"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Yuz yillik orzu

Biz millat haqida, milliy qadriyatlar haqida gapirganda o'z-o'zidan Qodiriy, Cho'lpon, Behbudiy va Fitratlarni esga olamiz. Chunki, ular millatni asl ko'rish, adl ko'rish uchun kuyunganlar. Shu millatning tili, adabiyoti uchun va uning tagzamiridagi mazlumiyat va mahrumiyatlari borasida qayg'urganlar. Ular sofligi uchun kurashgan tilda biz gapiramiz, jadidlarimiz ochgan maktablarda bizning ota-bobolarimiz ilm olishgan, ular keltirgan ozodlikni yuraklarimizda ko'tarib yuribmiz.

Quyida yozuvchi Isajon Sulton va Qodiriy shajarasining davomchilaridan biri Xondamir Qodiriy qurgan suhbatni siz mushtariylarimizga ilinar ekanmiz, asriy jumboqlarning asl javobini topgandek bo'lamiz.

Isajon Sulton: — Xondamir aka, siz bilan ulug' adibimiz Abdulla Qodiriy asarlari, qahramonlarining fe'l-atvori, u zot yashagan muhit, shuningdek, ulug' adib yodining tiklanishi, uy-muzeyi ochilishi kabi mavzularda o'zaro ko'p gaplashganmiz. Shukrki, mamlakatimiz Prezidentining yuksak e'tibori bilan Qodiriy xotirasini abadiylashtirish haqida qaror imzolandi, adib uy-muzeyi, u kishining nomidagi bog' va ijod maktabi ochildi. Avvallari shu mavzuda bir suhbat qilaylik desam, hali erta der edingiz. Endi suhbatlashsak bo'ladimi?

Xondamir Qodiriy: – Ha, endi mavridi keldi. Uy-muzey masalasi adib oqlanganidan, ya'ni 1956-yildan buyon davom etib kelgan masala. Otam, ya'ni Abdulla Qodiriy bobomning farzandi Habibulla Qodiriy ham, amakim Mas'ud Qodiriy ham shu orzuga yetolmay dunyodan o'tishdi. Bu ish yildan-yilga surila-surila, nihoyat, 2019-yilda nasib qildi. Avvallari suhbatga erta deganim… Haqiqatan tushunarsiz holat emasmi: Abdulla Qodiriy xotirasi har yili eslanadi, roman va hikoyalari maktablarda o'qitiladi, olimlaru tadqiqotchilar ilmiy ishlarga mavzu qilib olishadi, dissertatsiyalar yoqlanadi, asarlaridagi hikmatli so'zlar, shaxslar, qahramonlar misol qilib keltiriladi, biroq u kishi yashagan uyni ziyoratgohga aylantirish, u muhitni o'z ko'zi bilan ko'rib, yuragida his qilishni istagan qancha kishilarning istagi ro'yobga chiqmay turaverardi. Hamma hayron, hamma lol… Bir nima dey desangiz, yana noqulay edi-da.

Ochig'i, hukumat qarori chiqqanidan keyin ham hadiksirab yurdim, avvalgiday lop etib to'xtab qolsa-ya, deb. Ammo yelkamdan ikki qanot o'sib chiqqandek edi. Bir xalqning gultoji bo'lmish yozuvchi oilasi ko'p yillar aziyat chekkaniga nimayam deya olardim? O'zingiz ham guvohsiz, uy-muzey ochilishi tantanali to'y bo'lib ketdi! Qarab ko'zlarimga ishonmayman. Men taniydigan hukumat a'zolari, atoqli olimlar, ziyolilar, adiblar qatorida turli hududlardan kelgan tumonat kishilarni ko'rib, to'lqinlanganimdan titrayman deng.

Isajon Sulton: — Sizningcha, muzey ochilishi nega buncha cho'zilib ketdi?

Xondamir Qodiriy: — Buning og'ir, iztirobli sabablari bor. Lekin shuni aytib qo'yishim kerak: u sabablarning hukumatga yoki ayrim kishilarga sira aloqasi yo'q. Biz o'zingiz bilganingizday kamsuqum oilamiz, el qatori yashab yuribmiz. Uy-muzeyni o'z holimizcha o'n yilda ham tiklay olmasdik, albatta. Lekin shuni aytamanki, turli sabablarga ko'ra orqaga surilib kelayotgan bu ish ro'yobga chiqishi uchun ko'p yelib-yugurdik. Har safar endi bitdi deganimizda lop etib bir nima chiqib qolar, yana ish mavhumligicha qolib ketaverardi. Hafsalamiz pir bo'lib, shashtimiz so'nib qaytar, anchadan keyin yana o'zimizda kuch topib, yana bosh urishlarda davom etardik. Endilikda bizning yelib-yugurganlarimizning, nimalar qilganimizning ahamiyati yo'q, chunki u kunlar o'tdi-ketdi, orzular ro'yobga chiqdi.

Bu ishlarning amalga oshishida, avvalo, Prezidentimizdan, Bosh vazirimizdan, adib hamda Prezidentimiz maslahatchisi Xayriddin Sultonovdan, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyiddan, “Ma'naviyat va ma'rifat”markazi rahbari, ajoyib shoir Minhojiddin Mirzo hamda Madaniyat vazirligi mas'ullaridan, ko'plab olim va ziyolilarimizdan minnatdorman. Ularga oilamiz nomidan rahmat aytaman. Iztirobga tushib yurgan paytlarimizda “Tushkunlikka tushmang, sabr qiling, hammasi yaxshi bo'ladi” deb taskin berib, ko'nglimni ko'tarishgan paytlari ko'p bo'lgan. Uy-muzey va bobomiz nomidagi bog' ta'mirlanishida Bosh vazirimiz o'zlari bosh-qosh bo'lib, har bir tafsilotlarigacha muhokama qilib, takliflar berdi. Masalan, 1937-yilning oxirgi kuni, yarim kechasi shu xonadonga NKVDchilar kirib kelib, Qodiriyni oila bag'ridan yulib olishgan tun. U kishining o'sha paytdagi xonasini, jihozlarini aslidagidek qoldirish haqida gap bo'ldi. Qurilganiga yaqin yuz yil bo'lgan binoni ta'mirlab, eski ko'rinishga keltirish osonmi? Endi kirsangiz, birdaniga tasavvur uyg'onib ketadi. Otam Habibulla Qodiriy u paytda yigirma yashar bo'lib, esini taniganidan beri oila qismatiga oid jamiki katta-kichik voqea-hodisalardan xabardor edi. Bular otamning “Qodiriyning so'nggi kunlari” asarida batafsil bayon qilib berilgan.

Uy-muzey ochilishiga qarshilik bo'lmagan-u, biroq fikrlar bir joydan chiqmagani haqiqatga yaqin. Lekin ba'zilar tixirlik qilishganida, men yuqorida tilga olib o'tgan va nomlari daf'atan bu ro'yxatga kirmagan yaxshi kishilar “Qodiriy sizga kerak bo'lmasa, o'zbek xalqiga kerak” deb qat'iy turib olishganiga guvohman. Yana bir jihati, hovlimizda ancha-muncha oila tiqilishib qolgan edi. Muammolar hal bo'ldi, barchaning ko'ngliga qarab, nima zarur bo'lsa muhayyo qilib berildi. Haq qaror topdi. O'ylaymanki, Qodiriyning ruhi shod bo'ldi, keluvchi-ketguvchilarning oxiri ko'rinmaydigan shu kunlarda ularning duolari bobomiz ruhiga yetib turganiga ishonaman.

Qodiriyning so'nggi suratini eslaysizmi? Uning yuz-ko'zidagi og'ir iztirob turma mashaqqati tufayligina emas edi, deb o'ylayman. Ona yurt mustamlaka zulmatiga cho'mar ekan, miltirab turgan yolg'iz umid – sof ona tilimiz bag'ridagi musaffo o'zbek ruhiyatini saqlab qolish dardida yonganini, mabodo u barhayot umid chirog'i so'nsa nima bo'lishini o'ylaganmikin? Armonga aylangan millat orzusi, el-yurt qayg'usi — barchasi shu nigohda jam.

Bularning barchasi el-yurti, dinu diyonati uchun shahid ketgan adibini eslatib turadigan, u zot ruhiga ko'pdan-ko'p xayru saxovatlar va duolar yetib turishi uchun sabablardir. Men o'zim ulug'larimiz maqbarasi qoshida “Qara-ya, oradan shuncha asrlar o'tganiga qaramay, bu ziyoratgohlar atrofidan odam arimaydi, haqqiga duolar tinmaydi” deb havas qilardim. Shunday xayrli qismat Qodiriy bobomizga ham nasib etganidan xursand­man.

Isajon Sulton: — Qodiriy yodining tiklanishi ma'naviyatimiz yuksalishi uchun qilinayotgan keng miqyosli ishlarning muhim bir qismi aslida. Chunki, ulug' adib shu elning, shu ma'naviyatning xizmatkori edi. Yaqinda esa “O'zbek tili bayrami kunini belgilash to'g'risida”gi qonun kuchga kirdi. O'zbek xalqining nurab borayotgan o'zak ustuni tiklab qo'yildi. Bu – Qodiriy va uning safdoshlarining, muxlislarining, boyagina tilga olib o'tganimiz ota-bobolarimizning, juvonmarg ketgan yuzlab ziyolilarning orzusi edi-ku?

Xondamir Qodiriy: — Til sofligi deganda uning ruhini ham nazarda tutish kerak menimcha. Shunday holatlar ham borki, qarasangiz, go'yo o'zbekcha, ammo ruhi tamoman begona. Boshqa tillardan o'zbekchaga o'girilgan matnlarda bu holat ko'p uchraydi. Ayni muammolar haqida Qodiriy do'sti G'ozi Yunusga yuborgan maktublarida kuyunib yozgan. Til quyoshi botsa millat quyoshi ham botadi deyishgan. Bu gapni tersiga o'girib ko'rsak, til quyoshi porlasa, millat quyoshi ham porlaydi degan mazmun chiqadi.

Gap birgina Abdulla Qodiriy emas, barcha ziyolilaru adiblarga birday tegishli mavzuda, ya'ni dunyoga dars bergan qadimiy madaniyat, olamdagi tamal tillardan biri bo'lmish ona tilimiz uchun jon kuydirish haqida ketmoqda. Yana bir misol keltiray: 1918 yilda o'zbek tili Turkiston muxtoriyatining rasmiy davlat tili deb e'lon qilinadi, biroq, bu qaror qog'ozda qolib ketaveradi. Bir yildan so'ng, 1919 yilda “Ishtirokiyun” gazetasida Kabir Bakirning til haqidagi “Shoyoni tabrik bir odim” maqolasi e'lon qilinadi. O'qisangiz, yoqa ushlaysiz: “Turkistonda turk tilining davlat lisoni etilub e'lon qilinurina yilg'a yaqin vaqt o'zub ketgan bo'lsa-da, voqeada bu ish hech bir tariqa amalga qo'yilg'ani yo'q edi. Boshqa hukumatlar bir tarafda tursin, milliy ishlar komissarlig'i kabi Turkistondagi mahalliy xalqg'a eng yaqin bo'lurg'a tegishli bir mahkamada bila shu kunga qadar na bir pro'to'ko'l va na-da komissariatning boshqa ishlari yozilmas edi…” deb yozadi u.

Isajon Sulton: — Ha, yuz yillik orzu endi ro'yobga chiqdi, degan fikringizga men ham qo'shilaman. Tilimizni qadimiy deganingizga o'rinli bir misol keltirsam. O'rxun-Enasoy yozuvlaridan xabaringiz bor. Ular bundan taxminan ikki ming yil avval hozirgi O'zbekiston hududlaridan chiqib, shimolga qarab yurgan va ko'kturklar davlatini qurgan turkiy uluslar qahramonliklaridan hikoya qiladi. Bobomiz Abdurauf Fitrat “O'zbek adabiyoti namunalari” to'plamiga kirgan maqolalaridan birida shularni hikoya qiladi. Men u bitiklarning bugungi alifboga o'girilgani shaklini, shuningdek, turli tillarga tarjimalarini solishtirib chiqdim. Ba'zi so'zlarni ko'rib yombi topgandek xursand bo'lib ketdim. Toshlarga Yo'lluq Tegin buyrug'iga ko'ra o'yib yozilgan u bitiklar boshqa turkiy tillar orasida o'zbekchaga eng yaqin ekaniga guvoh bo'ldim. Misol uchun, “borsamiz”, “qilsamiz” kabi so'zlarga duch kelasiz. Bu asosan, poytaxt shevasiga xos, lekin hamma joyda ham emas, mavzelarning ayrim joylardagina saqlanib qolgan…

Xondamir Qodiriy: — To'g'ri, qadimiyligiga misollar juda ko'p, biroq ularni farzandlarimizga oddiy, tushunarli qilib yetkazib berish zarur. Men ham xalqimiz tarixiga juda qiziqaman, qo'limdan kelganicha o'qib-o'rganib yuraman. Siz aytgan maqolani men ham o'qidim. “Bu davrning bizga eson-omon kelgan eng burung'i namunasi O'rxun va Enasoyda topilgan tosh­bitiklardirkim, eng muhimlari milodiy oltinchi asrda ulug' bir davlat qurg'an Tukyu turklarning sakkizinchi asrdagi xonlari Bilga xoqon bilan uning inisi Кultegin yodnomalaridir” dey­di u. Qodiriy yaqin tarixga murojaat qilib, o'lmas asarlar yaratdi. Balki yashab qolganida, olis tarixga ham murojaat qilgan bo'larmidi? Chunki, Fitrat boboning maqolasi 1928 yilda yozilganiga qaraganda, bu ma'lumotlar o'sha mahalda barchani to'lqinlantirgan chog'i. Albatta, siz aytgan ma'lumotlar, xalqning turli lahjalari, urf-odatlari tadqiq qilinishi zarur bo'lgan juda katta ishning bir qismi, nasib qilsa, hammasi o'z o'rniga qo'yilib, xalqimizga, ayniqsa, farzandlarimizga to'la ta'lim berilsa, ajabmas.

Isajon Sulton: — Toshbitiklarda turkiy eldan ajralib chiqib, Chin xoqoni hashamlariga uchgan yana bir to'da haqida ham so'z boradi. Ular tabg'achlardir. Bu aslida turkiy so'z bo'lib, “urug', hurmatli” ma'nosini ifodalaydi. Chin ulusiga yaqinlashib, shunchalar kirishib ketishganki, elidan-tilidan voz kechib, Chin nomini olishgach, o'z qondoshlari ustiga yurish qilib, qullikka solishgan. Buni Yo'lluq Tegin otasi Bilga xoqonning o'z xalqiga aytgan “Qattiq o'g'illaring qul bo'ldi, suluv qizlaring cho'ri bo'ldi” so'zlari bilan ta'riflaydi.

Xondamir Qodiriy: — Qarang-a, el-ulusidan tonib ketgan toifa o'sha mahallarda ham bo'lgan ekan-da! Majozan aytsak, tabg'achlar hozir ham yashab kelmoqda. Tarix ibrat uchundir. Shuni ham aytib o'tmoqchimanki, sobiq imperiya o'tmish ustiga tashlagan yolg'on yopinchig'ining yirtiqlari orasidan haqiqat yog'dusi baribir ko'rindi. Xalqimizning ulug' tarixi chalkashtirilib, atay buzib ko'rsatilgan bo'lsa-da, buzg'unchilar niyatlariga erisha olishmadi. Bizga haqqoniy, xolis, ibratli tarix kerak. Olis tarixni qo'ying, jadid bobolarimizni bezovta qilgan g'oyalar, o'y-mulohazalar ham buzib talqin qilinganiga barchamiz guvohmiz.

Isajon Sulton: — Demak, kimlardir shuncha qudratiga qaramay, tariximizdan hayiqishgan ekan-da?

Xondamir Qodiriy: — Hayiqmay nima qilsin? “Kuch – kuchda emas, ma'naviyatda” degan gapning naqadar haqqoniyligini ko'ryapsizmi? Biz aytib o'tgan gaplar o'zbek xalqi va turkiylar tarixining o'rta qismiga tegishli, asl tariximiz yanada olislarga borib taqaladi. Har holda, shuni bilaturib, o'zlaridan qo'rqqan bo'lsa kerakki, ustunlik istab buzib yuborishgan. Qodiriy yaqin tarixga murojaat qilganidayoq tipirchilab, adibni qatl qilishgacha borishgan.

Isajon Sulton: — Siz boya izzatga sazovor bo'lgan kishilar haqqiga qilinayotgan duolardan gapirdingiz. Haqiqatan ham, inson dunyodan o'tgach, shuncha kishidan duo yetib tursa, bu katta baxt.

Xondamir Qodiriy: — Ba'zi kishilar o'zlaridan iz qoldirishmaydi. Qodiriyni esa xalq mudom izzatladi. Haligacha yuz minglab muxlislari asarlarini sevib o'qishadi. Asar haqida so'z ketganida, men uni bir ta'lim dargohiga o'xshatgan bo'lardim. Misol uchun, kishilar o'zlariga savob yetib turishini istab mad­rasalar, ko'priklar, yo'llar qurishadi. Asar ham shunday, farqi shundaki, u benihoya uzoq yillar yashashi mumkin. Madrasa ma'lum fanlarni o'rgatsa, asar fidoyilik, insoniylik, millatsevarlik, haqiqat, imon va diyonatning hayotiy darslaridan saboq beradi. Shu ma'noda ulug' ajdodlarimiz yodi qatori, adib Abdulla Qodiriy xotirasining tiklanishi ham ramziy ma'no kasb etadi. Qodiriy va uning safdoshlari xalq xizmatkori edi, dedik. Men ham shu ulug' xizmatga kichik bir hissam qo'shilib qolishini orzu qilaman. Shu kunlarda u kishining qo'lyozmalarini tartiblash, nusxalarini to'p­ash, taqqoslash, zamona voqealarini solishtirish kabi ishlar bilan mashg'ulman.


                                                                                     Yozuvchi Isajon Sulton va Xondamir Qodiriy suhbati,

                                                                                                               "Hurriyat" gazetasi, 2020-yil, 3-iyun.


09.06.2020 1814