"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Maqolalar
  • O‘quvchi tilimizni qanchalik biladi yoxud ona tili – faqat grammatik qoidalar fanimi?

O‘quvchi tilimizni qanchalik biladi yoxud ona tili – faqat grammatik qoidalar fanimi?

Biz uzoq yillar o‘z fanlarimizni, jumladan, ona tilimizni unga to‘la mos kelmaydigan qoidalar, tartiblar asosida o‘rgandik, o‘rgatdik. Ona tili fani tilimiz jozibasi, uning imkoniyatlari haqidagi emas, tilning sirtqi tartib-qoidalarini o‘rganadigan va o‘rgatadigan ilmiy fanga aylandi. O‘quvchi ona tili deganda betakror go‘zal ifodalar, bir tushuncha yoki tuyg‘uning bir necha so‘zlar bilan ifodalanishidagi imkonlar, ma'no tovlanishlari, ifoda go‘zalliklarini emas, so‘zning qaysi turkumga kirishi, gapda qaysi bo‘lak bo‘lib kelishi hamda qator vahokazolarni anglaydigan bo‘ldi. Oliy o‘quv yurtiga kirish niyatida bo‘lgan yoshlar ham fanning tartib-qoidalari qolipini to‘liq yod olishga majbur edi. Bu tartib-qoidalar esa ko‘p o‘rinda tilimizning borlig‘iga yopishmagan, yotishmagan panjaralar edi.

Tartib-qoidalar, til formulalari ko‘pda tilga mos kelmagani vajidan tilshunoslarning ayrimlari ona tilini qoidalar faniga aylanish zanjiridan qutqarmoqchi bo‘ldilar va oqibatda fanni qisqartirish degan nodonlarcha yechimga kelindi. Qoidalarni g‘alvirlash jarayonida go‘yoki endi ona tili fanida o‘rganishga arzirli narsa kam qoldi. Bu esa eng xato, eng ayanchli, eng dahshatli fikr edi.

Aslida ona tili qoidalar fanimidi? Nahotki o‘z tilimizda uni qo‘llashga oid ko‘rsatmalardan tashqari o‘rganishga arziydigan ilm bo‘lmasa. Nahotki, ona tili deganda faqat davlat test markazi tomonidan abiturientga taqdim etiladigan to‘rt javobli testlarga javob topib beradigan qoidalarni, qoliplarni tushunsak?

Ona tili darsliklaridagi qoidalarni qisqartirish va yaxlitlashtirish ona tili darsini qisqartirishga asos bo‘ldi. Katta ayb o‘zimizda. Tilshunoslar yangi davr uchun, qaysiki nisbatan kichik tillar katta tillarga singib yo‘qolib borayotgan sharoitda o‘z bolalarimiz uchun (xorijiy o‘rganuvchilarni qo‘ya turaylik) “Qiziqarli o‘zbek tili” “O‘zbek tili mo‘'jizalari”, “Tilimizning g‘aroyib imkonlari” kabi yoki shu mavzulardagi qo‘llanmalarni yaratishlari lozim edi. Ular shu qadar qiziq bo‘lishi kerakki, o‘quvchilar ona tili darsini intiqib kutsinlar. Qiziqarli qo‘llanmalarga qiziqarli va mo‘'jizakor o‘zbek tili bemalol asos bo‘ladi. Tilimiz tarixini qarang, qanday go‘zal, qanday jozibali va qanday o‘zgarishlar bosqichini bosib o‘tdi. Til tarixiy ham yuqori sinflarda o‘qitilishi kerak.

Ma'lum tilni o‘rganishda unda gapira olish degan mezon birlamchi bo‘ladi. Xalq ta'limi vazirligi bolalarimizning ona tilini bilish darajasini xuddi shu mezon, daraja asosida o‘lchab, “gapirishni biladi, ularga ona tilini o‘rgatish shart emas”, deb ta'kidlamoqda. Biroq odam ona tilini faqat gaplashish darajasida bilishi, global dunyoda boshqa o‘rgangan tillari darajasida anglashi degani – odamning faqat kun ko‘rib keta olish uchun yashayotgani demakdir. Bu esa MILLAT FOJIASI.

O‘quvchi yoshidagi bolalar tilni qanchalik biladilar?

Bu savol o‘ta og‘riqli. Hozir imloni yaxshi biladigan yoshlar juda sanoqli. Ular ham badiiy adabiyotni ko‘p mutolaa qiladiganlari. Holbuki imloni yaxshi bilgan butun bir avlod bizga juda kerak. Chunki hali kelajakni ham tarbiyat etish lozim bo‘ladi.

Ona tilida gaplashishni bilgani yetadi, deb o‘ylaydi mutasaddilar. Biroq achchiq haqiqatki, odamlarimiz toza ona tilida gaplashishni bilmaydilar. O‘z tilimizga, o‘zgalar so‘ziga quloq berib ko‘raylik. Qolaversa, shevalar rang-barangligi hammamizga ayon. O‘zbek adabiy tilini chuqur, juda chuqur o‘rgatish shart. Oramizda hatto til doirasida xato qilishga haqi bo‘lmagan mutaxassislar ham haminqadar biladilar. Imloni bir chetga qo‘yaturaylik.

Oddiy misollar: “Hosiyat” ismli qiz-ayollardan birortasining o‘z ismini shunday yozmaydilar. Hammalari birdek “Xosiyat” yozishadi. Holbuki bunday ism avvalda bo‘lmagan. (Izohli lug‘atdan ko‘rsatishlari mumkin. Lekin unda “Hosiyat” degan ham bor). "Xosiyat" so‘zi keyinchalik paydo bo‘lgan. Bu ham “Hosiyat” ta'sirida. “Xosiyat” – xususiyat so‘zidan ko‘ra “Hosiyat” so‘zining anglatadigan ma'nosi (ijobiy tomon, xislat, foyda, naf) ayollar ismi uchun munosibdir.

“Maza” so‘zi o‘rnida “mazza” (mevaning mazzasi) deb, “izm” o‘rnida “izn” (opasidan izm olib), “esiz” o‘rnida “essiz” (essiz, uvol bo‘ldi) deb va hokazo ishlatayotganimiz sir emas.

Yana hasharot, afv, tatbiq, muomala, muvaffaqiyat kabi ko‘plab so‘zlar imlosi ko‘pincha buziladi. Yoshgina bolalar o‘z so‘zlarimizni anglamasdan, o‘ng kelganda so‘rab ko‘rishadi, keyin mahalliy tilimizda keng tarqalgan xorij atamalari orqali ma'nosini anglab oladilar. Bu ayanchli.

Xulosa shuki, ona tilimizni haftasiga ikki soat emas, o‘n soat o‘rgansa ham kam aslida. Darslarni qisqartirish emas, yana ikki soatdan qo‘shish kerak. Ha, agar millat kerak bo‘lsa, albatta, shunday qilish kerak. Muhtaram Vazirning o‘z o‘qituvchilari haqidagi “ona tilini himoya qilish dars talashish”mi degandek xulosalari nainki o‘qituvchilarga, o‘zlariga bo‘lgan hurmatsizlik edi. Chunki avvalo, o‘qituvchilar orasida ona tilining og‘riqlarini, taqdirini his etganlargina bu masalaga aralashadilar. Agar hamma ona tili o‘qituvchilari darsi kamayishidan xavotirda ekani rost bo‘lsa, demak, xalq ta'limi vaziri faqat nomunosib kadrlar bilan ishlayotir. Bunday emasligini hatto o‘quvchilar ham yaxshi his qiladi. Darvoqe, men ham besh yildirki, ta'lim odami emasman. Lekin xalq ta'limi bitta odamniki ham emas, hammamizniki. Sababi – bolalar va kelajak ham, til va o‘zlik ham hammamizniki.


Ma'mura Zohidova,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
O‘quv-metodika va harbiy-vatanparvarlik
bo‘limi boshlig‘i


14.07.2020 1534