"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Hushtakni qattiqroq chaling!

Agar haydovchi yo‘l qoidasini buzsa, YPX inspektori hushtak chaladi. Qoidabuzarga jarima belgilaydi. Bu bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan halokatlar oldi olinishi haqiqat.

Afsuski, millatni millat, davlatni davlat sifatida ko‘rsatuvchi ramzlardan biri ona tilimizni har qadamda buzishadi. Ammo hech kim bu holatdan tashvish chekmaydi. Aslida qoidabuzarlikning eng xatarlisi ona tiliga bo‘lgan bepisand munosabatdir.

Bundan o‘ttiz bir yil muqaddam yurtimizda «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingandi. Ushbu hujjat haqida gap ketganda, ko‘pchiligimiz yuzlab qonunlarning shunchaki, bittasiday tasavvur qilishimiz ham afsuski, haqiqat. To‘g‘ri, mohiyatan olganda tilga oid bir yo‘nalishni tartibga soluvchi meʼyorlar jamlanmasi, xolos. Ammo ana shu qonun bilan o‘zbek tili mahalliy til darajasidan katta harflar bilan yoziladigan DAVLAT TILIga aylandi.

Ammo til borasida og‘riqli muammolarimiz yo‘q emas. Oradan bir necha o‘n yilliklar o‘tibdiki, hamon uni to‘liq himoya qila olmadik.

O‘quvchilik yillarimiz tuman mudofaa ishlari bo‘limidan maʼlumotnoma olishga to‘g‘ri keldi. Maʼmuriyatga murojaat qildim. Ko‘rinishidan o‘zimiz qatori qishloq qizi bo‘lgan kotiba o‘n daqiqa kutib turishimni aytdi. Ko‘p o‘tmay qo‘limga rus tilida yozilgan “spravka” tutdi...

O‘shanda nega bundayligini tushunmaganman. Ona tili va adabiyot o‘qituvchimizdan o‘zbek tili rasmiy maqomda bo‘la turib, nega hujjatlar to‘liq o‘zbekcha yuritilmasligini so‘raganim ham yodimda. O‘shanda ustoz javob berishga qiynalgandi.

Yaqinda bir kishi telegram orqali menga xuddi o‘shanday “spravka”lardan birining suratini tashlab berdi. Shu bilan birga «Siz davlat tili bo‘yicha mutaxassissiz. Ushbu holatni qanday izohlaysiz?», deb yozdi.

Darhaqiqat, tilimizga davlat maqomi berildi. Ammo uni himoya qilish paysalga solib kelindi. Javobsiz savollarni esa chuqur o‘ylab ko‘rish, og‘riqli bo‘lsa ham uning ostidagi haqiqatni tan olishdan qochdik.

Yaqinda internetda tilga oid meʼyoriy hujjatlarni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonun loyihasi eʼlon qilindi va loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Agar qonun qabul qilinsa, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 42-moddasiga qo‘shimcha kiritiladi. Unga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarida davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bunda rasmiy ish yuritish davomida davlat tili nufuzini mustahkamlash nazarda tutilayotgan bo‘lib, o‘zaro muloqot davomida har kim o‘ziga qulay tilda so‘zlashishi mumkin.

Afsuski, ushbu loyihani noto‘g‘ri talqin qiluvchi yurtdoshlarimiz ham uchramoqda. Hatto o‘ziga xos kontentga ega bo‘lgan vesti.uz sayti «O‘zbekistonda Pushkin tili jarimaga tortilishi mumkin» sarlavhali maqola eʼlon qildi. Unda Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriy, Cho‘lponlarning tili-chi? 

Avvalo, bir jihatni unutmasligimiz kerak. Yangi qonun qaysidir tilni taqiqlash emas, davlat tilini himoya qilish maqsadida ishlab chiqilgan.

Ikkinchidan, davlat tili mustahkamlanishi boshqa tillar kamsitilishini anglatmaydi.

So‘zimiz boshida buyuk adibimizning hushtak haqidagi fikrini bejiz eslamadik. Joiz bo‘lsa, o‘zbek tili qoidalari buzilsa, hushtakni qattiqroq chalish fursati yetdi. Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan o‘zgartirish ana shu hushtak vazifasini o‘taydi.

B.XOLMUHAMMEDOV,

Samarqand viloyati hokimi maslahatchisi.

07.05.2020 590