"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Bolaning ona tiliga sadoqati oilada shakllanadi, maktabda mustahkamlanadi

Til millatning ma’naviy boyligi. U orqali har bir millat dunyo sahnasida o‘zligini, ma’naviy-siyosiy qiyofasini, irodasini namoyon etadi. Shu ma’noda ma’lum bir xalqning ma’naviy qudratini uning ona tiliga bo‘gan e’tibori bilan baholash mumkin.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligiga ham o‘ttiz yil bo‘ldi. Bu vaqt ichida uni mustahkamlash, rivojlantirish, obro‘yini oshirish yo‘lida ko‘plab ishlar qilindi. Xususan, milliy ta’lim tizimi tubdan isloh qilindi. Bu jarayonda ayniqsa, umumta’lim maktablariga alohida e’tibor berildi. Maktab ostonasiga qadam qo‘ygan bolajonlarda ona tilimizga muhabbat, sadoqat , milliy g‘urur  tuyg‘ularini shakllantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi.

Bu borada gapirganda shahrimiz xalq ta’limi bo‘limi famoasi tajribasiga ham alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Jumladan, bugun shahar xalq ta’limi tizimidagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida har bir maktabda tajribali pedagoglardan mas’ul shaxslar belgilangan. Mutaxassislarimiz ularga uslubiy yordam ko‘rsatib, zarur taklif va tafsiyalarni berib borishadi. O‘z navbatida mas’ullar muassasada qonun talablarining bajarilishi ustidan jamoaviy nazoratni tashkil etadi hamda shu yo‘nalishda qilinayotgan ishlar yuzasidan bo‘limga hisobot berib boradi. Bundan tashqari, muassasalar va ularga tegishli hududdagi barcha tashqi yozuvlar, lavhalar, e’lonlar, reklama vositalarining davlat tiliga muvofiq bo‘lishi ham nazoratga olingan.

Aytish joizki, shahar xalq ta’limi bo‘limi tomonidan belgilangan chora-tadbirlar dasturi asosida umumta’lim maktablarida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosi tanqidiy tahlil qilinib, jarayonda aniqlangan muammolarni bartaraf etish, xato va kamchiliklarni tuzatish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilishi ham yo‘lga qo‘yilgan. Maxsus tashkil etgan onlayn guruhlarda esa barcha o‘qituvchi-pedagoglar turli qo‘llanma va darsliklarni ona tilimiz talablari asosida tayyorlash, takomillashtirish yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirishlari mumkin. Shu bilan birga, o‘qituvchilar ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek tilining kelib chiqish tarixi, rivojlanish bosqichlari to‘g‘risidagi, shuningdek, davlat tiliga hurmat va sadoqatni targ‘ib qiluvchi turli ilmiy, ijodiy maqolalari bilan chiqish qilishi belgilangan. E’tiborlisi, bugun bu yo‘nalishda o‘quvchi-yoshlar ham faollik ko‘rsatib, o‘z ijodida ona tilimizga bo‘lgan muhabbat va hurmatini ifoda etishmoqda.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joiz, albatta, fuqarolarimizda davlat tilidan foydalanish madaniyatini shakllantirish borasida hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar talaygina. Biroq, bu mas’uliyatli vazifani faqatgina maktab zimmasiga yuklash qanchalar to‘g‘ri? Davlat tili obro‘siga dog‘ tushirayotgan yoshlarga qarata “maktab ko‘rmagan”, “savodsiz” kabi iboralarni ishlatamiz, ammo ko‘p yillik kuzatuvlarim shuni ko‘rsatmoqdaki, insonning ona tiliga bo‘lgan muhabbati, sadoqati, avvalo oilada shakllanadi. Maktab esa bu tuyg‘ularni yana kuchaytirish, mustahkamlash uchun xizmat qiladi. Shu ma’noda aytish mumkinki, davlat tilining obro‘sini oshirish birgina o‘qituvchining emas, balki, butun jamiyatning vazifasi, maqsadi va intilishi bo‘lmog‘i lozim. Shundagina natija yuqori bo‘ladi.

Gulchehra IMOMOVA,
Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi ona tili va adabiyot fani uslubchisi

Manba: samarkandnews.uz

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!
27.06.2020 625