"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Til g‘ururi

O‘zbek xalqi nihoyatda bag‘rikeng va mehmondo‘st xalq. Aksiomaga aylanib qolgan bu fikrni kundalik hayotimiz, o‘tmishimiz yaqqol tasdiqlaydi. Birinchi jahon urushi yillarida front chizig‘idan ko‘plab aholi, yetim bolalar O‘zbekistonga ko‘chirib kelindi. O‘zbek xalqi ularga boshpana berdi, egnini but qildi, qornini to‘yg‘izdi. Evaziga hech narsa so‘ragani yo‘q. O‘sha yillardagi o‘zbek xonadonidagi holatni o‘zimcha tasavvur qilaman: Oiladagi besh farzand yoniga yana besh nafar sariq sochli, ko‘k ko‘zli bolalar qo‘shib olingan. Ona bolalariga xitob qilarkan, noningizni ikkiga bo‘ling, yarmini mehmonga bering, mehmon xafa bo‘lmasin, kiyimingizni eskisini o‘zingiz kiyib yangisini mehmonga bering, mehmon xafa bo‘lmasin, yotog‘ingizni mehmonga berib pastda o‘zingiz yoting, mehmon xafa bo‘lmasin, mehmonlar oldida o‘zingizning tilda gaplashmang, mehmon xafa bo‘lmasin... TO‘XTANG! O‘ZBEGIM ONAM! G‘ururning ham chegarasi bor! Hamma narsani qurbon qilish mumkin, lekin tilni emas!!!

Albatta bu to‘qima voqea, biroq mehmonning hurmatini joyiga qo‘yish uchun o‘zbek millati hech narsasini ayamasligi ayni haqiqatdir.

Endi bugungi kunning real voqeliklariga qaytsak. Navbatdagi voqealarning birortasida birorta so‘z qo‘shilgan emas, faqat haqiqatlar. Keyingi vaqtlarda boshimdan kechirgan baʼzi hodisalarni hikoya qilmoqchiman.

Yaqinda xizmat safari bilan “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning Nukus-Toshket uchog‘i (samolyoti)da poytaxtga yo‘l oldim. Safarim mazmuni aynan davlat tiliga aloqador xizmat vazifasi bo‘lganligi uchun ichimda qandaydir ona tiliga bo‘lgan alohida hurmat tuyg‘usini sezayotgan edim. Uchoq xonimchalari (styuardessalar)dan “Assalomu alaykum” degan salomimga “Dobro pojalovat” alikini olib, joyimga borib o‘tirdim. Uchoq xonimchalari ko‘rinishidan biri o‘zbek, biri rus millatiga mansub bo‘lsa-da, ikkalasi ham rusiyzabon qizlar edi, chamamda. Qiziq, eʼtibor bersam, salondagi deyarli barcha yo‘lovchilar mahalliy xalq vakillari bo‘lsada, hech biri xonimchalar bilan o‘z tilida gaplashmayapti (tan olish kerak, hammamiz ham shundaymiz, faqat eʼtibor qilmaymiz!). Ular xizmatni boshlab “chto xotite?” deyishganda qandaydir g‘urur o‘z tilimda “gazlanmagan suv bering” deyishga majbur qildi. Menga esa gazlangan suv berishdi. Ikkinchi bor qattig‘roq ohangda “sizdan gazlanmagan suv so‘radim” deganimdan keyin, aftini bujmaytirgan xonimcha iltimosimni qondirdi. Xo‘sh nima bo‘pti, deyishingiz mumkin. Arzimagan tushunmovchilikdir, lekin alam qiladigani “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasining yo‘lovchilar bilan muloqot qiladigan xodimlari davlat tilini bilish u yoqda tursin, hatto tushuninshmasa!? Hech bo‘lmaganda mijoz hurmati, davlat tili hurmati - tushunadigan darajada o‘zbek tilini o‘rganishsa bo‘ladi-ku!

Safar davom etayapti: Toshkentga kelib o‘rtog‘im bilan bir kafega kirdik. Ofitsiant rusiyzabon yigit ekan. Ataylab o‘zbekcha gapirdim, tushunarkan, buyurmalarni to‘liq olib keldi. Biroq birorta o‘zbekcha so‘z aytgani yo‘q, zang‘ar.

Ozroq asabiylashdim, yana o‘zimni bosib bir voqeani esladim. 2018 yil dam olish maqsadida Toshkentdan Sochiga uchdik. Rossiya hududiga kirishda pasport nazorati boshlandi. Oxirrog‘ida chiqayotganimda xizmatdagi xodimlardan biri meni alohida xonaga taklif qildi. Kirsam uch nafar ruscha tushunmaydigan vatandoshimiz o‘tirgan ekan. Mendan tarjimonlik qilishni iltimos etishdi. Uch-to‘rtta rasmiy savol-javobni har ikki tarafga tushuntirib berdim. Yurtdoshlarimga berilgan oxirgi savol meni juda hayratlantirdi. “Agar ruscha bilmasanglar Rossiyada qanday yashaysizlar, ko‘chada yurolmaysizlar-ku?”. Men millatdoshlarimizga achinib ketdim... Endi shu holatni teskari tasavvur qilib ko‘ring: O‘zbekistonga o‘zbekchani bilmaydigan uch nafar rus yigiti kirib kelayapti, ularni pasport nazoratida qanday kutib olisharkan-a?! Javobi hammamizga yaxshi maʼlum!

Biz shunday bag‘rikengmiz, biz shunday mehmondo‘stmiz... Hatto baʼzan “o‘z uyimizda o‘z tilimizda gapirib xor bo‘lamiz”. Yaqinda feysbukda ruscha bilmaydigan YPX inspektori va “o‘zbekcha bilmaydigan” haydovchi majorosi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Haydovchi uyalmasdan o‘zbekcha tushunmayman deb, “bemalol ko‘chada yuribdi”. Bu-yam yetmaganday, “o‘z uyida o‘zgani tilini tushunmagan” mezbon hijolat bo‘lib, qoidabuzarning “aybini kechirdi”. Videoga “o‘z uyida, o‘z tilida gapirib xor bo‘lgan o‘zbek” deya izoh qoldirdim.

Ustozimiz Qozoqboy Yo‘ldoshev aytganiday, O‘zbekistonda o‘zbek tilidan boshqa hech bir til xo‘rlanib, oyog‘osti qilingan emas. Davlat tilini, davlatning nomida aks etgan millat tilini “ish yuritish tili” qilish nahotki millatchilik bo‘lsa?! XX asrning 30-yillarida millatparvar va tilparvar bir guruh ziyolilarimizdan ayrilgan edik, endi bu hol aslo takrorlanmaydi. Buni hamma bilib qo‘yishi kerak. Biz boshqa xalqlar tilini qanchalik hurmat qilishimizni “javobi hammamizga yaxshi maʼlum” jumlasida ifoda qilgan edik. O‘z yurtida o‘z tilini himoya qilolmagan o‘zbek – o‘ziga bekmi? O‘zga til vakillari “ko‘chada bemalol yurish” u yog‘da tursin, bemalol yashashyapti-ku!

O‘zbek boshqa hammaning tilini hurmat qiladi-yu, uning tilini boshqalar nega hurmat qilmaydi?! Mamlakatimizda nega rus tilida murojaat bo‘lsa, rus tilida javob qaytariladi-yu, o‘zbek tilida (davlat tilida!) murojaat qilinganda davlat tilini bilmaydigan xodimlar (styuardessa, ofitsiant v.b.) behijolat rus tilda javob qaytarishadi (bu masalada sizga yuzlab misol topib berishim mumkin). Nega o‘zbek boshqa millat vakili bilan o‘z uyida gaplashsa ham uning tilida gapirishi kerak? Nega birgina boshqa millat vakili qatnashgan yig‘ilish “mehmon tilida” olib borilishi kerak?! Nega yurtimizdagi elchilarga o‘z tilimiz turib, “o‘zga millat” tilida murojaat qilishimiz kerak?! Axir elchilardan o‘rganmaymizmi – katta davlatlarnig elchilari bizning hurmatimizga o‘zbek tilida gapirishyapti-ku... Tilimizni xor qilayotganlarning ko‘pchiligi millatdoshlarimiz emas-mi? Rusiyzabon millatdoshlarim ko‘zingizni oching, qalbingizni uyg‘oting!

Nega bizda til g‘ururi yo‘q?!!! Nega millatimizni, tilimizni sevmaymiz?

Biz andoza oladigan Rossiya va Yevropada, Amerika-yu Turkiyada,  Xitoy-u Yaponiyada davlat tiliga munosabat qandayligini ijtimoiy tarmoqlar orqali yaxshi bilamiz-ku! Nega O‘zbekiston boshqa mamlakatlardek bo‘lolmaydi?! Rusiyzabon vatandoshlarimga murojaat qilmoqchimanki, biz “Pushkin tili”ni hurmat qilamiz, Sizdan ham Navoiy tilini ham hurmat qilishingizni talab qilamiz! Xohlagan odam bilan, xohlagan joyda xohlagan tilda muomala qilishingiz mumkin. Lekin davlat ishlari davlat tilida yuritilishi shart. Qaysi amaldor buni xohlamasa, yo jarimasini to‘laydi yoki lavozimni bo‘shatib qo‘yadi. Istasangiz ham, istamasangiz ham shunday bo‘ladi!

Farhod Bobojonov

Qoraqadpoq davlat universiteti dotsenti,

filologiya fanlari nomzodi.

05.05.2020 814