"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“So‘z so‘zlashda... andisha kerak”

- 1 -

Abdulla Qodiriy nomi tilga olinganda bir entikib, hayratlar bilan Otabek va Kumush, Anvar va Ra’nolar taqdirini esga olmaydigan o‘zbek ziyolisi, adabiyot muhibi topilmasa kerak. Adibning badiiy so‘zida betakror joziba mujassam bo‘lgani bois “O‘tkan kunlar”ni necha topqir o‘qilsa ham, odam to‘ymaydi, zerikmaydi; qayta o‘qishga zarurat sezaveradi. Roman zavq-shavq bilan yutoqib o‘qiladi. Qayta o‘qishda asarning yangidan-yangi qirralari ochilib boradi. Bir o‘qilganda e’tiborsiz o‘tilgan tasvir va epizodlar boshqa safar diqqatni tortadi. Bu hol, tabiiyki, adibning obraz yaratish mahoratiga, inson qalbini chuqur anglashiga, voqea-hodisalar bayon usuliga tegishlidir. Zero, adabiyotdek so‘z san’at uchun badiiy til juda muhim sanaladi; so‘z vositasida obrazlar, manzaralar, tuyg‘ular suvratlantiriladi. Barchaga ayon bu haqiqat badiiy adabiyotning alifbosi. Buga isboti uchun maxsus ko‘chirmalar xojat yo‘q. Ammo Abdulla Qodiriyning so‘zga, badiiy tilga, o‘zbek adabiy tiliga e’tibori – bunga bugan alohida to‘xtalish zarur, albatta. Uning so‘zida insonni o‘ziga bog‘lab turadigan mustahkam ma’naviy iplar, odamni o‘ziga ohanrabodek tortib turgan kuch-quvvat bor. Buni o‘quvchi sezmasligi mumkin emas. Aynan so‘zning ta’siri bois Kumush o‘lgan sahnada ho‘ng-ho‘ng yig‘laydi kitobxon. Aytmoqchi, bu epizod yig‘lab yozilgan. Demak, adibning ko‘ngil bulog‘i shu sahifalarga to‘kilgan. Adibning adabiy-estetik dunyosi, ijodkor dardi ana shunday yuzlab sahifalarga muhrlanadi...


- 2 -

Har qanday milliy tilning boyishi, tiklanish, yuksalishida ijod ahlining ulkan xizmatlari bo‘ladi. Jahon adabiyotidagi allomalar birinchi navbatda milliy tillarining dunyoda yashab qolishi uchun ularga o‘z asarlari bilan ma’naviy yodgorliklar qo‘ydi. Imkon topganlari o‘z ona tili bilan boshqalarni qiyoslab ilmiy-nazari kitoblar yozdi.

Adabiy tilining shakllanishi, baland maqomi, sheva xazinasidagi so‘zlarning iste’molga olib kirilishi va esdan chiqqan tub so‘zlarning qayta qo‘llanishida adiblarning benazir badiiy tafakkuri vositachilik qiladi. Xalq ichidan olingan jonli so‘zlar ularning ijod xumdonida toblanadi, pishadi, qayralib sayqal topadi. Shu zaylda xalqning tuganmas xazinasiga, muomala-munosabatlarida ma’naviy mulkiga aylanadi.

O‘zbek tilining tarixi uzoq. Ammo zamonaviy o‘zbek adabiy tilining shakllanishida jadid adiblari, XX asrning 20-yillari matbuot nashrlari, turli ma’rifiy tashkilotlar aynan milliy til istiqboli bilan bog‘liq vazifalarni o‘z zimmalariga olgan edi. Bu davr adiblari asarlari qo‘lyozmasida o‘zicha, nashr bo‘lgan gazeta va jurnallarning har biri tajribaviy yo‘sinda o‘zicha “adabiy til”ni qo‘llagani ma’lum. Davr matbuotida manbalar ko‘p hollarda tahrirsiz ham berib borilgan edi. Ziyo Said jadidlar matbuoti tarixini yozar ekan, albatta, ularning tili va uslubiga e’tibor berdi; “o‘rta shevada”, “tili o‘zbekcha deyilgan bo‘lsa ham, arabcha, forsiya ko‘p bo‘lishi ustiga o‘sha usulda jumlalar tuzilar edi”, “jurnalning sarfiy-nahviy xatolari ham yo‘q emas edi” kabi mullohazalar bildirib, “tilidan o‘rnaklar” keltirdi.

Bu davrdagi o‘zbek adabiy tilini kuzatgan jadid munaqqidi Vadud Mahmud “Cho‘lponning tasviri sof”ligini, Fitratning “o‘ziga maxsus tili” bo‘lib, “o‘zbekchani ikkinchi qatla tirgiz”ganini aytadi. Davr adabiy tilining muhim bir tarafini ko‘rsatadi: “Bu kunigi til bo‘lsa, u eski islomiy ruhdan ayrilg‘ondan bittobe’ uning istiloh va ta’birlarini, fikr qoliblarini tashlab, oz bo‘lsa ham asriy fikrlar, ba’zi bir qoliblar – so‘zlar olmoqda va shu yo‘l bilan bormoqdalar. Bu yangi tilning bir xususiyati, muhovara (so‘zlashuv-B.K.) tiliga yoqlashmoq tamoyuli borlig‘idir”.

Fitarat boshqargan “Chig‘atoy gurungi” jamiyati a’zolari adabiy tilni tub turkiy so‘zlar hisobiga boyitish ustida jiddiy qayg‘urib, o‘z qarashlari, taklif va topildiqlarini 1920 yil bahorida bosila boshlagan “Tong” jurnalida yoritib bordi. “Bu jurnal til va imlo masalasiga juda katta ahamiyat berdi va bu yo‘lda yaxshigina ishladi. Ba’zi bir nomerlari tilimizga kirib qolgan arab va forsiy so‘zlariga qarshi jihod bilan maydonga chiqdi. L.Azizzoda xotirasiga ko‘ra “Gurungning (“Chig‘atoy gunrungi” jamiyati nazarda tutiladi – B.K.) haftalik yig‘ilishida har bir a’zoga eski chig‘atoy-o‘zbek so‘zlarini topib kelish yuklanar va buning uchun keksalar, kampirlar, ko‘proq qishloq aholisi bilan suhbatlashish tavsiya qilinar edi”. Jamiyat a’zolari tomonidan o‘sha davrda o‘zbek adabiy tiliga kiritilgan “boshqarma”, “bildirish”, “atama” kabi so‘zlar hozir ham keng ishlatiladi. O‘zbek adabiy tilining taqdiriga befarq bo‘lmagan, asarlari tilini xalq so‘zlashuv tiliga yaqinlashtira borgan Julqunboy ham o‘sha “gurung”ga a’zo edi.

Uslubini “o‘rta imlo”ga moslagan “Inqilob” jurnalining 1923-1924-yilgi sonlarida “O‘tkan kunlar” romanidan bir nechta fasl bosildi. Tabiiyki, roman muallifi jurnalning “maqola va she’rlar o‘rta imlo bilan yozilsa va yangicha yozib idorani mashaqqatga solinmasa edi” degan iltimosiga rioya qiladi. Chunki “O‘tkan kunlar” matnida yangidan shakllanib kelayotgan adabiy til bilan birga an’anaviy mumtoz o‘zbek nasrining ayrim unsurlari ham qo‘llangan edi. Shu uyg‘unlik roman tiliga go‘zallik bag‘ishlaydi; yangicha til mutlaqo quruq va sun’iylashib qolishi mumkin bo‘lganidek, butunlay mumtoz nasr tilida yozish ham, ehtimol, ma’rifattalab o‘quvchilar uchun nisbatan og‘irlik qilar edi.


- 3 -

Julqunboyning boshlab yozgan asarlari tili bilan “O‘tkan kunlar” romani qiyoslanganda tabiiylik, samimiylik, xalq jonli tiliga yaqinlik yaqqol seziladi. Adibning nasrdagi ilk tajribasi bo‘lgan “Juvonboz”ning tilini Oybek “duoyi salom” tili, jonsiz, bo‘yoqsiz, “quruq” bir til, deb tanqid qiladi; uning “xalq tilidan juda uzoq” ekanini aytadi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmaydi. Adib “Uloqda” hikoyasini e’lon etadi va u “tirik, obrazli bir til” bilan yozilgan edi. Abdulla Qodiriy asardan asarga badiiy tasvir, uslub va poetik til jihatidan ham yuksalib boradi. Oybek Abdulla Qodiriy romanlari tili masalasi o‘rtaga qo‘yilganda: “O‘tkan kunlar” romanida yozuvchi til ustida katta mahorat ko‘rsatadi. Romanning tili, haqiqatan boy, bo‘yoqli, sodda, ifoda kuchi zo‘r, massaga anglashilarli bir tildir. O‘zbek adabiy tilining shakllanishida bu asarning roli, shubhasiz katta”; “O‘tkan kunlar” yangi o‘zbek adabiy tilining taraqqiyotida katta rol o‘ynaydi”, degan teran fikrlarni yozdi.

Qodiriyshunoslar adibning badiiy til bobidagi mahoratiga qoyil qoldi, tan berdi. Hatto o‘sha 30-yillar muhitida turib, “O‘tkan kunlar”ni ayamay tanqid etgan Sotti Husayn ham yozuvchining “o‘zbek adabiy tilining takomilida katta xizmati bor”ligini ta’kidladi: “A.Qodiriy “O‘tkan kunlar” ro‘manini asosan hozirg‘i adabiy til bilan yozg‘an. Adabiy tilimizning yaxshi ishlanmaganidan xalq orasida iste’moldag‘i so‘zlarni diqqat bilan terib, o‘z o‘rnida ishlatmishdir. Til ustida maxtarliq, taqdir etarlik ish ko‘rsatkan”. S.Husayn Qodiriy qo‘llagan so‘zlarni tasniflaydi; romandagi jozibali tasviriy nuqtalarga diqqat qaratadi, xalq jonli tildan, og‘zaki ijod namunalaridan o‘rinli foydalanganiga urg‘u beradi.

Bunday mulohazalar Abdulla Qodiriyning nomi oqlanayotgan 60-yillar arafasida ham, qatiqni puflab ichayotgan ziyolilar masalaning mafkuraviy tomoniga nihoyatda ehtiyot bo‘lib yondashgani holda “har ikki romanning tili boy, sodda va badiiy jihatdan yuksak bo‘lishi bilan, avtorning mohirligi bilan katta so‘z san’atkorligidan darak berar edi” (S.Abdulla fikri), “mening nazarimda, Abdulla Qodiriy o‘sha paytda o‘z tili va mahorati bilan boshqalardan ajralib turadigan iste’dodli so‘z san’atkori ekanini ko‘rsatgan edi” (M.Muhamedov fikri) kabi qarashlarni bayon qildi.

Darhaqiqat, oradan sal kam bir asr o‘tgan bo‘lsa-da, bugun ham Abdulla Qodiriyning o‘zbek adabiy til taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos xizmatlari yurak-yurakdan e’tirof etishga, adibning mahorati, go‘zal yozg‘ichi - qalamiga tahsin aytishga majburmiz. Julqunboy ikki asr va ikki turli tuzum chegarasida yashadi. Umri tugab borayotgan “xon zamonlari”, “musulmonobod” bo‘lgan o‘sha zamon odamlari turmushi bilan yangilanayotgan, zamonaviylashayotgan Turkiston ahli hayotini qiyosladi. Shu bois uning asarlari tilida mumtoz nasr bilan yangi o‘zbek adabiy tilining uyg‘unligi aniq kuzatiladi. Eng muhimi, bu poetik til Abdulla Qodiriy asarlariga, xususan, moziydan so‘z ochgan romanlari mohiyatiga juda mos keladi. Sun’iylik sezilmaydi. Lozim o‘rinlarda yuqori tabaqaga mansub obrazlar tili yoki farmonlari matnini ham individuallashtiradi.

Xalq maqollari har qanday millat adabiy tilining fasohat va balog‘atini ko‘rsatadi. O‘rnida qo‘llangan maqol badiiy asarga ko‘rk bag‘ishlaydi. Bunday hol Abdulla Qodiriy asarlari tilida ko‘p kuzatiladi. Xususan, “Yaxshi niyat yorti mol”, “Dardi yo‘q – kessak, ishqi yo‘q - eshshak”, “Osilsang ham baland dorg‘a osil”, “Sut bilan kirgan – jon bilan chiqar”, “Kelinni kelg anda ko‘r, sepini yoyganda ko‘r, “O‘rgangan ko‘ngil o‘rtasa qo‘ymas”, “Qo‘rqoq oldin musht ko‘tarar” kabi maqol va iboralar ko‘p uchraydi. Ulardan ayrimlari sarlavhaga ham olib chiqilgan.

O‘zbek adabiyotshunoslaridan tashqari xorijlik olimlar ham, deylik, amerikalik tadqiqotchi Xristafor Maykl Murfi “O‘tkan kunlar”dagi konflikt masalalariga, obrazlar uchun tanlangan ism va ularning talqiniga, romanda aks etgan tarixiy voqealarga, xarakter va personajlarga, “Mehrobdan chayon” romani syujeti hamda qahramonlariga e’tibor berdi. Adib romanlarining tilini yangi va, ayni chog‘da, o‘zbek adabiyoti tarixida mavjud hikoya qilish an’analariga yaqin turadi, dedi. Fikr isboti uchun “Mahbubul qulub” va “Boburnoma”ni qiyosladi. Xalqning so‘zlashuv tiliga yaqinligi, ba’zan xalq dostonlari tiliga xos jihatlar borligini, bunda adib o‘quvchilar ommasini ko‘proq o‘ylaganini yozdi.


- 4 -

Abdulla Qodiriy asarlari uning benazir poetik tafakkuridan darak beradi. Badiiy tafakkur esa nutq hodisasi bilan bog‘liq, albatta. Har bir millat adibi o‘z milliy tilida fikr yuritadi, shu milliy tilning lug‘at boyligiga tayanib ijod qildi. E’tibor berilsa, Abdulla Qodiriyning ayrim qahramonlari, deylik “Mehrobdan chayon”dagi Xudoyorxon obraziga ham aynan tilga e’tibor masalasida milliy tuyg‘ularni singdiradi: “Xudoyor muhr bosish asnosi yozilg‘an yorlig‘ va nomalarni o‘qutib eshitar, munshilarning eshitilmagan arab va fors so‘zlari orqaliq to‘qug‘an yarim turkiy jumlalariga aksar vaqt tushunmas: “Enalaring‘ arapqa tekkanma?” deb mirzo, muftilarni koyir edi. Ammo Anvarning yozg‘an har bir jumlasini musiqiy kabi rohatlanib, tushunib tinglar va “shu bala barilaring‘dan ham o‘qug‘anraq chiqar!” deb, boshqa mirzolarning yuragiga o‘t yoqar edi”. Xudoyorxonning “turkiy jumlalar”ga alohida qaragani, Anvarning inshosini maqtagani – bu muhim gap. Yana bir zarur gap shuki, adib ayni epizoddagi Xudoyorxon nutqiga xuddi tilshunos kabi roman hoshiyasida shunday bir izohni yozadi: “Xudoyor qipchoqlar ichida o‘skani uchun tili o‘zbekchadir. Enalaring so‘zidagi “ng” harfini “ng‘” ravishida qalin so‘zlaydir. Bu kungi farg‘ona o‘zbeklarida ham (ayniqsa qishloqilarda) yumshoq “ng” o‘rnida qalin “ng‘” ishlatish ko‘b eshitiladir. Hozirgi isloh qiling‘an harfimizda bu qalin “ng”ning maxsus shakli yo‘qdir. Yozg‘anda (n-g‘) harflaridan bir tovush yasalsa ham, biroq o‘qug‘anda har kim buni o‘z maxrajidan chiqarolmas, yanglish o‘qur. Bu qalin “ng” o‘zbekcha bir necha so‘zdagina ishlatilmay ko‘b (ellilab) so‘zda iste’mol qiling‘ani uchun manimcha alohida bir shakl qabul qilish ehtiyoji his etiladir. Masalan mashhurlari: zang‘, pang‘, lang‘, darang‘, qalang‘i-qasang‘i, dang‘, to‘ng‘uz, shang‘i, to‘ng‘illamoq, to‘ng‘, to‘ng‘uch va ang‘iz, ting‘ boshqalar... Eski “ning” “ng” ravishida isloh qilingan. Bu yo‘g‘on “ng‘” ham “g‘” harfining ustiga uch nuqta qo‘yulib yozilsamikin...”.

Yangilanayotgan adabiy til ustida bahslar, turlicha qarashlar aytilayotgan bir muhitda adibning milliy til taqdiri ustida bunday kuyunishlarini chin ziyoliga xos fazilat sanalishi lozim, albatta.

“Mehrobdan chayon”ning “Qiziqlar” faslida o‘tmishdagi o‘ziga xos xalq teatr san’atining namunasini tasvirlaydi. Sahnaga olib chiqilgan qiziqchilarning qochirim va askiyalari vositasida o‘zbek tilidagi so‘zlarning ko‘pma’nolilik jihatlarini namoyish etadi. Ba’zan bitta so‘zning ichki yoki ko‘chki ma’nosidan kulgi paydo bo‘ladi.

Hech shubhasiz, Abdulla Qodiriyning adabiy merosi o‘zbek adabiy tilining tarixida alohida bosqich sifatida qaralishga munosibdir. Chunki adibning qo‘llagan so‘zlari, xalq ichidan tanlab, topib olgan ta’birlari, xalqona badiiy tasvir vositalari – bularning bari hozirga qadar o‘zbeklar uchun tiniq fikr ifodasiga xizmat qilib keladi.

Abdulla Qodiriyning ulkan hajmdagi romanlaridan tortib, oddiygina bir nechta qatordan iborat “bildirishnoma”larigacha – barcha-barchasida tesha tegmagan ta’birlar, o‘ziga xos poetik nutqning betakror namunalari ko‘rinadi.

“O‘tkan kunlar”ning “Kumushning so‘z o‘yini” faslida adib Otabek, Kumush va Zaynabni uchburchak holida o‘tirg‘izib tasvirlaydi. O‘sha “din adolatka buyurgan” va “ota-onaning hurmatlari ko‘ndalang” bo‘lgan muhit bayonida adib ikki xotinli Otabekning Zaynabga nisbatan “majburiyati”dan, ko‘ngilsizligi va o‘quvchini zeriktirib qo‘yishidan so‘z ochadi. Kumush bilan munosabatlari tavsifida esa o‘quvchi zerikmaydi, yozuvchiga zavq-shavq bilan ergashadi; “chunki Otabek va Kumush ishqlarida samimiyat, yana to‘g‘risi she’riyat bor edi”. Romanning bu kabi majzub epizodlarida adib juda noyob tasviriy so‘z va iboralarni topib qo‘llaydi.

Adib qahramonlarining tashqi qiyofasi tasviri uchun ham eng esda qolarlik o‘xshatma so‘zlar va so‘z birikmalaridan foydalanadi. Otabek yoki Kumush bibining tashqi ko‘rinishi tasvirida so‘zlarni marjondek ipga tizadi. Adibning “nafrati”ga duchor bo‘lgan “Mehrobdan chayon”dagi Abdurahmon domla yoki “O‘tkan kunlar”dagi Jannat opa portretini chizishda ham mahoratini namoyon etadi: “Ul (Jannat opa nazarda tutiladi - B.K.) yerdan bichib olg‘andek pak-pakana, burni yuzi bilan barobar deyarlik tep-tekis, ko‘zi qoqqan qoziq o‘rnidek chup-chuqur, og‘zi qulog‘i bilan qoshiq solishar darajada juda katta, yuzi qirq yillik og‘riqlarnikidek sap-sariq, qirq besh yoshlar chamasida bir xotin edi. Kumushbibi o‘ziga tomon kelguchi bu dahshatlik xotinni umrida birinchi martaba ko‘rar edi. “Nima qilib yuribti bu och arvoh!” deb o‘yladi. Xotin o‘n adimlab uzoqdan yuziga sovuq va tushda qo‘rqarliq bir kulgi tusi berdi. Dimog‘i bilan “qix” etib qo‘ydi”. Yozuvchi bu xotinning qiyofasi tasvirida “pak-pakana, tep-tekis, chup-chuqur, sap-sariq” kabi ma’nosi orttirilgan sifatlarni, shuningdek, “q” tovushi qatnashgan qator so‘zlarni g‘ayrishuuriy ravishda ishlatadi, ehtimol. Ustiga-ustak o‘sha birgina “Dimog‘i bilan “qix” etib” qo‘yishidan ham xotinning ichki vahshoniyati va niyati buzuqligi anglashiladi; obraz tabiatini shu bema’ni va qo‘rqunch sas bilan individuallashtiradi. Shunga o‘xshash “Mehrobdan chayon” romanidagi Solih maxdum tabiatining o‘ziga xosligi bayonida u birov bilan so‘zlashganda, “ayniqsa, bir narsadan taajjublanganda siyrak va lekin to‘g‘ri, baquvvat o‘skan soqolini tutamlab o‘ng ko‘zini bir oz qisib” qarashi va o‘z nutqida “habba” deb qo‘yishi ham ko‘pchilik o‘quvchilariga ma’lum gap, albatta. “Domlaning bu “habba”si nima ma’noda qo‘llanilar, o‘zidan boshqa hech kim bilmaganidek, undan bu to‘g‘rida izoh ham so‘ramag‘an edilar. Har holda “habba – habali” yoki “ha, barakalla” bo‘lsa kerak. Chunki ul bir narsadan xursand va rozi bo‘lg‘anda aksar “habba” deb yuboradir”. Har qanday vaziyatda ham shu bitta “habba” so‘zining assosiatsiyasidan o‘quvchi tasavvurida Solih maxdumning qiyofasi aniq gavdalanadi. Badiiy ijodda topilgan va o‘rnida ishlatilgan bitta noyob so‘zning quvvati ham yozuvchi mahoratidan darak beradi.

Abdulla Qodiriyning asarlaridagi estetik go‘zallik bevosita mahoratga, yozuvchining izlanishlari, ijodning mehnat-mashaqqati, faqat san’atkorgagina xos nazari bilan ham bog‘liq. Zero, Julqunboyning o‘z e’tirofiga ko‘ra, u materiallarni, joylarni puxta o‘rganadi; bu jarayonda eng mayda detallarga ham diqqat qaratadi. Adib yozadi: “Materialni o‘rganish mahalida eng mayda narsalarga (detallarga) ham ahamiyat beraman. Masalan, men haligi o‘rganmoqchi bo‘lgan yerda qancha daraxt borligi, ularning qanchasi eski va qanchasi yangiligi, men borgan mahalda o‘sha daraxtlarda qanday qushlar qaysi holda qo‘nib turganligi va shunga o‘xshash juda mayda narsalargacha. Birinchi qaraganda, u mayda narsalar hech ahamiyatga molik bo‘lmaydigandek ko‘rinsa ham, keyinroq foydasi tegib qolishi juda mumkin”. Tasvirning ishonchliligi uchun o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan bunday manzaralar yozuvchiga yordam beradi. “O‘tkan kunlar”ni yozishdan avval adib voqealar kechadigan joylarni ko‘radi, turli ko‘chalardan yuradi, qabristonda tunaydi va xon o‘rdalarini sinchiklab o‘rganadi. Masalan, Qo‘qon o‘rdasining qopisini shunday beradi: “Ayniqsa, darbozaning ikki biqinidag‘i “o‘girmagul” tarzi bilan ishlangan guldastalar, darboza ravoqidag‘i ganchdan qabartirilib yasalg‘an bo‘rtma naqshlar, gullar hali o‘zlarining nafosatlarini unchalik yo‘qotmag‘an edilar”. Juda nafis so‘zlar bilan berilgan bunday tasvirlar adibning sinchkovligini anglatadi. Aniq tasavvur qilingan manzaralar tiniq tasvirlanadi; o‘z o‘rniga tushgan yorqin so‘z yolqini tafakkur puchmoqlarini yoritadi.

Ba’zan Abdulla Qodiriy o‘z asarlarida mumtoz nasrga xos saj’ san’atidan ham foydalanadi. Deylik, o‘rdalik bir samovarchi devonani so‘zlatib: “...choyxonada sakkiz yigit, o‘rtasida bitta chigit; kakir-kukir etar chilim, katta-kichik unga yelim! Bu na balo, bu na qazo?...” desa, boshqa bir o‘rinda - “Salomnoma”da boylarga qarata: “Maskov borib kelibon, minglab foyda qilibon, haftada gap yeyibon, tomga karnay qo‘yibon; xalq qayg‘usin yemayin, maktab ochay demayin; ellik-oltmish qo‘y bergan, sakkiz kunlab to‘y bergan – Turkiston savdogarlariga salo-o-om!..”, deb yozadi. Bunda savdogarlar xarakteri o‘zaro zidlashib yig‘ilgan so‘zlar vositasida ochiladi...


- 5 -

Abdulla Qodiriy Kumushni qanday tasvirlaydi? Juda beg‘ubor va begidir. Agar esingizda bo‘lsa, romanning avvalidayoq Kumush ruhiyatida ham g‘alati bir parishonlik sodir bo‘ladi. U ham Otabekka o‘xshab allatavur bo‘lib yuradi. Adib Kumush o‘sha holatini juda jozibali tarzda, quyuq obrazli til bilan quyidagicha chizadi: “...uyning to‘riga soling‘on atlas ko‘rpa, par yostiq quchog‘ida sovuqdan erinibmi va yo boshqa bir sabab bilanmi uyg‘oq yotqan bir qizni ko‘ramiz. Uning qora zulfi par yostiqning turlik tomonig‘a tartibsiz suratda to‘zg‘ib, quyuq jinggila kiprak ostidag‘i timqora ko‘zlari bir nuqtag‘a tikilgan-da, nimadir bir narsani ko‘rgan kabi... qop-qaro kamon, o‘tib ketgan nafis, qiyig‘ qoshlari chimirilgan-da, nimadir bir narsadan cho‘chigan kabi... to‘lg‘an oydek g‘uborsiz oq yuzi bir oz qizilliqg‘a aylangan-da , kimdandir uyalg‘an kabi...”. Bu ko‘chirmada berilgan Kumushning holatini tasvirlashda yozuvchi so‘zlarni marjondek tergani ko‘rinib turibdi.

Yoki aynan ana shu qahramonning boshqa bir epizoddagi holatini berishda ham yozuvchi bor badiiy mahoratini ishga soladi: “...Ariqning musaffo tiniq suvi yovoshg‘ina oqib kelar, Kumushbibining qarshisig‘a yetkanda go‘yoki, uning ta’zimi uchun sekingina bir charx urib qo‘yar, o‘z ustida o‘ltirgan sohiraning sihriga musahhar bo‘lg‘an kabi tag‘i bir kattaroq doirada aylangach, ohistag‘ina ko‘prik ostig‘a oqib ketar edi. Ariq suvining nihoyatsiz harakatini uzoq ko‘zdan kechirib o‘turg‘ach qo‘l uzatib suvdan oldi va yuzini yuvdi. Uning yuzini o‘pib tushkan suv tomchilari bilan ariq harakatka kelib chayqaldi, go‘yoki suv ichida bir fitna yuz bergan edi... Nozik oyoqlar toldilar shekillik, sadaf kabi oq tishlarini bir-ikki qaytalab chaydi, ariq bo‘yini va uning suvlarini tashlab ketdi”. Bu ko‘chirmadagi “sohira”ga oid birikma so‘zlari ham, “yuzini o‘pib tushgan suv tomchilari” ifodasi ham, oyoqlarga qo‘shilgan “nozik” sifatlashi va “sadaf kabi oq tishlar” o‘xshatishi ham o‘quvchini befarq qodirmaydi. Qodiriy sohir qalami ostidan chiqqan aksar qahramonlar jozibali, suyukli, ta’sirli. Chunki adib so‘z so‘zlashda uzoq andishaga boradi; quruq bayon o‘rniga voqelikni, insonni tasvirlashni muhim sanaydi. Bevosita badiiy asarlaridan olingan misollardan tashqari adibning turli maqollarida ifoda etgan adabiy-estetik qarashlarida ham o‘z konsepsiyasini teran bayon qilgan edi.

Abdulla Qodiriy fikr ifodasining qisqa va aniqligini, kam so‘z bilan ko‘p ma’no berish yo‘sinini qadrlab, yozishda ortiqcha so‘z va jumlalarni qisqartirishdan saboq beradi; yozganini odamning yolg‘iz o‘zigina tushunib, boshqaning anglay olmasligi adibga aslo ma’qul kelmaydi. Shu bois “Yozg‘uvchilarimizga” nomli maqolasida: “So‘z so‘ylashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak, yozg‘uvchining o‘zigina tushunib boshqalarning tushunmasligi katta ayb. Asli yozg‘uvchiliq, aytmakchi bo‘lg‘an fikrni hammaga barobar onglata bilishda, orag‘a onglashilmovchiliq solmasliqdadir”, deb ta’kidlaydi. Asar mantidagi har bir so‘zga diqqat berib, undan “biron so‘zni chiqarib tashlash yoki biron so‘zni qo‘shish” masalasida ham qat’iy turadi. Bular eskirmaydigan, ibratga loyiq haqiqatlardir.


- 6 -

Mumtoz adabiyotshunoslikda kam so‘z bilan ko‘p ma’nolar bayon etish san’atiga “iyjoz” deyiladi. So‘zning iyjoz maqomi Abdulla Qodiriy nasri poetikasiga, qahramonlari nutqiga ham xos.

Otabekni ikkinchi marta uylantirish havasida yurgan O‘zbek oyim bir kuni Hasanali bilan gap talashib aytadiki: “Sandek soqoli uzun, aqli qisqadan kengash so‘rab o‘lturg‘an men ham ahmoq!” . O‘zbek oyimning gapga usta qilinganini qarangki, bu o‘rinda xalq orasida ayollarga nisbatan aytib kelinadigan nisbiy ta’bir Hasanaliga moslanadi. Shokirbekning Otabekka evrilish sahnasi ostonasida Usta Alim: “...yomonning janozasidan yaxshining hikoyasi foydalik”, deb some’likka hozirlanadi. Bunday nutqda “sen” - “men”, “uzun” –“qisqa”, “yaxshi” bilan “yomon”, “janoza” bilan “hikoya” so‘zlari zidlanadi. Yusufbek hoji bir yig‘ilishda: “Bu soqol shu el qayg‘usida oqardi. Bu ko‘ngil shu manfaatparastlar ta’sirida qoraydi”, degan gaplari semantikasi qarshilidir. Yusufbek hojining o‘z nafsiga nazari, malomati va e’tirofidagi soqolining oqarishi yoki ko‘nglining qorayishi tasavvurni toza bir inson umrining yo‘llari tomon yo‘llaydi. Aslida vaziyat, xarakterning kontrastli-qiyosli tasvirini romanning dastlabki sahifalarida, ya’ni karvonsaroyda Otabek tushgan hujra yoki Otabek bilan Homid xarakteri bayonidayoq ko‘rinadi. Adib bu badiiy san’atdan romanda juda ko‘p va o‘rinli foydalanadi. Ba’zan kundoshlarning ma’naviyati, sajiyasi har jihatdan taqqoslanadi. O‘z maqsadi yo‘lida yangi qahramonlarni sahnaga olib chiqish jarayoni romani oxirlab qolganida ham davom etadi. Adib romanning “Xushro‘ybibi va Zaynab” faslidagi: “Xushro‘y uzun bo‘yli, qotmaroq va zarcha tanlik edi. Zaynab qisqa bo‘y, go‘shtdor va oq tanlik edi. Xushro‘yning harakati yengil va lavzi tez edi, Zaynab loppos va o‘nta so‘zga arang bitta javob qaytaradirg‘an edi”, degan opa-singillar tabiatining qiyosidan tasavvur to‘lishadi.

Adib asarlarida uchraydigan “Ul turg‘on joyida qoziqdek qoqilib qolg‘on edi”, “Kechaning qarong‘lig‘i ustiga mevalarning quyuq yaproqlari qo‘shilib, bu maydon ayniqsa Otabekning hozirgi ko‘ngliga yaqinlashib kelar edi” kabi ifodalarda “q” tovushining takroridan, “sapol lagan bilan qovuqni olib chaqmoq surtdi. Sham yoqildi” kabi jumlalardagi “l” va “q” tovushining takroridan yuzaga kelgan ohang, “Tana buzoqning turqi tuqg‘anig‘a tamg‘a” yoki “Endi ko‘rsam miltiqning o‘qidek, pushti gulning to‘qidek kelinim bor ekan” kabi xalqona iboralar badiiy matnga latif bir joziba baxsh etadi. Adibdan avlodlarga go‘zal romanlar, ko‘rkam so‘z meros qoldi. O‘qish va uqish - bu xazinani ardoqlash sanaladi.

Abdulla Qodiriy o‘zining betakror badiiy asarlari bilan o‘zbek adabiy tilining boyligini isbot etdi; o‘rni kelganida sheva so‘zlaridan unumli foydalandi. Adib xalq tilida qo‘llanadigan “chip” so‘zi uchun “g‘ov, barrikada ma’nosida”, boshqa bir sahifadagi diologda kelgan “eshik” so‘zini “Farg‘onada hovlini eshik deydilar” deb izohlaydi. Homid Jannat opaga “...guzardan chiqib bir chorak et keltirib, sho‘rba qilib bersangiz” deydi. Yozuvchi “bir chorak”ni “uch yarim-to‘rt qadoq chamasi toshdir” deb izohlaydi. Bugungi o‘quvchi uchun bir qadoqning 409,512 grammga teng og‘irlik o‘lchov birligi ekanini eslatishga zarurat bor.

Boshqa bir epizodda uzoq ayriliqdan keyin qayta uchrashgan Kumush Otabekka “Siz endi qirchillabsiz!” deb aytadi. Adib “qirchillash” so‘ziga: “Qirchillash - odatda qorga aytiladir. Masalan, qattig‘ sovuqda yoqg‘an qor qirchillaydir. Shundan olib, ayni yetilgan yigitlarni qirchillama yigit, deydilar” tarzida romanning asosiy kontekstidan tashqarida izoh yozdi. Adibning asarlarida o‘zbek tilining betakror jozibasini namoyon qilgan bunday epizodlar, jumlalar, birikmalari va so‘zlar izohi ko‘plab topiladi.

Abdulla Qodiriy ijod ahlining o‘z ona tili va qo‘shni millatlar tilini bilish xususida: “Yozuvchi o‘z xalqining tilini, folklorini kamol o‘rganishi shart va bir necha tillarni, ayniqsa, yaqin qo‘shni tillarni bilishi fazilat. Shundagina tili boyiydi, asari jonlanadi”, deb yozadi...


- 7 -

Abdulla Qodiriy romanlarini o‘zbek adabiy tilining zamonaviy ko‘rinishda shakllanayotgan bir davrda yozdi. Adabiy tilning rutbasi, maqomi yuksalishida adibning xizmati katta bo‘ldi. Til millatni birlashtiruvchilik qudratiga ega qadriyatdir. Qodiriyshunos olimlar fikriga e’tibor berilsa, Abdulla Qodiriy toshkentlik bo‘la turib o‘z romanlarida mahalliy sheva unsurlarini umuman qo‘llamaydi. Hatto qahramonlarining nutqini individuallashtirishda ham boshqa badiiy vositalardan foydalanadi. Demak, adib shu zayldi bor mahorati bilan o‘zbek adabiy tilining boyligini, o‘zbek tilining keng imkoniyatlarini namoyish ham qiladi.

Xulosa qilib aytganda, o‘zbeklar turmushini, tarixini, tilini, urf-odatlarini yaxshi bilgan Abdulla Qodiriy ulardan o‘z asarlarida juda unumli va o‘rinli foydalandi. Adibdan qolgan muhtasham adabiy merosda o‘zbek adabiy tilining go‘zalligi, nafosati, tasvir va ifoda imkoniyatlari aynan amaliyotda o‘z aksini topdi. Shu bilan birga Abdulla Qodiriy ba’zan filolog olimlarga xos qimmatli adabiy-nazariy qarashlari bilan ham o‘zbek adabiy tilining takomiliga xizmat qildi. Bu benazir adabiy-ilmiy xizmatlarni o‘zbek olimlari bilan birga xorijlik mutaxassislar ham e’tirof etdi.


Bahodir KARIMOV,

filologiya fanlari doktori, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori


“So‘z so‘zlashda ... andisha kerak”. “Ishonch” gazetasining 2019 yil 7 noyabr sonida bosilgan.

21.05.2020 10556