"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Yuksak manzillarga tikkanmiz ko‘zni!

Adliya vazirligi tomonidan xalq muhokamasiga qo‘yilgan “Davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishga doir qonunchilik talablariga rioya etmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik kiritish to‘g‘risida qonun loyihasi” ayniqsa har kim o‘z fikrini erkin bildirish imkonini beruvchi ijtimoiy tarmoqlarda aks-sado berdi va u shovqinlar bugungacha ham tinib ulgurmadi. “Aks-sado” so‘zi bu yerda juda o‘z o‘rniga tushadi: haqiqatan ham na aqlga, na mantiqqa to‘g‘ri keladigan g‘alati daʼvolar, shov-shuv va vahimalar ko‘tarishga urinishlar kuzatildi.

Shulardan biri “Vesti.uz” internet nashrida chop etilgan “O‘zbekistonda Pushkin tili uchun jarima qo‘llashmoqchi”” deb nomlangan fitna maqoladir.

Butun dunyoda “Ommaga fikr bildiruvchi kishining o‘zini tutish meʼyori” degan qoida bor. Bu qoida xolislikni, maʼlumotlarni soxtalashtirmaslikni, mazmunini buzmaslikni yoki boshqa mazmunga yo‘naltirmaslikni, xalqaro huquq meʼyorlariga so‘zsiz rioya qilishni talab qiladi. Dunyoning barcha obro‘-eʼtiborli axborot markazlari shu tamoyilga ko‘ra ish yuritadi. Shuningdek, barcha ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlarini ro‘yxatdan o‘tkazuvchilar o‘z foydalanuvchilariga ushbu ijtimoiy qoidalardan xabar berib, ularni buzganlik uchun javobgarlikka tortilish ehtimoli borligini aytib ogohlantiradi.

“Vesti.uz” o‘z maqolasida shunchalar sayoz, aqlu mantiqdan yiroq taxminlar bildirganki, sanab tugatish qiyin. Eng asosiysi, ijtimoy hurmat qoidalariga mutlaqo rioya qilinmagan.

Sarlavhadan boshlay qolaylik.

“Pushkin tili” iborasi adabiyotshunoslik fanida majoziy o‘laroq qo‘llaniladi, yaʼni bu iborada rus xalqining va insoniyatning asli mavritaniyalik arab naslidan bo‘lgan ulug‘ shoiri Aleksandr Pushkin asarlarida qo‘llanilgan til va uning o‘ziga xosliklari nazarda tutiladi. Shu maʼnoni oladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda nafaqat Pushkin, balki Lev Tolstoy, Fedor Dostoyevskiy, Mixail Lermontov, Uilyam Shekspir, Jorj Gordon Bayron, Iogann Volfgang Gyote, Taras Shevchenko, Yakub Kolas va shu kabi bir qancha atoqli shoir va adiblar tili sira kamsitilmasdan, aksincha, ularning o‘zbekchaga o‘girilgan va asliyatdagi asarlari o‘rta va oliy taʼlim dargohlarimizda dars sifatida o‘tilmoqda. Yaʼni, barcha xalqlar madaniyatiga umuminsoniy qadriyatlar nuqtai nazaridan qarab, mutafakkir shoir va yozuvchilarning, olimlarning dunyo taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida taʼlim berilmoqda. Poytaxtimiz markazida bir Pushkinning emas, bir qancha dunyo adiblarining haykallari savlat to‘kib turibdi. Har yili ular poyiga gulchambarlar qo‘yiladi, sababi – ular mahdudlik doirasidan chiqib, umuminsoniy g‘oyalarni kuylagan, oliyjanob his-tuyg‘ularni tarannum etgan hurmatga sazovor zotlardir.

Jurnalistik axloqning eng qo‘pol buzilishi mazkur loyiha mazmunini o‘zga tillar kamsitilishi deb baholashda va shunday kemtik, nuqsonli o‘y-xayollarni ommaga eʼlon qilishdadir. Bu o‘rinda ayirmachilik va fitnachilik yaqqol ko‘rinib turibdi. Adliya vazirligi loyihasida xalqaro yozishmalar va davlat hujjatlarining o‘zbek tilida yuritilishi haqida so‘z bormoqda. Lekin, nima uchundir “Vesti.uz” aynan rus tili kamsitilmoqda deb ayyuhannos sola boshladi. Vaholanki, bugun O‘zbekistonda 130 ortiq millat va elatning madaniyat markazlari to‘laqonli faoliyat yuritmoqda, ularning ona tiliga, urf-odatlariga beqiyos izzat ko‘rsatilmoqda. Yana bir g‘alati tarafi, bu loyihaga rusiyzabonlardan va ayrim vatandoshlarimizdan boshqa hech kim salbiy munosabat bildirgani yo‘q, chunki barcha insofli-vijdonli kishilar ushbu loyiha “O‘zbek tili haqidagi qonun”imizga asoslanganini, shuningdek, bunday amaliyot o‘zbek xalqining qonuniy haq-huquqi ekanini ko‘rib-bilib, hurmat bilan munosabatda bo‘lib turishibdi. Demokratik tamoyillarni suiisteʼmol qilishga qaratilgan bunday chiqish biron-bir jo‘yali mulohazaga tayanmagani va xalqaro maydonda bo‘lmag‘ur shov-shuv ko‘tarishni ko‘zlagani ayon.

Bugungi kunda yuqorida tilga olib o‘tilgan Prezident farmoni, uning ijrosini taʼminlash yo‘lidagi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va amaliy ish dastur va rejalaridan kelib chiqqan holda, tilimiz ravnaqi uchun shunday ezgu ishlar qilinayotgan ekan, shu muqaddas o‘lkada yashab, shu havodan nafas olayotgan baʼzi kishilar bularni mulohaza qilib, shunday xayrli ishlarning to‘la amalga oshishida ko‘maklashsalar yaxshiroq bo‘lmasmidi? Chunki, zamonaviy shiddatlar aro turli tillar turli vaziyatlarni boshdan kechirmoqda, til sofligi, yangi termin va atamalarni joriy qilish, o‘z hayotiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda uning taraqqiyotini kafolatlash har xil shov-shuv ko‘tarishdan yuz karra aʼloroq ish emasmi?

Eng afsuslanarli jihati — maqola mualliflari ona tilimizga ko‘rsatilayotgan bunday eʼtibordan ko‘zlangan maqsadlar ular o‘ylagandan ko‘ra yuksak, qamrovi keng ekanini anglashmabdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil 21 oktyabr kuni imzolagan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida O‘zbekiston Respublikasi hududida barcha davlat hujjatlari va yozishmalar davlat tilida yuritilishi bilan bir qatorda, xorij mamlakatlarida “O‘zbek tilining do‘stlari” klublarining tashkil qilinishi, ona tilimizni, adabiyotimizni va boy adabiy-ilmiy merosimizni o‘rganayotgan taʼlim va ilmiy-tadqiqot dargohlariga (bunday dargohlar soni 60 dan oshiq) ko‘maklashish, qisqa qilib aytganda, dunyoda ellik milliondan oshiq kishi so‘zlashadigan ona tilimizni xalqaro darajaga ko‘tarish haqida so‘z boradi. Ko‘rinib turganidek, g‘oya ezgu, maqsadlar yuksak! Prezidentimiz kuni kecha O‘zbekiston aholisiga qilgan murojaatida ustoz shoir Abdulla Oripov qalamiga mansub davlat madhiyamizdagi “Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon” misrasini misol qilib keltirib, turli ofat va balolardan sog‘-omon, shon-sharaf bilan o‘tib kelgan xalqimiz oldida yorug‘ va nurli kunlar turganini aytgan edi. Ha, ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urmoqda, bu nafaqat bugungi pandemiyaga qarshi keng miqyosli va muvaffaqiyatli kurashda, balki barcha sohalardagi yaratuvchilik, bunyodkorlik ishlarida, shu bilan birga, milliy o‘zligimizning gultoji bo‘lgan ona tilimizni eʼzozlashda ham namoyon bo‘lmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligi respublikamizda ilm-fan taraqqiyoti uchun masʼul davlat organi hisoblanadi. Prezidentimizning“2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida mazkur strategiyaning bosh maqsadi inson kapitalini rivojlantirish etib belgilab qo‘yilgan. Ilm-fan va texnika yutuqlarini keng qo‘llagan holda iqtisodiyot tarmoqlariga, ijtimoiy va boshqa sohalarga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni tezkor joriy etish O‘zbekiston Respublikasi jadal rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi. Hozirda xalqimiz oldida turgan eng katta burchimiz — turli fan yo‘nalishlaridagi adabiyotlarni, yangiliklarni va terminlarni xalqimizga, xususan qiziquvchan va izlanuvchan yoshlarimizga o‘zbek tilida taqdim etishdir. Shuningdek, qonun va qonun osti hujjatlari loyihalari shu paytgacha rus tilida muhokamaga qo‘yilib kelingani o‘zbek tilida so‘zlashuvchi aholiga o‘z fikrini bildirishga to‘sqinlik qilgani, ularning huquqlari to‘la taʼminlamaganligi ham bor gap edi. Davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar tufayli shunday holatlar bartaraf etiladi va ijtimoiy adolat o‘z o‘rniga mustahkam tiklanadi.

“Vesti”chilarga va shunga o‘xshash hurmat-izzatdan yiroq xabarkashlarga kelsak, davlat madhiyamiz muallifi, ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripov yana bir sheʼrida “Men boshqa manzilga tikkanman ko‘zni, u sening kulbangdan juda ham yiroq...” deb yozgan edi. Bunday kimsalarga shuni aytgan bo‘lardimki, biz darhaqiqat boshqa, umuminsoniy manzillarga ko‘z tikkanmiz, u manzillar sizning tor, sayoz, zamondan orqada qolib ketgan nomaʼqul o‘y-xayollaringizdan juda ham yuksakda, insoniyat aql-zakovati, vijdoni va imonining eng ulug‘ cho‘qqilaridadir va bu, o‘zbek xalqining insof-adolatga, kishilarni eʼzozlashga, insoniylikni sharaflashga yo‘nalgan qutlug‘ anʼanalaridan biridir. Anʼanalarimiz gurkirab davom etishiga, Prezidentimiz taʼkidlab o‘tgan nurli manzillarga barchamiz bahamjihat erishishimizga esa, sira shak-shubha yo‘q.

Isajon Sulton,

Innovatsion rivojlanish vazirining maʼnaviy-maʼrifiy

ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi

qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

01.05.2020 482