"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘zbek tili – milliy maʼnaviyat poydevori

Ona tilimiz – milliy maʼnaviyatimizning bitmas tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz balki muqaddas insoniy burchimizdir.

Shavkat Mirziyoyev

Dunyo tamaddunida millatning o‘zligini, xalqning takomil darajasini belgilovchi muhim omillaridan biri – til. Ona tilining rivoji, unda yaratilgan osori-atiqalar, maʼnaviy merosning ko‘lamiga, ona tilini o‘rganish, tahlil etish ko‘nikmasining shakllanishiga qarab millatga baho beriladi. Aslida dunyo bo‘yicha mavjud 7 mingdan ziyod tildan bor-yo‘g‘i 200 taga yaqiniga rasmiy maqom berilgani ham shu jihat bilan belgilanadi.

Teran tarixi, takomil bosqichlari, boy maʼnaviy merosi va mavqeiga ega bo‘lgan o‘zbek tili bayramini har yili 21 oktyabr kuni rasman nishonlash to‘g‘risidagi Prezidentimizning 2020 yil 10 aprelda imzolagan qonuni muhim tarixiy ahamiyat kasb etadi. Avvalo, o‘zbek tilining salohiyatini oshirish, boyitish, nufuzini yana-da yaxshilash, dunyo hamjamiyati oldida tilimizning fayzu tarovati va jozibadorligini namoyish etishining yangi imkoniyat eshiklari ochildi. Zero, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, O‘zbekiston ochiq va konstruktiv siyosati bilan mintaqamizdagi yirik siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazga aylanib borayotgan bir pallada o‘zbek tili – milliy g‘urur, o‘lmas bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyat, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuchdir.

Sho‘ro davridayoq, yaʼni, 1989 yil 21 oktyabr sanasida “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinishi haqiqiy maʼnaviy jasorat va fidoiylik namunasi, O‘zbekistonning davlat mustaqilligi sari tashlangan ilk qadamidir. Ayni shu tilda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi eʼlon qilindi. Bosh Qomusimiz – Konstitutsiya o‘zbek tilida yaratildi, Davlat madhiyasi jahon bo‘ylab jarangladi, 100 dan ziyod millat va elat vakillarining bir osmon ostida tinch, osoyishta, ahil yashashiga imkon yaratildi.

“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan ustuvor g‘oya asosida taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ygan mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatida siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizdagi faolligini oshirish yo‘lida ulug‘vor ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Yurtboshimiz tashabbusi va saʼy-harakati bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Milliy bog‘ hududida o‘zbek adabiyotining buyuk namoyandalari, tilimizning chinakam jonkuyarlari xotirasiga bag‘ishlangan Adiblar xiyoboni tashkil etildi. Atoqli adib va shoirlarimiz nomida ijod maktablarining ochilishi milliy til va adabiyotimizning nufuzini oshirish, boy maʼnaviy merosimizni chuqurroq o‘rganish, yosh avlodga tilimizning tarovat va nafosatini yetkazishga xizmat qilmoqda. Xorazmda Muhammad Rizo Ogahiy, Namanganda Isʼhoqxon Ibrat, Jizzaxda Hamid Olimjon va Zulfiya, Farg‘onada Erkin Vohidov, Nukusda Ibroyim Yusupov, Sirdaryoda Halima Xudoyberdiyeva, Andijonda Muhammad Yusuf, Toshkentda tashkil etilgan Abdulla Qodiriy ijod maktablarida ko‘plab iqtidorli, salohiyatli o‘quvchilar bilim olmoqda.

Xalqaro maydonda o‘zbek tilining obro‘yi yuksalayotgani quvonarli hol. Bugungi kunda 50 millionga yaqin kishi jahon miqyosida o‘zbek tilida so‘zlashmoqda. AQSH, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya kabi 20 ga yaqin rivojlangan mamlakatlarning 60 ga yaqin oliy taʼlim dargohlari, 100 dan ziyod mamlakatlarda o‘zbek tili o‘rganilmoqda. Yana bir yangilik O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo bo‘ldi. Prezidentimiz tashabbusi bilan turkiy tilga so‘zlashuvchi qardosh xalqlar adabiyotining eng sara namunalari mujassam bo‘lgan “Turkiy adabiyot xazinasi” yuz jildlik kitobini aʼzo davlatlarning ona tilida nashr etish jarayoni boshlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni o‘zbek tilini yuksalishiga qaratilgan ulug‘vor ishlarning mantiqiy davomidir. Unga ko‘ra, tilimizning sofligini saqlash, lug‘at boyligini oshirish, barcha sohalarda chetdan kirib kelayotgan zamonaviy so‘z, ibora va atamalarning o‘zbekcha muqobilini yaratish hamda qo‘llanilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha alohida tuzilma tashkil etildi. Mazkur tuzilma davlat tilida yuritilayotgan meʼyoriy hujjatlarga rioya etilishini nazorat qiladi, sohaga oid masalalarni tahlil etib, yagona davlat siyosatini taʼminlaydi.

Mamlakatimizda jismonan va maʼnan sog‘lom, mustaqil fikr va eʼtiqodga ega farzandlarni tarbiyalash, keng aholi orasida sog‘lom turmush tarzi asoslarini singdirish, iqtidorli va salohiyatli sportchi-yoshlarni saralash hamda tanlash, sport-sog‘lomlashtirish ishlarini to‘g‘ri tashkil etish, jamiyatda ommaviy sportni keng ko‘lamda targ‘ib etish, sport bilan shug‘ullanuvchilarga sharoit yaratish, sport muassasalarini moddiy-texnika bazasini mustahkamlash Jismoniy tarbiya va sport vazirligining ustuvor vazifalaridan sanaladi.

Vazirlik tizimidagi tashkilot va muassasalarda davlat tilida ish yuritish jarayonida uchta muammo bor:

– Davlat tilida ish yuritish bo‘yicha muayyan tizim mavjud emas. Meʼyoriy hujjatlarga tartib berish, ularning ijrosini taʼminlash, yuqori tashkilotlardan kelgan huquqiy hujjatlarni belgilangan tartib asosida nazoratga olish masalasida turli yondashuvlar mavjud;

– Tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar murabbiy, uslubchi, tarbiyachi, texnik xodimlarning davlat tilini bilishi va unda ish yuritish malakasi qoniqarsiz darajada;

– Davlat tilida ish yuritishdagi meʼyoriy hujjatlar (ariza, kafolat xati, tushuntirish xati, tavsiyanoma, tavsifnoma, bildirgi, dalolatnoma v.h.)ni tartib berish talab darajasida emas.

Vazirlik bo‘yicha o‘zbek tilida ish yuritish tizimini tartibga keltirish, davlat tilining nufuzini oshirish, sohada faoliyat ko‘rsatayotganlarning til bilish darajasini yana-da yaxshilash, jismoniy tarbiya va sportdagi yutuqlarni targ‘ib etish hamda mavjud muammolarni tahlil etish maqsadida quyidagi ishlarni bajarish maqsadga muvofiqdir:

Avvalo, vazirlik tasarrufidagi sport taʼlim muassasalarida “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning bajarilishi va davlat tilida ish yuritishning bugungi holati tahlil etilishi shart.

Ikkinchidan, malakali va tajribali mutaxassislardan iborat kichik guruh tuzib, davlat tilida ish yuritish bo‘yicha sport taʼlim muassasalariga (meʼyoriy hujjatlarni nazoratga olish, tartib berish, nazorat kartochkalarini yuritish, xodimlar malakasini oshirish v.h.)ko‘mak berish.

Uchinchidan, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti mutaxassislari ko‘magida davlat tilida ish yuritish, o‘zbek tilini o‘rganish, sohaga daxldor zamonaviy atamalarning muqobilini topish va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha o‘quv-uslubiy qo‘llanma hamda tavsiyalarni ishlab chiqish, atamalar lug‘atini shakllantirish.

To‘rtinchidan, talaba- yoshlarimiz ko‘proq foydalanadigan Internet va ijtimoiy tarmoqlarda tilimizning butun jozibasini ko‘rsatuvchi o‘zbek tilining kompyuter dasturlarini, onlayn darsliklar, atamalarning elektron lug‘atini yaratish.

Beshinchidan, o‘zbek tilida maktabgacha taʼlim muassasalari, umumtaʼlim maktablari va mustaqil o‘rganuvchilar uchun jismoniy tarbiya darslarini tashkil etish.

Oltinchidan, O‘zDJT va SU mutaxassislarini jalb etgan holda barcha aholi qatlamlari uchun qisqa va uzoq muddatli o‘zbek tilini o‘rgatuvchi kurslar tashkil etish.

Yettinchidan, sport taʼlimi muassasalarida, jismoniy tarbiya va sport boshqarmalarida davlat tilida ish yuritish bo‘yicha alohida shtat birligi ajratish.

Sakkizinchidan, sport taʼlimi muassasalarida haftaning bir kunini “O‘zbek tili” kuni deb belgilab, “Kitobxonlik saodati”, “Ona tilim – jonu dilim”, “Til bilmoq – el bilmoq” ruknlarida muntazam tadbirlar tashkil etish.

Xullas mustaqil diyorimizda yashayotgan har bir kishi ona tilini asrab, unga bo‘lgan eʼtiborni mustaqillikka eʼtibor, ehtirom va sadoqatni ona – Vatanga bo‘lgan ehtirom va sadoqat deb qarasa so‘zsiz ona tilimizning nufuzi, shaʼni, obro‘-eʼtibori yana-da ziyoda bo‘ladi.

Nodir G‘AFFOROV,

O‘zbekiston davlat Jismoniy tarbiya

va sport universiteti dotsenti.


28.04.2020 979