"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Uch daryodan suv ichgan dengiz

Ona tilimni muazzam va ulug‘ desam, eʼzozlab boshga ko‘tarsam, buning boisi o‘zimniki bo‘lgani, jonimga yaqinligi uchun emas. Shunga ishonganim, iymon keltirganim uchun, mening ham bir ikki tildan xabarim bo‘lib, qiyoslash imkoniyatlarim borligi uchundir.


Bir tomchi shabnamdek moʻjaz va tiniq elchi degan sof o‘zbekcha turkiy so‘zda qancha hikmat bor!


El deb, elat deb xalqni aytamiz. Yana yov hech qachon el bo‘lmaydi, deymiz, yomonga elakishma degan o‘gitimiz bor. Bu o‘rinda el do‘stlik, yaqinlik maʼnolarini bildiradi. El qadimda davlat tushunchasini ham ifoda qilgan. Elchi bir xalqdan, bir davlatdan boshqa yurtga yuborilgan vakilgina emas, balki elni elga el qiladigan odam, xalqlar o‘rtasida mehr rishtasini bog‘lovchi, do‘stlik ko‘prigini quruvchi hamdir.


So‘zning o‘zida shaxs zimmasidagi zalvorli yuk bor. Elchi adolat va ezgulik yo‘lida xaq so‘zni aytishga burchli inson.


Uning joniga esa kafolat hujjati qilib, qonundek mustahkam, shohlar hukmidek qatʼiy hikmat aytilgan: Elchiga o‘lim yo‘q!


Omonat degan o‘zbekona so‘zga qalb qulog‘ini tuting. Qanchalar teran insoniy tuyg‘ular bor bu so‘zda. U mulk haqida aytilsa birovning omonati, jon haqida aytilsa Ollohning omonati. Banda uchun dunyo omonat, dunyo uchun bandaning o‘zi omonat.


Yog‘ilur har dam falakdan boshingga gardi firoq,

O‘t ravonroqkim, omonatdir base bu eski toq.”    


Inson boshiga osmondan gard yog‘ilib turadi. Biz bugun bu gardni kosmik chang, deymiz. Fazoviy jismlarning Yer atmosferasida yonib ketishidan hosil bo‘lgan kul, deymiz. Bunday gardni Hazrat Navoiy besh asr muqaddam qayoqdan bilgan, deya hayron bo‘lmang. Beruniylar, Ulug‘beklar yashagan yurtda fazo sirlari ayon edi. Hayratga sabab boshqa, yaʼni bu ilmiy haqiqatning falsafiy xulosasi, badiiy timsolidir. Ey odamzod, deydilar hazrat, boshingga yoqqan samo changlari ayriliq gardlaridir.  Tomidan tuproq yog‘ilgan uyda uzoq turib bo‘lmaydi. Bunday uy omonat. Chirigan tom ostida yashash xatarli. Osmonidan gard yog‘ilgan dunyoni, bu eski toqni ham ravonroq, tezroq tark etgan yaxshidir. Omonat so‘zining maʼno tovlanishiga qarang.  Uy omonat, olam omonat.


So‘z― zabarjad,

So‘z ―gavhar, oltin,

Zargarlikning mashaqqati ko‘p.

So‘zni baytga qadashdan oldin

Kaftingga qo‘y, to‘yib qara, o‘p!


Ona tilimni sevmasam, so‘zlariga mahliyo bo‘lmasam, hayratlanmasam menga shoirlik qayda edi!


Oftob chiqdi, quyosh chiqdi, kun chiqdi,

Mehru shamsu xurshidi gardun chiqdi.


Bir zamon bolalar uchun aytilgan shu jo‘ngina va g‘o‘rgina ikki satrning o‘zida quyoshning oltita nomini topasiz! Sanoqni yana davom ettirish mumkin. Olimlar, topib bering, qaysi tilda quyoshning o‘ndan ortiq ismi bor! Qaysi tilda osmonni kamalak ranglaridek yetti xil nom bilan ataydilar? Osmon, falak, samo, charx, gardun, fazo, ko‘k... Bular dafʼatan xayolga kelganlari xolos! Arsh, davvor, minu singari kam ishlatiladigan xos so‘zlar ham sanalsa ro‘yxat yanada uzayadi.


Maʼnodosh so‘zlarimizning ko‘pligiga sabab bor. O‘zbek tili uch daryodan suv ichgan. Diniy, ilmiy, ijtimoiy atamalarimiz asosan arab tilidan, ko‘pgina ish qurollarimiz, jomadon, hokandoz, dastshu, jomashu, dazmol, qog‘oz kabi hunarmandlikka oid so‘zlarimiz, shuningdek yuksak sheʼriy uslubga xos suhanlar fors tilidan kelgan. Lekin bu qatʼiy qoida emas. Aksar holat desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Arab tilidan o‘tgan narsa va buyum nomlari ham tilimizda ko‘p: Aroba, musallas, istehkom, qalam singari. Shuningdek, fors tilidan kirgan falsafiy atamalar ham talaygina. Javonmard, sarbador, charxi kajraftor, Oinai Iskandar va hokazo. Harakat nomlari asosan turkiycha. Ko‘pgina so‘zlarning o‘zbekchasi ham, arabchasi ham, forschasi ham tilimizda barobar ishlatiladi. Arabcha Alloh yonida forscha xudo, turkiy tengri, so‘zlarimiz bor. Yurak ham, qalb ham, dil ham deymiz. Arabcha ism, forscha nom, o‘zbekcha ot ― uchovi ham o‘zimizniki. Til, zabon, lison bizda shu sababdan beqiyos boy va rangin.


Alisher Navoiy turkiy tildagi yuzta harakat nomi, yaʼni feʼllarni sanab, fors tilida ularning muqobili yo‘q ekanini aytganlar va turkiy tilimizning boyligi, qudratini namoyish etganlar. 


Qadimda turkiy til oddiy xalq tili hisoblangan. Askarlikka oddiy xalqdan olingani uchun va feʼl o‘zaklari tur, yot, yur, ot, chop singari asosan bir bo‘g‘inli so‘zlardan tarkib topgani va buyruq berishga qulayligi bois harbiy til turkcha bo‘lgan.


“Temur tuzuklari”ni bizga yetib kelgan fors tilidagi matndan o‘zbekchaga tarjima qilar ekan, Alixon To'ra Sog‘uniy, “men tarjima qilmadim, balki asl tiliga qaytardim,” degan edilar va misol tariqasida tingchi, burong‘or, juvong‘or kabi turkiy atamalarning forscha muqobili topilmay, matnda o‘z aslicha qolganini ko‘rsatgan edilar.


O‘zbek tilining buyuk dengizi ana shu uch buyuk daryo ― turkiy, arabiy va forsiydan suv ichish barobarida eski lotin, xitoy, hind, mo‘g‘ul, rus, Yevropa tillaridan bahramand bo‘lgan. Olimlarimiz allaqachon unut bo‘lib ketgan ko‘hna sanskrit so‘zlarini ham til xazinamimizda topganlar. Shu sabab tilimiz boy. Hech bir boshqa tilda bo‘lmagan shakldosh so‘zlar sanʼati tuyuq o‘zbek tilida bor. Hech bir boshqa xalqda yo‘q askiya, so‘z o‘yini bizda mavjud.


Hazrat Navoiy to‘pori qora xalq tili hisoblangan turkiy o‘zbek tilini sheʼriyat osmoniga ko‘tarib qo‘ydilar. “Muhokamatul lug‘atayn”ni yozib ona tilimizning fors tilidan ustun bo‘lsa ustunki, kam emasligini isbot qildilar.


Ushbu risolada yozilishicha, Navoiy ham yoshlik yillarida boshqa shoirlar kabi asosan fors tilida sheʼrlar yozib nafosat ahlining olqishini olgan ekanlar. Xususan, forsiyda bitilgan “Tuhfatul afkor” qasidasining matlai to‘g‘risida hazrat Jomiy “Bahoriston” nomli asarda yozmishlarki, mazmuni shundoq: “Bu davlat yorlig‘ini osmonning peshtoqiga osilsa arziydi va bu saodat tamg‘asini Mushtariy yulduzining bo‘yniga ilib qo‘ysa, unga quvonch, iftixor bo‘lgay.”


Navoiyning so‘z boyligi beqiyos. Sababi hazrat fors tilini qanchalar mukammal bilsalar ― o‘z eʼtiroflari bo‘yicha: “fors alfozin kishi mendin ko‘prak bilmaydur”― arab tilini ham shu qadar barkamol egallaganlar va ularni to‘la istifoda etganlar. Turkiy tilning esa butun nazokatini, so‘zga boyligini “Muhokamatul lug‘atayn”dagina emas, butun umr, butun ijod jarayonida namoyon qilganlar. O‘zbekning sodda, to‘pori so‘zlarini ham, sheʼrga solish mumkin bo‘lmagan darajada oddiy va jo‘n gaplarni ham nozik g‘azalga kirita olganlarki, bundoq sehrdan lol bo‘lmay iloj yo‘q.


Sahar hovar shahi charx uzrakim hayli hasham chekdi,

Shuoi xat bila ko‘hsor uza oltun alam chekdi.


Shunday yuksak uslubda yozilgan g‘azalga “supurgi” degan so‘zni kiritib bo‘ladimi? Mutlaqo mumkin emas, deysiz. Endi sheʼrning davomini o‘qing:


Qazo farroshi sundi charxning siymin supurgusin,

Muzayyan parlari andoqki, tovusi haram chekdi.


Ajabo, buyuk isteʼdod nafasi tegsa o‘zbekning qora yerda yotgan supurgisi ham osmonga ko‘tarilib, quyoshning taram-taram shuʼlasiga aylanar ekan.


Yoki “tish qirchillatish” iborasini bugungi shoirlarimiz aruziy bayt u yoqda tursin, hatto xalqona sodda barmoq vaznida aytishni o‘zlariga ep ko‘rmaydilar. Navoiyga quloq tuting:


Tushda ko‘rdim yorni, shodon raqibim o‘truda,

Rashkdin har lahza tish qirchillaturman uyquda.


Bunday xalq iboralari, laparlari, maqollarini “Xazoyinul maʼoniy”da ko‘plab uchratamiz va har gal bu xil jo‘n so‘zlar tagida yotgan maʼnolardan, badiiyatdan hayratga tushamiz.


Bizning shunday ulug‘ sheʼriyatimiz bor, boylikda beqiyos ona tilimiz bor. Til millatning bosh belgisi hisoblanadi. Til bor ― millat bor. Til yo‘q ― millat yo‘q. Istiqlol unut bo‘lgan davlatchiligimizni tikladi, yo‘q bo‘lishga mahkum qilingan tilimizni, demakki millatimizni asradi va aziz qildi. Endi uning biz yo‘qotib ulgurgan boyligini tiklash, turlicha “izm” tamg‘alarini qo‘yib isteʼmoldan chiqarilgan so‘zlarni o‘rniga qaytarish, buning uchun mumtoz adabiyotimizni chuqur o‘rganish hozirgi avlod zimmasidagi sharafli burchdir.


Gohi xayol qilaman, agar mustaqillikka ellik yil avvalroq yetishganimizda balki ikki azim daryodan suv ichgan Orol dengizimiz bu ayanchli ahvolga tushmas edi va agar sobiq tuzum yana ellik yil yashab qolganda uch daryodan suv ichgan ona tilimizning qismati ham Orolning qismatidek bo‘lardi.


Tiklanayotgan so‘zlarimiz istiqlol chechaklaridir. Ochilajak gullar hali behisob...


Erkin VOHIDOV, O'zbekiston xalq shoiri
So'z latofati kitobidan


Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!

Bizning manzil:

http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep

 

 

17.09.2020 704