"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Til millatning mavjudligidir

Til – taqdir degani. U millat taqdiri, uning o‘tmishi va yorqin kelajagi. Buning uchun esa, milliy til hayotda keng ko‘lamda amal qilmog‘i lozim. Chunki, davlat tilining amaldagi mustaqilligi, mustahkamligi, mavqei millat qadri va qadriyatlarining bardavomligi, sobitligini ta’minlovchi kuchdir.

Bu borada biz Markaziy Amerikadagi yerli aholi hindularning, dunyoga o‘z madaniyati bilan tanilgan atseklar, mayyalar, irokezlar, seneka, rama, borigon kabi elatlarning deyarli yo‘qolib ketgani, Shimoliy Sibir va Uzoq Sharqdagi korel, pomor, fin, ajar, veps, nanay, yoqut, gundus, evenk, eskimos, chukcha, kunis xanti, mansi, buryat kabi yana o‘nlab millat va elatlarning milliy tillari va shu tillar tugatilishi oqibatida, batamom yo‘qolib borayotgan madaniyati va milliy qadriyatlarini misol keltirishimiz mumkin. Bunday mayda millat, elat va qabilalarning yo‘qolishi uchun qayerdadir qanchalab o‘q, porox sarflangan bo‘lsa, boshqa bir tuzumda oddiy “til siyosati”ning olib borilishigina xizmat qildi.

Millat o‘lmaydi, agar u o‘zini o‘zi o‘limga mahkum etmasa (Emirson). Milliy tilga e’tiborsizlik, hurmatsizlik, uning qadrsizlanishi esa ayni millatning inqirozga hukm etilishidir.

Shunday ekan, yaqinda taqdim etilgan Adliya vazirligining til masalasidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlash, davlat tilimizning mavqeini qonunan himoya qilish, maqomini mustahkamlash adolatli va o‘z o‘rnida zaruriy davr talabidir.

Shuni ta’kidlash kerakki, milliy til nafaqat munosabatlar vositasi emas, balki milliy madaniyat kaliti, qadriyatlar uzviyligi uchun tub mustahkam ildiz sanaladi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilasining davlat tilimiz borasida bildirgan fikrlari bu mustaqil, suveren davlatning ichki ishlariga noo‘rin aralashuvdan boshqa narsa emas. Qolaversa, Rossiyadek davlat vakili uchun yarashmaydigan, davlatlararo va diplomatik odob qoidalariga umuman mos kelmaydigan chiqishdir. Aslida bu chiranishlar zamirida yaxshigina asos va manfaat bor... Rossiya hukumati tomonidan yaqinda ana o‘sha tuhmat toshlarini otgan Mariya Zaxarova “Tashqi siyosiy kursning realizatsiyasiga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun” “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlangani ham buning yaqqol dalilidir.

Aslida bunday mukofotlanishlar bizning tariximiz, millatimiz uchun yangilik emas. Tariximizga nazar tashlasak, bunday holatlarga ko‘plab guvoh bo‘lishimiz mumkin. Maqolani yozishda foydalanganim, yuridik fanlari nomzodi, dotsent To‘rabek Xo‘janiyozovning “Davlat tili-millat taqdiri” kitobida shunday dalillar keltiriladi: “Jumladan, 80-yillarda Respublika Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari bo‘lgan E. Didarenko va Respublika prokurorining o‘rinbosari Gaydanovlar o‘zbek xalqini nohaq ayblab “o‘zbek ishi”ni ochganlari uchun “Hurmat belgisi” ordeni bilan taqdirlanganlar. O‘sha yillari xalqimiz boshiga qancha kulfatlarni solib, “qama-qama”ga bosh bo‘lgan Respublika prokurori Buturlin esa “Mehnat Qizil bayroq” ordeniga sazovor bo‘lib, KPSS XXVII s’ezdi delegatligiga saylandi. Qanchadan-qancha nohaqliklarga bosh bo‘lgan R. Medvedev, L. Golovkov, G. Gdlyan, A. Ivanov, Laptev, L.Shakrina, A. Lixolat, M.Galkin singari nopok kimsalar ham xuddi shundan shon-sharaflarga burkandilar. “Ko‘lanka” maqolasida o‘zbek xalqiga tuhmat toshini otgan A. Golovko esa bu "xizmati" uchun “Eng yaxshi jurnalist” mukofotiga loyiq topilgan”. Bu ro‘yxatni hali ancha davom ettirish mumkin.

Shu yerda yana bir haqli savol tug‘iladi, xo‘p, “muhtarama” Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakilasi o‘z tili xususida shuncha jon kuydirayotgan ekan, nega O‘zbekiston til siyosati bilan cheklanib qolayapti. O‘z vakolatidan foydalanib boshqa mustaqil davlatlar, aytaylik Gruziya yoki Armanistonga, ularning til siyosatida o‘zining “purmano” fikru mulohazalarini bildira olmaydi. Bu oydek ravshan masala.

Chunki, bu mamlakatlarning milliy tiliga berilgan huquqiy maqom xalqi, hukumati tomonidan “xitoy devori” kabi necha asrlardan beri mustahkam himoya qilinadi. Bor haqiqat shundaki, milliy man’faatlar va milliy qadriyatlar faqatgina milliy til orqaligina himoya etiladi. Ayni sabab esa, bu millatlar hatto sovet hukumati yakkahokimligi davrida ham o‘z milliy tili va alifbosini saqlab qola olganidadir. Isbot o‘rnida, “Literaturnaya gazeta”ning 1989 yil, 35-sonida berilgan maqolada shunday deyiladi: “Bunday ko‘chmanchilik ta’sir etmagan joy faqat Kafkazorti respublikalari – Armaniston va Gruziya bo‘ldiki, u yerda o‘z vaqtida milliy tilga nisbatan rasmiy til maqomi o‘zgartirilmaganligi va uni mamlakatda amal qilishi, ko‘chib kelishi mumkin bo‘lgan rus yerli aholisi yo‘liga to‘siq bo‘ldi. Chunki, 20-yillardagi majburiy lotin va rus alfavitiga o‘tkazish siyosatining amalga oshirilishi O‘rta Osiyo, Volgabo‘yi, Ural, Shimoliy Kavkaz va Ozarbayjon kabi respublikalarga ta’sir etib, Gruziya va Armaniston bu siyosatdan chetda qolgan edi. O‘z milliy tili va alifbosining saqlab qolinishi o‘z davrida Gruziya va Armaniston madaniyati va milliy qadriyatlarining to‘la saqlanishi va himoya etilishiga xizmat qildi”.

Tarixdan bizga ma’lumki, jannatmakon yurtimizga chetdan aholining ko‘chib kelishi qator yillarda tinimsiz davom etgan. Birgina oxirgi asrga nazar tashlaydigan bo‘lsak, “1920-30 yillardagi Rossiyadagi ocharchilikdan najot topish maqsadida issiq va to‘kin o‘lka Turkistonga millionlab aholi yo‘lga otlandi. Yo‘lda esa manzilga yetolmay minglab o‘liklar qoldi. Samara, Orenburg, Buzulug stansiyalaridan Turkiston o‘lkasiga yetish ilinjida vagonlarga intilgan olamonning ahvolini hatto yozish qiyin edi”. (“Argumentы i faktы” gazetasi. 1988 yil, 19-son.).

Keyingi ko‘chish “urush davridagi evokuatsiya qilingan zavod va fabrika ishchi-xizmatchilari hamda qariyalar, ayollar va bolalar bo‘ldi. Jafokash xalqimiz 250 ming och-nahor, yupun bechoralarga o‘z bag‘ridan joy berdi, yemay-yedirdi, kiymay-kiydirdi.. Undan keyingi yillarda ham, Mirzacho‘l, Qarshi cho‘llarini o‘zlashtirish, Toshkent zilzilasi kabi sababu bahonalar bilan o‘n minglab aholi “non shahri”ga, serquyosh o‘lkaga oqib kela boshladilar. (Yosh leninchi, 1988 yil, 20 iyul, 29-son.).

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, balki o‘z davrida yerli millat tiliga jiddiy e’tibor qaratilganda yohud 1924 yilda O‘zbekiston SSRning tashkil topishi jarayonida o‘zbek tili (gruzin, arman tili kabi) rasmiy til sifatida respublikada keng ko‘lamda joriy etilganida, yillar davomida juda ko‘p ma’naviy yo‘qotishlarning oldi olingan bo‘larmidi.

Darhaqiqat, tarixdan saboq olgan holda, yuqoridagi misollardan ko‘rish mumkinki, madaniy-ma’naviy boyligimiz bo‘lmish ona tilimizning davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, ona tilimizning sofligini asrash, himoya qilish biz uchun hamisha hayot-mamot ishi bo‘lmog‘i lozim.

Chetdan bo‘layotgan fikrlar, ta’qiblar o‘z yo‘liga, achinarlisi ichimizdagi, tilimizga bepisandlik bilan muomalada bo‘layotgan, ayrim ajnabiyparast, aksariyat ismi o‘zbekcha, yo chala o‘zbekcha, ammo qalbi, ruhiyati, millati manqurt bo‘lgan yurtdoshlarimizning borligidir. Xalqimizda bir ibratomuz maqol bor: “It huradi, karvon o‘tadi”. Bizning karvonimizning yo‘li esa olis, yorug‘ va sharaflidir.

Xulosa shuki, davlatimiz suveren-demokratik davlat ekan, uning ichki siyosatiga chetdan turib hech kimning aralashishga haqi yo‘q. O‘z tilimizga e’tiborsiz bo‘lishga esa, sizu bizning, shu millat vakiliman deguvchi har bir g‘ururli insonning haqqimiz yo‘q. Zero tilimiz taqdiri – millat taqdiridir. Uni asrab-avaylash, uning davlat tili sifatidagi nufuzini orttirish yo‘lida keng miqyosli ishlarni amalga oshirish, shu tilda ish yuritish esa bizning qonuniy haqqimiz va burchimizdir.


 Zilola Xo‘janiyozova,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

30.05.2020 1066