"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ilmdagi o‘zbek tili

Turli xalqaro bazalarga kiritish talabi kuchayaversa, hademay o‘zbek tilidagi ilmiy jurnallar ham tugab bitsa ajab emas...

Aslida-ku, sho‘ro davrida qizil imperiya hududidagi yagona ilmiy til sifatida rasman bo‘lmasa-da e’tirof etilgan rus tili ta’sirida o‘zbek tilining ilmdan tamomila chetlashib qolgani hammaning yodida bo‘lsa kerak. Eslang-a, dissertatsiyalar rus tilida yozilib, rus tilida himoya qilingan zamonlar bo‘lmadimi?.. Bo‘ldi, bo‘lganda qandoq! Va buni ko‘pchilik ziyolilar ich-ichida yoqladilar ham: ilmiy aloqalarning kuchayishi, milliy ilm-fanimizni tanishlari, tan olishlari uchun rus tilida yozish kerak, degan fikr aqidaga aylandi; markaziy jurnallarda rus tilida chop ettirgan maqolalar bilan faxrlanadigan bo‘lindi... Shubhasiz, ilmda yuksalish bo‘ldi, ittifoq ilmida nufuzli mavqega chiqdik, olimlarimiz ko‘paydi... va shu yutuqlar fonida o‘zbek tilining zamonaviy ilmiy muammolarni yoritish uchun tobora ojiz bo‘lib borayotgani, ilmdan surib chiqarilayotganini birov sezdi, birov sezmadi... Oqibat shu bo‘ldiki, kun kelib birov majburlamasa ham ilmiy maqolalar rus tilida yoziladigan bo‘ldi: shu tilda yozish qulay tuyuladigan, yozganlaring ilmiy tus oladigandek ko‘rina boshladi. Haqiqatan ham shunday, chunki rus tilining ilmiy uslubi boyidi, o‘zbek tilining bu

Mustaqillik arafalaridan boshlab bu muammoga diqqat qilinib, o‘zbek tilida ilmiy ishlar yaratila boshladi, turli ilm sohalari bo‘yicha lug‘atlar tuzildi, qator ilmiy jurnallar chop etila boshladi. Xohlasak-xohlamasak, o‘tgan davr mobaynida o‘zbek tilining ilmiy uslubi ancha shakllanib qolgani, imkoniyatlari kengayganini e’tirof etish lozim. Faqat xavotirli tomoni shuki, bugun tarixning takrorlanish ehtimoli yuzaga kelib turibdi. Ha, o‘sha yuqorida aytganim, turli xalqaro bazalarga kiritish talabi kuchayaversa, hademay o‘zbek tilidagi ilmiy jurnallar ham tugab bitsa ajab emas... Hozirgi kunning peshqadam olimlari aytadiki: o‘zbek tilidagi maqoladan kim ham iqtibos olardi? Yo‘q, ularni nohaq deyish fikridan yiroqman: ular shunchaki har qanday romantikayu idealizmni yig‘ishtirib qo‘yib pragmatik fikrlashyapti, xolos. To‘g‘ri-da, olimning salohiyatiyu ilmiy muassasa yoki oliy o‘quv yurtining reytingi iqtiboslilik darajasi bilan belgilanadigan sharoitda bunday fikrlashni tushunish mumkin. Axir, 30 yildan beri har yili ikkita-uchtadan salmoqli maqolalar yozib kelgan professorning xirsh indeksi ertaga PhD himoyasiga chiqaman degan hayajonda yurgan tadqiqotchidan past, ya’ni bu me’yorga ko‘ra yetuklik pallasidagi olimning salohiyati ilmga tetapoya qilib kirib kelayotgan da’vogarning to‘pig‘iga ham chiqmasa... Yoki endi turli-tuman hisobotlarda, ishga qabul qilishda, lavozimga o‘tkazishda, rag‘batlantirishda, ilmiy unvonlar berishda, kengash a’zoligiga saylashda, ilmiy rahbarlik qilish huquqini berishda va shunga o‘xshash hollarda falon-falon bazaga kiradigan jurnallarda e’lon qilingan maqolalar talab qilinadigan bo‘lsa – bular o‘zbek tilining ilmdan siqib chiqarilishi boshlandi degani emasmi? Ha, afsuski shunday, o‘zimiz o‘tirgan shoxga jonbozlik ko‘rsatib bolta urib yotibmiz... Ya’ni ko‘z oldimizda tarix takrorlanib turibdi. Faqat, afsuski, biz o‘tmishdan faxrlanishgagina yaraymiz, undan saboq chiqarishga hech ham shoshmaymiz. Darvoqe, biz ulug‘ ajdodlarimiz deya faxr etadigan Beruniy, Farobiy, Ibn Sino, Al Xorazmiy, Zamaxshariy kabi allomalarni dunyo ko‘proq arab olimlari o‘laroq taniydi. Ha, agar bu zotlarning hayoti va faoliyati bilan chuqurroq tanishgan yo bizning yurtlarga sayyoh bo‘lib kelib-ketganlar istisno qilinsa, aksariyat ko‘pchilik uchun ular arab olimlaridir. Chunki arab tilida yozganlar, arab madaniyati va ilm-fani vakili o‘laroq maydonga chiqqanlar... Endi bugunimizga kelaylik. Deylik, biz – oltmish yosh chegarasidagi avlod o‘rgangan ikkinchi jahon urushi tarixi bilan uning hozirda G‘arbda ommalashayotgan talqini orasida yeru osmoncha farq bor emasmi? Yo 1917 yil oktyabri voqealari talqinini oling – tasavvurlarimizning oyog‘i osmondan bo‘lib ketmadimi?! Xullas, aytmoqchi bo‘lganim, yana ma’lum vaqt o‘tgach, ilmiy tadqiqotlari rus tilida yozgan XX asr olimlari, ya’ni ... -vich ... -yev(ov)larni rus olimi sifatida tilga olinsa hayron bo‘lishga asos bo‘ladimi?!..

Nima qilish kerak?

O‘zbek tilidagi ilmiy jurnallar tizimini rivojlantirish zarur. Toki yurtimizda amalga oshirilayotgan har qanday tadqiqot yuzasidan o‘zbek tilida maqolalar e’lon qilinishiga erishish kerak. Har kim o‘zga tilda yozgan maqolasining o‘zbek tilida ham e’lon qilinishi haqida qayg‘urishi zarur. Biz xalqaro bazalarga kiritish uchun ingliz tilida alohida jurnallar ta’sis etish yo‘lidan emas, o‘zbek tilidagi mavjud jurnallarni rivojlantirish va ularning ingliz tilidagi variantlarini yaratish yo‘lidan borishimiz lozim. E’tiroz qilinishi mumkin, bu narsa ikki baravar ko‘proq mehnatni va xarajatni talab qiladi, deb. Haqiqatan ham shunday, lekin milliy tilni saqlab qolishu rivojlantirish suv tekin yo oson ish deb hech kim kafolat bergan emas? O‘z tilining ommalashishi va rivojlanishini istagan davlatlarning hammasi katta xarajatlar qiladi, hatto, biz hammamiz go‘yo o‘zimiz istab shuni aslo yoddan chiqarmaslik kerak.

Dilmurod Quronov,

Filologiya fanlari doktori, professor


30.05.2020 885