"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ona tilimizga e’tiborli bo‘laylik!

Alisher Navoiy “Muhokamat-ul-lug‘atayn” (“Ikki til muhokamasi”) nomli ilmiy asarida turkiy va forsiy tillarni qiyoslash orqali turkiy tilning boyligini aytib o‘tgan. Shu bois buyuk zotlarimiz tan olgan ona tilimizning sofligini saqlash, ushbu bebaho ma’naviy xazinani asl holicha asrash, kelajak avlodga bus-butun yetkazish dolzarb muammoga aylanib bormoqda.

Muhtaram Prezidentimizning 2019-yil 21-oktabrda qabul qilingan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ustivor vazifalarni hayotga izchil tatbiq etish va yosh avlodni ma’naviy qadriyatlarimizga cheksiz ehtirom ruhida tarbiyalashda muhim ekanligi, ona tilmizda paydo bo‘lgan muammolarning yechimiga yo‘l ochilganidan dalolatdir. 

“Tilga e’tibor-elga e’tibor” deganlaridek, Yurtboshimizning davlat tiliga bo‘lgan e‘tiborini kuchaytirganining asosiy sabablaridan biri so‘nggi paytlar joy nomlari, reklama e’lonlari, bino va inshootlar peshtoqlarida ona tilimizga nisbatan bepisandlikka yo‘l qo‘yilayotganligidir. Bepisandlik ham emas, o‘z tilidan uyalish deyish ham mumkin. Buning uchun nima qilish kerak degan savolga, albatta, birinchi navbatda o‘z tilidan g‘ururlanish hissini uyg‘otish uchun dunyo tan olgan ishlab chiqarish mahsulotlarini DAVLAT TILIDA, chiroyli so‘zlardan foydalangan holda NOM berish lozim.

Noto‘g‘ri va noo‘rin yozuvlarning oldini olish uchun, birinchi navbatda, alifbomizning bosma harflari qulay bo‘lishiga e’tibor qaratishimiz kerak. Oddiy narsalarga inson fikrini chalkashtirmaslik, ayniqsa, hozirda barcha tashkilot va muassasalar to‘liq lotin grafikasiga o‘tish arafasida yoshi katta o‘rganuvchilar qiyinchiliklarga duch keladi deb o‘ylayman. Masalan, qoraqalpoq alifbosidagi I i (И и) bilan ĺ ɪ (Ы ы) vazifasini bajaruvchilariga misol katta harflarda XIMIYALASTĺRĺW, kichigida Ximiyalastırɪw, e’tibor bering, bu kabi holat oddiy insonni chalg‘itmaydi deb kim kafolat beradi. O‘zbek alifbosidagi G‘g‘ (Ғғ) hamda O‘o‘ (Ў ў) tovushlarini ifodalovchi harflarda murakkabliklar mavjud. Misol tariqasida, MA’NO so‘zi bilan MAG‘IZ so‘zini olaylik, ikkalasining belgisi ikki xil, lekin barcha (’) bu belgisini qo‘llayapti. Nega degan savol tug‘iladi, javob shuki, yozishga qulay. Agar biz (‘) belgi o‘rniga (`) belgini yoki (Óó) , (Ǵǵ) kabi belgilardan foydalansak ko‘pgina xatoliklarning oldini olgan bo‘larmidik. Bu haqida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida tuzilgan Ishchi guruh a’zolari kiritgan taklifga qo‘shilaman, sababi (‘) yoki (’) tarzidagi belgilarni alohida harflardek yozish muammosidan qutilamiz hamda vaqtdan, joydan va qiyinchiliklardan xalos bo‘lamiz.

Tashqi yozuvlar kompyuterda ko‘pincha katta harflardan foydalanganligi sababli bexato, oson va qulay yozilishini ta’minlash kerak. 

So‘zlarga e’tibor qaratsak, qoraqalpoq tilida hali-hanuz ko‘pgina rus tilidagi so‘zlar saqlanib qolinganligini ko‘rish mumkin. Masalan, Район, резерв, планета va boshqa so‘zlarning qoraqalpoqcha muqobilini topish maqsadga muvofiq.

Xulosa qilib aytganda, butun dunyoda qilinayotgan ishlar inson mashaqqatini osonlashtirish maqsadi yo‘lidan borayotgan bir paytda bizga oddiydek ko‘ringan bu narsalar katta muammolarga sababchi bo‘lmoqda. Bundan tashqari chet tillardan zamonaviy atamalarning kirib kelishi ona tilimizning rivojlanishiga biroz soya solayotgandek. Biz imkon qadar atamalarni to‘g‘ri qabul qilmaslikka, uning o‘zbekcha yoki qoraqalpoqcha ekvivalentini qo‘llashga harakat qilishimiz kerak. Ana shunda milliy tiynatning saqlanib qolishiga erishish mumkin.


                                                                                                                                            R.Aybergenova,

                                                                                     Qoraqalpog'iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani

                                                                                                                            hokimining maslahatchisi


22.05.2020 1731