"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

MAG‘ZI TO‘Q TIL – OZIG‘I KO‘P TIL!

Har bir millat yoki xalqning rasmiy darajadagi davlat tili maqomiga ega tilidan tashqari, o‘ziga xos asriy an'analarini davom ettirib kelayotgan, madaniy merosga aylangan shevalari ham bor. Shevalar xalqning, aholining ma'lum bir hudud doirasidagi chegaralangan so‘zlashuv uslubi bo‘libgina qolmay, kishilarning asrlar osha nutqiy madaniyatini shakllantirgan omildir. Binobarin, hozirgi o‘zbek tili adabiy til va mahalliy xalq shevalari hisobiga boyib boradi.
Adabiyotlarda ilmiy jihatdan xalq shevalariga “Faqat muayyan bir hududga xos ayrim belgilarni o‘zida namoyon qilgan til shakli mahalliy shevalar hisoblanadi. Shevaning faqat og‘zaki shakli mavjud”, deya ta'rif beriladi. Shevalarda yangicha so‘zlarning kirib kelishi bo‘lmasada, ular adabiy til mazmunining boyishiga xizmat qiladi. Har bir hudud doirasidagi sheva bir-biridan tubdan farq qiladi. Shuning uchun ham o‘zbek tilida so‘zlashuvchi kishilarning nutqida hududiy tafovutlar ko‘zga tashlanadi. Masalan, Toshkent shevasida ketvomman (ketyapman), etvorin (aytib yuboring), bohor (bahor), oka (aka), ada (dada), kelovuza (kelyapmiz), opa (ona), doʻda (bobo) kabi so‘zlar muntazam qo‘llaniladi. Ushbu sheva vodiy shevasiga yaqin deya ta'kidlansa-da, ularning so‘zlashuv uslubidagi ayrim so‘zlar bir-biridan keskin farq qiladi. Ahamiyatlisi, Andijon, Farg‘ona va Namangan hududlaridagi aholi o‘rtasida ham shevada umuman boshqa-boshqa so‘zdan foydalanish holatlari mavjud. Buni Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisi misolida ham uchratamiz.
Samarqand, Buxoro shevalarida esa so‘zlar ko‘proq cho‘zish ohangida talaffuz qilinadi,  ketopman (ketyapman), nana (ona), chakka (qatiq), bibi (buvi), aytopti (aytyapti) kabi.
O‘zbek tilida shunday bir sheva borki, unda so‘zlovchilarning talaffuzini tushunish anchayin mushkul, ammo so‘z ohangi haqiqatanda kishini sehrlaydi. Xorazm shevasining mayin va ohangga boy tovush tembri shubhasiz, har bir insonni o‘ziga rom etadi, garchand tushunish qiyinligiga qaramasdan. Galing (keling), opo (ona), apka (opa), uchak (tom), taka (yostiq), gashir (sabzi) kabi aynan Xorazm shevasiga xos so‘zlarning ma'nosini bilmasdan turib haqiqatanda talaffuz qilish mushkul.
Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari shevalari esa biz yuqorida tilga olgan shevalardan tubdan farq qiladi. Mazkur hududlar lahjalari biroz dag‘al va qo‘polroq ohangga egaligi bilan ajralib turadi. Xususan, jo‘l (yo‘l), ul (o‘g‘il bola), tov (tog‘), ena (ona), chig‘ing (chiqing), bachcha (bola), buva (bobo) singari so‘zlar fikrimizning tasdig‘idir.
Yana bir ahamiyatli jihati, shevalarni bir-biriga o‘xshashligi, ular o‘rtasidagi tafovutlar  haqida fikr yurita turib, bir narsani sezdim. Buni qarangki, shevalar har bir hudud aholisining xarakteri va ichki dunyosini ifodalar ekan. Masalan, Toshkent va vodiy aholisi o‘z shevasiga monand muloyim, vazmin xarakterga ega. Xorazm shevasidan bu yerlik aholining xarakteridagi ko‘tarinkilikni va biroz yuqori kayfiyatni sezamiz. Samarqand, Buxoro viloyatlarining shevasi esa shu yerlik aholining cho‘rtkesarlik xarakterini ifodalagandek go‘yo. Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari aholisining shevasidan voha ahlining biroz sodda va dalli-g‘ulli ekanliklarini payqash qiyin emas. Aslida bu ham faqat o‘zbeklarga xos til va xarakter uyg‘unligidir. Dunyo ruhshunos olimlari insonlarning qator xususiyatlariga qarab, ularning xarakter va qaysi temperamentga mansub ekanliklarini aytib berishadi. Buni qarangki, o‘zbek xalqining shevalariga qarab, o‘sha hudud aholisining xarakter iqlimiga baho berish mumkin bo‘ladi.
Shevalar adabiy tilning boyib borishiga xizmat qilar ekan, uning mazmun jihatdan kengayishiga ham hissa qo‘shishi shubhasiz. Negaki, shevalar zamirida xalqning so‘zlashuv madaniyati shakllanadi, ularning nutqiy ifodalar birligi kengayib boradi. Shu jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, xalq shevalari kishilarga nutq xazinasi hamdir. Bu xazinaning mazmun jihatdan qanchalik boyishi, uning millat manfaati, aholi so‘zlashuvining serma'noliligini ta'minlaydi. Inchunin, boshqa millat vakillarining bu tilga bo‘lgan qiziqishini kuchaytiradi.
Bugungi dunyo lingvistikasida kirib kelgan “Til ekologiyasi” (“The Ecology of Language”) atamasining ommalashishiga ham sabab aynan so‘zlarning hudud jihatdan o‘zaro munosabatlarini o‘rganish hamda ularning yo‘q bo‘lib ketish xavfini kamaytirishni nazarda tutadi. Qisqacha qilib aytganda esa mazkur atama so‘zlarning bioxilma-xilligini saqlab qolish bilan kurashadi. Dunyo tilshunos olimlarining bu boradagi fikrlari ma'lum ma'noda o‘zbek tilshunosligi bilan uyg‘unlashadi. Yuqorida ham ta'kidlab o‘tganimizdek, til mahalliy shevalar hisobiga boyib boradi va bu tilning ichki boyish manbai sanaladi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, biz milliy tilimizning ichki boyish manbaiga bugun qanday munosabatdamiz?
Yo‘lda yurgan odamning ko‘p narsani kuzatishi rost gap. Transportda har kuni ishga qatnayman. Hamma o‘z yumushi bilan. Birov chiqadi, yana birov tushadi. Shunda aksariyat yo‘lovchilarning “Falonchi shega to‘xtating”, “Bag‘dan ketmaysizmi?” degan gaplarini ko‘p marta eshitaman. To‘g‘ri, bizning shevaga xos so‘zlardan foydalanishimiz nutqimizga xos xususiyat. Lekin, shevada so‘zlar ekanman deb o‘zbek adabiy tilining mazmundorligini buzishimiz madaniyatdan emas nazarimda. Shega, bega emas shu yerda, bu yerda yoki bag‘dan, shag‘dan emas bu tarafdan, shu tarafdan kabi so‘zlardan so‘zlashuvda foydalanishimiz ayni muddao. Ming afsuski, yuqoridagi kabi so‘zlarni davom ettirishimiz mumkin: aqa-baqa, ashi, oka. Chunki bu kabi talaffuzda tumtoqqa aylangan so‘zlar amalda ma'noviy jihatdan o‘z kuchini yo‘qotib bormoqda (katta ehtimol bilan butkul yo‘qotib ham bo‘lgan deyish mumkin).
Insonning madaniy saviyasi uning nafaqat o‘zini tutishi, yurish-turishi bilan, balki samimiy shirinkalomi va chiroyli so‘zlay olishi bilan baholanadi. Shuning uchun ham to‘liq, dona-dona va ravon so‘zlaydigan kishilarga hamma havas ko‘zi bilan qaraydi. Binobarin, bunday xususiyatga ega insonda shak-shubhasiz tilga hurmat va e'tibor shakllangan. O‘zini, o‘zligini hurmat qilgan inson esa bu masalada ancha ehtiyotkordir. Biz turkiy til nazmida baralla qalam tebratgan, uning mazmunan bor latofatini dunyoga ovoza qilgan ajdodlar avlodimiz. Shunday ekan, millat ko‘zgusiga aylangan ona tilimizni asrab-avaylaylik.

Feruza AXMEDOVA, jurnalist


Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!

Bizning manzil:
http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep


14.08.2020 5298