"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ona tili – millat ko‘zgusi

Ona tilim, sen – ruhimning qanoti…
Rauf Parfi

Til – millatning o‘tmishi, buguni va ertasini bog‘lab turadigan mustahkam ko‘prik. U darz ketsa, istalgan millat o‘zi, o‘zligi, ma’naviy qiyofasini butkul yo‘qotadi. Til – madaniyat, ma’rifat, axloq, tarbiya va shaxs kamolotining bosh mezoni. Bu mezon shikastlansa, millat tanazzulga, uning go‘zal va abadiy qadriyatlari yo‘qlikka yuz tutmog‘i muqarrardir. Unutmaylikki, inson ruhiy kechinmalarining rangin tasviri, o‘y-fikrlarining jo‘shqin tabiati, fitratu fikratidagi erk va hurriyat mushohadasining nurli tasviri Ona tilining jozibasi, shukuhi, so‘nmas va betakror qudrati orqali namoyon bo‘ladi.

Xalqlar, millatlar, elatlar etnik kelib chiqishi, shakl-u shamoyili, madaniyati va tarixiy rivojlanish omillariga ko‘ra, inkor etib bo‘lmas mushtarak omillarga ega bo‘lishi mumkin. Ammo muayyan bir millatning, ma’lum bir xalqning bu dunyoda mavjudligi, tirikligi va yashovchanligini ko‘rsatuvchi yagona tiniq ko‘zgu – Ona tilidir. Tilga bo‘lgan muhabbat hissi, mehr tuyg‘usi, qondoshlik sezimi go‘dak ong-u shuuri, murg‘akkina qalbiga ona allasi bilan singadi. Dunyoda boshqa biror tushuncha yoki qadriyat muqaddas kalima – Ona so‘zi bilan yonma-yon tilga olinmaydi. Ya’ni til – yaratuvchidir. O‘zbek xalqining asrlar davomida shakllangan, bugunga qadar yashab, ulug‘lanib kelayotgan o‘z milliy an’analari, og‘zaki ijod namunalari, olimlarimiz tomonidan tadqiq qilinayotgan tarixiy, ilmiy, diniy va adabiy manbalar o‘zbek tilining yaratuvchilik qudrati mahsulidir.

Tarix ona tiliga o‘gay munosabatning, g‘ayri tillarga ko‘r-ko‘rona rag‘bat ko‘rsatib, inson o‘zi so‘zlab, muloqot qilib turgan tilning kamsitilishiga ko‘p bor guvoh bo‘lganligi ma’lum. Ammo tilning millat butunligini ta’minlovchi, kishi qalbida faxr-u iftixor tuyg‘usini tarbiyalovchi sehrli kuchi turli davrlarda unga bo‘lgan ishonch va e’tiqodni mustahkamlab kelgan. XIII asrda elxoniylarda, XV asrda temuriylar davlati, aniqrog‘i, Husayn Boyqaro saltanatida turkiy tilning mavqeyi davlat tili sifatida yuksalgani ana shu fikrlarning bir isbotidir. 1989-yilda o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi o‘zbek xalqining o‘ziga bo‘lgan sobit ishonchi, milliy g‘urur va o‘zligini qaytarish yo‘lidagi ilk qadam edi. Oradan 2 yilcha vaqt o‘tib-o‘tmay xalqqa hurriyat va mustaqillik shavqini ulashgan, sitam va zo‘rlik, ishtiboh va mutelikdan zada bo‘lgan erksevar yuraklarga o‘z taqdiri uchun kurashish matonatini singdirgan ham ana o‘sha – davlat tili haqidagi Qonun edi.

Sevimli shoirimiz Rasul Hamzatov nihoyatda kamchilik kishi so‘zlashuvchi avar tilining jozibasi haqida yozgan she’rida “jahon minbaridan yangramasa-da” “Jonimga Masihdir onajon tilim” deya ona tilining kishiga jon baxsh etuvchi ilohiy qudratini ta’riflaydi. O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov ona tilining shukuhli navosini “bulbul”ning “kalomi”ga o‘xshatarkan, o‘z tilini kamsitib unga panja ortidan qarayotgan, o‘zgalar tilini ulug‘lab tilyog‘lamalik qilayotgan ayrim kimsalarni boshqalarga taqlid qiluvchi qush – “to‘ti”ga tenglashtirgan.

Bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan ana shunday “to‘ti”sifat “ziyolilar”ning rus tiliga davlat tili maqomini berish haqidagi takliflariga shoirlar, olimlar va ko‘ksida vatanparvarlik, asriy qadriyatlariga hurmat hissi jo‘sh urgan yurtdoshlarimiz o‘z munosabatlarini bildirishdi. Ko‘p millatli, mehridaryo va samimiyati ulug‘ o‘zbek xalqi hamisha boshqa millatlar va xalqlar bilan yelkadosh, do‘st-birodar bo‘lib yashagan. Ularning tili, dini, urf-odatlarini hurmat qilgan va bu davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat tili” haqidagi qonunning bir nechta moddalarida O‘zbekiston hududida o‘zga tillarning qo‘llanishi qonun yo‘li bilan rag‘batlantirilgan. Jumladan, “Til to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasida shunday yozilgan: “O‘zbekiston Respublikasida davlat tilini o‘rganish uchun barcha fuqarolarga shart-sharoit hamda uning hududida yashovchi millatlar va elatlarning tillariga izzat-hurmat bilan munosabatda bo‘lish ta’minlanadi, bu tillarni rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratiladi”.

Zamonaviy dunyoda til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq, xorijiy tillarda muloqot qilish va bu orqali yurtimiz madaniy, ma’naviy, ilmiy hayotida yuz berayotgan yangiliklarni chet ellarga targ‘ib qilish, o‘z navbatida, jahonda yuz berayotgan ilm-fan, texnika va boshqa sohalardagi eng so‘nggi kashfiyotlardan xabardor bo‘lish istagi ayni damda har qachongidan kuchli. Buning uchun nafaqat rus yoki ingliz, balki istalgan Sharq va Yevropa davlatlari tilini o‘rganish uchun yurtimizda keng imkoniyatlar yaratilgan. Bu sohada ko‘plab davlat va nodavlat ta’lim muassalari faoliyat yuritayotganligi hammaga ayon. Shunday ekan, millatning bir butunligini ta’minlab, uning yorqin ma’naviy qiyofasini, o‘zbek xalqining o‘ziga xos ruhiyati, azaliy va abadiy qadriyatlari, mustahkam va sinmas irodasini o‘zida jonli aks ettirib turgan Ona tilimizga nafaqat rus tili, balki boshqa har qanday tilning davlat tili sifatida yondosh bo‘lishini hech bir sabab bilan oqlab bo‘lmaydi.

Maqsud Asadov
20.03.2020 24949