"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Maqolalar
  • O‘z tilini bilmaslikdan yo‘qolib borayotgan qadriyatlar , onajondan “mam”ga, otajondan “pap”gacha...

O‘z tilini bilmaslikdan yo‘qolib borayotgan qadriyatlar , onajondan “mam”ga, otajondan “pap”gacha...

Maʼlumotlarga qaraganda, hozirgi kunda yer yuzida yetti mingga yaqin til va lahja bo‘lib, ulardan ikki yuzga yaqini davlat tili maqomini olgan. Darvoqe, bu mustaqillik tushunchasi bilan hamohangdir. Shu sababli mamlakatimiz mustaqillikni qo‘lga kiritmasidan avval “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinishi juda muhim tarixiy hodisa bo‘lgan edi.

O‘tgan 30 yil mobaynida lug‘atlarimiz boyitildi, tilimizga yangi so‘zlar kirib keldi, eskilari tiklandi. Atamalar o‘zbekchalashdi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlar va qarorlar o‘zbek tilida yozildi.

O‘zbek tilini keng isteʼmolga kiritish maʼnaviy sohadagi islohotlarning o‘zagiga aylangan bo‘lsa-da, farzandlarimizga bolaligidanoq o‘z tilimizni chuqurroq o‘rgatish o‘rniga, maktablarda rus sinfiga berishga oshiqdik. “O‘g‘lim rus tilida zo‘r gapiradi, qizim rus tilini mendan yaxshi biladi”, deb maqtandigu, o‘zbekcha salom bermasligiga eʼtibor ham bermadik. Onajondan “mam”ga, otajonda “pap” ga aylanib qolayotganimizdan tashvishlanmadik. O‘z tilini bilmaslik orqasidan milliy qadriyatlarimizni ham unutib yuborilishi haqida o‘ylab ham ko‘rmadik. Bu bizning katta xatomiz bo‘ldi!

Televideniye orqali beriladigan ko‘rsatuvlarning saviya jihatdan sayozligi tilimizni, tariximizni, boy maʼnaviyatimizni bilmasligimizdan kelib chiqayotgani haqida ko‘p gapirilmoqda. Shevalarda, buning ustiga, ruscha so‘zlarni qo‘shib gapirishlarni bamaylixotir tomosha qilib o‘tiribmiz. Vaholanki, tilga eʼtiborni, uni qadrlashni o‘zimizdan, oilamizdan boshlashimiz kerak edi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan bo‘lsa-da, uni rivojlantirish, nufuzini oshirishga barchamiz masʼul bo‘lishimiz kerak edi.

Bugun davlatimiz rahbari boshchiligida maʼnaviy hayotimizning bu katta muammosi yangi bosqichga ko‘tarildi. “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qabul qilingan Farmon tilimiz rivojiga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi. Taʼbir joiz bo‘lsa, taraqqiyotimizning yangi bosqichidagi islohotlari ichida eng dolzarblaridan biri davlat tilining jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish ekanligi xalqimiz dilidagi gap edi. Bu ezgu ish ummumxalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, o‘zbek tili davlat tili sifatida hayotimizning barcha sohalarida faol qo‘llanilmoqda. Ammo hali bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar ko‘p.

O‘ZIMIZDAN BOSHLASAK...

O‘lkamizga temir yo‘l 1888-yilda kirib kelgan. Kaspiy temir yo‘lidan Ashxobod orqali avval Samarqandgacha, keyin Toshkent yo‘nalishi bilan Samarqanddan Andijonga po‘lat izlar yotqizilgan. Shaharlarda vokzallar, temir yo‘l ustaxonalari, hududlarda stansiyalar, yangi inshootlar, binolar paydo bo‘lgan. O‘zlari qurgan posyolka(qo‘rg‘oncha)lari va temir yo‘l ustaxonalarida asosan ruslar yashagan. Bu esa o‘z-o‘zidan o‘lkamizda rus fuqarolarining yana ko‘payishiga olib kelgan. Temir yo‘l tizimida ishlaydigan mutaxassislar, mashinistlarning deyarli barchasi rus millati vakillari bo‘lgan. Bu sohaga ishga kirmoqchi bo‘lgan mahalliy millat vakili ham rus tilini bilishi shart bo‘lgan. Mustaqillikkacha temir yo‘l sohasida 10 nafar ishchining bir nafarigina o‘zbek, qolgani rus millatiga mansub edi. Ish yuritish tartibi, muloqot va atamalarning barchasi rus tilida olib borilardi. Afsuski, temir yo‘l ixtisosligi bo‘yicha ko‘plab baʼzi anʼana va qoidalar saqlanib qolgan.

Masalaning ikkinchi tomoniga nazar solsak, temir yo‘l transporti shunday sohaki, u boshqa davlatlarsiz faoliyat yurita olmaydi. Yillar davomida xalqaro tashkilotlar kelishuviga binoan ish jarayonlari uchun umumiy atamalar qabul qilingan. Masalan, reglament degan meʼyoriy xalqaro qoida bor. Har bir davlat temir yo‘llar harakatini yagona markaz orqali boshqarilishida ana shu reglament qoidalariga amal qilinish shart. Masalan, Qozog‘istondan kirib kelayotgan poyezdni nazorat qilib turgan dispetcher, svetofor holati haqida mashinistga: “Krasniy!” deb xabar beradi. “Chegaradan o‘tayapsan, endi mening tilimda xabar ber”, deb har bir davlat o‘z tilida xabar yoki buyruq bermaydi. Bunday kelishuvlar asosida amalga oshiriladigan so‘zlashuv jarayonlaridan voz kechib bo‘lmaydi. Bu yo‘lovchi va yuk poyezdlari harakat xavfsizligi bilan bog‘liq.

Davlat tili bo‘yicha olib borilayotgan ishlarimizda sohamizning ixtisoslashgan tillar bo‘yicha qabul qilingan meʼyoriy atamalari asosidagi alohida taklif va mulohazalarimiz atroflicha o‘rganilishi taqozo etiladi.Stansiya, vokzal va boshqa temir yo‘l inshootlari nomlari o‘lkamiz tarixi bilan bog‘liq holda o‘zgartirilishi zarurligini inkor etib bo‘lmaydi.

Ayni kunlarda O‘zbekiston temir yo‘llarida davlat tiliga oid qonun hujjatlar o‘rganilib, dasturlar, “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi. Kamchilik va muammolarni bartaraf etish, xodimlarning davlat tilini chuqur o‘rganishlari uchun shart-sharoitlar yaratilgan. “Til — tafakkur jamoli”, degan edi Abdurauf Fitrat. Tafakkurimiz yuksalib, fikrlash tarzimiz oshib borgani sayin tilimizning olmos qirralari o‘zini namoyon etaveradi. Aks holda... Bu yog‘i o‘zingizga maʼlum!

Norbo‘ta BOBOXOLOV,

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ

boshqaruv raisining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,

davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash

masalalari bo‘yicha maslahatchisi


22.04.2020 1017