"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ona tilini o‘qitish – o‘quvchi nutqini o‘stirishning bosh omili

Maktabda ona tili o‘qitishning bosh maqsadi tilning jamiyatda tutgan o‘rni, bajaradigan vazifasi bilan belgilanadi. Ma’lumki, til jamiyat a’zolari o‘rtasida aloqa-aralashuv vositasi, insonning fikrlash va fikr mahsulini og‘zaki va yozma ravishda berishi, o‘z ichki kechinmalarini bayon qilish vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Hazrat Alisher Navoiy til kishilarning o‘zaro aloqa vositasi sifatida jamiyat taraqqiyotida katta o‘rin egallashini, u insonni hayvondan ajratuvchi asosiy belgilardan biri ekanligini alohida ta’kidlab, bunday deb yozgan edi: 

So‘zdirki nishon berur o‘likka jondin,
So‘zdirki, berur xabar jonga jonondin.
Insonni so‘z ayladi judo hayvondin,
Bilki guhari sharifroq yo‘q ondin.

Ona tili o‘qitishdan maqsad tilning jamiyat a’zolari o‘rtasida bajaradigan ana shu vazifasi – o‘quvchilarni fikr bayon qilish faoliyatiga tayyorlash vazifasidan kelib chiqadi. Chunki kishilar o‘z faoliyatlarining barcha sohalarida bir-birlari bilan faol munosabatda bo‘ladilar. Ular doimo o‘zlarini o‘rab olgan moddiy borliqdagi narsa-buyumlar va voqea-hodisalar to‘g‘risida fikr yuritadilar va o‘z fikrlarini bir-birlariga ma’lum qiladilar. 

Demak, jamiyatda fikr almashish qonuniy zaruriyatdir. Odamlar orasida fikr almashish bo‘lmasa, jamiyat taraqqiyotdan to‘xtaydi. Fikr esa faqat til yordamida ro‘yobga chiqadi. Shuning uchun ham har bir kishi undan foydalanishni bilishi va avvalo uning o‘zini to‘la-to‘kis o‘rganib olishga harakat qilishi zarur. Tilni o‘rganish bu faqat uning grammatik qurilishini bilish, tushuncha, ta’rif va qoidalarni o‘zlashtirib olish emas, balki ona tilining boy imkoniyatlaridan foydalanib, fikrni og‘zaki va yozma shakllarda to‘g‘ri, ravon ifodalash malakalarini egallashdan iboratdir. Ona tili fani bolaga tilni o‘rgatish bilan birga, tilning serqirra imkoniyatlaridan nutqda foydalanish me’yorlarini ham o‘rgatadi. 

Modomiki, ona tili o‘qitilishi bolalarda nutqiy me’yorlarni tarbiyalash va ro‘yobga chiqarish yo‘llarini o‘rgatish ekan, demak, “til”, “me’yor”, “nutq” tushunchalari ayni bir narsa emas. 

Til fikrni shakllantirish va uni yuzaga chiqarish, birovga yetkazish uchun imkoniyat sifatida o‘quvchining ongida mavjud. U ma’lum bir so‘zlar, qo‘shimchalar, ularning o‘zaro birika olish imkoniyatlari va birikish natijalari haqidagi qonun-qoidalar majmuasidir. Tilning asosiy qonun-qoidalari, zarur birliklarini (nutq tovushlari, qo‘shimchalar, so‘zlarni), ularning birikish qonun-qoidalarini o‘quvchi jamiyatdan tayyor holda qabul qiladi. Ularni o‘rganish uchun maktabda o‘qish zarur emas. Umrida maktab ko‘rmagan odamlar ham tilni hayot, turmush, jamiyat talablari asosida o‘zlashtiradilar. Lekin til ichki imkoniyat sifatida aniq bir fikrni xilma-xil usul va vositalar yordamida yuzaga chiqarish imkoniyatini beradi. Tilning bunday imkoniyatlari behad cheksiz. Me’yor mana shu imkoniyatlarni g‘alvirdan o‘tkazuvchi omildir. 

Me’yor jamiyatda ma’lum bir maqsadni ko‘zlagan holda til imkoniyatlaridan foydalanish uchun ko‘rsatkichlar majmuasidir. Me’yorning oliy ko‘rinishi milliy-adabiy til uslublari mezonlarida o‘z aksini topadi. Milliy adabiy til esa faqat ma’lum bir uslubiy ko‘rinishdagina yuzaga chiqadi. 

Nutq til imkoniyatlarining me’yor g‘alviridan o‘tkazilgan holda yuzaga chiqishi, voqe bo‘lishidir. 

Nutq – tafakkur mahsuli. Shuning uchun ona tili ta’limi oldiga qo‘yilgan yana bir muhim talab o‘quvchilar tafakkurini rivojlantirishdir. Fikrni bayon qilish tafakkur va til orqali amalga oshadi. Ularning o‘zaro munosabati juda murakkab jarayondir. Tafakkur tashqi olamning kishi miyasida aks etishining oliy shakli bo‘lsa, til tafakkurni ma’lum shaklga solib, so‘zlar, so‘z birikmalari va gaplar bilan ifodalash vositasidir. Tafakkur qancha rivojlantirilsa, o‘quvchining fikr bayon qilish mahorati ham shuncha yuqori bo‘ladi. 

Ona tili mashg‘ulotlari faqat nutqni egallash yo‘llarini emas, balki undan foydalanish madaniyatini ham tarbiyalaydi. Nutq madaniyati juda katta va keng soha bo‘lib, u bolaning kundalik oddiy salom-aligidan tortib, kimga, nimani, qachon, qayerda va qanday so‘zlashgacha bo‘lgan barcha nutqiy jarayonlarni o‘z ichiga oladi. Bu madaniyat sirlari ham avvalo ona tili mashg‘ulotlarida – til hodisalarini o‘rgatish jarayonida singdiriladi. 

Xullas, ona tili mashg‘ulotlari bolalarda ijodiylik, mustaqil fikrlash, ijodiy fikr mahsulini nutq sharoitiga mos ravishda og‘zaki, yozma shakllarda to‘g‘ri, ravon ifodalash ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish, til sezgirligini tarbiyalashga xizmat qilmog‘i lozim. Bu ona tili o‘qitishning asosiy maqsadidir. 

Muslimova Umida Kudratullaevna,
Xalq ta’limi vaziri maslahatchisi














05.06.2020 1245