"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

OQ TONGLAR KUYCHISI

Toshkentning Mirobod bozorini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Shu bozorga tutash ko‘chalardan biri Sapyorlar (hozirgi Mirobod) nomi bilan atalar edi. U temir yo‘l vokzali bilan Tuproqqo‘rg‘ondagi harbiy garnizonni bir-biriga bog‘lagan. Bu yerlarda ko‘proq temir yo‘l ishchilari hamda askarlar istiqomat qilgan.


XX asr boshlarida bu yer inqilobiy voqealarning qaynagan joylaridan edi. Ana shu ko‘chadagi 74-uyda xalqimizning atoqli farzandi, maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yashagan. Saqlanib qolgan tabarruk dastxatlar, yuzlab kitob va hujjatlar guvohlik berishicha, Abdulla Avloniy o‘zbek bolalar adabiyoti, o‘zbek milliy teatri, dramaturgiyasi, pedagogika va matbaachiligining asoschilaridandir. Avloniy Turkistonda juda katta ijtimoiy-maʼrifiy ishlarni amalga oshirgan jadidlar harakatining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan edi.


XX asr boshlarida Markaziy Osiyo va Kavkazning markaziy shaharlari hamda Qozonda yuzlab ziyoli kishilar xurofot va chor Rossiyasining istibdodidan qoloq ahvolga tushib qolgan o‘z xalqlarining ijtimoiy-madaniy turmushini, ong-saviyasini ko‘tarish, taraqqiy ettirish maqsadida nihoyatda katta maʼrifatchilik ishlarini olib bordilar. Yevropacha usuldagi teatr to‘garaklari tuzdilar, turli gazeta va jurnallar chiqardilar. Teatr tomoshalari va matbuotdan tushgan mablag‘larga dunyoviy ilmlarni o‘qitadigan “usuli jadid”, yaʼni yangicha, ilg‘or usuldagi maktablar ochdilar va bu maktablarda mahalliy xalq bolalarini o‘qitdilar. Ular o‘z millatlaridan yetuk olimlar, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarining zamonaviy, bilimdon mutaxassislari, madaniyat arboblari yetishib chiqib, yurtni obod, Vatanni ozod, farovon etishlarini orzu qildilar va shu yo‘lda fidoyilik ko‘rsatdilar.


Abdulla Avloniy ham shu maqsadda yashadi va faoliyat ko‘rsatdi. 1907-yili Miroboddagi o‘sha uyida “Shuhrat” nomli gazeta nashr ettirdi. O‘z mahallasida maktab ochdi, usuli jadid maktablari uchun to‘rt qismdan iborat “Adabiyot yoxud milliy sheʼrlar” hamda “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim”, “Maktab gulistoni”, “Turkiy guliston yoxud axloq” kabi darslik va o‘qish kitoblari yaratdi. Maktab-maorif ishlariga ko‘mak ko‘rsatuvchi “Jamiyati xayriya” tashkil etdi. “Nashriyot” shirkati tuzib, Xadrada “Maktab kutubxonasi” kitob do‘konini ochdi.


Abdulla Avloniyning Oktyabr to‘ntarishiga qadar ko‘rsatgan faoliyatida teatrchilik sohasidagi xizmatlari alohida ahamiyatga molik. Uning 1913-yilda tashkil etgan “Turon” nomli teatr to‘garagi Turkistondagi birinchi teatr truppasi edi. “Turon” teatr to‘garagi keyinchalik Hamza tuzgan truppa bilan qo‘shilib, Hamza nomidagi (hozirgi O‘zbek Milliy) akademik drama teatriga asos bo‘ldi. Avloniy truppasida keyinroq mashhur davlat va madaniyat arboblari bo‘lib tanilgan Nizomiddin Xo‘jayev, G‘ulom Zafariy, Shokirjon Rahimiy, Shamsiddin Sharafiddinov (Xurshid), Mannon Uyg‘ur kabi yoshlar qatnashar edilar. Ular Mahmudxo‘ja Behbudiy, Hoji Muin, Hamza Hakimzoda, Abdulla Badriy, Abdulla Qodiriyning pyesalarini hamda o‘zlari original sahna asarlari yozib sahnalashtirar va rollarni ham o‘zlari ijro etar edilar. 1916-yili ozarbayjonlik mashhur aktyor Sidqiy Ruhillo Toshkentga kelib, “Turon” truppasi bilan birga “Layli va Majnun” spektaklini qo‘yadi. Avloniy bu spektaklda Qaysning otasi Maluʼ rolini ijro etadi. Shu davrda Avloniy o‘z teatri uchun “Pinak”, “Advokatlik osonmi?”, “Siz va biz” nomli pyesalar ham yozib, sahnaga qo‘yadi, tatar hamda ozarbayjon jadid dramaturglarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qiladi. Truppa aʼzolari bilan 1914-1916 yillar davomida Farg‘ona vodiysida gastrollarda bo‘ladi.


1917-yil fevral inqilobidan keyin Abdulla Avloniy yanada qizg‘inroq ijtimoiy faoliyat bilan mashg‘ul bo‘ladi. Turli tashkilotlar tadbirlarida qatnashadi, mahalliy muallimlardan iborat “O‘qituvchilar soyuzi”ni tuzib, tashviqot-targ‘ibot ishlarini olib boradi, “Turon” ismida gazeta nashr etib, unda ilg‘or qarashlarni olg‘a suradi. Biroq Avloniyning hayoti tekis kechmadi. Millatning taraqqiyoti yo‘lida nimaiki xayrli ishga bosh qo‘shmasin, kurashlarsiz bo‘lmadi. Avloniy nashr ettirgan birinchi gazeta “Shuhrat”ning o‘nta soni chiqar-chiqmas hukumat tomonidan taqiqlandi. “Turon” gazetasining taqdiri ham shunday kechdi. Hatto Avloniy “kofir” deb eʼlon qilinib, o‘limga mahkum etildi. Faqat matbuot orqali “tavba-tazarru” uni o‘limdan saqlab qoldi. Avloniy ko‘pgina hur fikrli kishilar qatori Oktyabr inqilobiga umid bilan qaradi, uning g‘alaba qilishiga, g‘alabalari mustahkamlanishiga imkoni qadar hissa qo‘shdi. Birinchilardan bo‘lib firqa aʼzoligiga o‘tdi. Turkiston kommunistlarining II syezdida Markaziy Komitet aʼzoligiga saylandi. Birinchi bo‘lib Karl Marks va Fridrix Engelsning “Kommunistik partiya manifesti”ni o‘zbek tiliga o‘girdi, “Ishtirokiyun” (hozirgi “O‘zbekiston ovozi”) gazetasiga muharrirlik qildi. Biroq inqilobning, sovetlar hokimiyatining xalq manfaatiga tobora zid yo‘ldan borayotganini ham anglay oldi. 1919-yilda “Xafalik soatda” degan sheʼr yozdi. Unda bunday satrlar bor edi:

Derlarki oy(n)ing yarmi qaro, yarmisi ravshan,

O‘ttiz kuni ham bizga bukun qop-qarodur ko‘raman.

(“Ishtirokiyun” gazetasi, 13-son)


1919-1920-yillarda Avloniy Afg‘onistonning Hirot shahrida Sovet elchixonasida bosh konsul bo‘lib ishladi. Xalqlarimiz o‘rtasida birodarlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun Afg‘oniston podshosi Omonulloxon tomonidan kumush soat bilan taqdirlandi. Bular Avloniy shaxsiyatining tariximizdagi o‘rni qanchalik muhim ekanligidan dalolat.


Ming to‘qqiz yuz yigirmanchi yillarda Avloniy turli ijtimoiy vazifalar bilan birga muallimlik kasbini ham davom ettirdi. Harbiy maktabda, O‘rta Osiyo davlat universitetida o‘zbek tili va adabiyotidan dars berdi, ilmiy-metodik ishlar bilan mashg‘ul bo‘ldi. Avloniy o‘zbek ziyolilari orasida birinchilar qatori professorlik darajasiga va “Mehnat qahramoni” unvoniga sazovor bo‘ldi.

 

Abdulla Avloniy 1934-yil avgustda Toshkentda vafot etdi.


Mamlakatimizda ming to‘qqiz yuz o‘ttizinchi yillarning ikkinchi yarmida boshlangan yalpi taʼqib, halol, diyonatli kishilar nomiga nojoiz ayblar yog‘dirish oqibatida Avloniy mansub avlod shafqatsiz qatag‘onga uchradi. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Hamza, Tavallo, Cho‘lpon, Fitrat, Siddiqiy-Ajziy, Sidqiy Xondayliqiy, Mirmuhsin Shermuhamedov, Mirmulla Shermuhamedov, So‘fizoda, Sadriddin Ayniy va yana o‘nlab maʼrifatchi ziyolilar nomi bilan bog‘liq jadidchilik harakati nohaq qoralandi, ularning nomlari ham, asarlari ham (ayrimlarini istisno qilganda) uzoq yillar tilga olinmadi. Millatning istiqboli yo‘lida hayotini bag‘ishlagan jadid ziyolilari qatorida Abdulla Avloniy asarlari ham uzoq vaqt nashr etilmadi. Faqat 1960-yillar oxiri va 1970-yillarga kelib uning asarlarini chop etishga muvaffaq bo‘lindi. Bu Avloniy asarlariga qiziqishning yillar o‘tib susayganligidan emas, balki ayrim ehtiyotkor kimsalarning jurʼatsizligi tufayli amalga oshirilmadi. Zero, Avloniyning quyidagi fikrlari uning aksariyat asarlari kabi bugungi kunimizga g‘oyat hamohang:


“Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on oinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur... Yohu, bizga na bo‘ldi? Bobolarimiz yo‘lidan chiqib ketduk! Yaxshi qo‘shningdan olguncha yomon uyingni qidir, demishlar. Bobolarimizga yetushgon va yaragan muqaddas til va adabiyot bizga hech kamlik qilmas. O‘z uyimizni qidirsak va oxtarsak, yo‘qolganlarini ham toparmiz. Yo‘qolsa yo‘qolsun, o‘zi boshimga tor edi, deb Yovrupo qalpog‘ini kiyub, kulgu bo‘lmak zo‘r ayb va uyotdur”.


Mazkur so‘zlar ona tilimiz va milliy tarixiy xotiramiz qayta tiklanayotgan shu kunlarda Abdulla Avloniyni bizga zamondosh etadi va biz, nabiralaridan avloniylar davri tarixi va adabiyotiga eʼtiborliroq, sinchkovroq bo‘lishni taqozo qiladi.


Shuhrat RIZAYEV, adabiyotshunos


"Yangi O‘zbekiston" gazetasining 171-sonidan olindi


Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!

 

Bizning manzil:

http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep

11.09.2020 2054