"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

MUHАMMАD YUSUFNI АNGLАSH

“Koinot qachonlardir bir nuqtaning, bir zarraning portlashidan paydo boʼlgan deyiladi. Аgar shu fikr toʼgʼri boʼlsa, poetik soʼz yaʼni sheʼriyatning mohiyatida lohududga sochilib ketgan koinotni toʼplab, sidirib yana oʼsha nuqtaning ichiga sigʼdirish istagi yotadi”, - deydi Ramiz Ravshan. Va shoirning zimmasidagi qutlugʼ vazifa haqida gapirib: “har bir asl shoir tangrini oʼz ona tilida tasvirlaydi va haqiqiy shoir tangri diydorini tilab qushday qanot qoqa-qoqa oʼz tilining osmonini kengaytiradi”, - deydi. Qushning qanot qoqishidan ohang yaraladi, kuyga aylanadi, soʼzga aylanadi. Shu bepoyon osmon qushlarga va shoirlarga armugʼon qilindi, deya bejiz aytilmaydi.

Oʼz soʼzi bilan koʼrkli tilimizning pokiza osmonini kengaytirgan shoirlar koʼp. Oʼzbekning baxti ham shunda. Bugun bu tilda tarannum etib boʼlmaydigan tuygʼu yoxud tushunchaning oʼzi yoʼq. Turkiy tilni dagʼal va nazmga yaroqsiz deb bilganlarning haddini buyuk Navoiy 15-asrdayoq koʼrsatib qoʼygan. 20-asr avvalida oʼzbek tilida nasriy asar yozishning mushkulligini roʼkach qilganlarni Qodiriy va Choʼlpon nasrdagi betakror soʼz nazmi bilan hayratga solgan. Keyingi avlodlar ichida ham badiiy soʼzning meʼmorlari sanalmish katta shoirlar yetishib chiqdi. Demak, muqaddas silsila davom etmoqda va millat turguncha turadi.

Oʼtgan asrning soʼnggi choragida adabiyotimizning pokiza osmonida yoʼlchi yulduzdek porlagan shoir Muhammad Yusuf oʼzining sodda va samimiy soʼzi, oʼzigagina yarashadigan sheʼriyati bilan el nazariga tushdi. U oʼzining qisqagina umrida milliy sheʼriyat va zamonaviy qoʼshiqchilikni yuksaklarga koʼtarilishiga beminnat hissasini qoʼsha oldi. Shoir haqida Erkin Vohidov shunday yozgan edi: “Muhammad Yusufni xalqimiz sevib dilida saqlaydi, Vatan kuychisi, Istiqlol kuychisi deb ardoqlaydi, oʼzbek eliga ulugʼ mehr, sadoqat singib ketgan nazokatli, samimiyat toʼla sheʼrlarini qadrlaydi, qoʼshiq qilib aytadi. Uning sheʼriyatini chin maʼnoda qanotli sheʼriyat, yurt osmonida baland parvoz qiluvchi, yuraklarga qanot berguvchi sheʼriyat desa boʼladi.”

Vatanini kuylamagan, madh qilmagan shoir dunyoda boʼlmasa kerak. Muhammad Yusufgacha ham undan keyin ham qoʼliga qalam tutgan shoir borki, ona Vatanni ulugʼlab sheʼrlar yozdi. Bu gʼoyat tabiiy hol. Muhammad Yusuf Vatanni qandaydir balandparvoz, sheʼrdan sheʼrga oʼtib yuruvchi jimjimador soʼzlar bilan emas, sodda, begidir va magʼzi toʼq soʼzlar bilan tasvirlaydi. Uning sheʼrlaridagi Vatanni tasavvur qilish oson va huzurli; qaysidir jihati bilan singlingizga, qaysidir jihati bilan onangizga yo otangizga oʼxshab ketadi. Vatanning andozasini ulardan olasiz, Vatanning sarhadlarini ularga boʼlgan mehru muhabbatingiz bilan belgilaysiz. Uning “Izhori dil” sheʼridagi satrlarga eʼtibor bering-a:

Koʼhna tolbeshikdan
Boshlangan olam,
Senga iddaolar
Qilmay sevaman.
Bir kuni singlim, deb,
Bir kuni onam –
Vatan,
Kimligingni
Bilmay sevaman!..

Vatan haqida bundan-da samimiy yozib boʼlarmikan? Shuning uchun ham uning sheʼrlarini oʼqigan sari, Vatanga, tugʼilib oʼsgan yurtga muhabbatingiz ortaveradi.

Buyuk bastakorlarning muqaddas maqsadi musiqada ilohiy ovozga, sasga, tovushga eng yaqin ohangni topish va tinglovchiga jannatiy ovozni, behishtiy sadolarni tuydirishdan iborat boʼladi. Olimlar esa insoniyatni oʼylatadigan savollarga aniq javob topish peshida aziyat chekadi. Shoirlar esa millatning vijdoni, milliy qadriyatlarning muhofizi, his-tuygʼularning koʼzgusi hisoblanadi.

Muhammad Yusuf tilimizning jonkuyar himoyachisi edi. Bu bejiz emas, u har bir soʼzni Vatan deb bilar, Vatanni asrashni milliy tildan boshlash kerakligini sheʼrlarida koʼp taʼkidlar edi.

Sen boʼlmasang nima bizga silliq sheʼrlar,
Bu dunyoda tili yoʼqda, dil yoʼq derlar.
Bahoing-ku berib ketgan Аlisherlar,
Yuragimning toʼridagi soʼlmas gulim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Inson ona allasi bilan qulogʼiga quyilgan tildagina taraddudsiz soʼzlay oladi, kayfiyatini, his-tuygʼularini bexato ifoda qiladi, dilidagini emin-erkin, bor boʼyicha toʼka oladi. Shu maʼnoda shoirlar millat ruhiyatidagi evrilishlarning, ijobiy va salbiy oʼzgarishlarning barometrlari hisoblanadi.

Qanday alam otimizni qoʼysa yovlar,
Margʼilonlar qaerdayu Gorchakovlar?..
Bizni azal bukolmagan bu sinovlar,
Mingtepani ataylik oʼz nomi bilan.

Buni shoirning katta vasiyati deb tushunmoq kerak. Bu vasiyatni amalga oshirmoq bugunlarga nasib qildi. Davlat tilini rivojlantirish departamenti joy nomlarini, toponimik obyektlar nomini tartibga solishga astoydil bel bogʼlagan. Muhammad Yusufning bu orzusini mazkur muassasa faoliyati davomida amalga oshiradi degan umiddamiz.

Xalq orasida “odam dunyoga bir marta keladi” degan mashhur gap bor. Odamday yashashga, orzularni ertangi kunga surmaslikka daʼvat qiluvchi bu gapni shoir oʼz yoʼrigʼida soʼroqlaydi. “Odam dunyoga bir marta keladi. Shu bir kalima soʼz bilan qancha savob ishlar qilish mumkin”, - deydi shoir. Va shu bir jumlarga odamzod qancha gunohlarni, orzularni, isyonlarni, dard va alamlarni sigʼdirib yuborishini aytmoqchi boʼladi. Shoir, xalq tilidan tushmaydigan bir jumlani soʼroqlash orqali xalq tilidagi har qanday birlikning yaxshilikka, ezgulikka va abadiyatga dahldor ekanligini urgʼulaydi. Bir marta kelinadigan dunyoda faqat yaxshilik qil, yaxshi nom qoldir degan qadimiy hikmatning ohorli ifodasini topadi. Shoir xalq tilidagi ayrim soʼz, ibora va quyma gaplarni gʼuborlardan poklab asl holida yana xalqqa qaytarib beradi. “Odam dunyoga bir marta keladi” gapining mayda maqsad va manfaatlar uchun qurbon qilmaslik kerakligini, ezgu niyat va amallar uchun ishlatish zarurligini eslatmoqchi boʼladi.

Shoir ijodi bedorlikka daʼvatkor sheʼriyat. U sevgi, visol, ayriliq, iztirob kabi shaxsiy kechinmalardangina iborat sheʼriyat emas. Kitobxonni ijtimoiy hayotda faol yashashga, uygʼoqlikka chorlovchi sheʼriyat. Bir sheʼrida shunday satrlar bor:

Mudroq bosgan dilim,
Аytaman bir sir.
Tangri uyquni-da
Pallada tortar.
Uyqu – ham
Nasiyaga berilgan umr,
Uyqung ortgan sayin
Qarzing ham ortar...

Umrning har oni oʼlchovli, hatto uyquning ham badali bor. Buni idrok qilgan kitobxon oʼz umrini sarhisob qiladi va shoirdan minnatdor boʼladi.

Muhammad Yusuf ijodi umuminsoniy qadriyatlarni ulugʼlovchi sheʼriyat hisoblanadi. Uning sheʼrlarida insoniyatga aloqadar ezgu xislatlar, savob amallarning tamomi eng baland pardada kuylanadi. Bir mansur sheʼrida shunday deydi: “Аsli inson xoki qoʼyilgan hamma joy aziz va muqaddasdir. Bas shunday ekan, odamlar istagan qabr tuprogʼini koʼzlariga surtsin. Bundan kimga jabr.” Bu yerda insonning din, eʼtiqod, mazhab, irq, millat va rang-roʼyi qanday boʼlishidan qatʼi nazar muqaddasligi va uning xoki qoʼyilgan tuproqning azizligi tarannum qilinmoqda.

Shoir sheʼrni, tilni ajdodlardan qolgan va avlodlarga bekam bexato yetkazilishi shart boʼlgan muqaddas meros deb biladi.

Tushimga kiradi Qodiriy bobom
Bemador, bemajol, behol beorom.
Tushimga kiradi Qodiriy bobom:
Tur deydi, muncha koʼp uxlading, bolam.
Soʼzga, tilga, milliy anʼana va qadriyatlarga loqaydikni ajdodlarga, ota-bobolarimizga, Koshgʼariyga, Navoiyga, Boburga, Qodiriyga hiyonat deb biladi. Undandan-da oʼta Vatanga hiyonat deb tushunadi.

Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev bir guruh yozuvchi, shoir va ziyolilar bilan oʼtkazgan uchrashuvida milliy adabiyotimizni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor, galdagi muhim vazifalar haqida gapirib: “Аdabiyot xalqning yuragi, elning maʼnaviyatini koʼrsatadi. Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yoʼl topish, ularni ezgu maqsadlarga ilhomlantirishda adabiyotning taʼsirchan kuchidan foydalanish kerak” – degan edilar. Oʼzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti jamoasiga shoir Muhammad Yusuf hayoti va ijodiy faoliyatini keng targʼib qilish vazifasi yuklatilgan edi. Oʼzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning ibratli hayoti va ijodini chuqur oʼrganish boʼyicha institutda oʼquv-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish, ilmiy-ijodiy faoliyatni yoʼlga qoʼyish boʼyicha tizimli ishlar rejasi tuzildi. Institutning barcha kurs va guruhlarida Muhammad Yusuf hayoti va ijodiiy faoliyatiga bagʼishlangan maxsus kurslar oʼqitilishi belgilab olindi. Bu maxsus kurslarni oʼqitishdan maqsad bir shoirning hayoti va ijodini oʼrgatishdangina iborat boʼlmasligi kerak. Kamida, Vatanni Muhammad Yusufdek “iddaolar qilmay” sevishni oʼrgatishdan, ona tilimizni Muhammad Yusufdek gard yuqtirmay ardoqlashni oʼrgatishdan, beqiyos milliy qadriyatlarimizni uningdek anglashni oʼrgatishdan iborat boʼlishiga erishmogʼimiz lozim.


Maʼrufjon Yuldashev
filologiya fanlari doktori
Oʼzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti
“Oʼzbek tili va adabiyoti” kafedrasi professori v.b.

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!
07.07.2020 7481