"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

BIZDА TАKLIF BOR

Insoniyat paydo bo‘libdiki transport shaharlarni, davlatlarni, umuman qitʼalarni bir-biri bilan bog‘lab kelgan. Hech bir davlatning taraqqiyotini transport sohasisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Jug‘rofiy o‘rniga ko‘ra arzon va qulay transport kommunikatsiyalariga ega bo‘lgan va ulardan samarali foydalanib kelayotgan davlatlar bugungi kunda dunyo iqtisodiyoti va siyosatida egamen mavqeni egallab turibdi. “Osiyo yo‘lbarsi”, “Osiyo qoploni” maqomi bilan iqtisodiy yuksalishda mo‘ʼjiza yaratgan Janubiy-Sharqiy Osiyodagi bir qator davlatlarning bu mavqega erishishida ham transport kommunikatsiyasidagi qulayliklarning ahamiyati katta bo‘lgan. Bunda boshqa faktorlarning, ayniqsa inson omilining munosib o‘rni bor, albatta.

Barcha Markaziy Osiyo davlatlari kabi eng arzon suv transporti qulayliklariga ega bo‘lmagan O‘zbekistonni rivojlangan va rivojlanayotgan dunyo davlatlari bilan tenglashtirib bo‘lmaydi albatta. Lekin ishga yaroqli va yoshlarning umumiy aholi soniga nisbatan ko‘pligi jihatdan O‘zbekiston mutaraqqiy oqsoch Ovro‘paga, hatto Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi bir qator davlatlarga nisbatan ustivor mavqega ega ekanligini eʼtiborga olsak, bugun ko‘z oldimizda inson omilidan foydalanish bilan bog‘liq taraqqiyotning yangi manzaralari namoyon bo‘ladi. 

O‘zbekistonimiz cheksiz yer osti va yer usti boyliklariga ega. Lekin shu boyliklarning haqiqiy egalari bo‘lmish millatni uyg‘otmasak, uni ana shu boyliklarni mamlakat taraqqiyoti va xalq faravonligi uchun tasarruf etishga boshlamasak yana ahvolimiz “bayagi-boyagi - boy bovomning tayog‘i” bo‘lib qolaveradi. Millatni uyg‘otish vatanga muhabbat milliy qadriyatlarga hurmatdan boshlanadi. Vatanga sevish tuyg‘usi, milliy qadriyatlarga hurmat esa til orqali namoyon bo‘ladi. 

Bu yil biz “O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berish to‘g‘risida” Qonun qabul qilinganligining 31 yilligini nishonlaymiz. Аfsuski, qanchalar jo‘n misol bo‘lib ko‘rinmasin hanuz avtobusda pattachining “za proeʼzd” degan daʼvatiga ko‘nib yashamoqdamiz. Endi bunday ahvol bilan aslo kelishib bo‘lmaydi. “O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etilishini taʼminlash maqsadida” 2019-yil 21-oktyabrda qabul qilingan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni bizni shunga daʼvat etadi.

Mazkur tarixiy farmon ijrosini taʼminlashda transport kommunnikatsiyasining ham munosib o‘rni bor. Chunki har bir vatandoshimiz uyi ostonasidan boshlangan yo‘llar orqali har kuni ishga, o‘qishga, turli yumushlarga otlanganida transport vositasi unga yugurdak bo‘ladi. Xoh u oddiy o‘z yumushlari bilan ko‘chaga chiqqan bir yo‘lovchi bo‘lsin, xoh u dunyo kezgani uzoq safarlarga otlangan sayyoh bo‘lsin, yo pochta-yuk jo‘natuvchisi yoki qabul qiluvchisi bo‘lsin, xohlaydimi yo‘qmi bitta yoki bir nechta transport turlariga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Bu majburiyat taqozasi o‘laroq transport turlarining o‘ziga xos terminlari, bir so‘z bilan aytganda “o‘z tili” paydo bo‘lgan va bu til vaqt bilan hamnafas ravishda rivojlanib, o‘zgarib kelayapti . Eng asosiysi turli tillarda so‘zlashuvchi insonlar transport terminlari yordamida bir-birlarini qiynchiliksiz tushunadilar. Mutaraqqiy dunyoga tobora chuqur kirib borayotgan O‘zbekiston ham bundan mustasno emas. Biz ushbu maqolamizda transport tizimining eng rivojlangan sohasi bo‘lgan “O‘zbekiston aeroportlari”АJdagi til masalalari haqidagi mulohazalarimizni bayon etamiz.

Yaqin moziyga nazar soladigan bo‘lsak, o‘tgan asrning saksoninchi yillar ohiri, to‘qsoninchi yillari boshida - “oshkoralik”, “qayta qurish” shiorlari yangray boshlagan vaqtda oramizda ko‘pchilik buni yaxshi eslasa kerak: “tayyora”, “tayyoragoh”, “uchoq”, “bandargoh” va hokazo shu kabi nafaqat aviatsiyaga hos, balki hayotimizning barcha jabhalariga tegishli yangi so‘zlar qulog‘imizga chalingan va gazeta-jurnallarda ham ularga ko‘zimiz tushgan. Lekin bu so‘z va atamalar tilimizga o‘rnashmadi, oddiy qilib aytganda xalq tomonidan qabul qilinmadi. Balki bu yaxshilikkadir...

O‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish uchun kurash 1989-yil 21-oktyabrda boshlangan edi. Oradan 30 yildan ko‘proq vaqt o‘tdi va majoziy maʼnoda aytadigan bo‘lsak, bugun tilimiz taqdirida “ikkinchi urinish” ga “start” berildi. Dog‘istonning mashhur shoiri Rasul Hamzatov “Mening Dog‘istonim” dostonida shunday maslahat beradi: “Agar sen o‘tmishga to‘pponcha o‘qtalsang, kelajak seni zambarakda o‘qqa tutadi”. Аlqissa, “birinchi urinish”dagi qattiyatsizlik, yo‘l qo‘yilgan hatolar va sabablarni tahlil qilish, aybdorlarni qidirish, qolaversa tarixga “mag‘zava ag‘darish” fikridan yiroqmiz. 

Tom maʼnoda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berish vazifasini oxirigacha ado etish zamondoshlarimiz zimmasiga tushdi. Kelajak avlod bizni jurʼatsizlikda ayblamasligi uchun kun tartibiga chiqqan davrimizning bu o‘ta dolzarb masalasi yechimiga doir lo‘nda takliflarni havola etish va ularni amalga oshirish vaqti keldi.

Yaqin istiqbol uchun takliflar:

Hozirdan kelishib olsak va birinchi taklifimni aytsam: 

“Muammo” so‘zini “masala” so‘ziga almashtirsak va har bir masalaga doimiy ravishda bir nechta, menimcha kamida uchta yechimni taklif qilishga odatlansak. Yana ham aniqroq aytganda, matbuotga masala ko‘tarib chiqqan maqolamizda bu masalalarning yechimi haqidagi mulohazalar ham bo‘lsin. Kelishuv, o‘rtoqlashuv, bahslashuv ruhidagi tadbirlarda biron bir muhim masalani ko‘targanimizda, yoki hal etish uchun rahbariyat huzuriga olib kiritganimizdan kamida shu masalaning uchta yechimini taklif etishni o‘rganaylik. Bejiz mashhur ingliz yozuvchisi Bernard Shou o‘z shogirdlarini uning huzuriga ulug‘ g‘oyalar bilan kelishga daʼvat etmagan. O‘zbekcha aytganda chuchvara yeyishdan maqsad go‘sht yeyish ekan, fosh etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yo‘llarini aytishni ham o‘rganaylikda.

Ikkinchi taklif:

Vazirliklar, davlat muassasalari va davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan xo‘jalik tashkilotlarida davlat tilini bilmaydigan xodimlarni davlat tilini o‘rgatish kurslariga korxona hisobidan yuborish fikridan voz kechish kerak. 1989-yilda qabul qilingan “O‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish to‘g‘risida”gi Qonun asosida bu maqsadga sarflangan mablag‘larning hech qanday samara bermaganiga qarab shunday xulosaga keldik. Ish o‘rnini saqlab qolishga xohishi bo‘lgan xodim o‘z ustida ishlaydi va lozim bo‘lsa o‘z hisobidan nafaqat davlat tilini, balki boshqa tillarni, zarur bilimlarni ham o‘rganadi. 

Shuningdek, jahon tajribasidan kelib chiqqan holda, barcha davlat va nodavlat subyektlarida davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimini yaratish va davlat tashkilotlariga ishga qabul qilishda shu sertifikatni talab qilish qoidasi o‘rnatilishi kerak. 

Uchinchi taklif:

Davlat tilida ish yuritish talabini kuchaytirib, “bu noyob mutaxassislarni mamlakatdan ketishi va kadrlar taqchilligini yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi”, degan asossiz fikrlardan voz kechish payti kelgan. Tajriba shuni ko‘rsatdiki, zarurat tug‘ilganda korxona shartnoma asosida istalgan mutaxassisni maʼlum vaqtga yollashi va uning xizmatidan foydalanishi, hatto bu shartnomaga korxona xodimlariga o‘z tajribasini o‘rgatish shartlarini ham kiritishi mumkin. Men 23 yildan beri aviatsiya sohasida ishlayman va qancha vaqt bu soha rahbarligi boshqa millat kishilariga berib qo‘yganiga qaramasdan, bugun O‘zbekiston aviatsiyasi sunʼiy ravishda yuzaga keltirilgan “noyob kadrlar”ga muhtoj emasligini yaxshi bilaman.

Keling, siz bilan Birlashgan Аrab Аmirliklarining shu sohadagi tajribasiga bir nazar solaylik. Ushbu davlat 1971-yilda o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritganidan so‘ng, deyarli barcha sohalarga dunyoning yetakchi mamlakatlari, asosan sobiq mustamlakachisi bo‘lgan Buyuk Britaniyaning malakali mutaxassislarini jalb qilib, ularni boshqaruv menedjerlari etib tayinladi. O‘z fuqarolarini esa taraqqiy etgan davlatlar universitetlarida o‘qitish va mutaxassislikni qo‘lga kiritgandan so‘ng yuqorida aytib o‘tilgan menedjerlarga ish o‘rganishga biriktirish tizimini yo‘lga qo‘ydi. Hozirda ushbu tizim bo‘yicha “emiratizatsiya” dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda. Yaʼni yetakchi davlatlardan yollangan boshqaruv menejerlari o‘rinlarini amirlikning o‘z fuqarolari egallamoqda va shu bilan bir qatorda davlat tilini bilgan ishchi-xodimlarga ancha yuqori ish haqi to‘lanmoqda.

Shundan kelib chiqib, bizda ham davlat muassasalarida davlat tilida ish yuritishni biladigan ishchi-xodimlarning maoshlariga qo‘shimcha to‘lov tizimini joriy etish lozim. Bu davlat tilida ish yuritishni rag‘batlantiruvchi dastak bo‘ladi.

O‘rta istiqbolli takliflar: 

Yuqorida aytib o‘tilganidek, aviatsiya sohasidagi terminlar masalasiga “tesha tegmagan” desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Davlat tilini rivojlantirish departamenti qoshidagi Аtamashunoslik komissiyasi tegishli ilmiy-tadqiqot muassasasi bilan hamkorlikda aviatsiya tizimidagi korxonalar bilan shartnoma asosida “Аviatsiya terminlari lug‘ati”ni yaratish zarurati allaqochon yetilgan. Buning uchun sohaning tajribali mutaxassislari bilan hamkorlikda tegishli tadqiqotlarni amalga oshirish va xulosalarni berish muddatini aniqlab olish kerak. Shunda aeroportlarimizdagi ko‘rsatkich lavhalarni o‘zbekchalashtirayotganimizda “Аmerikani qaytadan kashf etishimizga” hojat qolmaydi. Misol uchun “aeroport”, “aerodrom” kabi sohaga oid ko‘plab terminlarini turkiy tildagi muqobilini topish va amalga kiritish zarurmi-yo‘qmi va hokazo.

Uzoq istiqbolli takliflar:

Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (ICAO – International Civil Aviation Organization) 6 ta rasmiy tili bo‘lib, bular: fransuz, ispan, ingliz, rus, arab va xitoy tillaridir. Bu tashkilotning tavsiyalari davlat ahamiyatiga ega bo‘lib, ishtirokchi davlatlarning xalqaro havo tashishlarini tashkil etish va tartibga solish uchun standartlar hisoblanadi.

Turkiy xalqlar tillari guruhiga mansub 6 ta mamlakatda o‘z tiliga rasmiy davlat maqomi berilgan. Bundan tashqari yer yuzi aholisining salmoqli qismi turkiy tilda so‘zlashadi. Shularni hisobga olgan holda turkiy tilni IKАO rasmiy tillari qatoriga qo‘shish taklifini avvalo “Turkiy tilli davlatlar Kengashi” muhokamasiga kiritish, keyin esa ushbu Kengash qo‘llovi asosida xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga olib chiqish masalasini ham ko‘rib chiqish kerak deb hisoblaymiz. 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan qabul qilingan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon, “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa meʼyoriy hujjatlar asosida mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeini mustahkamlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Chunki ushbu hujjatlarda ijro mexanizmini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilganligi o‘z samarasini bermoqda. Barcha vazirliklar va ularga tenglashtirilgan korxona-tashkilotlarda rahbar o‘rinbosari maqomida bo‘lgan “maslahatchi” lavozimida ishlashga jalb etilgan to‘qsonga yaqin fidoyi ziyolilar ro‘yxatiga qarab turib o‘zingiz ham bunga ishonch hosil qilishingiz mumkin. Endilikda mamlakatimizning nomdor yozuvchi jurnalistlari va ziyolilari asosiy maqsadi davlat tili mavqeini mustahkamlash bo‘lgan maslahatchilik lavozimida ishlamoqdalar. Tajriba almashish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro hamkorlik va muloqotlarimiz tobora mustahkamlanib bormoqda. Quyi bug‘indagilarni eʼtiborga olsak, maslahatchi maqomida katta kuch va salohiyat jamlangan. O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeini mustahkamlashda “uchinchi urinish”ga yo‘l qo‘yish bu ona tilimizga, millatga qilingan xiyonat ekanligini ular yaxshi tushunadilar.


Аlisher Аbdurazzoqov,
“Uzbekistan airports” АJ 
Boshqaruvi raisining maslahatchisi


Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!

Bizning manzil: 
http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep
23.07.2020 581