"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Yosh olimning iztiroblari

Yosh tilshunos olim Nazar Qodirov til bayramiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan anjumanga keldi-yu, zaldagi shiorlarni ko‘rib o‘yga toldi: “Agar bu shiorlarga hamma amal qilganda edi, ona tilimizning qadri haqiqatdan yuksalardi”.

Muhtasham zal odamlar bilan liq to‘la, g‘ala-g‘ovur avjida. U old qatordagi o‘rindiqqa o‘tirib, o‘zi tayyorlab kelgan ma’ruzani yana bir qur ko‘zdan kechirdi.     

Nazar Qodirov o‘z sohasi bo‘yicha salmoqli ilmiy maqolalar yozgan, tengqur olimlar ichida ancha peshqadam edi. Olimning nazdida barcha sa’y-harakatlar balandparvoz gaplar singari qog‘ozda qolib ketayotgandek… 

…Kutilmaganda birdan zalga sukunat cho‘kdi. Sahnaga chiqib kelgan suxandon qiz anjumanni ochiq deb e’lon qildi. Taniqli shoir minbarga chiqib o‘zbek tilining uzoq o‘tmishi, uning boy imkoniyatlari va hech bir tilda uchramaydigan o‘ziga xos jozibasi haqida to‘lqinlanib gapirdi. Anjumanda olimlar, o‘qituvchilar ona tilining istiqboli, kishilarda tilga bo‘lgan hurmat hissini uyg‘otish haqida mulohazalarini o‘rtaga tashlashdi.

Nazar Qodirov ham sohir ohangda nutq so‘zladi. Uning jarangdor ovozi zal bo‘ylab aks-sado berdi. Yosh olimning mantiqli mulohazalari olqishlar bilan qarshi olindi…

Tushga yaqin anjuman yakuniga yetdi. O‘z ma’ruzasidan ko‘ngli to‘lgan yosh olim vazmin qadamlar bilan ko‘chaga chiqdi. U notiqlarning aytilgan jo‘yali fikrlarini tahlil qilib borarkan, ko‘chadagi reklama va e’lonlarga, ajnabiy so‘zlarga ko‘zi tushib hafsalasi pir bo‘ldi. Lablari beixtiyor pichirladi:

Hayot bizga tutadi ko‘zgu,

Minbardagi  so‘zlar boshqacha… 

Nazar Qodirov yo‘l chetidagi peshtoqiga “Happy” deb yozilgan do‘konga kirdi. Do‘konning bir tomoniga oziq-ovqat mahsulotlari, bir tomoniga o‘quv qurollari taxlab qo‘yilgan ekan. U chiroyli muqovalangan yondaftar bilan u-bu yegulik xarid qildi. Sotuvchiga pul uzatib:

– Opa, bu yerdan do‘kon ochib yaxshi ish qilibsiz-u, lekin nega o‘zbekcha nom qo‘ymagansiz? – deb so‘radi.

Sotuvchi ayol tillo uzuklarga burkangan barmoqlarini silab, kibrli nigoh bilan xaridorga yuzlandi:

– G‘alati ekansiz-u, uka, sizga nima og‘irligi tushyapti buni? U kuni ham bittasi kelib rosa boshimni qotiruvdi. “O‘zbekcha nom qo‘ying emish”. Zato, kulturniy nom bu, tushundingiz.

Ayol “tavba” dedi-yu, televizor ovozini balandlatdi. Yosh xonanda zavq bilan muhabbat haqida qo‘shiq kuylay boshladi:

– Mot qilolmay ovoraman bir go‘zalni,

Bitta aytsam, ikkita aytar she’r-g‘azalni.

Tariximiz aytib bersam shoshib-shoshib,

Mendan yaxshi bilar ekan u azalni.

Vapshe malades, husn-u malohatiga,

Vapshe malades, aql-u zakovatiga.

Vapshe malades, vapshe malades.

Nazar Qodirov bu nodon ayolga gap uqtirish befoyda ekanligini fahmlab, indamay chiqib ketdi. Besh-olti qadam yurdi-yu, reklama taxtasidagi jumlaga ko‘zi tushdi. To‘rttagina so‘zni sakkizta xato bilan yozgan odamning savodiga achinish bilan bosh chayqadi. Shunda hamqishlog‘i Jo‘ramurodning mahalla idorasining yonidagi terakka osib qo‘yilgan ajabtovur e’loni ko‘z o‘ngiga keldi: “Ғш сотилади”.

Nazar Qodirov ko‘chadagi manzaralarni kuzatib uyiga kelguncha anjumandagi kayfiyatidan asar ham qolmadi. Ehtimol, olimning bor umidi kelajakda ushalar…

 

Madina Bozorova, Navoiy-tanlov ishtirokchisi


TANLOV QATNASHCHILARIGA BAHO BERING:

https://t.me/...//t.me/joinchat/ABELD0Zmq91s8RAkfUz_AQhttps://t.me/joinchat/ABELD0Zmq91s8RAkfUz_AQ

14.09.2020 768