli bo‘lsa, to‘g‘ri talaffuz qilib, adabiy til meʼyorlariga rioya etib so‘zlashimiz ham shu darajada qiymatlidir.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti va atamalar komissiyasi, kaminaning “NOTIQ.UZ“ sayti va “Notiqlik sanʼati akademiyasi” taʼlim muassasasini hamkorligi yo‘lga qo‘yilsa, harakatlarimiz mushtarakligi va integratsiyasi maʼnosida maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Rahimboy JUMANIYOZOV, 

filologiya fanlari nomzodi, TIQXMMI matbuot xizmati rahbari,

“Notiqlik sanʼati akademiyasi” taʼlim muassasasining direktori

20.04.2020 782