"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Vatan hajri, til sog‘inchi

(bo‘lgan voqea)


2014 yil yozida oilamiz bilan Antalyaga borgan edik. Bolalar “shahar aylanamiz” deyishgach, bir kuni ertalabdan avtobusga chiqib, shahar markaziga yo‘l oldik.

Manzara – subtropik. Yashil-ko‘kish dengiz to ufqqacha to‘lqinlanadi. Tevarak orasta, ammo havo nam. O‘zimizdagi quruq, turli islarni opkeladigan havoga o‘xshamaydi. Baribiram o‘zgachaligi bor.

Shaharning katta supermarketlaridan biri – “Terra Siti” soat o‘nda ochilar ekan. Kun isiy boshladi. Hali yarim soatcha vaqt bor. Yaqin bir joyda kichkina favvorali salqin bog‘chaga ko‘zimiz tushib, o‘sha yoqqa borayotsak, ortimizdan birovning:

– Shoshmang-shoshmang! To‘xtang! – degan ovozi keldi.

Qarasam, guldor ko‘ylagini shimi ustiga tushirib olgan, to‘ladan kelgan bir kishi, biz tomon lapanglab chopib kelyapti.

– O‘zbekistondanmisiz? – dedi u harsillab, nafasi tiqilib.

– Ha, O‘zbekistondan.

– Xudoga shukr! O‘tib ketayotganingizda o‘zaro o‘zbekcha gaplashayotganingizni eshitib, ortingizdan yuguraverdim! Shu chopaman, yetolmayman! – U ro‘moli bilan yuz-ko‘zini arta-arta o‘zini tanishtirdi: – Mening ismim Muzomiddin, Bo‘kadanman. Keling, yana bir ko‘rishib qo‘yaylik!

Bolalar favvora yoniga ketishdi, ortidan ko‘rkam bir ayol – uning xotini ham yetib keldi. Muzomiddin aka gul-gul yashnab, xotiniga “Ana, ko‘rdingmi, O‘zbekistondan dedim-ku” deb takrorlardi. Tinmay bir nimalarni so‘rab-surishtirardi. Shahar qanaqa? Chorsu, O‘rda joyida turibdimi? Anhor bo‘ylari o‘zgarib ketgandir-a? Odamlar-chi, o‘shandagiday yurishibdimi?

– Gapiring, gapiring! O‘zbekcha gapiring! – derdi menga qulog‘ini tutib, huzurlanib. – Iltimos, o‘zbekcha gapiring!

“Xo‘p” deyman-u, uning huzurlanishidan o‘zim ham zavqlanaman.

– Men axiska turklaridanman. Bo‘kada, ichki ishlarda ishlardim, - dedi Muzomiddin aka. – Xalqlar qotili Stalin surgunidan so‘ng qirq yil O‘zbekistonda o‘z uyimizdagiday yashadik. To‘y-ma’rakalarda yelkadosh bo‘ldik, qiz olib, qiz berdik. Uying kuyib ketkur sovet 1989 yilda yana fitna qo‘zg‘adi. Qochgani joy topolmadik. Qo‘ni-qo‘shnilarimiz yordam berishdi, oilamiz bilan Ozarbayjonga ketdik. U yerdan Turkiyaga keldik, turk fuqaroligini oldik. O‘n yildan oshdi, Antalyadamiz. Asli Andijonda tug‘ilganman, o‘zim bu yerda bo‘lsam, otajonim-onajonim o‘sha yoqda...

Ana endi holatini ko‘rsangiz. Kap-katta odam, ota-onasi, amma-xolalari esiga tushib, o‘pkasini bosolmay yig‘laydi deng!

– Andijonni teraklari bo‘lardi, uzun-uzun! Ko‘cha cheti to‘la terak, ostida ariq oqardi, oqish bargli yalpizlari bo‘lardi. Haliyam bormikin-a, turibdimikin-a?

Jo‘shadi-yig‘laydi. Gapiradi-yig‘laydi... Bir soat o‘tdi hamki, suhbat tugamaydi.

Nihoyat, uzrimizni aytib qo‘zg‘aldik. Xayrlashish chog‘ida Muzomiddin aka uy manzilini, telefon raqamini berdi:

– Mana bu uyimizniki, bu – o‘zimni qo‘l telefonim, bunisi – ayolimniki...

– Albatta kelinglar, xo‘pmi? Bizning uyda bi-ir osh qilaylik! – dedi orzumandlarcha.

Yana xabarlashishga kelishib, ancha yurgan edik, ortimizdan yana “To‘xtanglar!” degan sado keldi. Qarasak, Muzomiddin aka! O‘shanday lapanglab, harsillab kelyapti.

- Sizlar “Terra-siti”ga borasizlar-ku, a? Maylimi, biz ham borsak? Aylanib chiqquningizcha kutib turamiz, sizlarni muzqaymoq bilan mehmon qilmoqchimiz...

Qarang, azbaroyi yana gaplashgisi kelganidan shuni o‘ylab topibdi!

– Yuring, yuravering! – dedim kulib. – Bolalar tomosha qilib chiqquncha biz gaplashib o‘tiramiz.

...U kunlar o‘tdi, vatanimizga qaytib, ishlarimizga sho‘ng‘ib ketdik. Muzomiddin aka Feysbukda sahifa ochgan ekan, ora-sira xabarlashib turdik. O‘zbekistonni ziyorat, yo‘q-yo‘q, tavof qilish orzusi borligini, sog‘ligi ko‘tarmayotgani uchun bu ish ortga surilib turganini aytardi. Bir-ikki yildan so‘ng Muzomiddin aka internetdan bog‘lanib: “Ukajon, Vatanga borish nasib qilmaydi shekilli. Yana kelasizlarmi?” deb so‘radi. “Ha, boramiz” desam suyunib ketdi.

– Andijon devzirasidan oboraman, aka, – dedim. – Vodiycha osh qilamiz uyingizda!

– Ha-ha! Anjanni urug‘siz uzumi bor-u, kishmish! – dedi u. – O‘shani mayizidan ham albatta olib keling, oshga solamiz!

Bu suhbat 2017 yilning bahorida bo‘lib o‘tdi. May oyida Muzomiddin akaga bir necha marta xat yozdim, javob yo‘q! Qo‘l telefoni raqamini ham bergan edi, “Vatsapp”dan, Feysbukdan yozdim, yana jim.

Nihoyat, “Vatsapp”dan kimdir javob berdi:

– Alo!

– Muzomiddin aka, bormisiz?

– Alo? Sen kimsan?

Angrayib qoldim.

– Bu Muzomiddin akaning raqami emasmi?

–.... (javob yo‘q).

Oradan ikki-uch hafta o‘tgach, u kishining ayoli Hurizod xonimdan xabar keldi: Muzomiddin aka bir oycha avval Haq rahmatiga qovushibdi. “Vatsapp”da menga javob bergan kimsa esa u kishining o‘g‘li ekan!

Haligacha eslasam, o‘sha manzara ko‘z oldimga keladi. Gullagan jo‘ka va nastarinlar ostidan halloslab chopib kelayotgani, guldor ko‘ylagi... “O‘zbekistondanmisiz?” degan quvonch to‘la sas!

Vatan desalar, shu voqeani eslayman. “Iltimos, o‘zbekcha gapiring, jon uka” deb yalinishlari qulog‘imga eshitiladi. “Otamning, onamning, bolalagimning, hayotimning tili, jon o‘zbekchamda gapiring!”

Ochig‘i, bu samimiy kishini ich-ichimdan yoqtirib qolgan edim. Uning xatti-harakati, hayajoni va yurt sog‘inchi Antalyani O‘zbekistonga aylantirib qo‘ygan edi-da.

Ichi sog‘inchga to‘lib ketgan u kishi ham, ayoli ham O‘zbekistonni bir umr qo‘msab yashashibdi. “Bu yerlarda xuddi vaqtinchadaymiz”, degan edi. “Kun kelib, Andijonimga, Bo‘kamga qaytib boradigandayman” degan edi. “Ota-onamni ko‘rgani boraman. Vaqti kelganida qaniydi ularning yonida, ikkoviga erkalanib-erkalanib yotsam...” degan edi...

Ushbu haqqoniy hayot voqeasini bo‘kalik taniqli yozuvchi Muhammadjon Soipov ham tasdiqlaydi. Ular Muzomiddin aka bilan qalin do‘st bo‘lishgan ekan.

Shu ulug‘ ayyom kunlarida yaqinlarim, ulug‘larim, ustozlarim, tengdoshlarim, o‘n gulidan bir guli ochilmay so‘lgan gul-chechaklarimni eslar ekanman, bexosdan Muzomiddin aka ham xayolimga keldi. Gul-gul yashnab, yuz-ko‘zida sog‘inch aralash quvonch balqib shosha-pisha so‘zlashlari, Hurizod xonimning bosh irg‘ab, erining gaplarini tasdiqlashlarini esladim.

Nachora, o‘lim haq. Ruhi shod bo‘lsin, nur ichida yotsin! Qolganlarga, u kishining umr yo‘ldoshi Hurizod xonimga uzoq umr, sog‘lik-salomatlik bersin.

Darvoqe, Muzomiddin akaning bir o‘g‘li ham bor edi. Lekin, undan sira xabarim yo‘q. So‘zlashmadik ham, ko‘rishmadik ham. Kim bilsin, balki yurgandir o‘sha yoqlarda...


Isajon SULTON,

Innovatsion rivojlanish vaziri maslahatchisi

25.05.2020 533