"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Men bog‘dan kelsam...

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan davlat tilida ish yuritishni taʼminlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasining eʼlon qilinishi ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda, loyihani buzib talqin qilinishlar, vazirlikni millatchilikda ayblashlar, bir-birini haqoratlashlar...

Avvalo, bir narsaga fikringizni qaratishni xohlardim. O‘zbekiston Respublikasida rasmiy davlat tili – o‘zbek tili. Bu 1989 yilda qabul qilingan “Davlat tili to‘g‘risda”gi qonuning 1-moddasida o‘z aksini topgan. To‘g‘ri, mazkur qonunning kamchiliklari, jiddiy tahrirga muhtojligi xususida ko‘p fikrlar bildirildi, hatto davlatimiz rahbari tomonidan ham uni qayta ishlash kerakligi aytib o‘tildi. Demak, qonunga muvofiq davlat muassasalarida ish yuritish davlat tilida olib borilishi kerak, bu qonunning 8-moddasida o‘z aksini topgan.

Mustaqillikning dastlabki yillarida bu masalaga jiddiy kirishilgan edi. Yoshi katta vatandoshlarimiz bilishadi, har bir davlat tashkilotlari xodimlari uchun o‘zbek tili kurslarini tashkil qilishgan edi. O‘zimiz ham borib boshqa millat vakillariga o‘zbek tilidan mashg‘ulotlar olib borgan edik. Agar hukumat o‘sha paytda bu masalani jiddiy nazorat ostiga olganida, muammo uzog‘i bilan besh yil ichida barham topgan bo‘lar edi. Lekin tilimizga bo‘lgan bepisandlik sekin-astalik bilan bu tashabbusni so‘ndirdi. Natijada hozirgidek ahvolga tushib o‘tiribmiz. Ko‘ryapsizmi, yuqori darajadagi eʼtibor bo‘lsa, hammasi o‘z iziga tushadi.

Davlat tili davlat ramzlaridan biri ekanligi hammaga maʼlum, shuning uchun millatidan qatʼi nazar, shu yurtda yashayotgan har bir bir fuqaro davlat tilini hurmat qilishni, uni o‘rganishni o‘zining fuqarolik burchi deb bilishi kerak. Ko‘pchilik buni to‘g‘ri tushunyapti, lekin o‘zini tushunmaslikka olib, o‘zanni boshqa tomonga burayotganlarning borligini afsus bilan aytib o‘tish lozim. Baʼzi eʼtirozlarga to‘xtalaman.

Emishki, vazirlik, idoralarda ish yuritish rus tiliga moslashgan, shuning uchun loyiha maʼqul emas. Kechirasiz, o‘zbek tilini bilmaydiganlarga bu bir bahona, xolos. Davlat tilida ish yuritish bo‘yicha alohida kitoblar chiqarilgan, davlat tilini hurmat qiladigan rahbarlarimiz undan foydalanishyapti.

Yana emishki, bu rusofobiyani (aynan olindi) shakllantiruvchi loyiha, millatchilikni keltirib chiqaradi, Angliya, Belgiya davlatlari tajribasiga suyanib, bir necha tilni davlat tili qilish kerak.

Ko‘ryapsizmi, gap qayoqqa qarab ketyapti. Xalqimizda maqol borku “Men bog‘dan kelsam, u tog‘dan keladi”, degan. Hoy, baraka topkurlar, loyihani sinchiklab o‘qing, unda qaysi tilning davlat tili bo‘lishi masalasi qo‘yilgani yo‘q va qo‘yilmaydiyam, chunki qaysi til davlat tili ekanligi yuqoridagi qonunda belgilab qo‘yilgan. O‘ta millatchilik kayfiyatidagi mana shunday maʼlum guruhlar millatlar o‘rtasida nizo keltirib chiqarish, bu narsalardan umuman bexabar bo‘lgan aksar rus xalqini yomonotliq qilish yo‘lidan bormoqda.

Taniqli “Vestii.uz” internet nashrining sarlavhasiga eʼtibor bering: “V Uzbekistane xotyat shtrafovat za yazik Pushkina”. Buni nima deb tushunish mumkin? Ulug‘ shoir Pushkinning nima aloqasi bor? Biz ham aytishimiz mumkin “Ulug‘ Navoiy tiliga hurmatda bo‘ling”, deb. Buni o‘sha millatchilarning nayranglari, aholi o‘rtasida millatchilik kayfiyatini uyg‘otayotgani, shunday yo‘llar bilan davlatimiz obro‘iga dog‘ tushirishga harakat sifatida tushunish kerak.

Bir vatandoshimiz ijtimoiy tarmoq orqali O‘zbekiston xalqiga, yaʼni bizga murojaat yo‘llabdi. Men tushunmadim, bular o‘zlarini kim deb o‘ylayapti? Fikri ojizimcha, bir davlat xalqiga murojaatni o‘sha davlatning rahbari qilishi mumkin. Oddiy fuqaro esa O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuni 3-moddasiga ko‘ra davlat organlariga og‘zaki yoki yozma murojaat qilishi mumkin. Mayli, bu o‘z yo‘liga. Vatandoshimizning fikricha, “ushbu yurtda muvaffaqiyatli bo‘lish imkoniyatlaridan mahrum bo‘lgani sabab bu yerdan bosh olib ketishlari natijasida ko‘p sonli rus zabon yaxshi mutaxassislardan ayrilamiz. Shuncha mutaxassisni o‘rnini qoplash uchun bizga yillar, balki bir necha o‘n yil kerak bo‘lishi ham mumkin. Qolishga qaror qilganlar esa bir umr o‘zlarini bosim ostida juda noqulay his qilib yashashlariga to‘g‘ri kelib qolishi mumkin. Ular doim o‘zbek tilini bilmasliklari sabab tanqid va kamsitishlarga chidab yashashlariga to‘g‘ri kelib qolishi mumkin. Iltimos, bunday qilmang. Odamlarni ishda o‘sish imkoniyatidan mahrum qilmang. Til to‘sig‘ini o‘rnatmang. Odamlar qanchalik xohlashmasin, qanchalar urinishmasin, bunday yoshda yangi tilni o‘rganishni hamma ham uddalay olmaydi”.

Biz shunday bag‘rikeng xalqmizki, baʼzan oshirib ham yuboramiz. Ishqilib, boshqa millat vakilining nima qilib bo‘lsa ham xafa qilib qo‘ymaslikka harakat qilamiz, shuning uchun tanqid, kamsitishlar, degan so‘zlarga aslo ishonmang, ikkinchidan, o‘zini hurmat qiladigan, shu yurtni o‘z vatani deb bilgan mutaxassislar hech qayerga ketmaydi, agar ketuvchilar bo‘lsa, ularning o‘rnini egallaydigan bilimli, shijoatli yoshlarimiz bor, qolgan xulosa o‘zingizdan.

Aziz vatandosh! O‘sha suronli 89 yillarda tilimizning davlat tili maqomiga ko‘tarish uchun bo‘lgan harakatlar, kurashlar guvohimiz. Taʼqiblarga qaramasdan, qizil maydon (hozirgi mustaqillik)da bo‘lgan namoyishlarda qatnashganmiz. G‘alabalar qanday kurashlar evaziga qo‘lga kiritilganini yaxshi eslaymiz.

Endi 30 yil ichida boy berilgan vaqtning o‘rnini to‘ldirish payti keldi. Mazkur qonun aynan davlat tilining jamiyatda to‘laqonli o‘rin egallashida mayoq vazifasini o‘taydi. Qarshi bo‘layotganlarga aytadigan gapimiz: qonun loyihasida hech qaysi tilni kamsitish yoki mensimaslik ko‘zda tutilmagan, aksincha bunday hatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydi deyilgan, shuning uchun hech qanday hadik, qo‘rquvga hojat yo‘q. O‘sha mustaqillikning dastlabki yillaridagi kabi til o‘rganish kurslarini tashkil qilsak, barcha til o‘rganuvchi fuqarolarimiz davlat tilini o‘rganishga sidqidildan kirishsalar, ko‘zlangan maqsadlarga tezroq erishiladi.

Mustaqil O‘zbekistonning davlat tili o‘zbek tili ekan, jamiyatning barcha sohalarida ish yuritish mazkur tilda olib borilishi, rahbarlarga davlat tilini bilish talabining qo‘yilishi, davlat tilini mensimaslik uchun jazoning muqarrarligi inkor etib bo‘lmas haqiqatdir.

Siz nima deysiz, vatandoshim?

Inomjon AZIMOV,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent.

27.04.2020 713