"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Maqolalar
  • Til va tafakkur yoxud imlo qoidalari buzilishining tilimizga ta'siri xususida

Til va tafakkur yoxud imlo qoidalari buzilishining tilimizga ta'siri xususida

Til vujud bo‘lsa, so‘z uning libosidir. Aytayotgan, yozayotgan so‘zlarimiz bexatoligi ana shu libos ko‘rkamligini belgilaydi. Shu ma'noda imlo qoidalarining tilimiz sofligini ta'minlashda o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori Zulxumor Xolmanova bilan suhbatimiz davlat tilining takomillashuv bosqichi, imlo qoidalarini qo‘llashda yo‘l qo‘yilayotgan xatolar va ularning yechimi xususida bo‘ldi.

- Bugun o‘zbek tilini rivojlantirish, uning nufuzini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Sizningcha, ayni yo‘nalishdagi faoliyat qaysi mezonlarda yanada ko‘proq o‘z samarasini beradi?

- Darhaqiqat, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish bugunning dolzarb vazifasiga aylandi. Shu nuqtai nazardan davlat tilining amaliyotga tatbiqi borasida harakatlantiruvchi maqomga ega bo‘lgan mexanizmga e'tibor qaratildi. Xususan, Adliya vazirligi tomonidan davlat tilida ish yuritishni ta'minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutgan “O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 42-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 42-moddasi “Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish” deb nomlangan bo‘lsa-da, ushbu modda davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlariga rioya etmaslik bilan bog‘liq munosabatlarni qamrab olmaganligi to‘g‘ri ta'kidlanmoqda. Turli bahs-munozaralardan mazkur moddaning mavjudligini ham ko‘pchilik bilmasligi bugungi kunda oydinlashib qoldi. Ushbu modda amaliyotga tatbiq etilmaganligi tufayli davlat tili me'yorlari talab darajasida bajarilmadi. Natijada davlat tilida ish yuritish tizimiga amal qilinmayotgani haqida ommaviy axborot vositalarida, radio, televideniyeda, ilmiy-amaliy konferensiyalarda mutaxassislar, jamoat arboblari, ma'naviy-ma'rifiy tashkilot xodimlari tomonidan kuyunchaklik bilan aytilgan fikrlar muallaq qolaverdi. Aksincha, ko‘pgina hamyurtlarimiz “necha yillardan beri bir xil muammo — ko‘cha-ko‘ydagi xatolar haqida gapiryapsizlar” degan mazmundagi iddaolarini bildirishdi. Achinarlisi, shahar ko‘chalaridagi e'lonlar, reklamalar matnidagi imloviy, uslubiy xatoliklar bilan bir qatorda boshqa bir muammo — xorijiy tildagi matnlarning, nomlarning me'yordan ortiq ko‘payishi, “xorijiy tus” masalasi ko‘ndalang bo‘lib qoldi.

Aslida ma'naviy zarar moddiy zarardan ustun turadi. Ma'naviy zarar millatning ildizini yemirishi mumkin: o‘zbek xalqining buyuk mutafakkirlari shunday uqtirib keladi. Afsuski, bunday ta'sirning zararini ko‘pchiligimiz anglab yetmadik. Agar tushunib yetganimizda, 42-moddaning samarasi shu kunga qadar ko‘ringan bo‘lar edi.

Ma'muriy javobgarlikda ko‘zda tutilgan moddiy zarar insoniyatni hushyor torttiradi. Insonda majburiyat tuyg‘usini uyg‘otadi. Biror faoliyatni majburiyat yuzasidan amalga oshirish inson tabiatiga xos. Agar majburiyat bo‘lmasa, inson faoliyatining ko‘p qismi izdan chiqib ketishi mumkin. Ajdodlarimiz ham majburiylik shaxs harakatini ta'minlovchi omil ekanligini ta'kidlashgan. Xususan, Yusuf Xos Hojib ta'lim-tarbiya berishda majburlash lozimligini qayd etgan. Taniqli olim, millatparvar ustozimiz professor Begali Qosimov jadidlarga monand “...ma'naviyatga yetaklab, kerak bo‘lsa majburlab eltish kerak” degan edilar.

Hozirga qadar davlat tilida ish yuritishning zarurligi hech qanday jarimasiz, ma'muriy javobgarliksiz ta'kidlab kelindi. Biroq arzirli natijaga erishilmadi. Bu borada Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 42-moddasiga jarima haqidagi band ayni muddao bo‘ldi (shu o‘rinda yo‘l harakati nazoratini tizimli tartibda olib borishda qat'iy belgilangan jarimalarning alohida o‘rin tutganligini ham qayd etib o‘tmoqchimiz).

- Oddiy so‘zlashuvdan tortib ko‘chalardagi peshlavhalaru, reklama, e'lonlargacha barchasida kishi ta'bini xira qiladigan g‘aliz jumlalar, xatolarga duch kelamiz. Bunga chek qo‘yish uchun yana qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim, deb hisoblaysiz?

- Dunyo miqyosida ayrim tillar iste'moldan chiqib bormoqda, ona tilini asrashdek global muammo yuzaga kelyapti. Xalqimizda milliy tilga munosabat o‘zgarishi lozim. Asrlar bo‘yi sayqallangan milliy-madaniy qadriyatlarimiz, an'analarimiz qatorida ona tilimizni ham bor ko‘rku tarovati bilan avlodlarga yetkazishga mas'ulmiz. Bu borada ajdodlardan ibrat olishimiz, dunyoning rivojlangan mamlakatlari yutuqlaridan unumli foydalanishimiz kerak. Avvalo, ko‘chalardagi reklama va e'lonlar matnini talab darajasida to‘g‘ri shakllantirishimiz darkor. Nomlashda davlat tili imkoniyatlarini namoyon qiluvchi turkiy so‘zlar yoki ba'zi hollarda, xalqimiz ma'naviyatiga singib ketgan arabcha, fors-tojikcha o‘zlashmalarni ham tanlash maqsadga muvofiq. Xuddi shu ma'noda qadimiy, mumtoz manbalar orqali hozirga qadar yetib kelgan ayrim turkiy so‘zlarni tiklash, ommalashtirish lozim. Nomlar, reklama va e'lonlar matnining “Atamalar komissiyasi” nazoratidan o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yish kerak. Shu o‘rinda ayrim yurtdoshlarimizning “o‘zbek tilining ko‘p so‘zlari arabcha va forscha-tojikcha”, “kompyuter yoki mashinasozlik terminlarini qanday qilib o‘zbekchalashtirish mumkin?” degan e'tiroznamo munosabatlariga keladigan bo‘lsak, avvalo, gap terminlar ustida borayotgani yo‘q. O‘zbek tilidagi hamma chet so‘zlarni o‘zbekchalashtirish mumkin emas. Bu yerda “me'yor”, “imkon qadar” degan tushunchalarga urg‘u beriladi. Qolaversa, o‘zbek tilida arabcha, forscha so‘zlar ko‘p bo‘lsa ham, qo‘llanish miqdori jihatidan turkiy otlar, fe'llar, sifatlar faoldir. O‘zbek tilidagi so‘zlarning nom sifatidagi doirasini kengaytirish, ularning miqdorini oshirish Prezident farmonida belgilangan vazifalardan biridir. Milliy tilning asosiy lug‘at boyligini o‘z qatlam so‘zlari tashkil qilishi kerak. Bu masalani ongli ravishda yondashib hal qilish jahon tajribasida ko‘p kuzatiladi, xususan, Koreya til siyosatida uchraydi.

Umumta'lim jarayonida savodxonlikka, ona tili va adabiyot ta'limiga, tildan foydalanish ko‘nikma, malakalarini hosil qilishga alohida e'tibor qaratish lozim. O‘zbek tilini o‘qitish tizimini milliy pedagogika negizida, xorij tajribasi asosida yangilash, zamon talablariga mos adabiyotlar sinfini yaratish, innovatsion texnologiyalarni qo‘llash dolzarb masalalar sirasiga kiradi. O‘quvchilarda lingvistik, nutqiy, kasbiy, kommunikativ, axborotni qabul qilish, o‘z-o‘zini rivojlantirish uquvini shakllantirish juda muhim. O‘zbek tilida bilimlarni baholash, avtomatik tahrir, tarjima, til o‘rgatish dasturlarini yaratish, “O‘zbek tilining Milliy korpusi”, ko‘p jildli “O‘zbek shevalari lug‘ati”, “Turkiy arxaizmlar lug‘ati”ni tuzish ustuvor vazifalardan biridir. Davlat tilida turli bosqichlar va darajalardagi sinovlarni joriy etish, ishga qabul qilishda davlat tilini bilish, savodxonlik darajasini tekshiruvchi tizimni ishlab chiqish ehtiyojga aylandi.  

- Tabiiyki, davlat tilining takomillashuvi imlo qoidalariga rioya qilinishiga ham ko‘p jihatdan bog‘liq. Bugungi kunda imlo qoidalariga oid muammolar nimalardan iborat?

- O‘zbek tili tarixi qadim, o‘z taraqqiyot bosqichlariga ega bo‘lgan muloqot vositasidir. Bu tilning o‘ziga xos xususiyatlari, muayyan tizimga egaligi, qonun-qoidalari dunyoning rivojlangan tillari qatoridan o‘rin olishiga asos bo‘la oladi. Bu tilda yaratilgan katta hajmdagi tarixiy, madaniy, adabiy yodgorliklar uning keng imkoniyatlarini aks ettiradi.

O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqei va nufuzini oshirishdagi muhim vazifalardan biri imlo qoidalarini takomillashtirishdan iborat. Hozirda xalqimiz ikki xil yozuvdan foydalanmoqda. Avvalo, ikki xil yozuvning amalda bo‘lishi maqsadga muvofiq emas. 1993-yilda qabul qilingan lotin yozuvining to‘liq joriy etilishiga to‘siq bo‘ladigan obyektiv va subyektiv sabablar bor. Shu bois 20 yildan ortiq muddat davomida lotin yozuvi asosidagi yangi o‘zbek alifbosiga to‘liq holda o‘tilmadi. Muammo ikki xil yozuvdan foydalanilayotganida ham emas (o‘zbek xalqi ikki xil yozuvdan foydalanish tajribasini o‘tagan: X-XV asrlarda arab yozuvi bilan bir qatorda uyg‘ur yozuvidan foydalanilgan). Muammo har ikki yozuvning o‘ziga tegishli bo‘lgan imlo qoidalariga amal qilinmayotgani natijasida yuzaga kelmoqda. Matbuotda kirill yozuvidagi matnlarda fevral, fakultet, albom so‘zlarida yumshatish belgisini tushirib qoldirish, yil, sanani bildiruvchi raqamlardan keyin - (chiziqcha) qo‘yish (2016-yil), izofali birikmalarni orttirilgan y undoshi bilan yozish kuzatilmoqda (tarjimayi hol). Lotin yozuvidagi matnlarda kirill alifbosidagi ye,yo, yu,ya – yo-lashgan unlilar imlosida xatolar uchraydi. Masalan, tarkibida shu tovushlar kelgan ismlar qisqartirilganda ikki harf bilan ifodalash holati kuzatiladi: Yo. Hakimov – Yo. Hakimov; Yu. Ibrohimova – Yu.Ibrohimova. Imlo qoidalarida (1995) ye,yo, yu,ya – “yo”lashgan unlilar imlosiga oid izohlar berilgan, ammo bu harflarning bosh shakli haqida aniq fikr aytilmagan. Lotin alifbosida “yo”lashgan unlilar tushunchasi o‘z qiymatini yo‘qotadi. Shu bois Yorqin, Yulduz so‘zlaridagi ikkinchi tovushni ifodalashga hojat yo‘q: Y. Hakimov Y.Ibrohimova.

Kirill yozuvidagi matn 1956-yil 4-aprelda, lotin yozuvidagi matn 1995-yil 24-avgustda qabul qilingan imlo qoidalariga asosan ifoda etilishi lozim.

Asosiy vazifalardan biri imlo qoidalariga aniqlik kiritish va uni ilova tarzida e'lon qilishdan iborat. Imlo lug‘atlarida ikki xil qayd etilayotgan arabcha so‘zlar imlosi bilan bog‘liq bo‘lgan fojia-fojea, darvesh-darvish, oliyjanob-olijanob kabi so‘zlarning yozilish shaklini qat'iylashtirish, unli bilan tugagan so‘zlarga III shaxs egalik qo‘shimchasini qo‘shish imlosini me'yorlashtirish zarur (arab tilida عayn va undosh bilan tugagan so‘zlarga i (manbai, murabbiyi) و (u) bilan tugagan so‘zlarga -si –mavzusi kabi).

Umumta'lim, oliy ta'lim bosqichi uchun mo‘ljallangan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsliklarining orfografiyaga oid qismlarida yozilishi muammo bo‘lgan so‘zlarning to‘g‘ri ifodasini keltirish imlo qoidalarini o‘zlashtirishga, savodxonlik darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Talaba, o‘quvchilarda imlo lug‘atlaridan foydalanish ko‘nikmasini hosil qilish, tilshunoslikka, adabiyotshunoslikka oid darslarda imlo lug‘atlariga muntazam ravishda murojaat qilish imlo qoidalari bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi. O‘zbek tili ta'limida zamonaviy metodlardan foydalanish, yangi pedtexnologiyalarni qo‘llash asosida imlo qoidalariga qat'iy amal qilish ham muhim masalalardan hisoblanadi.

- Diktant, bayon, insho, esse. Yozma ishning bu turlari fikrlash darajasini oshirish bilan birga tilimiz sofligini ta'minlashda ham ahamiyati beqiyos. Ta'lim jarayonida ularning qo‘llanishiga qay darajada e'tibor berilyapti?

- Yetuk mutaxassis-kadrlar tayyorlash, ta'lim sifatini oshirishda zamonning eng yangi vositalari, usullari, taraqqiy etgan mamlakatlar tajribasini ommalashtirish bilan bir qatorda milliy pedagogikaning davrga mos, ta'lim maqsadlariga muvofiq keluvchi tajribalaridan ham foydalanish lozim. Negaki, milliy o‘zlikni anglash, vatanparvarlik, o‘z vatani bilan faxrlanish tuyg‘usini shakllantirish, boy milliy madaniy-tarixiy an'analarga va xalqimizning intellektual merosiga hurmat uyg‘otish ta'lim jarayonining bosh maqsadidir.

Milliy pedagogikadagi asosiy tamoyillardan biri yozma nutqni shakllantirish masalasi edi. Jumladan, jadid pedagoglari yozma nutqning inson tafakkurini o‘stirishga xizmat qilishini yaxshi anglashgan. Shuning uchun maqolalari hamda darsliklarida yozma nutq ko‘nikmalarini shakllantirishga ahamiyat berishgan. O‘quvchilarga beriladigan matnlar, insholarning mazmuni, sodda-murakkabligiga alohida e'tibor qaratishganini ma'rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning quyidagi so‘zlari ham isbotlab turibdi: “… mushkul iboratlik uzun insholar, albatta, bola zehnini ochmay, balki fikrini(ng) yo‘q bo‘lishig‘a sabab bo‘lur. Biljumla mamoliki islomiyaning maktablarindagi bolalar uchun yengil suratda insho tayyorlanubdurki, ibtidoiyya, rushdiyya, e'tidodiyya maktab talabalarini(ng) har birig‘a muvofiq suratda insho ta'lim beriladur”.

Darhaqiqat, insho yozma nutqni, fikrni o‘stirish, tafakkurni rivojlantirish vositasi hisoblanadi. Inson qaysi kasb egasi bo‘lmasin, yuksak tafakkur sohibi bo‘lsagina, yangilik yaratadi. Yozma nutq malakalarini shakllantirish, og‘zaki nutqni takomillashtirish faqat soha doirasidagi muammo emas, balki umumta'lim jarayonidagi zaruratdir. Negaki, yozma va og‘zaki nutqning me'yoriy darajada shakllanishi fikrlash tezligini oshirishga, o‘quvchi tafakkur doirasini kengaytirishga yordam beradi. Yozuv bevosita qo‘l bilan amalga oshiriladigan jarayon bo‘lib, qo‘l harakatining miya yarim sharlariga aloqadorligi psixologik tahlillarda qayd etilgan.

Yozma nutq ko‘nikmalarini shakllantirish maktab davridan boshlanadi. Shuning uchun har tomonlama malakali, ma'naviy barkamol, axloqan yetuk mutaxassis-kadrlarni tayyorlashga, yozma nutq me'yorlarini o‘rgatishga maktab davridanoq e'tibor qaratish lozim. Bugungi ta'lim jarayonida yoshlarga kitob o‘qish, badiiy asarlarni mutolaa qilish, yozma nutq ko‘nikmalarini egallash fikr o‘stirishning asosiy vositalaridan ekanligini, tafakkurni rivojlantirishga xizmat qilishini, bu omillarsiz har tomonlama yetuk mutaxassis bo‘lish mumkin emasligini ham uqtirish kerak. Bu borada faqat nasihat bilan ish bitmaydi. Yozma nutqni shakllantirishga qaratilgan topshiriqlar, ilmiy va badiiy adabiyotni mutolaa qilishga yo‘naltirilgan tadbirlarni bevosita ta'lim jarayonida qo‘llash zarur. Ajdodlarimiz ta'lim-tarbiya berish davomida boshqalar hayotini, faoliyatini ibrat qilib ko‘rsatish usulini qo‘llashgan. Yoshlar turli mazmundagi kitob, badiiy asar, gazeta, jurnallarni mutolaa qilish jarayonida ko‘p xulosalarni o‘zlari chiqarib oladilar. Bu esa ta'lim jarayonida malakali kadrlar tayyorlashdek maqsadga erishishni yanada osonlashtiradi. Kitob mutolaasi borliq, voqea-hodisa, insoniyat, shaxs ma'naviyati, ruhiyati haqida bilim berish bilan bir qatorda yosh avlod qalbida ezgu fazilatlarni namoyon etadi, yaqinlariga, Vataniga, ona zaminga muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otadi, yozma ish ko‘nikmalarini hosil qiladi.

Yozma ish va topshiriqlarning har qanday ko‘rinishi mumtoz asarlar mohiyatini o‘zlashtirishda, milliy qadriyatlarni anglashda muhimdir. Ayniqsa, adabiy mavzudagi insholarning asosiy maqsadi o‘tmish va bugunning manfaatlarini umumlashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Yozma ishlarga e'tibor faqatgina milliy pedagogik tajribada emas, xorij ta'limi va baholash tizimida ham kuzatiladi. Masalan, keng yoyilgan til o‘qitish dasturlari hisoblangan IELTS, TOEFL tizimlarida 60 daqiqalik umumiy mavzuda esse yoki insho yozish, 50 daqiqa mobaynida o‘qiganlari hamda eshitganlari bo‘yicha savollarga javob tarzida yoki o‘zi bilgan mavzuni dalillar, ma'lumotlarga tayangan holda yozma tarzda asoslab berish talablari keltirilgan.

Axborot asrida maktublar yozilmay qoldi. Ularning o‘rnini uzuq-yuluq SMSlar egalladi. SMSlar faqat xabar yetkazadi, ko‘ngil tuyg‘ularini ifoda eta olmaydi. Ko‘ngil tuyg‘ulari qalblarda qolib muztar bo‘lmasligi uchun, ezgulikka o‘rgatish, insoniy fazilatlarni tarbiyalash uchun, albatta, maktub yozish kerak. Ona tili, adabiyot darslarida insho, bayon, diktantlar bilan bir qatorda maktub ko‘rinishidagi yozma ishlarni ham shakllantirish lozim. “Ota-onamga maktub”, “Onamga maktub”, “Do‘stimga maktub”, “O‘zga sayyoraliklarga maktub”, “Alisher Navoiyga maktub”, “Farhodga maktub”, “Shiringa maktub”, “Ustozimga maktub”... kabi yozma ishlar o‘quvchining ko‘ngil daryolarini to‘lqinlantirish bilan bir qatorda tafakkurini rivojlantiradi, tasavvur olamini kengaytiradi. Shuning barobarida til boyligini oshirishga turtki beradi.

- Demak, bundan ko‘rinib turibdiki, tilimiz rivojida mantiq va savodxonlikning ham o‘ziga xos o‘rni bor. Ular o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni izohlab bersangiz.

- Savodxonlik shaxsning fazilati, axloqi, mas'uliyatidan dalolatdir. Savodxonlikka amal qilmaslik shunchaki imlo qoidalarini buzish emas, balki mantiqiy nomuvofiqliklarga, fikrning noto‘g‘ri ifoda etilishiga olib keladi.

Masalan, mantiqiy xatolar ko‘p hollarda paronimlarni qo‘llash bilan bog‘liqdir. Shahrimiz muassasalarida “Hush kelibsiz!” degan xitobga ko‘zingiz tushadi. Xush va hush paronim (talaffuzi o‘xshash) so‘zlar bo‘lib, xush “yoqimli”, hush “aql” ma'nolarini ifoda etadi. Yuqoridagi holatda “yoqimli, xush (qadam bilan) kelibsiz” mazmunidagi iltifot o‘rniga “aqlli kelibsiz” tarzidagi nomuvofiq bog‘lanish yuzaga kelib qolgan.

Xalqimizda “Onangni boshingda tutsang singlingni kaftingda tut” degan maqol bor. Bu maqolda ayrim o‘rinlarda kift so‘zining o‘rniga uning paronimi – kaft birligini yozish holati kuzatiladi. Kift “yelka qismi”ni ifoda etadi, kaft “qo‘l oyasi, hovuchi” (“qo‘l oyasi” kaft so‘zining bugun iste'moldan chiqib ketgan, shevada qo‘llangan shaklidir). Kift so‘zi qo‘llanganda “singilni e'zozlash, onadan keyingi o‘rinda tutish” anglashiladi, kaft so‘zi qo‘llanganda ham singilni e'zozlash tushuniladi. Qizig‘i shuki, qo‘l ko‘tarilganda kaft boshdan yuqori bo‘lishi mumkin...

Bir rasmiy yig‘inda kasbdoshim “Gijjalarni davolaymiz!” degan e'lon mazmuniga e'tiborimizni qaratdi. Maqsad “gijjalarni davolash”mi? Qani bu yerda mantiq? Axir gijjalarni davolamaydilar, gijjalardan xalos etiladi.

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Demak, savodxonlik fikrni to‘g‘ri ifodalash, mazmunni to‘g‘ri anglatish hamdir.

Til millatning mavjudligini belgilaydigan asosiy omil hisoblanadi. Ona tilini e'zozlash, qadrlash, serqirra imkoniyatlarini, so‘z boyligini borligicha saqlash, takomillashtirish, davlat tili sifatidagi mavqei va nufuzini oshirish har birimizning muqaddas burchimizdir.

Davlat tili tengsiz boyligimizdir, nomus-orimizdir. Milliy til xalqimizni hamjihatlikda taraqqiyot sari boshlaydi. Xalqni yanada jipslashishga, milliy qadriyatlarni asrab-avaylashga undaydi. Til bor ekan – millat barqaror!  

 

Hidoyat JO‘RAYEVA,

“Dori-Darmon” AK Boshqaruvi raisining 
ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish,

davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya 
etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!
27.06.2020 5978