"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ona tilimizning jozibasi shevalarda

Ko‘chalarda, yo‘l chetidagi reklama e'lonlarida, tashkilot va muassasalarning tashqi reklamalarida o‘zbek tili qoidalari, me'yor va talablariga amal qilinmasdan, savodsizlarcha bitilgan yozuvlarni hanuz uchratayapmiz. Vaholanki, o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga bu yil o‘ttiz bir yil to‘ladi...

Xalq deputatlari shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida kun tartibidagi mavzu - shahar hududidagi jamoat joylari, ommaviy axborot vositalarida o‘zbek tili va o‘zbek adabiy tili me'yor va qoidalariga amal qilish holati to‘g‘risidagi masala muhokama qilinadi.

Ma'lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2019-yil 4-oktyabr kuni “Davlat tili haqida”gi Qonunning 30 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Qarorda qayd etilishicha, mazkur tarixiy hujjatga binoan o‘tgan yillar davomida ona tilimiz mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo‘ldi. Hozirgi kunda o‘zbek tili hayotimizning barcha jabhalarida — davlat va jamiyat boshqaruvi, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, ta'lim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va san'at sohalarida faol qo‘llanilmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda.

Bundan tashqari, 80 ming so‘zni o‘z ichiga olgan 5 jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ning nashr etilishi, 100 tomlik o‘zbek xalq og‘zaki ijodi namunalarining nashriga kirishilgani, respublikadagi gazeta va jurnallarning soni 2 mingdan oshgani va nihoyat O‘zbekiston taraqqiyotining bugungi yangi bosqichi — milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, ona tilimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani, xususan, so‘nggi yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo‘llanish doirasini kengaytirish, filolog-kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yangi pog‘onaga ko‘tardi. Zero, millatni millat qiladigan, uni mehvarida ushlab turadigan qudrat, bu tildir.

Insonning ham millatning ham butun tajallisi tilda ifodalangandir, til faqat eng muhim aloqa vositasi emas, u milliy o‘zlik, milliy kimlikning, milliy san'at, adabiyot va madaniyatning asosida turadi, milliy tilsiz bu ustqurma shakllari shakllanishi va yashashi mumkin emas. Alisher Navoiyning ta'biri bilan aytganda, “Til – elning boridur”, millatning dunyo ayvonida yashab qolishi, milliy davlat va milliy madaniyatning oyoqda turishi uchun eng kerakli ijtimoiy tarkibiy qismi ham tildir.

Oradan o‘ttiz bir yil o‘tganiga qaramay, “Davlat tili haqida”gi qonunning talablari hozir ham to‘liq bajarilmayapti: O‘zbekistondagi deyarli barcha korxona-tashkilotlar rasmiy hisob-kitobni rus tilida yuritadi, ko‘pincha hukumatning muhim qarorlari faqat rus tilida e'lon qilinadi, qaror ilovalarining o‘zbekcha tarjimalari rasmiy manbalarda ham chiqmaydi. Bu - qonundagi bajarilmayotgan talablarning bir qismi, xolos.

Biz til maslasidagi ahvolni bejab-bo‘yamasdan, ochiqcha tan olsak, uni har birimiz avaylashni, muhofazalashni bilsak, undan ehtiyotkorona foydalanishga harakat qilsak, tilimizga nisbatan turli xil tahdidlarga qarshi kurasha olamiz.

Tillarning yo‘qolib ketishini globallashuv jarayonlari va urbanizasiya hodisasining kuchayishi bilan bog‘lashmoqda. Ulardan ham ko‘ra ortiqroq omil bu – ilm-fan, texnika rivojidir. Biror-bir millatning o‘z tilida zamonaviy texnologiyalar yaratilmasa, u ilm-fan tiliga aylanmasa, u xalqning turmushiga yangi texnologiyalar qatori begona tillar kirib kelaveradi. Milliy til esa o‘z qo‘llanish doirasini toraytirib “oshxona, choyxona tili” maqomiga tushib boraveradi. Hozir dunyoda faqat 50 ga yaqin tillarda yangi texnologiyalar yaratiladi va olimlarning fikricha, 21-asrning oxirigacha mana shu tillargina keng kommunikasiyada saqlanib qoladi, boshqa tillar esa faqatgina “uy, oila, oshxona tili”ga aylanadi (Hozirda buning ba'zi nishonalarini ko‘rib turibmiz, G‘arb ishbilarmonlari bilan tashkil etilgan qo‘shma korxonalarda ingliz, rus kapitali bilan qurilgan shirkatlarda rus; turk biznesi bilan yuritilayotgan qo‘shma korxonada turk tili faol qo‘lllanmoqda). “Lyuboy biznes xorosha” qabilida ish yuritayotgan bu qo‘shma korxonalar uchun o‘zlari rizqini topayotgan mamlakatning davlat tilining hech qiymati yo‘q, O‘zbekistondagi xo‘jalik sub'ektlari bilan tuzilayotgan xalqaro shartnomalar bir tilda (inglizcha) yoki ikki begona tilda (ruscha, inglizcha) tilda tuzilayotgani va ular tegishli qaydlardan o‘tib, yuridik kuchga ega bo‘layotgani Adliya vazirligi, Tashqi savdo va investisiyalar vazirligining nahotki e'tiborini tortmayotgan bo‘lsa? Bahonalar ham tayyor: tarjimon yo‘q, mutaxassis yo‘q, u yo‘q, bu yo‘q... Afsuski, bu e'tirozlarda ham jon bor. Ta'limning nochorligi milliy tilning obro‘yi o‘sishiga va u jamiyatdagi o‘z ustuvor o‘rnini qonuniy ravishda egallashiga monelik qilmoqda.

Bu hol bizga yana bir marta ta'limdagi islohotlarni yanada kuchaytirish va uni tezroq dunyo standartlariga ko‘tarish lozimligini eslatadi. Chunki rivojlangan ta'lim tizimi bo‘lmasdan, milliy tilda na zamonaviy texnologiyani, na-da texnologik tilni shakllantirib bo‘ladi. Ana shu sabablar tufayli hozirda Yevropa tillarining (rus va ingliz tillari) rad etib bo‘lmaydigan obro‘si o‘zbek tili rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.

O‘zbek tilining rivojiga va amal qilinishiga to‘siq bo‘layotgan yana bir sabab, keyingi o‘ttiz yil ichida o‘zbek adabiy tilining o‘zbek shevalari bilan aloqasi “uzilgani”, o‘zi uchun kerakli so‘z va ifodalarni faqat chet tillardan olayotganidir. Sheva va adabiy til o‘rtasiga o‘tib bo‘lmas devorni kim, qachon tikladi?! O‘zbek shevalari adabiy tilning bitmas-tuganmas bulog‘i ekani amalda isbotlanganida edi, jamiyatdagi juda ko‘p ijtimoiy-ma'naviy illatlar, eng muhimi, mahalliychilik chuqur ildiz otmagan bo‘lar edi. Millat sifatida uyushmaganimizning asosiy sabablaridan biri ham so‘zlarimizning umumiy mulkka aylanmaganida. Shevalarni mensimaslik, adabiy tilning bebaho boyish xazinasini tan olmaslik fenomeni asosida ham ana shu hol yotibdi. Ziyolilarimiz va farzandlarimiz chet tillarga chechan, xorijiy so‘zlarning asliniyam biladi, ammo ona tilining jozibasini, uning tirikligini ta'minlab turgan xalqona so‘zlarni bilmaydi. O‘zbek xalq shevalarida ruh bor, hayot nafasi ufurib turadi, u milliy tilimizning jonli shakli, axir! Keyingi paytda o‘zbek shevalarini o‘rganish va uning boyliklarini to‘plash va nashr qilib borasida birmuncha ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, biz o‘zbek tilshunoslari va o‘zbek intelligensiyasi zamonaviy tushunchalarni ifodalash uchun shevalarning boyligini adabiy tilga transformasiya qilishni uddasidan chiqmadik.

Xullas, til siyosati va til o‘qitish borasidagi keyingi 30 yillik tajribalarimiz, xato va kamchiliklarimizdan xulosa chiqarib, o‘zbek tilini jamiyatimiz hayotida ustuvor qilish va uni ilmiy texnologiyalar tiliga aylantirish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishlarni amalga oshirishimiz lozim. Shunday qilmasak, tarix bizni kechirmaydi, Mahmud Koshg‘ariy durlarini bittalab yiqqan, Alisher Navoiy dunyo mehvariga olib chiqqan, Fitrat, Cho‘lpon, va Abdulla Oripov, Erkin Vohidovlar shoh asarlarini yozgan, ajdodlarimizdan qolgan eng qutlug‘ meros -o‘zbek tili oldidagi burchimizni ado etolmagan bo‘lamiz.

Sessiyada, shuningdek, shahar hududida “Reklama to‘g‘risida”gi, “Davlat tili to‘g‘risida”gi, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi, “Bolalar va ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining ijrosini nazorat qilish, hududdagi umumta'lim maktablari, maktabgacha ta'lim muassasalari, mehnat jamoalari, tibbiyot muassasalari va boshqalarda o‘zbek adabiy tili me'yor va talablariga qat'iy rioya qilinishini ta'minlash, yo‘l ko‘rsatkichlar, mahalla va ko‘chalar nomlari, jamoat tronsportidagi yo‘nalishni bildiruvchi yozuvlar, ish yuritish qog‘ozlari, shartnoma va boshqa barcha yozishmalar davlat tilida yuritilishini jiddiy nazorat qilish belgilandi.


Jo‘liboy ELTAZAROV,
filologiya fanlari doktori, professor

Manba: samarkandnews.uz

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!
03.07.2020 1591