"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Til — shaʼn, til — qadr-qimmat

Tarixdan maʼlumki, har bir mustaqil davlatning milliy ramzlari bo‘lgan. Va ularning muhofazasi qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan. Shunday ramzlardan biri ona tilidir. Konstitutsiyamizning 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, deya belgilangan.

Adliya vazirligi tomonidan o‘zbek tilining davlat tili sifatida maqomi va nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladigan qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan dastlabki palladayoq turli-tuman qarashlar va fikrlar yuzaga chiqdi. O‘zini shu yurt kelajagi, shu millat istiqboli uchun daxldor deb bilgan inson borki, o‘zbek tilining mavqeini oshirish bilan bog‘liq muammolarni hamda o‘z takliflarini dadil ko‘tarib chiqmoqda, fikr-mulohazalarini bildirmoqda.

Biroq... Loyihani batafsil o‘qimasdan, mazmun-mohiyatini teran anglamasdan qildan qiyiq axtarayotgan, eʼtiroz bildirayotganlarning ham borligi g‘oyatda achinarli. Holbuki, loyihada shaxsning tilni erkin tanlash huquqlariga daxl qilinmayapti. Hech bir tilga tajovuz qilinayotgani yo‘q. Sodda qilib aytganda, hech kim birovni o‘zga tilda so‘zlagani uchun javobgarlikka tortmayapti.

O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 42-moddasi davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishiga oid norma bilan to‘ldirilayapti, yaʼni davlat tilini hurmat qilish talab etilayapti, xolos. Shu bois hech qanday muammo yoki sarosimaga o‘rin yo‘q. Bu yerda asosiy maqsad kimnidir jazolash emas, o‘zbek tiliga hurmat-ehtirom ko‘rsatilishini taʼminlashdan iborat.

Yurtimizda hamisha boshqa tillarga nihoyatda katta hurmat ko‘rsatilgan. Ko‘ngilchanligimiz tufayli bugun o‘z ona zaminimizda o‘z ona tilimizning hurmatini joyiga qo‘yish turli bahs-munozaralar girdobida qoldi. Vaholanki, mazkur qonun allaqachon hayotga tatbiq etilishi kerak edi.

Shu o‘rinda xorij mamlakatlarida davlat tiliga qanday munosabat ko‘rsatilishiga, hujjatlar qaysi tilda yuritilishiga bir eʼtibor qiling-a. Germaniyada “Maʼmuriy amaliyotlar to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, maʼmuriy amaliyotlar uchun rasmiy til sifatida nemis tili belgilangan. Agar masʼul idoraga nemis tilidan boshqa tilda murojaat qilinsa, organ darhol uning nemis tiliga tarjimasini talab qilishi kerak. Nemis tilidan boshqa tilda murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.

Qatarda 2019 yilda qabul qilingan yangi qonunga ko‘ra, barcha davlat organlari va rasmiy hujjatlarda arab tilidan majburiy foydalaniladi. Qonun talablariga amal qilmaganlik uchun 50 000 Qatar riali (14 000 AQSH dollari atrofida) miqdorida jarima belgilangan.

“Davlat tili to‘g‘risida”gi Rossiya Federal Qonuniga ko‘ra, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, Rossiya hududida faoliyat yurituvchi har qanday tashkilot davlat tili (rus tili)da ish yuritishi, tashkilotni nomlashda ham davlat tilidan foydalanishi belgilangan. Qonunni buzish tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Endi haqli savol tug‘iladi. Xo‘sh, nega o‘zbek tilini himoya qilishda har doim turli to‘siq va g‘ovlarga duch kelinadi? Nima uchun o‘ttiz yildirki, davlat tili to‘g‘risidagi qonun yoki qarorlar ijrosi paysalga solinaveradi? O‘z tilimizni eʼzozlash, qadrlash yo‘lidagi muammolarni bartaraf etish shunchalar qiyinmi?

Tokaygacha o‘z ona tilini yaxshi bilmaydigan, har ikki jumlaning birida ajnabiy so‘zlarni qorishtirib so‘zlayotganlarga nisbatan murosa qilamiz?

Tokaygacha hamyurtlarimizning xorij mamlakatlariga safari chog‘idagi o‘sha yerning davlat tiliga hurmat va eʼtiboriga tan berganiyu, garchi xorijliklar ko‘plab tillarni mukammal bilsa-da, zarurat bo‘lmasa o‘z tilidan boshqa tilda gaplashmasligi, hatto ko‘cha-ko‘yda, bozorlarda ham o‘z ona tiliga nihoyatda yuksak munosabatda bo‘lishlariga qoyil qolgani haqidagi taassurotlarini chuqur orziqish, hayratu havas bilan tinglaymiz, mutolaa qilamiz. Qachon biz ham o‘z tilimizga ana shunday cheksiz hurmat va ehtirom ko‘rsatamiz? Nahotki, tilimizdagi g‘alizliklardan qutulish shunchalik qiyin?

Hali-hamon ko‘p joylarda ish yuritilish jarayonida tilimizga nisbatan noxolis munosabatlarga duch kelinayotgani bor gap. Ostanovka, bolnitsa, kafe, ofitsiantka, arenda, маклер.... Ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Ko‘cha-ko‘ylardagi savdo shaxobchalari, ovqatlanish nuqtalarining nomlanishi, turli tashkilotlardagi ish yuritish jarayonida qo‘llaniladigan hujjatlarning nomlari ham bemalol ushbu ro‘yxatdan joy oladi. Ammo hadeb xato va nuqsonlarni sanayverish bilan muammo hal bo‘lmaydi. Tevarak-atrofda o‘z tilining sofligiga, qadr-qimmatiga bepisand holda unga o‘zga tillarni aralashtirib so‘zlayotganlarni ayblash bilan ish bitmaydi. Amaliy ishga o‘tish fursati keldi. Shu nuqtai nazardan hozirgi paytda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan qonun qabul qilinib, hayotga tatbiq etilsa ayni muddao bo‘ladi. 

Mantiqan olganda, bundan 30 yil ilgari davlat tili maqomiga erishgan tilimiz ham ayni paytda taraqqiyot bosqichida bo‘lishi kerak. Garchand asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, o‘tgan vaqt ichida mavjud lug‘atlar to‘ldirildi, tilimiz yangi-yangi so‘zlar bilan boyitildi, unutilayotgan so‘zlar imkon qadar tiklandi. Meʼyoriy-huquqiy hujjatlar o‘zbek tilida yozilmoqda. Buni o‘zbek tilini kundalik turmush tarzimizga kengroq olib kirish borasida qilinayotgan ishlarning debochasi deb atash mumkin. Chunki tilimizni rivojlantirish, nufuzini oshirishda shuning o‘zi yetarli emas. Bu borada nafaqat mutasaddi tashkilot yoki xodimlar, balki barcha birdek masʼul bo‘lmog‘i lozim. 

Har bir tashkilot rahbarining davlat tilida ish yuritish bo‘yicha maslahatchisi lavozimining joriy etilishi davlat tiliga munosabatning yuksalayotganidan dalolat beradi. Maslahatchi tizimda hujjatlarning yuritilishiga, xodimlarining faoliyatida barcha jarayonning davlat tilida olib borilishiga eʼtibor qaratadi.Bu esa,o‘z navbatida, tilimiz sofligini taʼminlaydi.

Tobi qochgan bemor avval shifokor qabuliga boradi, so‘ng albatta dorixonaga keladi. To‘g‘ri, dorilar yoki tibbiyot vositalarining o‘zbekcha nomini eshitishga bemorning toqati yetmasligi mumkin. Biroq xodim eʼtibor va qunt bilan o‘z vazifasini sidqidildan bajarsa, tildagi g‘alizliklarni tuzatishga astoydil harakat qilsa odamlar bunga albatta ko‘nikadi. Yillar mobaynida shakllanib qolgan odatni birdaniga o‘zgartirish qiyin.

Qolaversa, farmatsevtikaga oid xalqaro umumiy atamalar, dori nomlari mavjud. Lekin jarayonda o‘zining asl nomini yo‘qotib qo‘ygan so‘zlarimiz ham uchrayotgani achinarli hol. Masalan, tilimizga singib ketgan apteka, retsept, tabletka, kapelnitsa, flakon, maska, antiseptik, poroshok, nastoyka, pipetka, instruksiya singari so‘zlar. Holbuki, ularning dorixona, dorilar ro‘yxati, xapdori, tomchi dori, shisha idish, tibbiy niqob, zararsizlantiruvchi vosita, kukun, eritma, tomizgich, qo‘llanma, yo‘riqnoma kabi binoyidek tarjimalari mavjud.

Bundan tashqari, yurtimizning noyob dorivor o‘simliklaridan tayyorlangan dori nomlari ham o‘zbek tilida chiroyli jaranglaydi. Shipovnikni naʼmatak, romashkani moychechak, kalendulani tirnoqgul, myatani yalpiz, pustirnikni arslonquyruq deb qo‘llaganimiz maʼqul emasmi? Umuman olganda, sohada qilinishi zarur bo‘lgan ishlar ko‘p. Shu nuqtai nazardan“Dori-Darmon” Aksiyadorlik kompaniyasida davlat tiliga oid qonun hujjatlari o‘rganilib, ish rejalari tuzildi. Yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish, xodimlarning davlat tilini o‘rganishlari uchun tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Oila — hayotning shoh asari. Unda kamol topayotganlar jamiyatning teng huquqli aʼzosidir. Ota-ona oilada farzandlarini ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalashi ham qarz ham farz. Binobarin, farzand vujudiga ona suti bilan singib ketadigan ona tili unga bir umr o‘zligini anglatib turadi. Bordiyu bunday muhim vazifaga ota-ona loqayd, beparvo bo‘lsa, bolaga yoshligidanoq o‘z ona tili qolib o‘zga tillarni o‘rgatishga ruju qo‘ysa, kelgusida bu ko‘plab xatolarga olib kelishi mumkin. Chunki o‘z tiliga nisbatan bepisand farzanddan ona yurtga muhabbat, oilaga sadoqatni talab qilish amri mahol.

Eʼtibor bergan bo‘lsangiz, Adliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan qonun loyihasida davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishni taʼminlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilanishi xususida so‘z yuritiladi. Tabiiyki, shu asnoda jamiyatdagi illatlarga barham beriladi. Ammo yuqorida taʼkidlanganidek, shaxs kamolotga yetadigan oila, bog‘cha, maktab, o‘quv yurtlarida ham bu borada tegishli ishlar amalga oshirilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, davlat tashkilotiga ishlashga yetib kelgunga qadar bosib o‘tiladigan bosqichlarda til masalasidagi poydevor mustahkam bo‘lmasa, ko‘zlangan natijaga qanday erishiladi? Shu sababli har bir bosqichga doir normalar ham ishlab chiqilishi kerak. Yaʼni go‘dak kalbida ona tiliga hurmat va ehtirom tuyg‘ularini shakllantirishga oid chora-tadbirlar ham belgilansa ayni muddao bo‘ladi.

Muxtasar qilib aytganda, O‘zbekistonda yashayotgan har bir fuqaro millatidan qatʼi nazar davlat tilimizni hurmat qilishi lozim. Ona tilimiz bebaho durdona, tengsiz xazina. Uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, milliy boylik sifatida ardoqlash, kelajak avlodga yaxlit holda yetkazish yo‘lida barchamiz yakdil bo‘laylik. Zero, til — shaʼn, til — qadr-qimmat.

Hidoyat JO‘RAYEVA,

“Dori-Darmon”AK Boshqaruvi raisining

maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,

davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga

rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

04.05.2020 709