"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘z tilini hurmat qilmagan xalqni hech kim hurmat qilmaydi!

Rossiyada ish yuritish ingliz tili yoki Turkiyada rus tilida olib borilishini tasavvur qila olasizmi? Yoinki bu mamlakatlarga borganda, ularning ona tilini bilmay ko‘ring-chi! Bizda esa bu haqida endi fikr yuritila boshlandi. Tilimizga Davlat tili maqomi berilganiga 30 yildan oshdi hamki, nihoyat, bugun davlat ishlarini ona tilimizda yuritish masalasi kun tartibiga chiqdi.

Ona tili haqida fikr yuritganimda yoki bu mavzu bilan bog‘liq maqolalarni o‘qiganimda, ko‘z oldimda rahmatli onamning siymosi gavdalanadi. Ular fidoyi olima, o‘z ona tilining haqiqiy kuyunchagi edilar. Nomzodlik dissertatsiyalari ham “Hozirgi zamon o‘zbek tili leksikasining taraqqiyoti” mavzusida bo‘lib, ilmiy ishlarini 70 yillarning birinchi yarmida himoya qilganlar. Onam doim 1940 – 1970 yillarda nashr qilingan asarlardan kichik matnlarni olib, har bir so‘z tilning qaysi qatlamiga tegishli ekanligini erinmay yozib chiqardilar. Xulosa esa ular uchun o‘ta ayanchli bo‘lardi. Ha, o‘z davrida O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov “To‘ti” she’rini bejiz yozmagan. Haqiqatan, o‘sha kezlarda rus-interiatsional so‘zlar kerak va kerak bo‘lmaganda ham turkiy so‘zlarning o‘rnini katta tezlik bilan egallayotgan edi.

Tilimiz va onam xotirasi bilan bog‘liq 80 yillar boshida bo‘lib o‘tgan yana bir voqeani o‘rtoqlashmoqchiman. O‘shanda onam A.S.Pushkin nomidagi Til va adabiyot ilmiy-tadqiqot institutida (nomiga e’tibor bering: A.S.Pushkin nomidagi) ko‘p yillar faoliyat yuritib, so‘ng Madaniyat institutiga ishga o‘tadilar. Tasodifni qarangki, 2 yil ishlaganlaridan keyin oliygohning o‘zbek tili kafedrasi to‘satdan qisqartiriladi. Va bunga bitta sabab ko‘rsatiladi: Moskva Madaniyat instituti tarkibida rus tili kafedrasining yo‘qligi. Kafedra o‘qituvchilarining bari ishsiz qolgani yetmagandek, ularning dardini eshitadigan biror odam topilmasdi. Shunda onam yuqoriga chiqib, hamma o‘qituvchilar nomidan o‘z fikrini bildirgan edilar: “Moskva bilan bizlardagi sharoit bir xil emas. Moskva o‘quvchilari dars paytida yagana, chopiq, paxta terimi va yana boshqa ishlarga jalb qilinmaydi. Afsuski, bizga keladigan maktab bitiruvchilarining ko‘pchiligi o‘z ismi-sharifini ham to‘g‘ri yoza olmaydi. Axir, bu hayotda hech bir jarayon qotib qolgan narsa emas-ku. Har yerda sharoitga ko‘ra bilimlar mazmunli berilishi kerak. Yana ona tilini bilmasdan qanday qilib madaniyat xodimi bo‘lish mumkin?”

Hayriyatki, Davlat tili haqidagi qonun qabul qilingach, ko‘p so‘zlar jonlandi, tirildi. Sandiqqa solib, “tarixiy so‘z” tamg‘asi bosib qo‘yilgan so‘zlarimiz hozirgi kunda o‘zlashib, barcha uslublarda faol qo‘llanib kelinmoqda. O‘sha yillari rusiyzabon aholi o‘zbek tilini jon-jahdi bilan o‘rganishga bel bog‘lagani va bu borada ona tilimizni ancha puxta o‘zlashtirayotganlar safi kengayganidan hammamiz xursand edik. OTMlarda o‘zbek tili soatlari ko‘paygan, til, imlo bilan bog‘liq savodxonlik kurslari har bir tashkilotda faollik bilan olib borilardi. Insonlarda ona tilining obro‘si va nufuzini oshirishga qaratilgan yangi-yangi tashabbuslar paydo bo‘lardi. Nafaqat Madaniyat instituti, balki barcha OTMlarda o‘zbek tili kafedralari tashkil etildi. Ammo ayanchlisi, boshida ko‘tarinkilik, fidoyilik, kuyunchaklik va haqiqiy vatanparvarlik bilan boshlangan ish asta-sekin susayib ketdi. Lotin yozuviga o‘tishimiz borasida qat’iy talab bo‘lmaganligi bois, u ham ikki yo‘l orasida qoldi.

Bugun davlat tili – ona tilimizning yanada go‘zallashishiga, yosh avlodning so‘zlashuv tili birov eshitsa havas qilgudek bo‘lishi va savodxonlik bo‘yicha qiladigan ishlarimiz nihoyatda ko‘p. Bu borada qat’iy qadamlar ham tashlanmoqda.

Davlat idoralarida ish yuritish o‘zbek tilida olib borilishi va zarur bo‘lgandagina boshqa tillarga tarjima qilinishi huquqi ijro etilmasligi uchun jazo qo‘llanishi haqidagi qonun muhokamasi bu yo‘ldagi harakatlarning yo‘lboshchisi bo‘lishi kerak. Ona tili o‘z davlatida eng oliy nufuzga ega bo‘lmasa, qayerda obro‘ topadi? Esimda, Janubiy Koreyaga “Ertak seminari”ga borganimda, qaysidir hujjatni ham rus, ham ingliz tilida yuborishgan edi. Ammo o‘sha hujjat koreys tilida kelmaguncha mening hujjatlarimga muhr bosishmadi. Ana, sizga bir millatning o‘z tiliga bo‘lgan hurmati!

Yurtimizga turli xorijiy davlatlardan ko‘plab talabalar ta’lim olish maqsadida keladi. Ularga turli sohalarda o‘z ona tilimizda ta’lim berishimiz zarurati bugungi kun uchun eng dolzarb vazifalardan biridir. Chunki aynan bu jarayon ona tilimiz targ‘ibotining biz uchun ahamiyatli zanjiri hisoblanadi. Nafaqat jahon tillari, O‘zbek tili va adabiyoti, Sharqshunoslik OTMlarida, balki barcha boshqa oliygohlarda ularga avvalo ona tilimizni, so‘ng mutaxasislikni o‘rgatishimiz maqsadga muvofiq. Buning uchun kerakli ta’lim dasturlari, darsliklar, atama lug‘atlari yaratilishi kerak.

Afsuski, bugun nafaqat xorijiy, balki rusiyzabon guruhlarda tahsil oluvchi talabalarimiz ham o‘zbek tilini bilishga ehtiyoj his qilmaydilar. Ana shunday ehtiyojni his qildirishning birinchi qadami bugungi kunda qabul qilinishi arafasidagi va muhokamasi qo‘yilgan davlat tilida ish yuritilmaganlik uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi qonunning kuchga kirishi bo‘ladi.

Men 1992 yilda Toshkent Pediatriya tibbiyot institutiga ishga kelganimda, butun respublikada bo‘lgani kabi bu yerda ham davlat tiliga e’tibor kuchli edi. Esimda, rektorat xodimiyu boshqa millatdagi o‘qituvchilar va xodimlar “endi davlat tilini o‘rganishimiz kerak”, deb tashkil etilgan kurslarda tilni o‘zlashtirishar edi. Ammo tez orada bir oz tartibga va obro‘ga ega bo‘la boshlagan tilimizga e’tibor susaydi. Atamalar qo‘mitasi ham ishini to‘xtatdi.

Borib-borib, o‘zbekcha so‘zlashganda, har gapimizda bir nechta rus so‘zlarini ishlatishga odatlandik. Shunday paytda yozuvchi Abdulla Qahhorning “Nima uchun ko‘cha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya xushtak chaladiyu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim xushtak chalmaydi”, degan gaplari yodimga tushadi.

Shoirimiz Abdulla Oripov rus shoiri Andrey Voznesenskiy bilan Janubiy Koreyaga borganlarida ajoyib voqea sodir bo‘lgan ekan. Ikki shoir bozorga tushishganda Abdulla Oripov tufli harid qilmoqchi bo‘lib, sotuvchiga o‘zbekcha murojaat qiladi. Shunda xaligi sotuvchi to‘satdan jaxli chiqib, Abdulla Oripovning yoqasidan oladi. Hayriyatki, oraga tarjimonlar qo‘shilib, masala hal bo‘ladi. Haligi sotuvchi Abdulla Oripovni koreys millatiga mansub deb o‘ylab, “Nega o‘z ona tilingda gapirmaysan?”, deb yoqalashishgacha borgan ekan. Qarang, oddiy sotuvchi ona tilini nechog‘lik himoya qilmoqda. Bizlar esa...

Millatimizni millat sifatida saqlab turgan ona tilimiz oldidagi qarzimiz hali ko‘p. Bu, avvalambor, unga hurmat, e’tibor ko‘rsatish vazifasidir. O‘z ona tilini hurmat qilmaydigan xalqni xalq sifatida hech kim hurmat qilmaydi. Demak, hurmatga loyiq bo‘lishimiz ham, avvalo, ona tilimizga bo‘lgan e’tiborimizga bog‘liq. Shunday ekan, bugungi va kelajak avlod oldidagi mas’uliyatimizni his etgan holda, ona tilimizning yurtimiz va jahonda e’zoz topishi, qadr-qimmati yanada oshishiga har birimiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim.


Kavsar TURDIYЕVA,

ToshPTI O‘zbek, rus va lotin

tillari kafedrasi mudiri, f.f.n.


29.05.2020 967