"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TO‘NNI KIM TESKARI KIYADI?

Tilimizda shunday iboralar borki, ularning asl kelib chiqishi maʼlum emas, mazmun boshqa, so‘zlar boshqa. Ishing oshib-toshib yotganda ermakka balo bormi, deyiladi. Yoki birov xato ish qilsa, qovun tushurdi, deydilar. Bu jumlalarda balo ham, qovun ham gap maʼnosiga aloqasiz. Og‘ayni chalish deymiz. Og‘ayni maʼlum, lekin chalish nima? Og‘aynilar bir-birini oyog‘idan chalgani uchunmi? Yoki bir-birining aybini nog‘ora qilib chalgani uchunmi? Tan berdi, yo tan oldi, degan iboralarimiz bor. Biri qoyil qolish, ikkinchisi iqror bo‘lishni bildiradi. Bu maʼnolarga tan so‘zining nima aloqasi bor? Dabdala so‘zining dalaga, dabdurustdan so‘zining durustga bog‘liq joyi bormi? Shunday so‘z birikmalarini tilshunos olimlarimiz majhul ibora deydilar. Jahli chiqqan odamga nisbatan, to‘nini teskari kiydi, deyish ham majhul sanaladi. Darhaqiqat, jahlning to‘nga nima aloqasi bor?

Lekin shu narsa ayonki, hech bir so‘z, hech bir ibora bekor aytilmaydi. Og‘izdan og‘izga o‘tib so‘zlar almashadi, tushib qoladi, harflar o‘zgaradi va tanib bo‘lmas holga keladi. Agar biz ko‘proq izlasak, tarixni o‘rgansak, So‘zning so‘ziga qalb qulog‘imizni tutsak, tilimizda majhul ibora qolmas. Og‘ayni chalish ham besabab aytilmagan. Maqol aslida: og‘a-ini ― bir juft kalish bo‘lishi kerak. Bamisoli eru xotin qo‘sh hukiz degandek. Kalishning ikki poyi bir-birisiz butun emas. Og‘a-ini ham shundoq. Xalqimiz shoirtabiat, qofiyaparvar emasmi, maqol chiroyli bo‘lsin uchun bir ohangdosh so‘z qo‘shib, og‘a-ini chalish ―bir juft kalish, deydigan bo‘ldi. Chalish shunchaki qofiya uchun. Taq-tuq, tasadduq degan kabi.

Og‘a-ini aslida ikkita so‘z. Aka-uka degani. Bora-bora bu ikki so‘z qisqarib bir so‘zga aylandi. O‘rtoq, oshno maʼnosini bildiruvchi og‘ayni holiga keldi. Og‘ayni bir kishini bildirgach, juft so‘ziga hojat qolmadi. Endi og‘ayni chalish ― bir poy kalish deyiladigan bo‘ldi. Hozirda bir poy kalish ham isteʼmoldan chiqdi hisob. Og‘ayni chalishning o‘zi qoldi va majhul iboraga aylandi.

 Bu o‘ylarni qog‘ozga tushirarkan, o‘zimga savol beraman: Nega endi bu gaplarni tilshunos olimlar emas, men aytishim kerak? Erta bir kun ularga kulgi bo‘lmaymanmi? Odamlar, sheʼringni yozsang bo‘lmaydimi, nima qilasan birovning ishiga aralashib, demaydimi? Yana o‘zim javob beraman: Men aytgan farazni olim aytishi mumkin emas. Ilmda taxminiy gap ketmaydi. Aniq manba, asosli isbot kerak. Faqat shoirlargina xayolga erk berishlari, ko‘ngilga quloq solishlari mumkin. Shuning uchun yozgan so‘zlarimga ilm ahli biror munosabat bildirmasalar hafa bo‘lmasligim kerak. Bu gaplar hech bir mo‘tabar manbada yo‘q, hech kim tadqiq qilmagan, suyanadigan hech narsa yo‘q. Olim ishonchli tayanch bo‘lmasa joyidan qo‘zg‘olmaydi. Biz doktor ham, professor ham emasmiz. Xato qilsak ayb emas. Mana, uzr ham topildi. Endi gapni bemalol davom etdirishimiz mumkin.

To‘nini teskari kiydi iborasi ham maʼnosiz emas. To‘nni kim teskari kiyadi? Bu savolga boshqa bir maqol javob beradi. Kambag‘alni urma, so‘kma, to‘nini yirt. Hozirgi yoshlar bu maqolni anglamaslar. O‘n to‘qqizinchi asrda tug‘ilgan shoir Habibiyni ko‘rish, hamsuhbat bo‘lish menga nasib qilgan. Shoir yoshligini eslab, bo‘zdan tikilgan ishton tizzadan yirtilishi, to‘zigan joyga solingan yamoq ham to‘zib, yamoqqa yamoq solinganini aytib o‘tirardi.

To‘nni kim teskari kiygan? G‘azab otiga minib, mushtlashaman degan kambag‘al teskari kiygan. Qon tegsa, loy tegsa astarga tegsin, yirtilsa astar yirtilsin, yamoq tushsa astarga tushsin deb to‘nni teskari kiygan. Kambag‘alning to‘ni ikki bo‘lmagan. Yirtilsa boshqasini kiyolmagan.

 Endilikda to‘n kiyish urfdan qoldi. Kiygan yelim kamzulimiz yuz yilda ham yirtilmaydi. Mushtlashish ham udum emas. Qasd olish uchun mushtning keragi bo‘lmay qoldi. Oyoqdan chalishning ming bir xil usuli topilgan. To‘nni teskari kiyishga hech bir zarurat yo‘q. Lekin qanotli ibora unut bo‘lmagan. Bu ham So‘zning sehri. So‘z zamirida tarix yashirinib yotganiga timsol.

Bir maqolning qulfini ochishga boshqa maqol kalit bo‘ldi. Kim bilsin, balki qovun tushirdi iborasiga ham boshqa ibora, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi, degan majoz ochqich bo‘lar. Buni aniqlash endi sizlar ― So‘z ummonining g‘avvoslariga havola. Izlang, bahs qiling, talashib tortishing. Lekin zinhor to‘nni teskari kiymang!

Erkin VOHIDOV, O'zbekiston xalq shoiri

So'z latofati kitobidan

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!

Bizning manzil:

http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep

09.09.2020 3381