"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ikkinchi jahon urushi davrida o‘zbek tilida chop etilgan gazetalar

“O‘zbekiston matbuoti tarixi” (1925-1952 yillar) kitobi mualliflari Ikkinchi jahon urushi frontlarida o‘zbek tilida 13 ta front va 3 ta diviziya gazetalari chop etilganligini taʼkidlaydi.

Jumladan, 1-Boltiqbo‘yi frontida “Dushmanga qarshi olg‘a”, 2-Boltiqbo‘yi frontida “Suvorovchi”, 3-Boltiqbo‘yi frontida “Vatan uchun”, 1-Belorussiya frontida “Front haqiqati”, 3-Belorussiya frontida “Qizil askar haqiqati”, 1-Ukraina frontida “Vatan sharafi uchun”, “2-Ukraina frontida “Suvorov natiski”, 3-Ukraina frontida “Sovet jangchisi”, Bryansk frontida “G‘alaba sari olg‘a”, Uzoq Sharq frontida “Bong” singari gazetalar chop etilgan.

Urush yillarida Shuhrat, Mirzakalon Ismoiliy, Ilyos Muslim, Nazarmat, Adham Rahmat, Nazir Safarov, Ibrohim Rahim, Ziynat Fatxullin, Adham Hamdam, Sulton Jo‘ra, Abdunabi Alimuhamedov, Mahmud Murodov singari o‘zbek xalqining ko‘plab taniqli yozuvchi, shoir va jurnalistlari harbiy xizmatga safarbar etilib, front gazetalarida faoliyat yuritdi. Ular yurtdoshlarimizning janggohlardagi jasoratlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, ular haqida maqola, sheʼr va ocherklar yozdi. Umuman, o‘zbek tilida chop etilgan front gazetalari o‘zbekistonlik jangchilarni ruhlantirib G‘alabaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, janglarda mardona kurashishga undagan.

– Tarixchilarimiz tomonidan Ikkinchi jahon urushi davrida chop etilgan o‘zbek tilidagi gazetalar yetarli darajada o‘rganilib, tadqiq etilmagan, – deydi Andijon davlat universiteti professori Rustambek Shamsutdinov. – To‘g‘ri, bu borada o‘tgan asrning 50-70-yillarida muayyan ishlar qilingan. Biroq, ular yetarli darajada emas edi. Ana shundan kelib chiqib, bu borada bir necha yil shogirdlarim bilan tadqiqotlar olib bordik. Moskva va sobiq Ittifoqning boshqa shaharlaridagi arxivlar, muzeylarda bo‘lib, Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan o‘zbekistonliklar va o‘zbek tilida chop etilgan front gazetalari haqida ko‘p maʼlumotlar, manbalar to‘pladik.

Ana shu o‘rganishlar, tadqiqotlar bo‘yicha yig‘ilgan manbaalar asosida 2017 yilda “Akademnashr” nashriyotida mening muallifligimda “Ikkinchi jahon urushi va front gazetalari” deb nomlangan uch jildlik kitob nashr etildi.

Tarixchi olim, professor R.Shamsutdinov rahbarligida “Meros” xalqaro ilmiy-amaliy ekspeditsiyasi jamoat fondi tashabbusi bilan Rossiya Federatsiyasi davlat kutubxonasida saqlanayotgan “Vatan uchun”, “Sovet jangchisi”, “Suvorovchi”, “Front haqiqati”, “Qizil askar haqiqati”, “Bong” , “Vatan sharafi uchun”, “Dushmanga qarshi olg‘a”, “Qizil Armiya” gazetalarining elektron nusxalari olib kelinib, o‘rganib chiqilgan. Saralanib, tartibga solindi. Qo‘shimcha manbaa va materiallar bilan to‘ldirilib, tayyorlangan materiallar “Ikkinchi jahon urushi va front gazetalari” (Birinchi kitob) kitobidan o‘rin oldi.

Maʼlumki, urush yillarida chop etilgan o‘zbek tilidagi front gazetalari eski o‘zbek imlosida chop etilgan. Muallif gazeta maqolalarini krill imlosiga o‘zgartirib, o‘sha davr ruhi, mafkura va g‘oyasi aniq, ravshan bo‘lishini taʼminlash nuqtai nazaridan har bir maqolani asl holicha berishga harakat qildi.

– Kitobda o‘sha davrni ulug‘lovchi so‘z, ibora va atamalarni, o‘sha davr ruhini aks ettiruvchi g‘oya va mazmunni aslicha qoldirishni lozim topdik, – deydi professor R.Shamsutdinov. – Chunki, ularni tuzatish yoki o‘zgartirish tarixiy davr ruhini buzilishiga olib kelishi mumkinligi hisobga olindi. Ularni qandayligicha eʼtirof etish tarixiylik tamoyillariga to‘la mos keladi.

Ikkinchi jahon urushi frontlarida o‘zbek tilida chiqqan gazetalar front va front ortidagi O‘zbekiston xalqining G‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasini to‘laqonli yoritishda muhim manbadir. Umuman, front gazetalari chop etilgan har bir maqola, ocherk, xabar, suhbat, axborot, frontga yo‘llangan maktublar, jangchilarning ota-onasiga, turmush o‘rtog‘iga, farzandi, qavmu qarindoshiga yozgan xatlari, harbiy qo‘mondonlik va bo‘limlar tomonidan o‘zbekistonlik jangchilarga berilgan turli faxriy yorliq, mukofotlar, fotosuratlar O‘zbekistonning Ikkinchi jahon urushi davridagi tarixini, yurtdoshlarimizning urushdagi ishtiroki va G‘alabaga qo‘shgan hissasini to‘laqonli bilishda muhim manbaa bo‘lib xizmat qiladi.

Masalan, 3-Boltiqbo‘yi fronti “Vatan uchun” gazetasining 1942 yil 5 noyabrdagi sonida Andijon davlat pedagogika instituti o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri Asqad Muxtorning “Oktyabr sovg‘asi” deb nomlangan sheʼri chop etilgan.

Ikkinchi jahon urushi davrida o‘zbek tilida chop etilgan front gazetalarining har bir soni, har bir sahifasida o‘zbek o‘g‘lonlarini mardlik, jasoratga chorlovchi yuqoridagi kabi sheʼru maqolalar, ocherklar o‘rin olgan.

Ikkinchi jahon urushi davri xalqimiz tarixining o‘chmas sahifasidir. Biz bugungi avlod o‘sha davr manbalarini chuqur o‘rganish, o‘qish orqali millatimizning shonli tarixini qalbimizga muhrlab borishimiz lozim. Bu tariximizga, bugungi tinch-farovon hayotimizga tamal toshi qo‘ygan avlodlarimiz xotirasiga hurmatimiz namunasi bo‘ladi.

12.05.2020 1386