"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

OILАDА MUQАDDАS TUSHUNCHАLАR QАTORIDА TIL HАM BO‘LISHI KERАK!

O‘zbek xalqi hamma davrlarda ham bag‘rikengligi, mehmondo‘stligi bilan dunyoni hayratga solib kelgan. Аmmo manashu bag‘rikenglik natijasida kirib kelayotgan globallashuv jarayonlari oqibatida bugun urf-odatlarimiz, mentalitetimiz o‘zgarib ketayotgani, asosan, ziyolilarimizni qattiq tashvishga solmoqda. Jamiyatimizdagi har qanday o‘zgarish, avvalo, milliy tilimizda o‘z aksini topadi. Shifokorga borsangiz, butun tanangizning tibbiy tahlilini maxsus tibbiy moslama orqali tekshirib, natijasini qo‘lingizga chiqarib beradi. Ruhiyatning, maʼnaviyatning, insonlarimiz tabiatining bugungi holati qaysi uskuna yordamida aniqlanadi?

Insonning butun borlig‘i, kishilarga, jamiyatga, davlatga, uni o‘rab turgan olamga munosabati, tabiiyki, tilida namoyon bo‘ladi. Har qanday odamning so‘zlagan nutqi, tilga munosabati uning kim ekanligini ko‘rsatib turadi. Navoiy aytgani kabi “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz”. Elga eʼtiborsiz kishini kim deyish mumkin? Navoiy yana aytadiki, “El netib topgay meniki, men o‘zimni topmasam”. Biz o‘zimizni, o‘zligimizni qachon topamiz?! O‘zbek ekanligimizni qanday qilib isbotlaymiz, boshimizda do‘ppi, belimizda belbog‘imiz bo‘lmagan paytda?! Аlbatta, tilimiz bilan! Аmmo o‘zbek tilini qanchalik bilamiz? Qanday foydalanyapmiz undan? Gapirayotgan gapimizdagi 20 ta so‘zning yarmidan ko‘pi ajnabiy bo‘lsa, ko‘plab so‘zlarning o‘zbekcha muqobili bo‘la turib boshqa til so‘zlaridan xuddi do‘ppining o‘rniga shlyapa kiygandek bemalol, bexijolat foydalanib, o‘zimizni ko‘z-ko‘z qilamiz. Bugun biz koreys, xitoy, ingliz, yapon, fransuz, nemis va ayniqsa, rus tilini bilishimiz bu o‘zimiz uchun katta imkoniyat, ammo o‘zbek tiliga bepisandlik qilish, o‘zbek bo‘la turib bu tilda gapirishni o‘zizga ep ko‘rmaslik odamiylikka kirmaydi.

Hayron qolish mumkin, haligacha ko‘plab o‘qimishli-ziyoli kishilar ham o‘z mo‘ʼtabar onasini “Mamashka”, “Mamul”; otasini “Paxan”, yoki “Boboy” deb atashi aslida ularning kimligini ko‘rsatib turibdi. Davralarda shevada “ena” deyishga uyalib baʼzilar “Mamashka” deyishadi. Uka, inim so‘zlari turib “bratishka” desak, og‘a, aka degan qadimiy va navqiron so‘zlarimiz turib “brat” yoki “bratan” desak, bu – xoinlik emasmi? To‘g‘ri, tilshunoslik oldida ham ayrim chigal muammolar turibdi. Masalan, “tog‘a”, “jiyan”, “ona” va “opa” so‘zlarining qo‘llanilishi muloqot jarayonida ko‘pchilikni chalkashtirish tayin. Ko‘plab hududlarda “ona”ni “opa” deyish urfga aylanib ketgan. Qarindoshlikning qaysi shajarasi tog‘a-jiyan bo‘lishi masalasi ham munozarali bo‘lib turibdi. “Dada” so‘zi qachondan isteʼmolga kirib qoldi? Аdabiy tilda ota va ona so‘zlari ishlatiladi, ammo “oyi” va “aya” so‘zlari ham menimcha, adabiy tilga o‘tib bo‘ldi. To‘g‘ri, maktab taʼlimi ham qaysidir maʼnoda aybdor, ammo bu so‘zlar ko‘proq oilada ishlatiladi, uning nazorati oila aʼzolarida bo‘lishi kerak, qolaversa, inson o‘zini-o‘zi rivojlantirib borishi kerak. Milliylik ko‘proq oilalarda saqlanib qolishini nazarda tutsak, tilning yashab, rivojlanib ketishi ham ota-ona yoki avlodning biror kayvonisiga bog‘liq bo‘ladi.

Inson atrofdagilariga o‘zingning eʼtiqodini, maʼnaviyatini, maʼrifatini anglata olishi kerak. Kim bo‘lishidan qatʼiy nazar suhbatdoshingiz sizning diningiz, tilingiz va odatlaringizni qadrlashga majbur bo‘lishi kerak.

Inson o‘zgaruvchan bo‘lmasligi kerak, ayniqsa, vatan, til va eʼtiqod masalasida. Hatto o‘z shevasini o‘zgartirib olayotganlarga ham tushunmayman. Bunday beqarorliklar tufayli bugun poytaxtda shunday bir til vujudga keldiki, unda barcha viloyatlar lahjalari aks etgan. Va buning xavotirli joyi shundaki, mazkur qorishiq hodisaning ayrim zarralari adabiy meʼyorga kirib bormoqda. Maʼrifatli kishilarning rasmiy va adabiy nutqlarida “lekegin”, “qolovursa”, “lokin” kabi bir qancha sheva so‘zlari faollashib “virus” kabi nutqdan-nutqqa ko‘chib bormoqda. Buni hatto yozma nutqda ham ko‘rish mumkin: (Mebel qatta?) Reklama lavhalari, xususiy tashkilot nomlari har bir tadbirkorning maʼnaviy qiyofasini ko‘rsatib turadi. “VАPSНE MАLАDES BАLА” kabi xususiy tadbirkorlik ochgan “bala”lar taʼlimni-ku eʼtiborsizlikdanmi, sifatsizlikdanmi olmagan ekan, tarbiyani-chi, vijdon, g‘urur, iymon, eʼtiqod ham yo‘qmi ularda? Bunday kishilar jamoat ishlarini tashkil qilishga qanchalik haqli? Farzand odatda o‘zi uchun muqaddas bo‘lgan barcha narsalarni ota-onadan, oiladan o‘rganadi. Demak, oilalarimizda muqaddas deb sanaluvchilar orasida til yo‘q. Maktab, asosan, maʼrifat beradi, u oilada qo‘yilgan tarbiya poydevori ustiga quriladi. Tilimizning qadri bu darajada tushib ketishiga oilalarimiz ham sababchidir. Oilada o‘rgatiladigan sharm-hayo va or-nomus qatorida til odobi ham turishi kerak. Bugun ko‘pchiligimiz farzandimizga dinni, shariat qoidalarini, serdaromad kasblarni egallashni tinmay o‘rgatyapmiz. Chet tillarni o‘rganishga millionlab pul sarflayapmiz, biroq milliy tilga mablag‘ kerak emas, biroz eʼtibor qilishni xayolga ham keltirmayapmiz. Biz kimmiz? O‘zbekmi? Unda oilada til sofligiga eʼtibor beraylik, jamoada ona tilimiz mavqeyini oshirishga bel bog‘laylik!

G‘ofir Hamroyev,
Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!

Bizning manzil: 

http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep


27.07.2020 887