"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Til – ulug‘ neʼmat, cheksiz imkoniyat

Farzandimiz so‘zlay boshlaganida qanchalar quvonganimizni, u bilan chaqaloq tilida gaplashganimizni bir eslaylik... Olam shodligi bor bu lahzalarda. Shunday chog‘larda til insonga qanchalar aziz va zarur bo‘lsa, uning daxlsizligi, himoyasi ham shu qadar muhim ekani ayon bo‘ladi.

Inson ulg‘ayib borgani sari o‘zligimizning muazzam poydevoriga bo‘lgan qarashlarimiz mustahkamlanib boradi. Shu asnoda qalbimizni turli shaytoniy qutqulardan, noto‘g‘ri qarashlardan asragan iymonimiz kabi muqaddas ona tilimizga bo‘lgan munosabatimiz ham yuksaladi.

Qariyb bir oydirki qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘layotgan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 42 moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi hujjat loyihasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu yerda hech bir millatga yoki o‘zga tilga nisbatan cheklov yoki nopisandlik yo‘q. Faqat davlat tiliga nisbatan sustkashlik va loqaydliklarni bartaraf etish nazarda tutilgan. Axir tashkilot yoki korxona rahbari davlat tiliga nopisand, loqayd munosabatda bo‘lsa boshqalardan, to‘g‘rirog‘i oddiy odamlardan nima kutish mumkin?

Atoqli adib Abdulla Qahhorning “nima uchun ko‘cha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?” degan qilich kabi keskir gapini eslaylik. Davlat tilini buzib gapirgani, amaldagi qonun va qarorlarga rioya qilmagani uchun jarima yozila boshlasa, yaʼni bu qonun kuchga kirsa, xuddi yo‘l qoidasini buzmaslik uchun naqadar hushyor va ziyrak bo‘lganimiz kabi tilimizga ham munosabatimiz o‘zgarishi tabiiy.

Bu qonun kuchga kirsa, shubhasiz, milliy til va adabiyotimizning mavqei yuksalishi o‘laroq, boy maʼnaviy merosimizni yana-da chuqurroq o‘rganish, yosh avlod tafakkuriga tilimizning bor tarovat va jozibasini singdirish imkoni kengayadi, xalqaro maydonlarda ham ona tilimizning nufuzi yuksaladi.

Ozoda BEKMURODOVA,

Toshkent shahar Yashnobod tumani hokimi maslahatchisi.

12.05.2020 573