"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TIL MILLAT KO‘ZGUSI, XALQNING MA'NAVIY AKSI

Yo‘l-yo‘lakay

Aslida birovlarning telefoniga e'tibor berish axloq qoidalariga butkul zid. Ammo, ko‘cha-ko‘yda kishi har xil vaziyatlarni kuzatadi. Ularning qay birlari u qadar e'tiborni jalb etmasada, ayrimlari diqqatingizni butkul o‘g‘irlaydi. Kunda-kunora ro‘y beradigan vaziyatlarning biri, taksida yonimda o‘tirgan 16-17 yoshlar chamasidagi yosh yigitchaning telefonidan do‘stiga yozayotgan sms xabarnomasi diqqatimni o‘ziga tortdi.

- Salom urto. 4otkimi bugun esingdan chi4madimi soat 4 da kurishamiz. Dimka (aslida Dilmurod demoqchi shekilli)ni xam chakirdim.

- Yuk. Esimda dakanechna kurishamiz. Bupti ketishda maniyam opketarsalla.

- Ok (barmoqcha belgili smayl)

- OK.

Vaholanki, bu kabi axborot mazmunidagi gap-so‘zlar kundalik turmushimizning asosiy qismini tashkil etadi. Achinarlisi, biz bu borada o‘zimizning xatolarimizga ko‘z yumishni odat tusiga aylantirib oldik. Oddiy misol, istasakda telefonimizdan kimgadir jo‘natayotgan xabarnomamizni qayta o‘qib ko‘rmaymiz. Binobarin, undagi xato yozgan so‘zlarimizni juda yaxshi bilsakda, bahonani shoshganga yo‘yamiz. Shunga yarasha, bahonalarimizning oxiri ko‘ringanda edi.

...Bolalarimizning daftarlarini tekshiraturib yoxud ularning bir-birlariga chala yoki buzib aytgan gaplarini eshitib, tag‘in tanbeh beramiz “to‘g‘ri-to‘g‘ri gapirsang-chi?” deb. Inchunin, uning yonida turib so‘zlashuvimizda “da”, “konechna”, “poka”, “chotki” kabi so‘zlarni qo‘llaymiz. Xo‘sh, aybni kimdan izlaymiz, ko‘chadan, maktabdan va hokazo... Oiladanchi!?

Bugun qay bir go‘shaga bormang, yo‘l-yo‘lakay ketaturib amalga oshirilayotgan qurilish, obodonlashtirish ishlarining XXI asrga monand olib borilayotganligi ko‘zingizni quvnatadi. O‘zida milliylik va zamonaviy hashamdorlikni mujasssam etgan arxitektura namunalari xuddiki ko‘chalar yuzini bezab turgandek, ularga salobat baxsh etgandek go‘yo. Ularni tomosha qilaturib, hudud iqtisodiyotining, insonlar ijtimoiy hayotining ancha yuqorilaganligini ko‘ramiz. Tadbirkorlik subektlarining soni shu qadar ko‘pki, ularda izlagan narsangizni topmaslikning imkoni yo‘q. Xizmat ko‘rsatish shoxobchalaridan tortib, ijtimoiy-huquqiy, tibbiy xizmat turi deysizmi, bari muhayyo. Shundoqqina kirish peshtoqiga yozilgan peshlavhalar esa sizga bu borada biroz ko‘maklashadi. Shuning barobarida chalg‘itadi ham. Nega deysizmi, chunki ularning ayrimlaridagi imlo xatolari o‘rni kelganda sizni ikkilantirib qo‘yadi. Reklama bo‘lsa bo‘ldi, qabilida ish ko‘ruvchi tadbirkorning esa cho‘ntagi qappaysa yetarli. Millat ma'naviyati esa ikkinchi darajalik ishga aylandimi? deb o‘yga tolish hech gap emas. Aksincha bo‘lganida edi, ular kompyuter xizmatlari ko‘rsatuvchi texnik xodimlarning ko‘r-ko‘rona yozgan reklama matnlarini tekshirmasdan bino peshtoqiga ilib qo‘ymagan bo‘lisharmidi?

Shahrimizdagi qator tadbirkorlik subektlarida bo‘lib, ayni shu masala yuzasidan ularning fikrlari bilan qiziqdik. Biroq, olingan xulosalar kishi dilini siyoh qiladi. “Men bu reklama uchun javob bermayman. Buni falonchi kompyuterchi yoki bannerchiga ayting” qabilidagi gap-so‘zlar tepa sochingizni tikka qiladi. Nega unda bu banner uchun falonchi javob bersa-da, siz buni savdo do‘koningiz yoki firmangizning peshtoqiga ilib qo‘yibsiz, degan savolni berganingizdan pushaymonda qolasiz.

So‘zni shu qadar ziyraklik bilan qo‘llagan yozuvchimiz Abdulla Qahhorning bir fikri kishini sergaklikka undaydi. Ya'ni, yozuvchi “Nima uchun ko‘cha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?”, deya tilning sofligini saqlash masalasiga jiddiy e'tibor qaratgan.

Statistik ma'lumotlarga qaraganda, dunyoda 7 mingdan ortiq til muomalada bo‘lib, ularning atigi 200ga yaqini davlat tili, ya'ni rasmiy maqomga ega. Quvonarlisi, o‘zbek tili ham aynan mana shunday tillar sirasiga kiradi. Davlat tilining huquqiy asoslarini belgilab beruvchi dastlabgi ikki muhim hujjat, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonuni fikrimizning tasdig‘idir. Ming afsuski, bugun ona tilimizga bo‘lgan hurmat va e'tibor biroz og‘riqli nuqtaga aylandi. Aksariyat matnlarning va yozuvlarning noto‘g‘ri tarzda ifodalanishi hech shubhasiz, kishi dilini ranjitadi. So‘zlashuv nutqimizdan tortib, ish hujjatlarimizgacha yo‘l qo‘yayotgan xato-kamchiliklarimiz odatiy holga aylandi va afsuslanarlisi, biz bunga o‘rganib ham qoldik.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 4-moddasida va O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonunining 1-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir” deb belgilab qo‘yilgan. Yuqoridagilardan kelib chiqib, davlat tili to‘g‘risidagi qonunlarning dunyo miqyosidagi ijrosini kuzatadigan bo‘lsak, ularda turfa xil taqiq hamda chegaralarni ko‘ramiz. Masalan, Germaniyada “Ma'muriy amaliyotlar to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, ma'muriy amaliyotlar uchun rasmiy til sifatida nemis tili belgilangan. Agar mas'ul idoraga nemis tilidan boshqa tilda murojaat qilinsa, davlat organi darhol tegishli murojaatning nemis tilidagi tarjimasini talab qiladi. Shu bois, Germaniyada nemis tilidan boshqa tilda qilingan murojaatlar umuman ko‘rib chiqilmaydi.

Fransiya Konstitusiyasida ham davlat tili fransuz tili deb belgilangan.  Mamlakatning Tubon Qonuniga ko‘ra, davlat tashkilotlari tomonidan ish yuritish istisnosiz fransuz tilida olib boriladi. Terminlarning fransuzcha muqobili turganda, inglizchasi yoki boshqa tildagisini ishlatish taqiqlanadi. Qonun talablariga rioya qilmaganlik uchun jismoniy shaxslar 700 evro, yuridik shaxslar esa 3750 evro miqdorida jarimaga tortiladilar. E'tiborni tortadigan jihati, Fransiyada boshqa tilda peshlavhasi va yorlig‘i yozilgan mulk musodara qilinishi ham mumkin ekan. Demakki, davlat tilida muayyan ma'muriy jarimaning joriy etilishi uning nufuziga yaxshigina ta'sir qiladi.

Yo‘l-yo‘lakay piyoda ketaturib, peshlavha yoki reklama yorlig‘ining xato yozilganligini shu mulk egasiga aytsangiz, tamom, bir olam dashnom eshitasiz. Aniqrog‘i, nima ishing bor, qabilidagi kinoyalar qalbingizni xira qiladi. Shundan so‘ng o‘ylab qolaman, nahotki odamlar shunchalar be'etibor va loqayd bo‘lib qolgan. Axir tilimiz millatimizning ko‘zgusi, ma'naviyatimizning ma'naviy aksi emasmi!?

Agar har birimiz birovga emas, tilni rag‘batlantirish haqida o‘zimizga buyruq beraolganimizda edi, ona tilimiz bugungidek tushuntirish va targ‘ibotga muhtoj bo‘lmagan bo‘lar edi.

Onalarimiz allasi, momolarimizning xalq og‘zaki ijodi namunalarini tinglab katta bo‘lganmiz. Tan olish kerak, ularda ona tilimizning asl jozibasi yashirin. Bugun garchi “zato”, “chto”, “da”, “drug”, “konechno”, “vabshe”, “obsolyutno”, “zavtrak”, “obed” kabi so‘zlar tilimizda ommalashib ulgurgan bo‘lsa-da, onamizning tong saharda nonushta uchun yopgan nonlariyu, ish boshida “hormanglar azamatlar, mehnatga baraka” deya tushlik uchun keltirgan issiq taomlarini kundalik turmush tarzimizdan chiqara olmaymiz. Boisi bu qon-qonimizga singib ketgan. Demakki, bizning ruhimiz sharqona, qalbimiz o‘zbekona tuyg‘ularga limmo-lim. Tilimiz esa onajonimiz allasidagi so‘zlar orqali chiqqan. Bularni inkor etish uchun na haqqimiz va na istagimiz bor. Shak-shubhasiz, bu istak ona tilimizni asrash, uning har bir sehrini qonimizu jonimizga singdirish bilan uyg‘undir. Zero, ona tili millatning ruhi, uning ma'naviy aksini ko‘rsatuvchi ko‘zgudir.


Feruza AXMEDOVA,
Jurnalist

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!

Bizning manzil: 
http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep


17.08.2020 932